Hurmatli o‘rtoq gaziyta direktori!
Gaziytangizning sakkizinchi sahifasida bosilgan fan kandidoti Nayim Karimupning shig‘riy qorxatini o‘qidi-mu tepa sochim tik bo‘lib ketdi.
Ko‘y go‘shtining bir kilosi oltmish so‘m bo‘lib turgan paytda qorxatga balo bormi. O’zingizga ma’lumki, chorizm iskanjasida ingragan xalq oq poshshoning ablahligidan biri ikki bo‘lmay, kiyimi juldur bo‘lsa ham ikki yuzi qip-qizil, o‘zi do‘mboqqina bo‘lib insoniylik qiyofasini yo‘qotgan edi.
Ulug‘ Oktyabr inqilobi bunday yaramas holga chek qo‘ydi. Sovet fuqarosining qomati novdadek ingichka bo‘lishi shart ekanligini o‘zbeklar chor Rossiyasining chekka o‘lkasida yashashiga qaramay darrov tushundi. Xalqlar otasi Iosif Stalin ulug‘ Lenindan ilhomlanib: «Yo‘qolsin boylar!» dedi. Boylar yo‘qoldi. G’irt kamba-g‘allar qoldi. Mamlakatimiz kambag‘al, odamlarimiz kambag‘al, xazinamiz kambag‘al, ro‘zg‘orimiz kambag‘al bo‘lib qoldi. Xudo har kimning fe’liga yarasha berar ekan. Yetmish to‘rt yildirki g‘irt kambag‘allik gashtini surib kelayapmiz. Boy bo‘lishni aslo istamaymiz. Boy bo‘lsak, albatta sinf sifatida tugatilib ketishimizni bilamiz.
Xorijdagi kapital iskanjasida faryod urayotgan yurtdoshlarimizga qarata: Ko‘ring, havas qiling, men sovet vatanining fuqarosiman, deb aytish huquqiga ega bo‘lga-nimiz olamshumul tarixiy voqea bo‘ldi. Rahmat!
Qorxatda go‘sht to‘g‘risida ham ancha pasti-baland gaplar yozilibdi. Ochig‘ini aytib qo‘yayki, masalani go‘sht hal qilmaydi. Shu go‘sht o‘lgirni yemasak o‘lib qolmasmiz. Go‘sht yemagani uchun o‘lsa Lev Tolstoy o‘lardi. Rabindranat Tagor o‘lardi va nihoyat olti bolani boqib, o‘zi go‘sht yemagan Tolib Yo‘ldosh allaqachon, allaqachon ko‘karib chiqardi!
Tolstoylar, Tagorlar xudoning marhamati bilan eng uzoq umr ko‘rgan insonlardir. Tolib Yo‘ldosh ham inshoolloh, yuz yoshdan oshganlar qatoriga kirsa ajab emas.
Dohiy vasiyatlariga sodiq qolib, go‘shtni ko‘rsak teskari qarab o‘tib ketadigan bo‘ldik. Natija yomon bo‘lmadi. Hammamiz yoppasiga xipcha bel bo‘lib oldik.
To‘g‘ri, bu borada printsipsizlik qilgan paytlarimiz ham bo‘ldi. Ayniqsa, oltmishinchi, yetmishinchi yillarda Brejnev xalq salomatligini o‘ylamay magazinlarni oziq-ovqatga to‘ldirib tashladi. O’sha yillarda uning ko‘kragi ordenga, bizning qursog‘imiz ovqatga to‘ldi. Ana shundan keyin semirishlar boshlandi. Qora qosh dohiymiz xalqni go‘shdan siqmaganlarga etak-etak ordenlar sochdi, o‘zi ham hovuchlab oldi. Kostyumining orqa tomoniga ham orden takdi. (Old tomonida joy qolmagan edi.)
O’sha kezlarni eslaganda shirin tush ko‘rgandek bo‘laman. Qayta qurish shabadasi esib, yayragan ko‘ngillarimiz yanada yayrab ketdi. Biz qayta qurishni mehnatkashning qornidan boshladik. Xalq sog‘lig‘iga shikast yetkazadigan jamiki go‘sht-yog‘larni yo‘qotdik. Shuning sharofatidan devqomat aka-ukalarimiz «Bogatir» degan pahlavonlar magaziniga bormay «Detskiy mir»dan kiyim oladigan bo‘ldilar.
Siz, o‘rtoq gaziyta direktori, shig‘riy qorxatni bosib chiqarish o‘rniga go‘shtning inson salomatligiga qanchalik zarar ekanligi to‘g‘risida mutaxassislardan intervyu olib bosishingiz kerak edi. Afsuski, bunday qilmadingiz.
