Sharafatga ota uyidan chiqib ketish oson bo‘lmadi. Bu ishning butun og‘irligini yo‘lning yarmiga yetganda sezdi. Ko‘cha muyulishigacha ergashib kelgan onasining ma’yus ko‘zlarini, ostonada boshini egib qolgan dadasini esladi-yu, qadami sekinlashgandek bo‘ldi. Bir nafasda uyi, hovlisi, chiqib kelayotganda miyovlab oyog‘iga suykalgan mushugi ko‘z oldiga keldi, tarang cho‘zilgan rezinka ip qo‘ldan chiqib o‘z nuqtasiga qaytgandek, fikran uyida paydo bo‘lib qoldi.
Bir qanoti ochiq qolgan derazadan ariqdagi suvning har xil ohang chiqarib shildirashi, juda olisda og‘ir yuk tortayotgan parovozning bosiq gupillashi eshitiladi. Uy ichida g‘oyat sekin sudralgan oyning to‘rt burchak shu’lasi karavot qubbasini, chinni idishlarni, royal ustidagi o‘yinchoqlarni birma-bir yoritib, yana derazadan tashqariga chiqib ketdi. Qora baxmalga qadalgan zar tugmachalardek yaltirab turgan yulduzlar birin-ketin o‘chib, osmon beti ohak surtilgandek oqara boshladi. Sharofat hamon uyg‘oq. Qaerdadir it ulidi, qaerdadir xo‘roz chaqirdi. Bo‘g‘ot labida tinimsiz miyovlayotgan mushukka kimdir kesak otdi. Yana hamma yoq jimjit bo‘lib qoldi. Sharofat hamon uyg‘oq, hamon o‘ylardi.
Ketish kerak. Omonning oldiga ketish kerak. Mana shu qimmatbaho buyumlarga to‘lgan, kuyadori isi o‘rnashib qolgan uydan ketish kerak.
Sharofat shuni o‘ylardi. U har gal sadaf klavishlarini bosganda, titroq sadolari ko‘ngil dardlarini orzu qanotida uchiradigan royal ro‘yobga chiqmagan o‘sha orzular guvohi bo‘lib jim turardi... Oh, tezroq tong ota qolsaydi, deya orziqib derazaga ko‘zlarini javdiratib qaradi u. Tong allaqachon otgan, daraxt uchlariga oltin hal surtilgandek edi. U sapchib o‘rnidan turdi. Ko‘cha eshigiga tolpinganda ayasi yo‘lini to‘sdi. Otasi eshikni lang ochib berdi. Bu kecha ota ham, ona ham uxlashmagan edi. Qizning qarorini, ko‘nglini asir qilgan, qiz qalbiga uya qurgan o‘sha yigit ota muhabbatidan ham, ona mehridan ham zo‘r kelganiga ularning ikkovlari ham endi iqror bo‘lishgan edi. Qiz ostonadan ikki qadam ham nari ketmay, ota tilga kirdi:
— Beri kel, bolam.
Ota tovushidagi titroq qizni to‘xtatdi.
— Qayda bo‘lsang ham boshing omon bo‘lsin, — dedi u. — Seni qaytarishga endi hech qurbim yetmaydi. Shu paytgacha qo‘lingdan yetaklab senga baxt izlagan edik. Ko‘ngil qo‘li yetmagan dargoh baxt bermas ekan. Endi o‘z baxtingni o‘zing izla. Endi senga ikki narsani meros qilaman: biri — muhabbatim, biri — qahrim. Muhabbatsiz odam odamga yov bo‘ladi. Qahrsiz odam yovga yem bo‘ladi. Endi bor, yo‘ling oydin bo‘lsin, bolam!
