Mamaziya aka bilan Tojiboy buva qo‘shni. Ota-buvalari ham bir devorning ikki yog‘ida yashashgan ekan. Turpog‘i bir joydan olingan bo‘lsa-da, lekin ular ikki xil odam: Tojiboy buva novcha, har bir so‘zni aytsammi, aytmasammi deb, salmoqlab gapiradi. So‘zlari kabi qadam tashlari ham oxista: bosaymi, bosmaymi qabilida. Mamaziya akaniki aksi: bo‘yi buvadan bir qarch past. Yurishi ham tez, gapirishi ham. Odamlar, «Tojiboy uydan chiqquncha, Mamaziya to‘yning sho‘rvasini ichib, oshini yeb qaytib kelgan bo‘ladi», deyishadi. Kasblari ham o‘zgacha: Mamaziya aka kolxozda baland-past ishlarni qilib yuradi. Tojiboy buva bo‘lsa, sartarosh, Hamzaobodda ishlaydi.
… Mamaziya aka kiraverishdagi so‘rida etigining bir poyini kiyib turgandi, eshikdan Tojiboy buva kirib keldi. Xol-ahvol so‘rashgach:
— Qani, so‘riga, Tojivoy aka, — deb Mamaziya aka ichkariga buyruq qildi: — To‘shakdan obchiq.
— To‘shakni nima qilasiz, bir joydagi odam bo‘lsak, — Tojiboy buva so‘ri chetiga omonat o‘tirib, hovli chetidagi imoratlarga bo‘ylay ketdi.
Mezbon etigining ikkinchi poyini tortib, savol nazari bilan qo‘shnisiga qarab qoldi.
— Ha, anacha siqilib qolibsiz, — dedi Tojivoy aka besh daqiqacha fursat o‘tgach. So‘ng Mamaziyani qo‘qqis savol tuta ketdi: — Katta o‘g‘lingiz Miraalini uy qilib chiqardingiz-a?
— Ha, dala shiyponining bir tomoniga uy solib berdik.
— Endi yana uchtasi bor… Mirzaabdulla ham kuzda armiyadan kelsa kerak?.. Uniyam uylash, joylash zimmangizda. Keyin Mirzag‘aniga navbat keladi…
— Ha-a-a… Undan keyin Mirzavali ham bor…
— Bu yerga qaysi birini siqtirasiz?
— E-e-e! — Mamaziya aka bir dam o‘ylandi. — Xudo bir yo‘lga boshlar…
— Yo‘q. Bir qarich yer olishdan ko‘ra, igna bilan quduq kovlash oson bo‘lib turgan zamon bo‘lsa, bandasi yo‘l topolmaydi.
Mamaziya aka bu gaplarni kovlashdan maqsad nima deganday, qo‘shnisiga qarab qoldi. Tojivoy buva esa, uyiga ishora qilib davom etdi.
— Bizdayam ikkita o‘g‘il bor…
— Qambarali bilan Akbarali.
— Ha-a… Akbaralini ham uylasam, uchta oila bo‘lamiz. O‘ylab qarasam, bizam bitta hovliga sig‘mas ekanmiz, — Tojivoy buva tin oldi. — Shunga, — deb yana sukut saqladi, — hovlimni sizga sotsam?
— A-a-a? — Mamaziya aka quloqlariga ishonmadi.
— Ha, hovlimni sizga sotsam, — Tojivoy buva uni tasdiqladi. — O‘g‘illaringizning ikkitasiga uy-joy qilib bersangiz bo‘ladi.
Mamaziya aka gangib qoldi: ikkita-uchta nabirali, kap-katta odamning ota-buva yashab o‘tgan joyni sotishi... Aqlga to‘g‘ri kelmaydigan ish-da! Sotsinam, qaerga boradi?
— Tashvishimni qilmang, — Tojivoy aka qo‘shnisining savollarni uqqanday, — Bilasiz, Hamzaobodda o‘n besh yildan buyon ishlayman. Qishloqning yetti yasharidan yetmish yasharigacha meni taniydi… «Usta buva, usta buva!» deyishib hurmatimni joyiga qo‘yishadi. Ko‘chib kelsangiz, uy-joy qurib beramiz, deyishyapti.
Mamaziya akaning miyasi endi butkul g‘ovlab ketdi: Hamzaobodga ko‘chib ham ketdi, deylik. Hovli-joy toptiyam, u joyga qachon el bo‘ladi? Yoshiyam ellikdan o‘tgan bo‘lsa… O‘lgandami?
Ota-onasi o‘tgan joy, payshanba, yakshanbada uning is-chirog‘i bor… Yarmini sotib, birorta o‘g‘lini o‘tqazib ketsa bo‘lmasmikan?
— Bilaman, qo‘lingizda hovliga yetkulik pul yo‘q. Surishtirib, birortasidan qarz olarsiz… Balki mol-qo‘ylaringizni sotarsiz…
Endi Mamaziya aka chamalay ketdi: «Sigir, buzoq, qo‘ylar bozorda palon so‘mga kiradi… Mirzaabdullani uylayman deb yig‘ib qo‘ygan bir-ikki so‘m puli ham yo‘q emas. O‘g‘il uylash hozir shartmi? Bir-ikki ishlasin, pul topsin, keyin uylanaveradi-da, yigit kishiga uyati bormi?