Qorxatda, qo‘lga tushgan odam yigirma-o‘ttiz kishiga osh damlab, somsa yopib, norin qorib, ziyofat qilishi kerak, deb aytilgan. Umarali Normatup bir kambag‘al fan doktori, kamtargina professor, hayratda qoladigan darajada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, dorilfununning birovga zarari tegmaydigan kafedra mudiri va nihoyat Hamza mukofotining jimgina laureatidir. Oylik maoshini uchma-uch zo‘rg‘a eplashtiradigan, ro‘zg‘orga kelin ayaning maoshini, qizi va o‘g‘lining stipendiyasini qo‘shmasa tirikchiligi tang ahvolga tushib qolishi mumkin bo‘lgan nochor oila boshlig‘idir.
Ro‘zg‘orini amal-taqal qilib o‘tkazayotgan bir professorginaga uyalmay-netmay qorxat yozishga Nayim Karimupni kim va nima majbur qildi?
Normatup qo‘li ochiq, mard odam. Qorxatda aytilgan jami taomlarni birovdan qarz ko‘tarib bo‘lsa ham pishirishi mumkin.
Lekin masalaning boshqa bir tomoni ham bor. Qorxat ziyofatiga o‘rganganlar yomg‘ir xat, shabnam xat, qirov xat, jala xat degan yangi-yangi odatlarni o‘ylab chikarmasliklariga kim kafil bo‘ladi?
O’rtoqlar, Brejnevning xatosini takrorlamaylik. Go‘sht yeyish kabi o‘tmish sarqitlaridan qancha tez qutulsak, shuncha yaxshi.
O’zbekning nimasi ko‘p, oshi ko‘p. Tirikning ham, o‘likning ham oshini yeydi. Nikohda osh, sunnatda osh, marhumning yigirmasida osh, yilida osh. E, bunaqada kaddi-qomatdan ajralib qolamiz-ku!
Biz bu sohada balet raqqosalaridan ibrat olishimiz zarur. Baletchilar bir oyda yetti-sakkiz kun ovqat yemay, qomatlarini asraydilar. Biz ham shunday qilsak bo‘lmasmikan? Ovqatni qancha kam yesak, qayta qurishga shuncha ko‘p hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Yo‘qolsin qorxat! Yo‘qolsin yog‘li qo‘y go‘shti! Yo‘qolsin qassob! Yo‘qolsin xo‘ppa semizlar!
Biz kamtar odamlarmiz. Bo‘lar-bo‘lmasga maqtanavermaymiz. Qandaydir bir mahbus qamoqxonada besh-olti kun ochlik e’lon qilganini bir yil gaziytaga yozishdi. Ammo biz yetmish to‘rt yildan beri e’lon qilmasdan och yuribmiz. G’iring deganimiz yo‘q-ku! Chunki o‘sha kunlari peshonamizga kommunizmning porloq nuri tushib turgandi. Kommunizmda iftor qilamiz, deb yetmish to‘rt yildan buyon tuz totmay ro‘za tutyapmiz. Bu bugungi avlodimizni kommunizmda yashashiga ishonganimizdandir. Nurli dargohga xipchagina, kichkinagina bo‘lib kirib borsak qanday yaxshi. Rahmat!
O’zbek paxtakorlarining yana bir otasi (otamiz buncha ko‘p ekan?) Nikita Xrushchev o‘n besh yilda kommunizm quramiz, deb aytgan edi. Shu gapni sovutmay, darrov kommunizmni qurib olsak bo‘lar ekan. Attang, endi kechikdik. O’n besh yil nima degan gap. Ko‘z ochib yumguncha o‘tdi-ketdi. O’sha paytda o‘n besh yilga kesilib ketganlar muddatlarini o‘tab, qamoqdan qaytib kelarkanlar bizdan, kommunizm tayyormi, deb so‘ramoqdalar.
Andijonda qassoblarni kaltaklashipti. Juda to‘g‘ri ish bo‘pti. Nurli dargoh sari dadil ketayotgan xalqimizni semirtiradigan har qanday xatti-harakatni qoralaymiz. Yunon sarkardasi Iskandar Zulqarnaynmi, xizmat ko‘rsatgan artist Yodgor Sa’dievmi «Dasturxon tirikchiligimizning oynasidir» deb aytgan ekan. Ana shunday tiniq oynamizga har xil yemishlarni qo‘yib uni xira, dog‘ qilmaylik.
Jannatda ko‘rmoq bor, yemoq yo‘q, deydilar. Kommunizm ham xuddi shuning o‘zi. Faqat farqi shuki, unda ko‘rmoq ham, yemoq ham yo‘q. Bori ham talonga.
Hurmatli Normatup, ig‘volarga uchib qorxat yozganlarga osh qilib bermang. Aks holda, kelajak avlod oldida, insoniyat oldida yuzi qora bo‘lib qolishingiz mumkin.
Nayim Karimupdek kandidotlarga to fan doktori bo‘lmaguncha oramizda joy yo‘q. U «Qorxat» emas, yomonlikdan darak beruvchi «Qoraxat» yozganligini yana bir marta ta’kidlab o‘taman.
Said Ahmad. Go‘shtning zarari haqida (hajviya)
(1917-1991)