Ota qizining peshonasidan o‘pdi. Shundan keyin Sharofat nima bo‘lganini bilmaydi. Qanday qilib avtobusga o‘tirdi, qanday qilib cho‘l o‘rtasidagi yolg‘izoyoqqa bu-rildi — esida yo‘q. Ko‘ksidagi bir vaqtlar Omon tashlagan cho‘g‘ni o‘chirolmagan, o‘chirish qayoqda, battar bag‘rida tutashib, ota uyidan olib chiqa olgan hislar cho‘l o‘rtasi-da kezdirib, uni o‘sha Omoni oldiga sudradi. Endi Omoni unga avvalgidek qararmikin? Uni kechirarmikin? Qalbida yana unga joy berarmikin? Uni ilgarigidek e’zozlarmikin? Sharofat bu to‘g‘rida o‘ylamasdi. Nima bo‘lsa ham Omonni ko‘rsa, achchiq-achchiq alamli so‘zlar aytsa ham, mayli. Shu cho‘llarda uning ketida soyasidek ergashib yursa, olisdan qorasini ko‘rsa, uzoqdan tovushini eshitsa bo‘lgani. Sharofat shu Omonni deb cho‘l kezib kelyapti, axir! Omoni uni kechirarmikin?
Sharofat shunday iztirobli o‘ylar bilan kuya yegan po‘stindek u yer-bu yerda giyoh ko‘kargan cho‘l o‘rtasida osmonda vijirlab uchayotgan qaldirg‘ochlarning qo‘shig‘iga mahliyo bo‘lib, yantoqlar tagidan sap-sariq ko‘zlarini sovuq mo‘ltiratgan kaltakesaklardan hurkib «Bo‘ston»ga yetib keldi. Qator oq imoratlar oralab, yosh nihollar ko‘lanka tashlagan xiyobonlardan o‘tib, kolxoz idorasiga kirdi. Qo‘ziboy obedga chiqib ketgan. Otaboy telefon trubkasiga: «Bermayman, ustavni buzishga haqqim yo‘q!» deb baqirardi. Sharofat burchakdagi kursiga omonatgina o‘tirdi. Otaboy trubkani joyiga ilib, unga qaradi.
— Singlim, menda ishingiz bormidi?
— Omon akani izlab kelgan edim.
— Qaysi Omon? Kolxozda to‘rtta Omon bor, qaysi biri?
— Omon Sharipov.
— E, ha, — dedi Otaboy. — U Omonmi? U Omon Cho‘ng Oloyda. Chorvada.
Shu payt telefon jiringlab qoldi. Otaboy trubkani olib, kim bilandir shoshib-pishib gaplashdi-da, o‘qdek otilib chiqib ketdi. Sharofat yolg‘iz qoldi. U Cho‘ng Oloyning qaerdaligini eshitgan: Qizilsuvning naryog‘ida. U tomonlarga yetish oson emas. Bo‘shashib tashqariga chiqdi.
Oftob ko‘zni oladi. Shifer tom tepasidagi televizion antennaga qo‘ngan musichaga ikki bola tosh otadi. Yo‘l chetidagi qirg‘oqqa sapchib oqayotgan loyqa suvda bir bola qog‘oz kema oqizadi, uning ketidan ergashgan bola, do‘ppisidan ko‘m-ko‘k dovuchcha olib, qarsillatib chaynaydi. Muyulishga yetmasdan ikki hovli berida yangigina, hali nomeri ham yo‘q yashil «Moskvich» turibdi. Dovuchcha chaynayotgan bola mashina derazasiga tirmashib, signal berib qochdi, nariroqqa borib eshik orqasiga berkindi. Mashina signaliga uydan bir yigit chiqdi. U yoq-bu yoqqa alanglab bolani ko‘rdi-yu, yolg‘ondan po‘pisa qilib, uni quvlamoqchi bo‘ldi. Bola qochdi, yiqilib do‘ppisidagi dovuchchalar to‘kildi, yig‘ladi, be-rigi uydan yugurib chiqqan Kokila bolani dast ko‘tarib, tuproqqa belangan yuzidan, ko‘zidan o‘pa boshladi. Keyin boyagi mashinaning eshigini ochib, bolani kabinaga o‘tqazib qo‘ydi. Endi bola kuchining boricha signal berar, qiyqirib kulardi.
Bularni kuzatib turgan Sharofat beixtiyor kulib yubordi. Kokila notanish juvonning oldiga keldi.
— Ha, o‘rtoq, siz ham cho‘l quvlashga keldingizmi? Juda soz bo‘pti-da!
