Qosimjon mashinada xotinini bir aylantirmoqchi bo‘lib turganda, eshik taqillab qoldi. Chiqsa singlisi bilan kuyovi. Aka-singil o‘rtasida andak gap qochganidan ular anchadan beri ko‘rishishmagan edi. Qosimjon katta boshini kichik qilib yo‘qlab borolmadi, singlisi har qalay ayol kishi emasmi, o‘zi eshik qoqib keldi. Qosimjonning boshi osmonga yetdi. Xotini to sabzi-piyozini qovurib bo‘lguncha, gir etib borib, bitta konyak topib kelmoqchi bo‘ldi. Kuyovining hayhaylashiga ham qaramay, darvozani ochib mashinani olib chiqdi. Yangi «Moskvich» oftobda yaraqlab yel quvib ketdi.
Bugun dam olish kuni bo‘lganidan ko‘chada mashina uncha ko‘p emas edi. Magazinni tushlikka bekitishmasin deb, u mashinani yeldek uchirib katta gastronomga keldi. Odam ko‘p. Konyak ichadiganlarning ini buzilganmi, hammasi besh yulduzligidan so‘raydi. Qosimjonning navbati kelguncha ham anchagina vaqt o‘tdi. U shishani qo‘ltiqqa tiqib chiqsa, mashina oldida bir gala bola chug‘urlashyapti. Biri kapotini silaydi, biri bo‘lsa, oldiga minib olibdi.
Qosimjon pashsha qo‘rigandek qilib, bolalarni tirqiratib quvib yubordi. Bir mahal qarasa, shundoqqina ko‘rinadigan joyiga kimdir mix bilan «Erkin» deb qirib yozib qo‘yibdi. Qosimjoshshng joni kekirdagiga keldi.
– Kim qildi?
Bir qiz ko‘chaning narigi betiga qarab qochayotgan ishtonchan bolani ko‘rsatdi.
Qosimjon jon holatda uning ketidan quvdi. Bola zinadan pildirab ikkinchi qavatga chiqdi-yu, chap qo‘ldagi eshikka kirib qarsillatib yopib oldi.
Qosimjon hansirab qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Sal o‘tmay, eshik ochildi. Uning qarshisida pijama kiyib, boshini xotinlarning kosinkasi bilan tang‘ib olgan direktori Bek aka turardi.
– Iya, iya Qosimjon, keling, keling.
Qosimjon nima qilishini bilmay, birpas serrayib turib qoldi. Keyin chaynalib tilga kirdi:
– Shundoq, o‘zlarini bir yo‘qlab qo‘yay deb... Aytgancha, yangi uylar muborak, Bek aka.
Bek aka mamnun iljayib, uning qo‘ltig‘idagi shishaga qaradi.
– Ha, aytgancha, uyga quruq kelmay, deb.
– Qani, qani ichkariga. Zap ish qipsiz-da, Qosimjon. Uzim ham bir dildor hamsuhbatga ko‘nglim ketib turgan edi. Aytgancha, kichkina «Chayka» muborak bo‘lsin. Mashina opsiz, bir kataysa qildiraman ham demaysiz.
Qosimjon shoshib javob qildi:
– O’zi atayin shunga kelayotgan edim. Bugun dam olish kuni, xo‘jayinni bola-chaqalari bilan bir o‘ynatay, deb kelayotganim shu-da.
Ichkariga kirishdi. Xo‘jayinning xotini archilgan sariq shaftolidek bo‘lib vannadan chiqib keldi. U Qosimjonni ko‘rib, ensasi qotgandek qoshlarini kerib bir qaradi-yu, narigi xonaga o‘tib ketdi. Keyin ichkaridan uning palag‘da tovushi eshitildi:
– Erkiningiz vannaniyam rasvo qipti. Suvni tortmayapti. Tuzatib bering.
– Obbo, – dedi Bek. – Umrimda qilmagan ishim. Qandoq tozalashni bilmasam.
U iltijo nazari bilan Qosimjonga qaradi. Qosimjon ham bu qarashning ma’nisiga yetdi. Dik etib o‘rnidan turdi-yu, vannaga qarab yurdi.
