OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Suyanchiq (hajviya)

Nima balo bo‘ldiyu Qumri xolaning Mozambik degan yurtni ko‘rgisi kelib qoldi. Aslida-ku u bunaqa mamlakat borligini bilmasdi. Qayoqdan nevarasi rangli televizorni burab qo‘ygan ekan, Mozambikda paxta ekishga yordamlashayotgan o‘zbek mutaxassislari orasida qoraqalpog‘istonlik musobaqadoshi Guloyim Shirimbetova ekranda lop etib ko‘rinib qolsa bo‘ladimi! Ie, Guloyim borgan joyga men borolmaymanmi, dediyu o‘sha yoqqa borish harakatiga tushib qoldi.
— Hoy, menga qara, — dedi choli Shodmon ota. — Yoshing bir joyga borib qolgan kampir bo‘lsang, uzoq yurtlarda bir balo bo‘lib qolsang, hammaga tashvish bo‘lasan-da. Bu yog‘ini o‘yladingmi?
Qumri xola shu odamga tekkaniga ellik yil bo‘lgan bo‘lsa, ellik yildan beri gapini o‘tkazib kelgan.
— Biron marta to‘shakda cho‘zilib yotganimni ko‘rganmisiz, yo‘q, avval ayting, voy boshim, voy oyog‘im, voy belim, deganimni eshitganmisiz? Tug‘ilganimdan buyon gradus darajam o‘ttiz oltiyu ikkidan yuqori chiqmagan bo‘lsa, ko‘zim bir chaqirim naridagi odam bilagidagi soatning necha bo‘lganini ko‘rsa, qulog‘im o‘sha soatning chiqillaganini eshitsa, xo‘sh, nega men bir balo bo‘lib odamlarga tashvish bo‘larkanman?! Bunaqa xom gaplarni gapirmang.
— Bilib qo‘y, — dedi Shodmon ota, — agar sen boradigan bo‘lsang, men ham boraman.
Qumri xola xandon tashlab kuldi:
— Voy tavba, siz Mazambayda nima qilasiz? Shodmon ota shartta uning gapini bo‘ldi:
— Mazambaymas, Mozambik. Avval nomini bil.
— Gapimni bo‘lmang, u tomonlarga montyor kerak, deb sizga kim aytdi. Paxtakor kerak, paxta ekishni o‘rgatadiganlar kerak. Shuning uchun bormoqchiman-da!
Cholning qovoq-dimog‘i osilib ketdi.
— Yo‘q, avval menga bir aytib ko‘ying, qachongacha boladek orqamdan ergashib yurasiz! Dastingizdan na kurortga borolaman, na qurultoyga. To‘y-po‘yga borsam ham orqamdan bola kiritasiz. Majlisga borsam, derazaning to‘g‘risida termosdan choy ho‘plab o‘tirib olasiz. Bilaman, qizg‘anasiz. Rashk o‘lsin, shunaqa bo‘lsa. Yoshim o‘lgur yetmishga yetganda, qaysi beli mayishgan chol meni opqochib ketardi.
— Nega bo‘lmasam majlisga borganingda yarim soat oynaga qarab pardoz qilasan?
— Ajin o‘lgurni bekitay, deyman-da. Durustroq ko‘rinsam, kimga yaxshi? Sizga yaxshi. Palonchining xotini haliyam o‘zini oldirmapti, desa yomonmi?!
Bunaqa g‘idi-bidi gaplar ularga osh bilan qatiqdek bo‘lib ketgan. Ikkovlari ro‘zg‘or qurishganlaridan beri mana o‘n bir bola, o‘gtiz ikki nevara ko‘ribdilarki, shu g‘idi-bidi to‘xtamaydi.
Bu hali holva. Naq g‘alvalar bo‘lardiki, ko‘ni-qo‘shni o‘rtaga tushardi. Xotinlar, kelinchaklar, bolalar tomga chiqib tomosha qilishardi.
Shodmon ota uning baland poshnali tuflisini o‘choqqa tiqqanidan ham, beli burma ko‘ylagiga gugurt chaqib yuborganidan ham butun mahalla xabardor edi.
Bir kun qoq yarim kechasi dod-voy bo‘lib qoldi. Yana odam yog‘ildi.
Mo‘ylovining bir tomoni yulingan Shodmonboy amaki ich ko‘ylakda, sochi yozilgan Qumri xolani hovlida qiyqirtirib quvlab yuripti. Hadeb, o‘ynashingni ko‘rsat, deya baqiradi.
