OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Xurrak (hajviya)

Odamning qanaqaligi safarda bilinadi.
Kalonxo‘jaev o‘rinbosar tanlashga juda usta odam. Mana, Mo‘minov degan mo‘mingina odamni o‘ziga o‘rinbosar qilib oldi. Bechora Mo‘minov musichaning o‘zi. Kalonxo‘jaev qo‘ng‘iroq bosib chaqirganda egilib, g‘ildirakka o‘xshab g‘ildirab kiradi-da, uning gaplarini churq etmay eshitib, koptokka o‘xshab yana dumalab chiqib ketadi.
Umuman Kalonxo‘jaev o‘rinbosardan yolchib qoldi. Bugun ular safarga — komandirovkaga chiqishdi. Mo‘minov qo‘sh chemodan ko‘tarib Kalonxo‘jaevning orqasidan mehmonxona nomeriga kirdi. Choy opkeldi, handalak opkeldi.
Hangomaning kattasi kechasi soat 23 dan 17 minut o‘tganda chiqdi. Kalonxo‘jaev qattiq uxlagan ekan, karavotiga bir traktor kelib urildi. U shundoq tarillardiki, sira chidab bo‘lmasdi. Kalonxo‘jaev qo‘rqib birdan ko‘zini ochsa traktor qayoqda, divanda yotgan Mo‘minov xurrak tortayotgan ekan.
Kalonxo‘jaevning jahli chiqdi. Mo‘minovning yelkasidan turtib uyg‘otdi. U bechora momaqaldiroqdek bir-ikki qaldirab, xurragining oxirini katta avj bilan tushirib, boshini ko‘tardi.
— Nima gap, xo‘jayin, choymi? Hozir.
— E, xurrak ham evi bilan-da!
— Xo‘p, xo‘jayin, bu yog‘i evi bilan bo‘ladi.
U bu gapni shunday ishontirib aytdiki, boshqa gapga o‘rin qolmay Kalonxo‘jaev yana yotdi.
Uyqu shirin narsa. Uyqusi nozik kishiga pashsha g‘ing‘illasa ham bo‘ldi — uxlolmaydi. Kalonxo‘jaev deganimiz esa, yostig‘iga qirov tushsa ham ovozini eshitadigan odam. Mana u ko‘zini yumdi. Yumdi-yu, yuragi o‘ynab ketdi. Kimdir derazadan bomba tashladi. Bomba yomon portlarkan. Derazalar zirilladi, eshikning qulfi buzilib, ochilib ketdi. Kalonxo‘jaev dod, deb o‘rnidan turdi. Yo‘q, hamma yoq tinch. Mo‘minov bitta, ammo kelishtirib kalta xurrak tortgan ekan.
Kalonxo‘jaev qayta yotolmadi. Stulga o‘tirib, mudray boshladi. Birdan pulemyotbozlik boshlanib qoldi. Bu ovozing o‘chkur pulemyotning lentasi nega tamom bo‘lmaydi-ya! Ko‘zini ochib qaray desa, Kalonxo‘jaevda qani yurak. U arang bir ko‘zini ochib qaragan edi, pulemyot-mulimyot yo‘q. Mo‘minov labini titratib xurrak otyapti. Qalonxo‘jaev g‘azab bilan qo‘liga qog‘oz, qalam oldi-da, nimalarnidir yozdi. Keyin Mo‘minovning tepasiga kelib yelkasidan turtdi.
Mo‘minov erinib ko‘zini ochdi. Kalonxo‘jaevni ko‘rib:
— Choymi, xo‘jayin!—dedi.
Kalonxo‘jaev qog‘ozni qo‘liga tutqazdi. Mo‘minov xatni chiroqqa solib o‘qisa, buyruq:
«... ishni eplolmagani uchun vazifasidan bo‘shatilsin!

Kalonxo‘jaev...»

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.