Gapdan-gap chiqib, odamzodning pastkashi qanaqa bo‘lishiga borib taqaldi. Shunda bir kishi salmoqlab gapga aralashdi:
— Rahmonali degan bir oshnam bor edi. O’zi umrida biror joyda yolchitib ishlamagan. Ammo har oyda bir marta pochtachi qirq ikki so‘m yigirma tiyin opkelib beradi. Avvaliga pensiya olsa kerak, deb o‘yladik. Undoq desak, qaysi ishni qotirganiga pensiya oladi? O’zi uncha qari ham emas.
U pensiya olishidan bir oycha oldin boshiga salla o‘rab yurgan edi. Bir piyonistaga xudo insof beribdi, deb xulosa qilgandik. Keyin bilsak, u pensiya emas, aliment olarkan. Yana hamma yoqasini ushladi. Tavba, erkak odam qandoq qilib aliment oladi?
Dunyoda sir degan narsa bir kun ochilmay qolmas ekan. Rahmonali restoranda bir odam bilan mushtlashib qopti. U odam jahl ustida Rahmonalining qulog‘idan cho‘zgan ekan, «shir» etib yirtilib ketibdi. Salla o‘rab yurishi shundan ekan. Xullasi, Rahmonali qulog‘ini yirtgan kishini sudga beribdi, sud Rahmonali mehnat qobiliyatini yo‘qotgan, deb u kishining moyanasidan yigirma protsentini ikki yilga Rahmonaliga hukm qilib beribdi.
Rahmonali har oy alimentni yeb, samovarlarda karillab yuribdi. Bu gap ham qiziq ekan, ammo boshqa birov undan ham qizig‘ini aytib berdi.
— Shu ham pastkashlik bo‘ptimi? Manavuni eshiting. Idoraning boshlig‘i notob bo‘lib, kasalxonaga tushib qoldi. Doktorlar tekshirishsa, buyragiga tosh kelgan ekan. Operatsiya qilib, olib tashlashdi. Bir bo‘lim mudirimiz bor, o‘lgudek laganbardor. O’sha odam kasalxonaga borib buyrakdan chiqqan toshni esdalik uchun boshlig‘imizdan so‘rab opti. Hozir ham bo‘lim mudiri o‘sha toshni dastro‘molga tugib, yonida avaylab olib yuribdi.
Ulfatlardan biri gapga suqildi:
— Qodirjonov degan zavxozimiz bor edi. Qiziq bo‘ldi. Uch-to‘rt kungacha odamlarga chap qo‘lini tutib ko‘rishib yurdi. Nima gap, qo‘lingiz og‘riyaptimi, desak indamaydi, gap bor, deydi, xolos. Bir kuni o‘zi aytib berdi.
U boshqarmamizning boshlig‘i Rayimqulov bilan ko‘rishib qolgan ekan. Shundoq tabarruk qo‘l tekkan barmoqlar uch-to‘rt kun rohat qilsin, deb birovning qo‘liga tegizmay asrab yurgan ekan.
Ana shunaqa pastkashliklardan anchagina gaplashib o‘tirdik. Menga eng ta’sir qilgani shu bo‘ldi:
Bir idoraning boshlig‘i farzand ko‘radi. Bola tug‘ilganiga ikki oydan oshsa hamki, unga nom qo‘yilmaydi. Dadasi har kuni ministrning oldiga borib, kabinetiga kirolmay, qaytib keladi. Shu xil o‘n kun qatnagandan keyin, endi kiradigan bo‘lganda ministr komandirovkaga ketib qoladi. O’ komandirovkadan o‘n kunda qaytib kelib otpuskaga chiqib ketadi. Otpuskaga chiqqan kunining ertasiga boyagi idora boshlig‘i uning uyiga boradi. Ministr kurortga ketib qopti.
Idora boshlig‘i uni bir oy kutadi. Otpuskadan kelganda axiri qabuliga kiradi.
— Xo‘sh, xizmat, — deydi ministr.
Idora boshlig‘i tavoze bilan egilib gap boshlaydi:
— Xudo bizga bir o‘g‘il berdi. Shunga nom qo‘ymoqchi edik. Men Shavkatjon deb nom qo‘yishni niyat qildim. Keyin bilsam, o‘g‘lingizning nomi Shavkatjon ekan. Shu o‘g‘lingizning nomini o‘g‘limga qo‘ysam, maylimi, deb kelgan edim.
Ministr hayron bo‘ldi. Dunyoda nima ko‘p, Shavkat otli bola ko‘p. Qo‘ysa qo‘yavermaydimi?
— Mayli, — dedi ministr, — bemalol. Xohlang, Shavkatbek, xohlang, Shavkatali, xohlang, Shavkatxo‘ja qo‘ying, menga baribir.
Idora boshlig‘i ko‘ziga yosh oldi.
— Yo‘q, yo‘q. Shavkatjon deb qo‘yishga ruxsat bering. Shundoq bo‘lsin. O’tinib so‘rayman.
— Boring, ana, Shavkatjon bo‘la qolsin.
Idora boshlig‘ining ko‘zlari shodlikdan porlab ketdi. Darrov o‘rnidan turib qulluq qildi:
— Martabalari bundan ham ziyoda bo‘lsin. Bu yaxshiliklarini sira unutmayman. Bolaginamning oti o‘zlaridan abadiy esdalik bo‘lib qoladi.
Idora boshlig‘i uyga kelsa, allaqachon bolaga Xudoybergan deb nom qo‘yib qo‘yishibdi. Dadasi qildi to‘polonni, qildi to‘polonni.
— Hey, nima deb o‘tiribsan. Bu nomni ministr qo‘yib bergan. Ministrning buyrug‘ini bekor qilishga haqqim yo‘q.
Hozir bolani onasi Xudoybergan deb, dadasi Shavkatjon deb chaqiradi. Bola Shavkatjon desa ham qaraydi, Xudoybergan desa ham qaraydi.
O’ylab qarasam, pastkashlikning katta-kichigi bo‘lmas ekan.