OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Ahmad. Sher (hajviya)

Yoshlik paytlarimda Qo‘zivoy degan o‘rtog‘im bo‘lguvchi edi. Buni qarang, shu ko‘chadan o‘tib keta turib o‘shani ko‘rgim kelib, samovarga kirdimu surishtirdim.
— Qaysi Qo‘zivoy, — deyishdi samovardagilar hayron bo‘lishib.
— Mo‘minjon akaning o‘g‘lida.
— E-ha, — dedi qulog‘iga tanga qistirgan mo‘ylovdor samovarchi. — Qo‘zivoy demang, Shervoy deng. Shundoq bo‘lib ketgan.
Hayron bo‘ldim. Qo‘zi qo‘yning bolasi, yuvosh narsa bo‘ladi. Mo‘minjon aka ham, o‘z otidan ma’lumki, qo‘y og‘zidan cho‘p olmaydigan odam. Nega shu odamning ne umidlar bilan mo‘mingina bo‘lsin deb ism qo‘ygan bolasi birdan sherga aylanib qoldi? Mening hayron bo‘layotganimni sezgan samovarchi kulib gap qo‘shdi.
— Qo‘zivoyni sher emizgan. Sher boqqan.
U shundoq dediyu, samovarning tagiga cho‘p tiqib, o‘z ishiga ovora bo‘lib ketdi. Undan boshqa gap so‘rolmadim. Indamay chiqib ketayotgan edim katta tolning‘ tagiga bir taksi kelib to‘xtadi. Undan qorin tashlagan, soqol mo‘ylov qo‘ygan bir kishi tushdi. Tikilib qarasam Qo‘zivoy. Voy tavba, odam degan ham shunaqa to‘lishib ketadimi. Qo‘zivoyning ochiq ko‘kragidan yoli buralib, buralib chiqib turibdi. Basharasi ham, ko‘kragi ham xuddi sherga o‘xshaydi. Sher deyishlari bejiz emasga o‘xshab qoldi. O‘xshaydi, o‘lay agar o‘xshaydi.
O‘zimni tanitgan edim Qo‘zivoy quchog‘ini ochib kelib, bag‘riga bosib ko‘rishib ketdi. Voy bo‘! Odam bolasida shunaqa kuch bo‘ladimi? Qovurg‘alarim qisirlab ketdi-ku! Sher deganicha bor. Sher, Sher!
— Sher bo‘lib ketibsan-ku,— dedim belimni silab.
Bizning uchrashuvimizni kuzatib turgan samovarchi yana gap qotdi.
— Sherning normasini urib turgandan keyin sher bo‘ladi-da!
Uning gapiga tushunolmadim.
Samovarga kirdik. Qo‘zivoy xaltasidan bir bo‘lak son go‘shtini olib podnosga tashladi.
— Qovurma-povurma qilib tashla, oshnam kelib qoptilar. Qolganini bitta-yarimtaga pullarsan.
O‘sha kuni kechgacha qolib ketdim. Qovurma juda antiqa bo‘lgan ekan, gapning ochig‘ini aytsam bunaqa shirin go‘shtni umrimda yemagan edim.
— Menga qara, Qo‘zi, qaerda ishlayapsan? Nima ish qilasan?
— So‘rama, oshna, ishimning mazasi yo‘q. Senga o‘xshagan og‘aynilarim katta-katta ishlarda turib, men bechora qayoqdagi past ishlarda yuribman. Hayvonot bog‘iga zavxozman. Qayoqdagi hayvonlar orasida yuribman.
Unga rostdanam rahmim keldi. Bir o‘ng kelib qolsa durustroq ishga o‘tqazib qo‘yishni niyat qilib qo‘ydim. Rost-da, gavdasi ham, kuchi ham sherga teng keladigan bir qadrdonim hayvonlar orasida yursa, yaxshimi!
Oradan o‘n kunlar chamasi o‘tib bolalarni hayvonot bog‘iga olib bordim.
Aylanib turli-tuman hayvonlarni tomosha qilib yuribmiz. Zambarg‘altakka suyak-sayoqlarni solib g‘ildiratib kelayotgan Qo‘zivoyga ko‘zim tushib qoldi. U g‘altagini sher qamalgan qafasning oldiga kelib to‘xtatdi.
Sher o‘ladigan darajada ozib, cho‘p bo‘lib ketibdi. U Qo‘zivoyga xo‘mrayib qaradi-da, keyin yuzini teskari o‘girib oldi.
Astoydil qarasam qafasdagi rostakam sher bir vaqtlar men bilgan Qo‘zivoyga o‘xshab qopti. Ipdak ingichka Qo‘zivoy rasmona sherga aylanib ketibdi. Nazarimda Qo‘zivoy qafasda-yu, sher bu yoqda turganga o‘xshaydi.
Endi bildim. Samovarchi bilib aytgan ekan.
Qo‘zivoy sherga beriladigan go‘sht-yog‘larni yeb o‘zi sher bo‘lib, sherni Qo‘zivoy qilib qo‘yibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.