— Omon akani izlab keldim, — dedi Sharofat Kokilaga boshdan-oyoq qarab.
— Omonjon chorvadalar. Hali soat to‘rtda Oloyga vertolyot ketadi. Yo‘l yurib charchagandirsiz. Yuring, tamaddi qilib oling.
Sharofat unga itoatkorlik bilan ergashdi. Endigina palagi nish urib chiqayotgan qovun polizni yoqalab kolxoz mehmonxonasiga kelishdi. Kokila eshik oldida yostiq jiddi, sochiq, ko‘rpa g‘iloflarini yuvayotgan semiz bir juvonning biqinini chimdib o‘ziga qaratdi.
— Hoy, bo‘ktik, bitta choy damlab ber!
Juvon bilagidan sovun ko‘piklarini sidirar ekan, qoshlarini chimirdi:
— Ana, samovar qaynab turibdi, nima, o‘zing damlab olsang et-beting kamayib qoladimi!
— Raisning xotini bir nima degandan keyin darrov xo‘p degin.
Baqaloq juvon qo‘lidagi sochiq bilan Kokilaning ikki o‘rim sochi savalab turgan joyiga bir urdi. Yolg‘ondan qochmoqchidek lapanglab choynak ko‘tarib uyning orqasiga o‘tib ketdi. Ular ichkariga kirishdi. Mehmonxona ichida surat solinmagan bironta devor qolmagan, shiftda ham, shkaf oynalarida ham surat. Ikkita karavot tepasida kleyonka orqasiga ishlangan manzara. Ko‘l, oq o‘rdak, qizil osmon, yarmi ko‘k, yarmi qizil suv.
Bu suratlarni mutlaqo san’atga aloqasi bo‘lmagan bo‘yoqchi ishlagani shundoqqina bilinib turardi. Bu suratlarning birida daryo, ko‘prik, yo‘l tasvirlangan. Osmonda samolyot, ko‘prikda poezd, daryoda kema, yo‘lda paxta ortgan yuk mashinasi.
Kokila mehmonning suratlarga qarab ajablanayotganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
— Otaboy o‘lgurning qilgan ishi-da. Arzon tushadi deb shahardagi arteldan patnis bo‘yaydiganni ergashtirib kelibdi. Shiftdagi gullar hosilotning uyidagi patnislarga qarab solingan.
Sharofat uchun bu suratlar dadasining qancha ming so‘mlab sarf qilib chizdirgan suratlaridan, bu uy uning qimmatbaho jihozlar bilan to‘lib ketgan yotog‘idan soddaligi bilan ming marta a’lo edi. Sharofat ikki piyola choyni qaynoq-qaynoq ichib, ko‘zi ilina boshladi. Kokila oyoq uchida tashqariga chiqib ketdi.
Sharofat qizlarning qo‘shig‘idan uyg‘ondi. Qancha ux-ladi, qaerda yotibdi, bu mehribon odamlar kim, bilolmadi. Derazadan tashqariga qaradi. Radioda Kokila e’lon eshittirmoqda:
— Chorvada eri bor xotinlar, kiyimlarini yuvib, dazmollab bo‘lgan bo‘lsalar, mehmonxonaga olib kelishsin! Otaboy aka! Otaboy aka! To‘rtta batareya olib keling! Oysha, Oysha! G‘anijon soqol qiradigan piska so‘ragan, darrov olib kel! Salima! Rahimingga «Sinchalak» bilan «Qutlug‘ qon»ni qaydan bo‘lsa ham topib kel! Otaboy aka, gazeta bilan «Mushtum» esingizdan chiqmasin! Qaytaraman, soat to‘rtda Oloyga vertolyot uchadi. Kechikmanglar!
Semiz juvon kosada shavla olib kirdi.
— Yo‘lga ketadigan odamsiz, yeb oling. Gurullagan tovush ularning suhbatini bo‘ldi. Ikkovi ham shoshib tashqariga chiqishdi Osmonda bahaybat chigirtkadek pirillab vertolyot uchib kelardi. Dalaning u yer-bu yerida yurgan kishilar qo‘llarini peshonalariga soyabon qilib, osmonga qarashardi. Mototsiklning lyulkasida bir boylam gazeta bilan Kokila keldi.
