OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Bir latifa aytaymi? (hajviya)

Hajviy fojia


Nurmatjon magazindan aroq olganida, «uyga borib, yonboshlab maydalayman», deb o‘ylagan edi. Lekin sumkasidagi shisha har gal oyog‘iga tekkanida eti seskanib, og‘zining so‘lagi oqaverdi. Oxiri chidamay, choyxonachidan bitta piyola so‘rab, «picha yutib olishga» qaror qildi.
Choyxonada mahalla oqsoqollari gurung qilib o‘tirishgan ekan. Nurmatjon qanchalik ichag‘on bo‘lmasin, to kayf qilguncha oqsoqollar oldidan odob bilan o‘tardi. Kayfi oshgandan keyin, ularni bemalol turtib o‘tish ham qo‘lidan kelardi.
U, assalomu alayko‘-o‘m, deb kirib keldi. Chollarni ko‘rishi bilan bu yerda ichishning sira iloji yo‘qligiga aqli yetib peshonasi tirishdi. Orqasiga qaytmoqchi bo‘lib turganida Abdurayim ota degan chol qo‘liga bir piyola choy tutqazdi. Nurmatjon atrofga alangladi, devordagi: «Spirtli ichimliklar iste’mol qilish, bedana urishtirish, qarta o‘ynash taqiqlanadi», degan yozuvga ko‘zi tushib battar ensasi qotdi. Boya u kirganda Abdurayim ota qiziqroq gapni boshlab qo‘ygan ekan shekilli, chollar, bu yog‘ini ham ayting, degandek uning og‘ziga tikilib turishardi.
— ...Shunday qilib Nasriddin Afandi ertalab uyg‘onib, og‘ilxonasiga kirsa, eshagi o‘rnida bir yigit bog‘liq turgan emish...
Nurmatjon ham, bu yog‘i nima bo‘larkin, deb quloq tutdi. Abdurayim ota hikoyasini davom ettirdi:
— Afandi hayron bo‘pti. Hoy, yigit, kimsan, bu yerda nima qilib turibsan, eshagim qani, debdi.
Yigit tilga kiribdi:
— Men sizning eshagingizman. Aslida, men tuppa-tuzuk bir odamning farzandi edim. Ammo ko‘p ichardim. Ko‘p ichishimdan bezor bo‘lgan dadam, eshak bo‘lib qol, deb qarg‘aganlar. Ana o‘shandan keyin eshak bo‘lib qolgandim. Siz meni sotib olganingizda bir haftalik norasta eshak edim. Besh yil meni mindingiz. Xizmatingizni halol bajardim. Bugun tong mahali yana odamga aylandim. Yedirgan yemlaringiz hurmati xayrlashib ketay, deb kutib turgan edim.
Nasriddin Afandi uning gaplariga chippa-chin ishondi. Yaqiniga kelib peshonasini siladi.
— Oting nima, yigit? — dedi mehr bilan.
— Mirza Bahrom, — dedi yigit.
Nasriddin uning bo‘ynidan arkonni olib, ko‘chaga yetaklab chiqdi.
— Endi gap bundoq, ukam, — dedi u, — ikkinchi ichma, dadangni xafa qilib, yana ichvorsang, tag‘in eshak bo‘lib qolasan. Tushundingmi? Onangga, aka-ukalaringga mendan salom ayt. Agar yana ichib, eshak bo‘lib qolsang, seni sotib olmayman, shuni bilib qo‘y.
Nasriddin ertasiga boshqa eshak xarid qilgani bozorga borgan edi, Mirza Bahromni uchratib qoldi.
— Ha, Mirza Bahrom, tinch-omon, sho‘xlik qilmay yuribsanmi? — deb so‘radi u.
— Men Mirza Bahrom emasman. U kishi akam bo‘ladilar. Kaminaning oti — Mirza Rahmon. Akam yana aroq ichib qo‘ydilar. Hu ana u — dallol arqonidan ushlab turibdi.
Nasriddin qarasa, eshagi boshini osiltirib turibdi. Jahl bilan uning oldiga bordi-da, qulog‘iga shivirladi:
— Mirza Bahrom bo‘lmay, har balo bo‘lgin. Yana ichibsanda?! Sandaqa subutsiz, ichadigan bemaza eshakni olmayman...
Bu latifani eshitib o‘tirgan oqsoqollar kula-kula mulohaza kilishga tushishdi.
— Ichadigan odamda subut bo‘lmaydi, deb shuni aytadi-da.
— Muni qarang-a, shuncha yil eshak bo‘lib, yag‘iri chiqsa ham yana ichibdi-ya, voy hayvon-e...
Bu gap nimagadir Nurmatjonga tegib ketdi. Abdurayim ota atayin unga tegizib aytdimi yo gapning payrovi to‘g‘ri kelib qoldimi, kim biladi, deysiz. Nurmatjonning qoshlari chimirildi. Bir nima deb Abdurayim otani uzib-uzib olay desa, tiliga gap kelmaydi. Negaki, shu Abdurayim otaning o‘ziga necha marta ikkinchi ichmayman, deb so‘z berganu yana ichvorgan.