Vanna ichi mag‘zavaga to‘lgan, teshigi o‘lgur suv tortmayapti. U bilagini shimarib, qo‘lini tiqib, yarim soatcha urindi-yu, oxiri suv tortadigan joyidan ikkita yong‘oq olib tashladi.
– Ha, barakalla, – dedi Bek. – Texnikani egallagan kishilarning sadag‘asi ketsang arziydi. Rahmat, uka.
Qosimjon to vannani tozalab chiqquncha, Bek zakuskani boplab, konyakni ryumkalarga quyib, unga mahtal bo‘lib turgan ekan. Bittadan ichib olishdi.
Shu payt Erkin kirdi. Qosimjon mashinani rasvo qilgan bolani yeb tashlashga tayyor edi. Ammo unga qarab mayin iljaydi. Qiziqchilik qilib, bir ko‘zini qisib, mo‘ylabining bir uchini qimirlatdi. Bola uning bu hunariga qoyil qolib yaqin keldi.
– Amakinglar-chi, hozir bizni mashinada aylantirib keladilar. Maza qilasan, o‘g‘lim.
Ichkaridan xonimning tovushi keldi:
– Feodallarga o‘xshab o‘zlaring maza qilmanglarda, biz sho‘ring qurg‘ur ezilgan xotinlarni ham aylantiringlar. Shundoq pochchamnikiga ham birrov kirib o‘taman.
Yana ikki ryumkadan otib olishdi.
Ketishda Erkin bo‘yoq qalamlarini ham olib chiqqan ekan. Yo‘l-yo‘lakay sirlangan eshikka, old tomoniga suratlar ishlab bordi. Bek uning rassomligiga qoyil qolib, maqtab borardi.
– Xotin, bu qizitalog‘ingdan rassom chiqadiganga o‘xshaydi. Qarqunoqdan bulbul chiqibdi, deb shuni aytadilar-da.
Bolaning qo‘lidagi qalam o‘lgurning uchi po‘latdanmi, nima balo, chizgan joyini qiradi. Bola mashina devorini emas, Qosimjonning yuragini qirayotgandek. Ichi kuyib ketyapti. Go‘rni bir nima deb bo‘ladimi. Qaytaga uni maqtaydi.
– Obbo azamat-e, maktabda rasmdan besh olsangiz kerak, a?
Bola yo‘lda ikki marta xarxasha qilib, morojenoe oldirdi. Ikkalasida ham Qosimjonning o‘zi tushib olib chiqdi. Xotinning pochchasinikiga ham borishdi. Ular kirib ketishganicha bir osh pisharli vaqtda chiqishdi. Yana yo‘lga tushdilar.
Kechga yaqin xo‘jayinlarni uylariga keltirib qo‘ydi-yu, to zinadan chiqib ketgunlaricha Erkinni kuldirish uchun har xil qiliqlar qilib turdi.
U endi kabinaga kiraman deb engashgan ham ediki, militsioner osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, oldida paydo bo‘ldi. Guvohnoma so‘radi. Qosimjon yonini kovlayotganda, militsionerning qoshlari chimirilib ketdi.
– Shoshmang, shoshmang, bitta «huh» deb yuboring-chi.
Ana shundan keyin nima bo‘lsa bo‘ldi. Militsioner uni obormagan joyi qolmadi. Mast shofyorlarni tekshiradigan joyga oborib, stakanga «huh»latib ham ko‘rdi. Guvohnomasini olib, rulga yaqinlashtirmay, orqaga o‘tqazib, o‘zi kichkiia «Chayka»ni haydab uyiga opkelib qo‘ydi..
Singlisi ham, kuyovi ham suzib keltirilgan oshga qo‘l urmay, xavotirda o‘tirishgan ekan. Xotini bo‘lsa, mashina pachaq-pachaq bo‘lganu, erim o‘likxonada qonga belanib yotibdi, deb o‘ylab ko‘ngli ozib divanda yotardi. U erining tovushini eshitib, arang boshini ko‘tardi:
– Qayoqda edingiz?
Qosimjonning tili kalimaga kelmadi. Dir-dir titrardi. Oxiri, ikki-uchtagina gapni bir amallab og‘zidan chiqardi:
– Ajdarning og‘zida edim. Ammo, kerakli ajdar, xotin.