Ma’lum bir mazmunni ma’lum bir shaklda ifodalash masalasi ma’lum bir badiiy ijodning ma’lum bir bosh masalasidir. Mazmunning birlamchiligi va hokazolar xaqida, ayniqsa, uning yetakchiligidan qo‘llanish haqida gapirish shu kunda ayniqsa ma’qul va maqbuldir.
Mana shu nuqtai nazardan qaraganda, shu kunlarda teatrimiz sahnasida tomoshabin olqishiga sazovor bo‘layotgan dramaturg Polvoniyning yangi «Chekilmasin» asari ayniqsa xarakterlidir.
Dramaturg sahna bilan tomosha zalining ajralmas bir butunligini tashkil qila olgan.
Teatr darvozasidan kirishingiz bilan, dastavval o‘ng tomondagi bufetga ko‘zingiz tushadi. Bufet hozirgi zamon rassomchilik san’ati an’analaridan ko‘llanib, dumaloq, yarim dumaloq, ingichka oyoq stol va stullardan jihoz topganki, bundan ko‘z yumish uni inkor etish bilan tengdir.
Zalning o‘ng tomonida chekish xonasi. To‘g‘rida «Chekilmasin», «Pista chaqilmasin» kabi ta’kidlovchi lavhalar mavjud bo‘lib, ular qo‘yilajak asar mazmunini tomoshabin ongiga tez singishini ta’minlaydigan omil vazifasini o‘taydi, deyolmasdan o‘tolmaymiz.
Chiroq uch marta ko‘z qisib, tomoshabinni ichkariga imlaydi va projektorning yorqin nuri sahna bilan tomoshabin orasini to‘sib turgan yashil pardani yoritadi va uni o‘rtadan ko‘tarib tashlaydi.
Dramaning birinchi pardasi boshlanadi.
Dramaturg bu yerda novatorlik yo‘lidan boradi, ya’ni asarni to‘ppa-to‘g‘ri birinchi pardadan boshlaydi! To tomosha oxirigacha avtor mana shu metodga amal qila borib, birinchi pardadan keyin ikkinchi, undan keyin uchinchi pardaga qo‘l uradi.
Allaqaysi bir adabiyotshunosning u yoqi bu maqolasidan birida qayd etib o‘tilganidek, qandaydir bir klassik yozuvchi: «Asar yozar ekanman, hamma gaplarni aytavermayman. Aytilmagan sub’ektiv momentlarni kitobxonning o‘zi qo‘shib qo‘yishiga to‘la ishonaman», degan ekan.
Polvoniy ham dramasida ana shunga amal qilib, deyarli hech gap aytmaydi. Zalda o‘tirgan tomoshabin sahnada u yoqdan-bu yoqqa yurib odamlarning sub’ektiv tomonlariga qarab, nimani xohlasa o‘shani ko‘shib, o‘zi ma’no chiqarib olaveradi.
Buni chinakamiga novatorlik desa bo‘ladi. Qarang, tomoshabin o‘zi xohlagan mazmunni chiqarib oladi! Bu avtorning hayotga yaqinligidan dalolat beradi, degan gap emasmi?!
Masalan, bizda o‘z-o‘ziga xizmat qilish do‘konlari ishlab turibdi. Xaridor qo‘liga sumka ushlab olib, kattakon mazmundor magazindan o‘zi xohlagan molni o‘zi tanlab, xarid qiladi.
O’rta maktabda o‘qib yurgan paytimda adabiyot muallimimiz, o‘zlari bir vaqtlarda o‘qigan kitoblarida bir zo‘r yozuvchining gapidan shunday misol keltirgan edilar: «Mening qahramonlarim shunday ishlar qiladilarki, ularning shunday kilishlarini men sira xohlamas edim».
Polvoniy o‘sha yozuvchining vasiyatlariga amal qiladi.
Birinchidan: sahnadagi artistlar u yozib bergan gaplarni aytmaydilar.
Ikkinchidan: u «O’ngga yurilsin!» deb yozgan bo‘lsa, artistlar chapga yuradilar.
Uchinchidan: u «O’linilmasin!» deb yozgan joylarda artistlar o‘lib qo‘ya qoladilar.
