OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Oshqovoq, 2 (hajviya)

Homidjonovni yangi tuzilgan bir tashkilotga boshliq qilib yuborishdi.
Yangi tashkilot bo‘lgandan keyin kamchiligi ko‘p. Mayda-chuyda kamchiliklar Homidjonovning ko‘ziga ko‘rinmadi. Ammo mashinasi yo‘qligi uni ko‘p qiynab qo‘ydi.
Yangi idoraga o‘tgan kuni eski idorasi izzat-hurmat bilan mashinada opkelib qo‘ydi. Odamlar bilan tanishdi, kabinetlarni aylandi, telefonlarning qulogini ko‘tarib puflab ko‘rdi, po‘lat sandiqning ichini ochib qaradi. Yangi ekan, bo‘yoq hidi dimog‘iga urilib yayratdi. Bufetchi ustiga sochiq yopilgan tarelkada kotlet opkirdi, maza qilib yeb, ustidagi sochiqqa lunjini artdi.
Xullasi, yangi idorada tartib joyida. Kamchiligi, noliydigan joyi yo‘q.
Biroq, ishdan qaytadigan paytda eski idoraning qadri bilindi.
Homidjonov yigirma yildan beri piyoda yurmagan. Qaysi tramvay qayoqqa borishini bilmaydi. Qaysi avtobusda qayoqqacha borib, qaerda tushib qolish kerak?
Homidjonov tavakkaliga duch kelgan tramvayga chiqdi. Tramvay vokzalga oborib tashladi. Homidjonov yarim soat dovdirab avtobusga tushdi. Avtobus uni Qo‘yliqqa oborib qo‘ydi. Yana tramvayga chiqdi. Bu gal Chilonzorda tushdi. Yana trolleybusga chiqdi. Trolleybus bozorga tashlab, o‘tib ketdi.
Undan bunga, bundan unga chiqdi. Chiqdi, tushdi. Qoq yarim kecha bo‘ldi. Yonidagi pullar tramvay-trolleybuslarda tamom bo‘ldi. Tramvaylar, avtobuslar parkka kirib ketishdi. Shahar jimib qoldi. Ko‘chada Homidjonov bilan militsionerlar qolishdi.
Endi nima qilish kerak, uyga telefoy qilib xotinidan adresini, qaysi avtobusda uyga yetib kelishini so‘ray desa, avtomat telefon uchun yonida bir tiyin ham qolmapti.
Odamzodning boshiga ish tushsa, aqli kiradi deganlari rost ekan. Homidjonovning ham shu topda kallasi ishlab qoldi. Adresini yonidagi pasportiga qarab bilsa-ku bo‘ladi. Shu gap esiga kelmaganini qarang-a.
U shunday qildi. Pasportini chiroqqa solib qaradi. 
Oshqovoq, 2.    
Homidjonov Oshqovoq ko‘chasini militsionerdan so‘radi.
– Nechanchi uy? –  dedi militsioner.
– Ikkinchi uy, ikkinchi,–  dedi Homidjonov.
– E, omon bo‘ling, mana ikkinchi uy. Uyingizning orqa tarafida turibsiz-ku.
Muni qarang-a, yigirma yildan beri shofyor tushmagur uyning orqa tarafidan biron marta ham olib kelmagan ekan-a. Axir Homidjonov shu bugun bu uy oldidan eng kamida yigirma marta o‘tdi. Bilmaganini qarang.
Militsioner kuldi:
– O’tkazib qo‘yaymi, yo o‘zingiz o‘tib olasizmi?
Homidjonov jiddiy javob qildi:
– Baraka toping, o‘tkazib qo‘yganingiz ma’qul, yana adashib ketmay.
Homidjonov ertasiga ishga borolmadi. Kuni bilan «oyog‘i og‘rib, divanda yotdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.