OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Qarigan qasam (hajviya)

Kampir tushida o‘lib qolganmish. Choli belini boylab yig‘lash o‘rniga hiring-hiring kularmish. Ayniqsa, jasadi qabrga qo‘yilayotganda choli allaqaysi ashulani xirgoyi qilayotgan emish.
Kampir cho‘chib uyg‘onib ketdi. Qarasa, choli bemalol xurrak otyapti. U jahl bilan cholining biqiniga bittani soldi. Chol hovliqib o‘rnidan turib ketdi. Tirsagi yasama tish solib qo‘yilgan suv to‘la stakanga tegib ketdi. Stakan so‘ridan tushib sindi.
— Hoy, bu nima qilganing, kampir?
Kampir ko‘rpani yelkasiga tortib o‘tirib olgan, cholini g‘ajib tashlamoqchidek o‘qrayib turipti.
— Jinni-minni bo‘ldingmi, bu nima qiliq?! Soat uchdan oshdi-ya, janjalga kunduzi vaqting yetmaydimi-a?
— Menga qarang, men o‘lsam suyinasizmi, xafa bo‘lasizmi?
Chol hayron bo‘ldi. Nima deyishini bilmay birpas angrayib, unga qarab turdi.
— Qo‘y, xotin, o‘lma. O’lsang men nima qilaman? Avval men ketay: dog‘ingni ko‘rmasdan oldin ketay.
— Xitriylik qilmang. Ichingizda, qachon o‘larkinsan, deb turibsiz, bilaman.
Chol e, bore, deb yana yostiqqa boshini tashladi.
Qoq yarim kechasi kampirning janjal boshlashiga ko‘rgan tushi sabab bo‘lsa, bunaqa tush ko‘rishiga narigi mahalladagi Buvnisa kampirning beva qolishi sabab bo‘ldi.
Buvnisa kampirning eri o‘tgan oy qazo qildi. Ana, shundan keyin bularning turmushidan fayz ketdi. Kampir eri sal kech qaytsa, piyolani choynakka, choynakni tovoqqa urib janjal boshlaydi.
Bunaqa janjalning ham sababi bor. Chol biron oydan beri hovliga qaramay ko‘ydi. Televizorni tuzattirib kelaman deb dasturxonga tugib ayvonga opchiqib qo‘yganicha, hali ham o‘shandoq turipti. Har yili ikki-uch marta xom-tok qilinadigan tok so‘rida bir-biriga o‘ralishib, uzumi qaysi, bargi qaysi bilib bo‘lmay qoldi. G’o‘rasiga allaqachon kul tushib ketgan. Semirenka olma o‘lgir-ku, tirgovich qo‘yilmaganidan shoxlari yerga tegib yotibdi. Chol bo‘lsa, ertalab chiqib ketganicha kechasi qaytadi. Qayoqda sanqib yuradi, so‘rasa, hazilga olib, kundoshingning ro‘zg‘orini butlayapman, ertaga tomini suvab beraman, deydi.
Gapning ochig‘ini aytganda, beva qolgan Buvnisa kampir qiz paytida kampirning eri bilan don olishgan. Hatto, ikkalasi ota-onalariga bildirmay qochib ketishganda Ko‘kterak degan joydan tutib kelishgan. Buvnisaning dadasi, qizim ersirab qopti, deb zudlik bilan bir kosib yigitga berib yuborgan. O’shanda kampirning eri, Buvnisani bir kun bo‘lsa ham xotin qilmasam palon bo‘lay deb qasam ichib qo‘ygan ekan. Oradan oltmish bir yil o‘tdi. Kechagi oy Buvnisaning eri qazo qildi. Kampirning nazarida xuddi o‘sha kundan beri eri uyga vaqtida kelmay qo‘yganga o‘xshaydi.
Mana, hatto, bugun tushida ham shu ishga aloqador voqeaning guvohi bo‘ldi. Hech bir dunyoda oltmish yillik qadrdoni o‘lganda hiringlab kuladimi? Bu tush bejiz emas. Bir balosi bor, bu cholning.