Avtor o‘z mahoratiga sodiq qolib zalda o‘tirganlarni ma’lum nagruzka bilan ta’minlaydi. (Bufet tomosha vaqtida ham ishlab turadi).
Biz yuqorida dramaturgimiz Polvoniyning yangi dramasi va uning beqiyos muvaffaqiyatlari haqida ijobiy fikr aytdik. Avtorning bu asari albatta bunday iliq-issiq gaplarga shubhasiz sazovordir.
Lekin, shunga qaramay, asar ma’lum darajada juz’iy nuqsonlardan ham xoli emasligini aytmay o‘tolmaymiz.
Ma’lumki, dramani sahnalashtirgan teatr artistlarining ko‘pchiligi ellik yoshdan oshgan. Ular uchun yoshlar rolini ijro etish, albatta, ancha qiyin. Avtor ularning yoshlarini hisobga olmagan holda «sh» tovushi ko‘p ishlatiladigan so‘zlarni qo‘llagan. Masalan, «shumshuk», «sharshara», «shoshqaloq». Artistlar bu so‘zlarni aytolmay, ko‘pincha hushtak chalib yuboradilar.
Spektaklni teatr qish mavsumida sahnaga chiqardi. Asar saraton paytini ifodalaydi. Ko‘p kishilar maykada yuradilar. Hatto, ikki chol bir-birining ustidan chelaklab suv quyadi. Bu yerda avtor fasl birligi qonuniga xilof ish tutgan. Yanvarning chirsillab turgan sovuq kunida artistlar ustlaridan sovuq suv quyishlari ham o‘zlarini, ham tomoshabinni hamda teatr kassasini shamollatib qo‘yishi shubhasizdir.
Avtor drama qoidasini buzib, zal devoriga «Chekilmasin!» deb yozib qo‘yilganiga qaramay, sahnada bosh qahramoniga sigaret chektiradi. Bu, albatta, o‘t o‘chirish qonuniga ham xilofdir.
Asar sahnada uch yarim soat davom etadi. Binobarin, tomoshabin ochiqib qolishi mumkin. Avtor bufetning oxirgi parda oldidan yopilib qolmay, tomosha oxirigacha ochiq turishini va unda buterbrod, somsa, qovurma chuchvara kabi rang-barang oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lishini ta’minlasa, asar mazmuni yanada boyigan bo‘lardi.
Endi artistlar ijrosi haqida bir-ikki og‘iz mulohaza. Asar qahramoni oxirgi pardada o‘ladi. Bizningcha, uni birinchi pardadayoq o‘ldirish kerak. Chunki bu rolni ijro etayotgan artistkaning emizikli bolasi borligini nazarda tutib, uning barvaqtroq o‘lishini ta’minlab, uyga erta yetib borishiga imkoniyat yaratib berish kerak.
Shofyor roli ancha muvaffaqiyatli chiqqan bo‘lishiga qaramay, ma’lum darajada nuqsondan xoli emas. U sahnaga qo‘lida kalit o‘ynab chiqadi. Tomoshabin uning shofyormi, omborchimi ekanini bilolmaydi. Bizningcha, u sahnaga bemalol uch tonnali yuk mashinasini haydab chiqaversa bo‘ladi.
Kassir rolini ijro etgan artist mutlaqo obrazga kirolmadi. Modomiki, kassir roli uchinchi pardadan boshlanar ekan, bu rolga artistni ovora qilib o‘tirmay, teatr kassirini muvaffaqiyat bilan chiqaraverish kerak edi. Bu obrazning turmushaviy chiqishini ta’minlaydi.
Teatr direktsiyasi tomosha davomida sahna chetiga bir odam chiqarib qo‘yib nima bo‘layotganini aytib turishini ta’minlasa, dramaturg maqsadini ochib berish va uning mazmunini belgilashda tahsinga sazovor ish qilgan bo‘lardi.
Yuqorida aytilgan nuqsonlardan qat’i nazar, teatr kollektivi va dramaturg o‘z tomoshabinlarini yana bir marta xursand qildi, deyishga jur’at etishimiz bilan baxtiyor ekanligimizni qayd qilishni zarur deb bilamiz.
Said Ahmad. «Chekilmasin» (hajviya)
(Taqriz)