— Mol-qo‘ylardan ko‘zingiz qiymasa, besh-olti yuzta terak ekib qo‘ygansiz, o‘shalar katta bo‘lsa, sotarsiz, pulini berarsiz… Qirq yillik qo‘shnilarmiz, shunaqada bir-birimizga oqbat qilmasak, qachon qilamiz.
«O‘! Mana bunisi endi alomat taklif bo‘ldi!»
— Ja, o‘ylanib qoldingiz? — Tojivoy aka o‘rnidan turdi. — Sizga og‘ir tushadigan bo‘lsa, shuncha yillik qo‘ni-qo‘shnichilik hurmati, pulini bermasangiz ham mayli.
Bu shirin kalomdan keyin, yarim soatda har qanday odamni gap bilan qulog‘ini qoqib, qo‘liga beradigan Mamaziya akaning og‘ziga bir so‘z kelmadi.
— Mayli, kelin bilan maslahat qilib, javobini aytarsiz. Oladigan odam ko‘p, ammo, qo‘shnichilik — ming yilchilik, gilam sotsang qo‘shningga sot, burchagida o‘tirasan, degan gaplar bor, shunga sizning oldingiz bir o‘tay deb chiqqandim… — Tojiboy buva eshik tomon yurdi.
Gap-so‘zlardan karaxt bo‘lib qolgan Mamaziya aka:
— Qo‘shni, choy!.. — deya oldi, xolos.
Lekin bu iltifotga Tojiboy buva parvo qilmadi.
— Juda g‘alati ishlar bo‘lyapti-yu, — Mamaziya aka angraygancha o‘zicha o‘ylay ketdi: — Hovlini oladigan bo‘lsa, qo‘shnisinikiga tirab solingan og‘ilni buzadi — keng hovli bo‘ladi…
Qo‘shnisining chap tomonidagi bostirmasini olib tashlab, o‘rniga Mirzaabdulla bilan Mirzag‘aniga uy soladi. Kelinlar chiqishmay qolsa, chekkadan eshik ochib beradi, bittasi alohida o‘traveradi…
Tomorqasiga Mirzavaliga joy qiladi. Ammo yo‘li chotoq bo‘ladi. E-e-e, ko‘chaga akasinikidan o‘tib qatnayveradi-da! Uy qurib berganiga shukr qilsin!.. Mirzaalini hisobga qo‘shmaganda, hamma o‘g‘illari atrofida bo‘larkan…
— Ha, nimaga chiqibdi? — to‘shak ko‘tarib chiqqan xotinining savolidan Mamaziya aka o‘ziga keldi.
Aka suyunchilay ketdi. Voqeani aytib berarkan, gapining oxirida to‘lqinlanib, qo‘llarini tepaga ko‘tarib, siltab yubordi:
— «Pulini terak yetilganda bersangiz ham mayli, bir joydagi odammiz», dedi. «Bermasangiz ham mayli, qirq yillik qo‘shnimiz, shunaqada bir-birimizga oqibat qilmasak, qachon qilamiz!» dedi.
Xotini bir dam o‘ylanib turdi-da, chimirildi. Mamaziya akaning jahli chiqdi:
— Xudo berib turibdi-yu, sen yana labingni burasan! Xotin kishi ekanligingga borasan-da!
— O‘ling! Gapini uqmabsiz-da! — xotini qo‘l siltadi. — Kecha nima balo qilib yurovdingiz?
— Kecha?.. Rayondan vakillar keldi, xo‘jaliklarga kirdik. Ortiqcha tomorqalarning hisobini qildik.
— O‘shalarga qo‘shilmasangiz nima qilardi!?
Mamaziya xotiniga yovqarash qildi: «Men nimani gapiryapmanu, bu xotin nima deyapti o‘zi?»
— Tojivoy akanikiga ham kirganmidilaring?
— Kirgandik, — Mamaziyaning xayoliga bo‘lmag‘ur fikr kelib, qovog‘i osildi. — Tomorqasida otiqcha ekan, bir sotixiga kolxoz paxta ekadigan bo‘ldi.
— Ha-a, shu bir so‘tixni hisobga qo‘shib nima qilardilaring? Ular ortiqcha ekan deyishsa ham, siz, «Qo‘shnim bo‘ladi, qo‘yinglar, shuni yozmanglar, bir so‘tixga paxta ekkani bilan kolxoz boyib qolarmidi», desangiz, tilingiz uzilib tushmagandi-yu!
Mamaziya akaga masala oydinlashganday bo‘ldi.
— Shunday demaganingizga, — xotini davom etdi, — Tojivoy aka, «Qirq yil qo‘shnichilik qilib, sendan ko‘rgan oqibatim shu bo‘ldimi? Sizday qo‘shni bilan yashagandan ko‘ra, bu hovlini sotib ketganim yaxshi emasmi?» degan gapni aytgani chiqqan!
Mamaziya aka Tojiboy buva turib ketgan so‘riga o‘tirib, qo‘shnisinikiga qaragancha bosh chayqadi.