OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Ekolo’giya va biz (hajviya)

(Zararlik kasb)


Trestning hisob-kitob ishlari boshliqning ta’biri bilan aytganda, mo‘shniy. Bitta hayhotdek katta xonada bosh bo‘g‘oltir, uchta yordamchisi, to‘rtta kichik bo‘g‘oltir, ikkita hisobchi va kassir Donoxon ishlaydi. Xonadagilarning Donoxondan boshqa hammasi chekadiganlardan. Chekkanda ham tutunini tutunga ulab chekadigan kashandalar. Ayniqsa Xidirov degan bittasi bor, bay-bay-bay, sigaretni chekyaptimi, yeyaptimi bilib bo‘lmaydi. Ko‘z ochib yumguncha oldidagi tog‘oradek kuldon taxta omborxonasidagi xoda uyumiga o‘xshab qoldi. Chekish avjga chiqqan paytlarda kim qaerda o‘tirgani ko‘rinmay ketadi. Shunday paytlarda qog‘ozlarni timirskilab topib, bir xonada bo‘lishlariga qaramay, bir-birlari bilan telefonda gaplashishadi.
Donoxon tamaki tutunidan sasib-bijg‘ib uyiga kelganda qaynonasidan, eridan eshitadiganini eshitadi.
— Hoy kelin, nima balo, chilimning suviga bosh yuvganmisiz, sasib ketibsiz-ku.
— Yo‘q, — deydi piching bilan eri. — Bizdi xotin chilimdi suviga bosh yuvmagan, tamakini qaynatib «pepsi-ko‘la» qilib ichgan. E, bore, atir-patir surtib ol, bo‘lmasa kechasi narigi uyga chiqib yotaman.
Bu xil hayot joniga tekkan Donoxon kashanda hamxonalari ustidan vazirlikka shikoyat yozib yubordi. Shikoyatga hadeganda javob kelavermadi. Ikki-uch marta telefon ham qildi. Oxiri, qo‘ng‘iroq qilganida, arizangiz kollegiyada ko‘riladigan bo‘ldi, deb javob qilishdi.
Oxiri, vazirlik kollegiyasining qarori keldi. Qarorda Donoxonning maoshi uzoq qahraton shimol konlarida, gaz va kimyo sanoatida, atom elektrstansiyada ishlaydiganlar maoshi bilan tenglashtirilgan edi. Va shu oylik ustiga qo‘shimcha yetmish foiz kompensasiya to‘lansin, hamda u har kuni bir paket sut, 50 misqol saryog‘ bilan ta’minlansin, xarajatlar rejadan ortiq yetishtirilgan mahsulot hisobidan olinsin, deb ko‘rsatilgan edi.
Bu qarordan Donoxonning ko‘ngli unchalik to‘lmadi.
«Tamaki tutunidan sasib ketgan jempirlarimga, ko‘ylagu kastyumlarimga, sochlarimga o‘rnashib qolgan sassiq hidga kim kampensasiya to‘laydi» deb nolib, vazirlikka yana yozdi.
Hozir Donoxon kollegiyaning adolatli qarorini kutmoqda.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.