Nurmatjon zarda bilan shart o‘rnidan turdi-yu, ko‘chaga chiqdi. Shu yaramas aroqni ichmasam o‘lib qolamanmi, deb uyi tomonga ravona bo‘ldi. Limonad do‘konining orqasida qog‘oz stakanga aroq quyib ichayotgan yigitga ko‘zi tushib, xuddi katta tezlikda ketayotib tormoz bergan samosvaldek g‘iyqillab to‘xtab qoldi. Yigit ichib, aftini burishtirgancha do‘ppisining astarini hidladi. Nurmatjon uning oldiga qandoq borib qolganini bilmaydi.
— Ukam, istakaningiz bo‘shadimi? Berib turing! Ichadigan odam bir-biriga hamiyatli bo‘ladi. Bir-birini qo‘llaydi.
— Bemalol, do‘stim.
Nurmatjon sumkasidan shishani olib, qopqog‘ini tishida ochib, qog‘oz stakanga quya boshladi. Stakan ikki notanish oshna o‘rtasida uch marta borib-kelgandan keyin suhbat ilashimli bo‘ldi.
Gapni birinchi bo‘lib kim boshlaganini u ham, bu ham eslayolmaydi. Faqat Abdurayim degan chol uni eshak deganini aytganida, yangi do‘sti yupatish uchun yuzidan cho‘lpillatib o‘pgani esida, xolos.
— Shunaqa dedimi. Xafa bo‘lma, oshna. Dunyoda yomon odam ko‘p. Qani ayt-chi, kimgayomonlik qilibmiz. Musichadek yuvoshgina bo‘lib bir chekkada arog‘imizni ichib yuribmiz. Shuni ham ko‘rolmaydiganlar bor. Ha, puliga chidasang — sen ham ich. Buni yigitning xo‘rozi ichadi.
Yangi do‘stining gapi Nurmatjonga juda yoqdi. Shinavanda yigitligi gapidan bilinib turibdi.
— To‘g‘ri aytasan, qadrdonim. Zar qadrini zargar biladi, chilangar nimani biladi. Yana bitta opchiqaymi?
— Kel, do‘stim, esdalik uchun do‘ppilarimizni almashtiramiz, — dedi Nurmatjon.
— Bo‘pti, — dedi yigit.
Do‘ppidan keyin kamarlarini almashtirishdi. Undan keyin qo‘l soatlarini alishtirishdi. Oxiri yana nimani alishtirganliklarini o‘zlari ham bilmay qolishdi.
Xullas, Nurmatjon qoq yarim kechada goh emaklab, goh devorlarni ushlab arang uyga yetib keldi. Xotini, bolalari uxlamay, tiq etsa eshikka qarab o‘tirishgan ekan.
Xotini uning gij bo‘lib kelganini ko‘rdi-yu, ensasi qotganidan betiga ham karamay narigi uyga kirib ketdi.
— Nega salom bermaysan? — deb baqirdi Nurmatjon uning orqasidan.
Xotini yig‘lamsirab javob qildi:
— Yana ichibsiz-da...
Xotinning gapi og‘zida qoldi. Nurmatjon bobillab berdi:
— Nega meni eshak deysan? Xotin hayron bo‘ldi:
— Qachon eshak dedim sizni?
— Yana ichdingizmi, deganing, sen eshaksan, deganing bo‘ladi, bildingmi?
U gapini ham tugatolmadi, orqasiga tisarilib-tisarilib oxiri gup etib palosga chalqancha yiqildi. Yiqildi-yu, qotdi-qoldi.
Bir mahal tomog‘i qaqrab uyg‘onganida qaerdadir, sichqonmi, bir balo nimanidir tiqirlatardi. Nurmatjon timirskilanib borib chiroqni yoqdi. Qo‘shnining mushugi karavot tagidan sapchib chiqib o‘zini balkonga urdi. Nurmatjon oshxonaga chiqib umivalnik jo‘mragiga og‘zini tutib suv ichmoqchi bo‘ldi. Qani endi og‘zi ochilsa. Chakaklari qotib qopti. Ikki barmog‘ini zo‘r bilan og‘ziga tiqib, pastki jag‘ini siltab tortdi. Jindek ochilgandek bo‘ldi. Go‘dakka o‘xshab jo‘mrakdan suv so‘ra boshladi.
