OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Alomat (hajviya)

Halimjon aka qirq yoshlarda, chuvakkina, ammo halimdek odam. U kishi bilan munosabatlarimiz salom-alikdan nariga o‘tmagan. Qaerda ishlaydi, bilmayman. «Halimjon qaerda ishlashsa ham ishlarni loy qiladi, ammo akalari bor, — moyli ish topib berishaveradi, teshik uzuk yerda yotarmidi!» deb kulib qo‘yishadi. Nega? Bunisi ham menga qorong‘u.
Chorrahada tursam «Jiguli» kelib to‘xtadi. Oynadan Halimjon akaning mushtdekkina boshlari ko‘rindi.
— Uygami? Chiqing! — dedi u.
Salomni quyuq qilib, orqa o‘rindiqdan joy oldim.
— Toshkentdanmi? — so‘radi Halimjon aka qo‘limni ohista qisib.
— Toshkentdan.
— Toshkentlar juda o‘zgarib ketibdi-a? — dedi ruldagi taqamo‘ylov aka iljayib. — Kecha kelishimda tushgan-dim, tanimadim, vey, tanimadim.
— Shodmonqul Jizzaxdan, armiyada birga xizmat qilganmiz, — Halimjon aka yo‘ldoshini tanishtirgan bo‘ldi. — Abdulla Akrarovga ishqi tushib qolgan ekan, o‘g‘lining to‘yiga aytib ketaman deb kelibdi-da. Oltiariqqa ketyapmiz.
— Abdulla akaga gap yo‘q-da, — Shodmonqul yana iljaydi. — Kechagi kuni stadionda kulgi kechasi bo‘ldi. Abdulla aka ikki soat shunaqangi kuldirdiki, tan bermagan odam qolmadi.
— Ha, Abullajon zo‘r! — Halimjon aka tamshanib qo‘ydi.
— Ie! — Shodmonqul yo‘lko‘rsatgichga alanglab qaradi. — «Chamangul» xo‘jaligi deb yozib qo‘yibdimi?
— Ha, «Chamangul» bizning xo‘jalik, — javob bo‘ldi Halimjon akadan.
— Alomatxon shu xo‘jalik raisining muovini-a? — yana so‘radi Shodmonqul.
— Ha, uni qaerdan taniysan?— savol berish navbati Halimjon akaga o‘tdi.
— E-e-e! — Shodmonqul o‘rtog‘ining tizzasiga shappatilab kuldi. — Sanatoriyda tanishganmiz. Tuman katta-laridan biri bilan borgan ekan. Katta sanatoriyda yoshrog‘ini topvolib, bu kishiga qaramadi. Alomatxon qasdma-qasdiga tunu kun men bilan birga bo‘ldi. Oh-oh-oh! Senam yuribsan-da, yashayapman deb. Rosa bir oy shunday huzur qildim, eslasam hali-hanuz etlarim jimirlab ketadi. Idorasiga kirib o‘tmaymizmi? Meni ko‘rsa «dod!» deb yuboradi.
— Unda hov, tolning tagidan chapga buril! — Halimjon akaning faqat ovozi emas, rangi ham o‘zgarganga o‘xshadi.
Mashina idora oldiga kelib to‘xtadi.
— Yur, birga kirib chiqamiz, — Shodmonqul idoraga ishora qildi.
— Biz chekishib turamiz, kirib chiqaver! — Halimjon aka zardaliroq javob berdi.
Chekishib turgandik, Shodmonqul tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytib chiqdi.
— Dalaga chiqib ketganmish! — dedi u mashinasini o‘t oldirar ekan. — Shu issiqda dalaga borarmidi, uyida yotgandir.
— Uyiga kirib qo‘yaqolasanmi? — so‘radi Halimjon aka. Javob kutmay yo‘lboshlovchilikni boshlab yubordi. — Chapga yur. Endi o‘ngga buril. Hov, anovi tor ko‘chaga burilamiz. Endi to‘xta. Mana shu uy!
— Yaxshisi uyiga sen kirib chiqqin, — Shodmonqul qo‘li bilan imo qildi. — Yana uyida eri bo‘lsa, begona joy...
Halimjon aka shaxdam yurib, ichkariga kirib ketdi. Dam o‘tmay o‘sha yurish bilan qaytib chiqdi.
— Uyda yo‘q ekan. Haqiqatan dalaga chiqib ketibdi! — dedi.
Yo‘lga tushdik. Shodmonqul irshayib dam ko‘rsatkich barmog‘ini siltaydi, dam bosh chayqab, «Ha, sen!» deb qo‘yadi o‘rtog‘iga.
— Nima men? — uchinchi, yo to‘rtinchi «ha, sen!»dan keyin Halimjon aka zarda bilan so‘radi.
— Alomatxonining otini aytishim bilan qovog‘ing osilib, ovozing o‘zgarib qoldi, bildim, senam-a? — Shodmonqul ma’noli tomoq qirdi. — Uyiga ham chaqirmasdan, netmasdan kirib ketding — xuddi o‘zingning uyingday!.. Kundosh ekanmiz-ku, Alomatxonning alomatligini senga gapirib o‘tiribman-a! Tashla! — u qah-qah urib kaftini Halimjon akaga tutdi.
Aka yuzini teskari burib, ohista so‘z qotdi:
 — O‘z uyimday-da! Alomat xotinim bo‘ladi!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.