OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Chol kuyov bilan kampir kelin (hajviya)

ZAGS eshigi oldidagi skameykada beqasam to‘n kiygan chol bilan krepjorjetdan ko‘krak burma ko‘ylak kiygan kampir o‘tiribdi. Cholning qo‘lida bir dasta gul. Kampir rezinkasi oyog‘ini qisib yuborgan shekilli, kapron paypoqni himarib, to‘pig‘iga tushirib olibdi. ZAGS eshigiga kirgan ham, chiqqan ham ularga qarab iljayib qo‘yadi.
Navbat chol bilan kampirga keldi. Ikkovi qizil stol oldiga qo‘yilgan stulga omonatgina o‘tirishdi. Kampir ro‘molga yuzini o‘rab aksa urdi. Chol uni kishi bilmas bir turtdi. Kampir o‘rnashib o‘tirib oldi.
ZAGS mudirasi katta daftarni ochib cholga qaradi.
— Ismingiz, otangizning ismi, tug‘ilgan yilingiz? Birinchi uylanishingizmi?
Chol hamma savolta javob berdi-yu, «Birinchi uylalanishingizmi», degan so‘roqqa nima deyishini bilmay og‘zini ochganicha turib qoldi.
— Javob bermadingiz-ku?— dedi mudira. Chol shoshib javob qildi.
— Shu birinchi uylanishim, bolam. Shundoq deb yoz.
— Yoshingiz yetmish ikkiga kirib, endi uylanyapsiz-mi?
— Yo‘q bolam, avval uylanganman. Hakimjon boyvachcha o‘g‘lini sunnat qildirgan kuni uylanganman.
ZAGS mudirasi hayron qoldi.
— Hakimjon boyvachchangiz kim bo‘ldi?
— Xo‘jayinim-da. Hakimjon boyvachcha bilan bir onani emib katta bo‘lganmiz. Otasi Ziyodulla ko‘pos to‘rt dahaga tanig‘lik edi. Shu Hakimjon tug‘ilganda onasining ko‘kragiga sut kelmay, bizning volidaga emizdirgan. Katta bo‘lganda xizmat haqingiz uchun o‘g‘lingiz Irismatni uylab qo‘yaman, deb va’da bergan. Ko‘pos nomardlik qilib, katta bo‘lganimizda Hakimjonni uylab, meni qirga molboqar qilib chiqarvordi. Hakimjon o‘g‘il ko‘rdi. O‘zi bu avlodning nasli toza emas ekan, kelinning ham ko‘kragiga sut kelmay, bolani volidamizga emizdirdi. Shu bola katta bo‘lib, sunnat qilinganda, men yigirma beshni urib qo‘ygan edim. Jahlim chiqib Hakimning singlisini otga o‘ngarib qochdim.
Kampir ro‘mol orasidan gap qo‘shdi.
— Dovdiramay o‘ling. Ot emas, eshakda opqochgan edingiz.
— Esimda yo‘q, esimda yo‘q. Sen aralashma, — dedi chol.
— Xo‘sh, nima qilgin deysiz? — deb so‘radi mudira.
— Bizni nikohlab qo‘y, bolam.
— Haligacha nikohinglar yo‘qmidi?
— Eski nikohni domkom inobatga olmayapti. Kesak-qo‘rg‘ondagi Kofir qori nikohlagan edi. La’nati nikoh haqiga yangigina, atigi ikki marta boshlatilgan etigimni yechib olgan.
— Domkom nima deydi?
— E, bolam, tarixi uzoq bu gapning. Hukumat Chilonzordan yangi uy bergan edi. Domovoydan o‘taman, deb domkomning oldiga tushsam, kampirimni o‘tkazmadi. Buvim sizning xotiningizliklarini men qayoqdan bilaman, deydi. O‘n to‘rt nevara, sakkiz chevaramni yetaklab aldiga tushdim. Ko‘nmaydi. Hujjat kerak, deydi. Qanaqa hujjat kerak, desam, zakska qog‘ozini olib keling, deydi. Mana oldingga keldim. Bir balo qil.
ZAGS mudirasi kuldi.
— Bo‘pti, ota, hozir to‘g‘rilab beraman. Endi, aybga buyurmaysiz, qoida shunaqa, so‘roqlarimning bittasini ham qoldirmay javob byorasiz.
U kampirga murojaat qildi.
— Ismingiz nima, buvi?
— Quloqdan qolgan, qattiqroq gapir, bolam. Oti Xalcha edi. Qarib, bo‘shashib qolganidan uni Xalta deb chaqiraman. Qaysi birini yozsang ham bizga bari bir.
— Xohlab tegyapsizmi, buvi?— dedi mudira qattiq tovushda.
Kampir cholga qarab mug‘ombirona kulib qo‘ydi.
— Oh, bolam, yoshligim qaytib kelsa bu sassiq cholga o‘lsam ham tegmasdim. O‘ttiz besh yil oldin meni urgan.
— Eski gapni qo‘y,— dedi chol. — Do‘xtir isparapkasi yo‘q gapni gapirma. Xohlaydi, xohlamay qayoqqa borardi.
Kampir yana gapirdi:
— Hu, o‘sha, qo‘sha qaringlar, degan kofir qorini yer yutsin.
— Qarg‘ama. Kofir qorini yer yutganiga o‘ttiz yildan oshib ketdi. Ko‘rdingmi, qizim, shu xotin bilan bezakun qirq ikki yildan beri yashayapman.
ZAGS mudirasi ularning gapiga qotib-qotib kulardi.
— Asli bu kampir yaxshilikni bilmaydigan narsa. Domovoydan ham bir amallab o‘tkazardim. Bu yoqda boshqa gap ham chiqib qoldi. Hukumat menga oltmish so‘m pensiya beradi. Shu kunda sal tobim aynib, yuribdi. O‘lib-netib qolsam pensiyamni shu olsin, deb zakska qildiryapman. Zakska bo‘lmasa bunga pensiyamni bermaydi.
Kampirning jahli chiqib ketdi.
— Pensiyangizga zor emasman. Bitta jonimni nevara-chevaralarim boqib olar. O‘ligim ko‘chada qolmas.
— Ko‘rdingizmi. Qulog‘im kar deydi-yu, o‘ziga kerakli gapni darrov eshitadi.
— Bunaqa gaplarni qo‘yinglar. Odamlar kutib qolishdi. Xo‘sh, xohlaysizlarmi?
— Shartim bor, — dedi kampir. — Nos chekishni tashlasa xohlayman.
— Mening ham shartim bor. Boshini qatiq bilan yuvmasin. Doim sochidan suzma xaltaning hidi keladi.
Eshikda kutib qolgan betoqat kelin-kuyovlar ichkariga bostirib kirishdi. Chol bilan kampirning muomalarini ko‘rib, gurillab kulib yuborishdi.
— Xo‘p, — dedi chol o‘rnidan turarkan. — Hammasiga roziman. Ishni tezroq bitkaz, bolam.
Orqadagilardan biri gap qotdi.
— O‘pishishmasa qog‘ozni bermang.
— Iya, hali shunaqasi ham bormi? — dedi kampir hayron bo‘lib.
— Ha, qoida shunaqa, — dedi mudira jiddiy.
Ular noiloj qolishdi. Chol kampirning yelkasiga qo‘lini tashlab uni o‘ziga qaratdi.
— O‘ptirish ham esingdan chiqib ketgandir. Shoshma! Chol bir yutinib yengini shimardi-da kampirni o‘pdi.
— Ha, xotincha, o‘ptirishni senga-yu, o‘pishni menga chiqazgan-da!
Kulgidan ZAGS derazalari zirillab ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.