Chol yonboshiga ag‘darilib xurrak tortdi. Kampirga uning bu qilig‘i battar alam qildi. Agar ertaga ham kech qaytadigan bo‘lsa, onamnikiga ketib qolaman, deb diliga tugib qo‘ydi. Qani, yolg‘iz qolib kunini ko‘rsin.
Aytgancha kampir yetmish to‘rtga kirgan. Onasi uni o‘n to‘rt yoshda tuqqan bo‘lsa, bu yil sakson sakkizga kirib hilvirab turibdi. O’sha yoqqa borarmish.
U shunday niyat bilan uyoqdan-buyoqqa ag‘anab uxlab qoldi. Ertalab cholning baqirishidan uyg‘ondi.
— Afzal, tursang-chi, g‘aflat bosib yotaverasanmi?! (Chol uni to‘g‘ich o‘g‘lining nomini aytib chaqirardi).
Kampir shoshib ko‘zini ochdi.
— Nima deysiz, Afzal? (Kampir ham erini to‘ng‘ich o‘g‘lining nomi bilan chaqirardi).
— Protez tishim qayoqda?
— Men qayoqdan bilay, istakonni o‘zingiz tushirib yuborgan edingiz-ku, Tuzukroq qarang.
— Qaradim, istakon sinig‘idan boshqa narsa yo‘q. Bekitgan bo‘lsang ber.
— Voy, nega bekitaman? Kechasi Mosh o‘lgir devor tagida bir nimani qitirlatib yoyayotgan edi. O’sha joyni qarang.
Chol devor tagini qarasa, yasama tishi ikki bo‘linib yotibdi. Mosh yasama tishni suyak deb o‘ylab, bir-ikki g‘ajib ko‘rgan, mazasi suyakka o‘xshamaganidan tashlab ketgan edi. Chol tishni ko‘liga olib boshini sarak-sarak qildi. Nima qilishini bilmay, ancha vaqtgacha ayvon labida o‘tirdi. Keyin xotiniga yalingandek so‘ri yoniga keldi.
— Afzal, sening protezing menga tusharmikan?
— Voy, nima deyapsiz? Afzal, siz ot jag‘siz, sizga to‘g‘ri kelmas.
Chol uning gapiga qaramay, stakandagi kampirning protez tishini olib lunjiga tikdi. Darhaqiqat kichik ekan, og‘zining o‘rtasida qolib ketdi.
Bir hisobda cholning tishi singani yaxshi bo‘ldi. Hadeb Buvnisa o‘lgirning oldida gijinglayvermaydi.
Kampir yaqin bir oydan beri uning kiyimlariga dazmol bosmay qo‘ygan. Olifta bo‘lib yuraveradimi. Chol soqolini shilta qilib yaktagiga suv purkab dazmol bosardi. Bugun tishi sinib battar bo‘ldi. Endi ko‘chaga ham chiqolmaydi.
Cholga alam qilgan ekan, choyga ham qaramay mahallaga chiqib ketdi. Namozxon chollardan yasama tishingni berib tur, deb ikki-uchtasiga yalinib ko‘rdi, bo‘lmadi. Biri to‘yga boradiganman, dedi, biri benamoz odamga tishimni bermayman dedi, biri xibsihatga to‘g‘ri kelmaydi, dedi.
Kampir hovli supurayotganda tajang bo‘lib qaytib kirdi-yu, podvaldan ombir, sim opchiqib yasama tishini bir soatcha urinib omonatgina qilib uladi. Ariq bo‘yida yotgan mushukka hokandoz otib chiqib ketdi.
Kampir uning orqasidan mazza qilib kulib qoldi. Cholining qayoqqa ketganini biladi. Boshqa tish yasatgani do‘xtirga ketgan.
Birdan kampirning yuragini vahm bosdi. Chol o‘lmagur shu qilganingga mana, deb Buvnisanikiga ko‘chib ketsa-ya! Xudo asrasin-e!
Chol shu ketganicha qorong‘u tushganda qaytdi. Tish doktorining miyasini achitib, kuni bilan tepasida turib yangi tish yasatib opti.
Chol shoshib ovqat yedi-yu dazmol qizdirib shimiga, yaxtaklariga bosa boshladi.
