Urushning oxirlarida «Badavlat kelin» degan hikoyam «Yoshlar» gazetasida bosilgan edi. Hikoyada urushdan qaytib kelib uylanolmay yurgan bir yigitning zayomdan 25 ming so‘m pul yutgani va shu pulga uylanib olgani tasvirlangan edi.
Haqiqatan ham o‘sha yillarda tirikchilik og‘ir, qimmatchilik edi. Yigitlar to‘yga pul topolmay osonginasi shu, deb frontdan uylanib kaytishayotgan edi.
O’sha hikoyamni «Qizil O’zbekiston» gazetasida «Bizning voqeligimizga tuhmat, farovon hayotimizni qoralab ko‘rsatgan» deb yozishdi.
O’sha kuni redaktsiya oldida xafa bo‘lib turgan edim, G’afur aka kelib qoldilar. Ahvolimni ko‘rib, senga nima bo‘ldi, deb so‘radilar. Meni gazetada urib chiqqanlarini aytdim. Domla kuldilar.
— Voy tentak-e. Shunga xafa bo‘lib o‘tiripsanmi? Bilasanmi, bir paytlar meni urib chiqmagan gazeta qolmagan. Hatto Qo‘ylikdagi koreyslar gazetasida ham do‘pposlashgan. Bu ham mayli-ya, Achavotdagi lo‘lilar mahallasida chiqadigan «Qizil lo‘li» devoriy gazetasida ham «G’afir G’ilom varag narod» deb yozgan. Feleton bo‘lmagan hofiz hofizmi, gazetda urilmagan yozuvchi yozuvchimi. Ayda, ketdik. Gazetada urilganingni yuvamiz. Kechgacha G’afur aka bilan yurib, xafachiligim yozilib ketganini bilmay qolibman.