Nima bo‘pti deng, Shodmonboy tush ko‘rsa Qumrinisa zootexnikning o‘g‘li bilan o‘pishayotganmish. Shodmonboy uyqu aralash yonida yotgan xotinini kuchining boricha shapaloqlab yuboripti. Cho‘chib uyg‘ongan Qumri avvaliga nima bo‘layotganini bilolmay hang-mang bo‘lib turipti-da, jonholatda erining mo‘yloviga yopishipti. Mo‘ylovining bir poyini uzib opti. Ana endi tomoshani ko‘ring. Xotin-xalaj, katta-kichik o‘rtaga tushib ularni arang tinchitishgan.
— E, tush o‘lsin, tushga nimalar kirmaydi. Esing joyidami, Shodmon?
— Dod, bu rashkchi erning dastidan! Na uyqumda halovat bor, na o‘ngimda.
Yana bir kuni kuppa-kunduzi janjal chiqib qoldi. Shodmonboy xotinining jemperini boshi ustida aylantirib, dod ustiga dod solyapti:
— Mana ko‘rib qo‘y, xaloyiq. Gaplarimga ishonmasanglar, manavi savil qolgurni bir hidlab ko‘ringlar.
Tom-toshdagilar tapir-tupir yerga sakrab uning qo‘lidagi jemperni hidlab ko‘ra boshlashdi. Haqiqatan ham jemperdan gup-gup tamaki hidi kelardi.
— Qaysi kashandaning qo‘ynidan chiqib kelding? Hozir aytasan. Aytmaganingga qo‘ymayman.
— Aytaman. Aytganim bo‘lsin. Hoy, odamlar, guvoh bo‘linglar. Manavi sharmandaning nodonligiga guvoh bo‘linglar. Bugun pravlenie majlisi bo‘ldi. Yangi buxgalter o‘lgur orqamga o‘tirib qopti. Shunaqayam chekarkan-ki, asti chidab bo‘lmaydi. Chekkanda ham koshki durustroq papiros cheksa. G’irt tamakining o‘zini gazitga o‘rab chekarkan. Odamzod ekanu tuprkulosning mikrobiga tegsa til torttirmay o‘ldiradi-ya. Tutuni o‘lgur jemperlarimning orasidan o‘tib, vujud-vujudimga singib ketdi-ya!
Bu ham o‘tdi. Qosh qoraygan mahali yana bir janjal chiqdi.
— Piyanistasan. Qaysi alkash oshig‘ingning oldidan kelding? Mana, tumonat oldida ayt. Qani endi qo‘lga tushdingmi?
— E, boring-e, — degandi o‘shanda Qumrixon. — Ko‘zingiz ko‘rmi, mana, lunjginam shishib yotganidan ham bilmadingizmi? Milklarim pilla bo‘lib ketgan. Do‘xtirga borib jag‘ tishimni oldirdim. Do‘xtir milkimga spirt surtib qo‘ygan. Shuning hidi bu.
Agar bu xonadondan ellik yil mobaynida bo‘lib o‘tgan g‘alvalarni raqamlab bir daftarga yozib chiqilsa, soni mingdan oshadi, taxminan yigirmata obshiy daftar to‘ladi.
Gap Qumri xolaning Mozambikka ketishi masalasida boshlangan edi. Ana endi shu gaplardan keyingi g‘alvalardan eshiting. Shodmon ota nevaralarini, kelinu kuyovlarini o‘rtaga qo‘yib uni safardan qaytarish harakatiga tushdi. Raisni ham, partkomni ham o‘rtaga soldi.
Albatta uzoq safarga chiqadigan odam doktorlar nazoratidan o‘tishi kerak. Oblast kasalxonasining professori Qumrixonni obdan tekshirdi. Tomir urishidan tortib, nafas olishigacha tekshirdi. Kardiogramma qildi. Qon oldi, hatto tupugini ham mikroskopga solib ko‘rdi.
— Yoshingiz nechada, o‘rtoq Hayitova?
— Oltmish yettida.
— Qanaqa kasal bo‘lgansiz?
— Hech qanaqa.
— Qanaqa dorilar ichgansiz?
— Umrimda dori ichmaganman.
— Necha bolangiz bor?
— O’n bir bolam bor. Nevara-chevaralarim qanchaligi esimda yo‘q.
— Chekkanmisiz, ichganmisiz? 
— Yo‘q.
— Tishlaringiz yasamami yo o‘zingiznikimi?
— Hammasi o‘zimniki, yaqinda bittasini oldirdim. Oldirmasdimu tishimda yong‘oq chaqqandim. Darz ketgan ekan, oldirib tashladim.
— Yo tavba! — dedi professor. — Bunaqa sog‘lom odamni endi ko‘rishim. Yuragingiz ham, tomir urishingiz ham, o‘pkangiz ham, boringki, bor vujudingiz o‘n sakkiz yashar qizniki bilan bir xil.
— Bundanam yaxshi bo‘lardimu amakingiz rashkchi-da, qiynagani-qiynagan.