Muzdek suvdan sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Tilini aylantirgan edi, tanglayi sip-silliq. Nima gap? Tanglay tishi qani? Tepa labi xuddi tuyaning labiga o‘xshab osilib qopti. Yasama tishim o‘lgur qaerda tushib qoldi ekan, deb o‘ylay boshladi. Bir mahal qarasa, tishi karavot tagida yotibdi. Shoshib oldi-yu, yuvib, lunjiga tikdi. O’zinikiga o‘xshamaydi. Yo boya qochgan mushuk kechasi bilan mujib xirpi qilib qo‘ydimikan? Nurmatjon yasama tishni qo‘liga olib, astoydil tikilib qaradi. Rostdan ham uniki emas. Nurmatjonning tanglay tishining o‘ng tomonidan ikkita kumush qoplamasi bor edi. Bunda yo‘q. Yo mushuk tatalab olib tashladimikan. Nurmatjon karavot tagiga emaklab kirib, rosa qidirdi. Yo‘q. Bu tanglay tish katta. Milklariga yopishmay tushib ketyapti. Axir, tish nozik narsa. Etik bo‘lsa boshqa gap. Keng bo‘lsa paytava o‘rab kiyib ketaverasan. Yasama tishga paytava o‘rab bo‘lmasa...
Nurmatjon ko‘p o‘yladi. O’ylagan bilan mast odamning o‘ylagani nima bo‘lardi: bir narsani o‘ylasa, oxiri boshqa narsa bilan tugaydi. U biron soat chamasi o‘ylab, birdan kallasiga yarq etib kecha birga ichgan oshnasi keldi. «U bilan do‘ppimni almashtirdim, kamarimni almashtirdim, soatimni almashtirdim, undan keyin nimani almashtirgan edim, iya, tanglay tish o‘lgurni ham almashtirvorgan ekanman-ku! Oshnamning oti nima edi? Uyi kaerda edi? Obbo, endi nima qildim?»
Boya ichgan muzdek suv ichida hazm bo‘lmay yotgan aroqqa qo‘shilib yana kayfini oshirib yubordi.
Bunday paytlarda odam yo zo‘r bo‘ladi, yo dono bo‘lib ketadi. Nurmatjon zo‘r bo‘lmadi-yu, dono bo‘lib ketdi. Yasama tishning biron chorasini topish harakatiga tushdi. Balkonga chiqib chiroqni yoqdi. O’g‘li aviomodel yasashga ishqiboz edi. Unda xilma-xil asbob-uskunalar, yelimlar bo‘lar edi. Nurmatjon burchakdagi yashikni kavlashtirib, siqma yelimni topdi. «Super tsement» deb atalgan bu yelim, darhaqiqat, suvni suvga yopishtirishdan boshqa har qanday narsani yopishtira olardi. Bu gapni u o‘g‘lidan eshitgan. Singan choynak bormi, gul tuvagi bormi, stulning singan oyog‘i bormi, barini o‘g‘li shu yelim bilan yopishtirardi.
Nurmatjon og‘zida shaqir-shuqir qilib aylanib turgan yasama tishni oldi-yu, ich tomoniga bir qultumdan ko‘proq yelim siqib tushirdi. Keyin darrov og‘zini ochib, tanglayiga bosdi. U og‘zini ochganida havo kirib, yelim chunonam milklarini qisishga tushdiki, qani endi chidab bo‘lsa. U har nafas olganida yelim battar qotar, milklarini jingirtob qilib tashlar edi.
Tongotar mahali «dod-dod»dan hamma uyg‘onib ketdi. Nurmatjon ikki kafti bilan chakaklarini bosib u yoqdan-bu yoqqa yugurar, dodlar, bola-chaqalari orqasidan ergashib nima bo‘lganiga hayron edilar.
Uni «Tez yordam» olib ketdi.
Doktorlar Nurmatjonning jag‘iga tirgovich qo‘yib yaltiroq ombur bilan tanglay tishni chiqarib olishdi. Buni qarang, tanglay tishga ilashib kabobning bitta jazidek qip-qizil go‘sht ham uzilib chiqibdi.
Lekin qo‘shni palatadagi bemorning ahvoli undan ham og‘ir edi. U og‘zini changallagancha dod solar, milkini qisayotgan protezga doktorlarning qo‘lini tekkizdirmay, yaqin kelganni tepardi.
O’sha palatada yotgan chol uning baqirishlaridan bezor bo‘lib, doktorlarga bir maslahat berdi:
— Nosmi, murchmi hidlatinglar. Bir aksa ursa, og‘zidan otilib chiqib ketadi.
Qari bilganni pari bilmas, degandek, cholning gapi rost chiqdi. Oshxonadan bir kaft murch opkelib burnining katagiga sepishgan edi, chunonam bir aksa urdiki, yasama tanglay tish ekan-ku, hatto pastdagi ikkita butun tishi ham otilib chiqib ketdi, chiqmay o‘lsin, deraza oynasiga urilib chil-chil qildi...
Bu voqeaga ham ancha bo‘ldi. Nurmatjon o‘shandan buyon mahalla choyxonasiga kirmay qo‘ygan. Abdurayim otaga baqamti kelib qolishga yuzi chidamaydi.
Bu ham mayli-ya, televizorda nima ayb. Ayniqsa, «Hayvonot olamida» degan ko‘rsatuvga sira toqati yo‘q.
Chunki eshak ham hayvonot olamiga aloqador maxluq. Lop etib ekranda ko‘rinib qolishi hech gap emas-da...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.