— Ha, muncha qistov? Uylanyapsizmi?
— Shundan boshqa gap yo‘qmi? Samarqandga ketyapman. To‘rt kunda kelaman. Chemodanlarimni tayyorlab qo‘y.
— Samarqandda nima bor ekan? Pensiyaga chiqqan odam uyda o‘tirsangiz bo‘lmaydimi?
— Sen nimani tushunarding. Afrosiyobdan topilgan sopol siniqlarini tekshirib ko‘rishga qarashvorgin, deya Yahyoxon jiyanim chaqirtiryapti.
Kampir ishonmadi. Ammo bir so‘zli cholga kor qilish qiyinligidan ensasi qotib, yuzini teskari o‘girdi.
— Bilib qo‘ying, to‘rt kunda kelmasangiz, oyimnikiga ketib qolaman.
Ertasiga chol ketdi. Kampir armiyadagi o‘g‘liga posilka jo‘nataman deb pochtaga ketayotgan edi, eshigining oldida o‘tirgan Buvnisani ko‘rib to‘xtadi. Ichida, adoyi tamom bo‘pti-ku, deb qo‘ydi.
Darhaqiqat, Buvnisa kampir, ayniqsa, eri o‘lgandan keyin ikki bukchayib qopti. Ko‘zi ham uncha ko‘rmaydi shekilli, kampir yaqiniga kelganda ham tanimadi. Ovozidan arang bildi. Hol-ahvol so‘rashishdi. Kampir undan ko‘ngil so‘radi. Buvnisa yolg‘izligidan nolidi. Keyin kampirning tirikchiligini surishtirdi.
— Turmush o‘rtog‘ingiz omon-eson yuriptilarmi? (Buvnisa ham televizor ko‘radigan kampirlardan bo‘lib, yangicha gaplarga o‘rganib qolgan edi). Cholim o‘lib, pensiya to‘xtab qoldi. Menga bermayapti. Zakska qog‘ozing yo‘q, deydi. Turmush o‘rtog‘ingiz yo‘l-yo‘riq biladigan odam, bitta ariza bitib berarmikanlar, degan edim.
Kampirning xayoli birpasda ming yoqqa borib keldi. Erim Samarqandga ketdim, deb meni laqillatib, Buvnisanikida bekinib yotgan bo‘lsa-ya! Yo‘g‘-e, o‘liptimi!
Undoq desam, cholim bir so‘zli. Yigit paytida qasam ichkan-a, bir kun bo‘lsa ham Buvnisani xotin qilmasam, palon bo‘lay... Voy sho‘rim!
To‘rt kun emas, uch kunda chol qaytib keldi. Kampiriga shifon otrez, bir xaltada ko‘k mayiz, bir xaltada qovurilgan no‘xot, oltita noni po‘lodiy olib kepti. Yahyoxon jiyani bilan Shohi Zinda oldida suratga tushgan ekan, shularni ko‘rib kampir erining Samarqandga borganiga aniq ishondi.
Xotirjamlik yaxshi narsa-da, odamning tushiga ham yaxshi narsalar kiradi.
Buni qarang, kampir yana tush ko‘rdi. Tushida kelinlik payti emish. Eri negadir eshikdan kirmay, o‘z uyiga devor oshib tushayotgan emish. Bir mahal qarasa Buvnisa erini kaltak olib quvib kelayotgan ekan, eri shuning uchun ham eshik qolib devor oshayotgan ekan.
Kampir uyg‘onib, tushini yaxshilikka yo‘ydi.
— Xayriyat, erimning kasamini xudo dilidan ko‘taripti. Bo‘lmasa shundoq yigitni Buvnisa kaltak olib quvlarmidi...
Shundan keyin kampir yonboshlab hurrak tortayotgan erining orqa kuragini avaylab silay boshladi.
Shu topda erining ular urishib qolgan paytlarida, hu, qo‘sha qaringlar, degan mullaning soqoli kuysin, deb so‘kishlari sira esiga kelmasdi.
Cholning soqoliga o‘xshab oppoq tong ota boshladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.