Professor qo‘llarini ikki tomonga yozib shirin jilmaydi.
— Agar mening ham shunaqa xotinim bo‘lsa bormi, rashk qilish nima ekan, hatto ko‘chaga chiqazmay uyga qamab, ertadan-kechgacha qo‘sh ko‘zoynak bilan jamoliga tikilib o‘tirardim. Bunaqa xotinni xotin deyilmaydi, bebaho xazina deyiladi. Bunchalik yosh, navqiron saqlanishingizga nima sabab?
Qumri xola javob topolmay o‘ylanib qoldi.
— Kim biladi, deysiz. Balki jismoniy mexnat bilan shug‘ullanganimdandir, balki tez-tez yuvinib turganimdandir, balki birovlarni ig‘vo qilmaganimdandir, balki bo‘lar-bo‘lmasga kuymaganimdandir, balki harom yemaganimdandir...
— Ana, ana, — dedi professor buyuk bir yangilik kashf qilgandek ko‘zlari yashnab. — E, yashang. hamma gap shunda. Agar shu xilda yashashni davom ettirsangiz, yuz yil yashaysiz. Uncha-muncha oralagan ajin chekinadi. Yuzlaringiz naqsh olmadek yana qizil tortadi. Chet elga borishga ruxsat qog‘ozi yozib beraman.
Qumri xola professor oldidan qaytib chiksa, choli eshik oldidagi navbatchi bilan choyxo‘rlik qilib o‘tiribdi.
— Ha, nima bo‘ldi? — dedi unga.
— Bo‘ldi, soppa-sog‘ ekanman. Shodmon otaning ichi zil ketdi.
Ertasiga raykomning birinchi kotibi Qumri xolani suhbatga chaqirdi. Dunyoda bo‘layotgan siyosiy voqealardan so‘radi. Hammasiga yaxshilab javob berdi. BAMda nima bo‘layotganini, KAMazda nima bo‘layotganini, qaysi kosmonavt qachon uchgani, qancha uchganini so‘radi. Qumri xola qotirib javob berdi.
Xullas, Qumri xola paxtakorlarga konsultatsiya berish uchun Mozambikka ikki oyga ketadigan bo‘ldi.
Shodmon ota uni yo‘ldan qaytarish maqsadida ming xil bahona qidirardi. Oxiri o‘ylab-o‘ylab juda zo‘r bahona topdi: ko‘rpa-to‘shak qilib yotib oldi. Bir hafta o‘rnidan turmadi. Tinmay kechayu kunduz voy-voylayverdi.
— Xotin, omonatga o‘xshayman. Besh kunligim bormi, yo‘qmi? U yoqlarda yurganingda bir balo bo‘lib qolsam, engagimni kim boylaydi?
Qumri xola qo‘rqib ketdi. Rostanam cholining mazasi yo‘q. Ovqat ham yemay qo‘ydi. Alahsirab nuqul o‘lib ketgan onasini chaqiradi. Hatto vasiyat ham qildi.
— Meni chiqarayotganlaringda orden-medallarimni bitta yostiqqa emas, o‘n bitta yostiqqa qadab qo‘yinglar. Begonalar ko‘tarmasin. Urushda olgan ordenlarimni o‘g‘illarim, mehnatdan olgan ordenlarimni qizlarim, medallarimni nevaralarim ko‘tarsin. Pensiya knijkamni sobesga o‘z qo‘ling bilan topshir. Yangi uylanganimizda birga tushgan suratimizni kattalashtirib oynaga solib, hu anavu yerga ilib qo‘y. Xotin, seni jonimdan ham yaxshi ko‘rardim. Sensiz bir minut ham turolmasdim. Sensiz qaro go‘rda qandoq yotaman? Tez-tez boshimga borib tur. G’arib bo‘lib yotmay...
Qumri xola faryod urib yubordi. O’sha kuniyoq Mozambikka bormayman, deb javob qildi. Biletlar topshirildi. Hujjatlar bekor qilindi.
Mana shu voqeadan keyin chol o‘rnidan turib ketdi. Dard ko‘rmagandek yana dikillab yuraverdi.
Bu ayyorlikni sezgan Qumri xola unga ta’na qilmadi. Yonida shundoq muhabbatli, mehribon, qadrdon odami borligidan ko‘ngli yayrab ketdi. Ishdami, ko‘chadami yurganda lop etib ko‘zi oldiga choli kelar, ichki bir hayajon bilan dunyoda shunday qadrdoni, suyanchig‘i borligidan entikib-entikib qo‘yardi.
Tezroq uyga borishga, cholining og‘ziga yoqadigan biron ovqat pishirib berishga shoshilardi.
O, muhabbat, bir kun kelib sen buyuk bir suyanchiqqa aylanishingni yoshlar bilisharmikin?

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.