OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Pochchajon... (hajviya)

Temir-tersak buyumlari zavodining direktori ellik yoshga to‘ldi. Mana shu qutlug‘ marosimni nishonlash uchun zavod aktivlari klubga yig‘ilishdi. Yubiley komissiyasining raisi — bosh injener Umrzoqov minbarga chiqdi. U noz-ne’matlari bilan to‘lgan katta stolga uzoq tikilib turgandan keyin bir tamshanib olib, so‘z boshladi:
— Hurmatli o‘rtoqlar, so‘zga yozilganlar ko‘p. Ammo, men kollektivlar nomidan tabriklaydigan rasmiy kishilargagina so‘z beraman. Tabrik uchun so‘z direktor o‘rinbosari Qoraboevga.
Minbarga qog‘ozga o‘rog‘liq bir narsani qo‘ltig‘iga qistirib olgan, basharasi familiyasiga o‘xshash qop-qora odam chiqdi.
— Direktorimizning fazilatlarini birma-bir aytdinglar. Men bu to‘g‘rida gapirib o‘tirmayman. Faqat butun zavod kollektivi nomidan jiyanimga ushbu gabardin makentoshni kiydirish bilan cheklanaman.
U shunday dedi-yu, qog‘ozga o‘rog‘liq makentoshni ochib direktorning ustiga yopdi va chapaklar ostida minbardan tupgib, joyiga borib o‘tirdi.
Tabrik uchun so‘z zavod sanitariya bo‘limining mudiri Iristoevga.
U ham minbarga chiqdi. U yoq-bu yoqqa javdirab, ko‘ziga yosh oldi. Direktorga uzoq mo‘ltirab tikilib turdi.
— Pochchajon, Siz meni odam qilgansiz. Unutmayman, pochchajon. Kasalxonamizda davolanayotgan bemorlar nomidan ushbu sovg‘ani qabul qiling. Unda uch kilo sariyog‘, bssh kilo pechene, yetti kilo oq qand kabi narsalar bor.
Direktor sovg‘alarni qabul qilib olarkan, semiz gandasini arang ko‘tarib, o‘rnidan turdi-da, qaynisining peshonasidan o‘pib, rahmat, deb qo‘ydi. Undan keyin bosh texnorukka so‘z tegdi.
— Jiyan, — dedi u direkorning ko‘ziga qarayolmay, — men boshqalarga o‘xshash gapga usta emasman, zavod texnoruklari nomidan mana bu tilla soatni bilagingga taqib qo‘yishga ruxsat bersang, bas. Bir o‘qimagan omiy tog‘angni ishga olib, bosh texnoruk qilding, minnatdorman.
— Endi so‘z zavod ta’minot bo‘limining mudiri Isoqjon akaga!
Xuddi direktorga o‘xshagan qorindor bir kishi hech kimni pisand qilmay, to‘ppa-to‘g‘ri yubilyarning oldiga bordi. Uning peshonasidan o‘pdi:
— Uka, yasha, uka, mening ukam katta bo‘lib, direktor bo‘ladi, deb sira o‘ylamagan edim. Seni mana shu yelkalarimda ko‘tarib katta qilganman. Shundoq to‘yga quruq kelish ayb. Shuning uchun ta’minot bo‘limi nomidan seni bir mashina kartoshka bilan mukofotlaymiz. Ertagayoq omboringga tushirib beramiz. Ahadga ayt, omborni supurib-sidirib qo‘ysin.
Navbatdagi so‘z zavod bog‘chasining mudirasi Rasulevaga tegdi.
— Bir nima deyishga hayronman. Umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘yganmiz. Shu paytgacha meni urmadingiz, so‘kmadingiz. To‘rt bolaning ota-onasi bo‘ldik. Bog‘chamiz nomidan sizga shu gilamchani sovg‘a qilamiz.
Oq xalat kiygan to‘rtta juvoni eni ikki yarim, bo‘yi uch yarim metrlik gilamni opchiqib, minbar oldiga yozib qo‘yishdi.
Ana shundan keyin oshxona mudiriga so‘z tegdi. U kattakon patnisda ustiga atirgul nusxasi tushirilgan elakdek tort ko‘tarib direktorning oldiga keltirib qo‘ydi.
— Endi, kuyov bola, oz bo‘lsa ham ko‘pdek ko‘rasiz. Bu xamir uchidan patir. Bugungi o‘tirish xarajatini oshxona kollektivi o‘z bo‘yniga oldi. Azbaroyi sizning yubileyingizga sovg‘a bo‘lsin deb.
Yubiley oxirlab qolganda bir odam ro‘yxatda bo‘lmasa ham so‘z so‘rab qo‘lini ko‘tardi. Uning iltimosini qaytarish qiyin bo‘ldi.
— Biz begona odam. Toes, judayam begona emasmiz, gapirsak yarashadi. Ya’ni, direktorimizga o‘gay uka bo‘lamiz. Ota biru ona boshqa. Shuning uchun ham moyanamiz kam, ishimiz ham uncha daromadli emas. Men akamizni o‘gay bo‘lsa ham tabriklash bilan birga, o‘gaylik qilmasliklarini iltimos qilib qolaman.
Yubiley tugab, qadahlarga gal keldi. Baribir o‘gay o‘gaylik qilar ekan, oxirida so‘zga chiqqan yigitga zo‘rg‘a poygakdan joy tegdi. Ammo, u ham haqini yubormaydigan xildan ekan. Hammadan ko‘p ichib olib, «To‘ylar muborak»ni boshlab yubordi.
Manti antiqa bo‘lgan ekan, ammo oshdan keyin jonivor yomonam isrof bo‘ldi-da.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.