— Qani, mehmon, ketdik!
Sharofat mototsiklning orqasiga mingashib oldi. Semiz juvon orqadan qo‘l siltab qoldi.
Vertolyot qo‘ngan joyda o‘n chog‘li xotin to‘plangan edi. Hammasining qo‘lida tugun. Uchuvchi yigit ikkita yong‘oqni shapkasiga bekitib, nayrangbozlik qilar, xotinlar qiqir-qiqir kulishardi. Otaboy arqon shotiga tirmashib, kabinaga tugunchalarni tashir, ora-sira uchuvchiga nimalardir deb to‘ng‘illardi. Sharofat vertolyotga chiqqanida boya do‘ppisiga dovuchcha solib yeb o‘tirgan bolani ko‘tarib olgan, o‘ng qovog‘ida qop-qora xoli bor bir ju-von halloslab yetib keldi. U yugurib kelganidan yonoqlari terlagan, o‘zi hansirardi. Juvon qo‘lidagi tugunni Sharofatga bo‘y cho‘zib uzatarkan: Omon akamga salom deng, uydagilar, bolalar tinch ekan, deb ayting, deb tayinladi. Qo‘lidagi bola ham unga do‘ppisini cho‘zib:
— Daddaga, daddaga, — derdi.
Motor gurullab hamma o‘zini chetga oldi. Bahaybat parrak chir aylanib, vertolyot havoga bigizdek tik sanchildi-yu, yer pastda qoldi. Qo‘l siltayotgan ayollarning qizil, ko‘k durralari sekin-sekin kichrayib, oxiri ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Agar shu po‘lat qush hozir yerga qo‘nsaydi, Sharofat o‘sha juvonni, Omonning muhabbatiga sazovor bo‘lgan, uning eng ezgu hislariga qalbidan joy bergan ko‘ksiga ixlos bilan bosh qo‘yardi, qovog‘idagi o‘sha ko‘hlik xolidan to‘yib-to‘yib o‘pardi... Endi u Omonning oldiga nima deb boradi? Unga nimalar deb aytadi. Hozirgina uni kuzatib qolgan juvonlarning yuzini, ko‘zini esladi. Qanday baxtli xotinlar-a! Ularning ko‘zlarida sog‘inch, olisda, tog‘ etaklarida lolalarga burkangan yon bag‘irlarda entikib yo‘llariga ko‘z tikkan eng aziz kishilari oldiga uchayotgan po‘lat qushning qanotini ham o‘pishga, mehr bilan silab-siypalashga tayyor.
Pastda yasharib, yashillanib kelayotgan cho‘l yastanib yotibdi. Shu cho‘l ko‘katlariga jon berayotgan xotinlar o‘z yonlaridan unga joy berisharmikin? Koshki edi, uning birinchi peshona teri shu yerlarga to‘kilsa, cho‘l shamollari uning ham oppoq bilaklarini qoraytirsa...
Juvon ko‘ksining allaqaeridan sado chiqqandek bo‘ldi.
— Qol, shu yerlarda qol, Sharofat! Baxting shu yerda! Shu bag‘ri keng, har bir giyohidan tortib yantog‘igacha tabiiy, inson qo‘liga, peshona teriga zor cho‘llarning allaqaerida sening ham baxting yashirinib yotibdi. Qidir, izla! Tunlari cho‘l osmonida porlagan yulduzlarning cho‘g‘ini ko‘rmagansan hali! Cho‘lda ufqni qizartirib chiqadigan oftobga yuzingni tutmagansan hali! Ko‘katga chalqancha yotib, yarmi qizil, yarmi oq bulutlarga qarab shirin o‘y surmagansan hali. Qol! Qol shu yerda.
Pastda cho‘l chir aylanar, ko‘m-ko‘k maysazorlar orasidagi yo‘l parqi ochilgan sochdek bo‘lib ko‘rinardi, qorli cho‘qqilar tizmasi esa oyoq qo‘ysa yetgudek yaqinda yaltirardi.
Said Ahmad. Seni izlab (hikoya)
1961 yil.