OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Buni kalla deydilar (hajviya)

Bizda atrofga razm solish degan narsa yo‘q. Bordiyu razm solganimizda qanday topqir, donishmand odamlar bilan zamondosh ekanligimizni bilardik, faxrlanardik. Mana, shularning bittasi Rahmonnazar. Uni biz haydovchi deb yuravergan ekanmiz. Kallasiga shunday bebaho fikrlarni jamlagan ekanki, ularni eshitib turib butun qishloq yoqasini ushladi.
Voqea oddiy narsadan boshlandi. Matvali aka pochtachi bilan aytishib qoldi. Odatdagi hol: kimnidir nafaqasini vaqtida olib kelmagan yoki besh-o‘n so‘m «chiqim»iga ushlab qolgan — janjal chiqadi-da. Ammo bu galgi janjal yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda o‘tdi. 
Qarang, Matvali akaga o‘n ming so‘m, xotiniga esa o‘n ikki ming so‘m nafaqa tayinlanibdi! Qani bu yerda adolat? Matvali aka ham tug‘ilganidan buyon paxtaning ichida, xotini ham. Qaytanga, xotinidan ko‘p ishlagan bo‘lsa ishlaganki, kam ishlamagan.
Odam to‘plandi: sabzisiga suv qo‘yayotgan Sarimsoqqo‘zi chiqdi, ketmonining loyi bilan. Uning ortidan achchiqqina sholg‘om sho‘rvani terlab ichib, endigina yonboshlamoqchi bo‘lib turgan Soli qassob, sigirining kanasini terayotgan Toshpo‘lat tog‘a... Ular safiga hatto bozordan kelayotgan Nomozvoy qopi bilan, Urayim-tezop traktorini yo‘l chetiga to‘xtatib, qo‘shildi. Ammo ularning birortasi ham Matvali akaning o‘ta mantiqli dalillariga nisbatan jo‘yali javob aytisholmadi. Ahvol azbaroyi tang bo‘lib turganida, Rahmonnazar kelib qoldi.
— Zaharli moddalar bilan yoki noqulay ob-havo sharoitida ishlaganlarga davlat «vrednost», ya’ni qo‘shimcha pul beradi. Opamlarga ana shunaqa pul qo‘shib berishgan, — dedi u ko‘rsatkich barmog‘ini yuqoriga ko‘tarib.
— Hov, sen, kallangni ishlat! Zahar sepilgan o‘sha paxtaning ichida menam ishlaganman. O‘sha «vrednosingni» olishga meniyam yuz foiz haqqim bor, — bo‘sh kelmadi aka.
— Opamga qirq gradus issiqda ishlaganlari uchun qo‘shib berishgani yo‘q u pulni. Siz ilgarilari rosa ichardingiz-a? — qo‘qqis savol tashladi Rahmonnazar.
— Ichgan bo‘lsam, ichgandirman. Buning nafaqaga nima aloqasi bor, — yuzini burishtirdi Matvali aka.
— Ichardingiz. Ichganda ham har xil qo‘lbola, dudmal-chuchuk vinolardan ichardingiz. Har kuni uyingizga mast bo‘lib kelardingiz. Opam bilan bir uyda yashardingiz, to‘g‘rimi?
Javob o‘rniga aka nosini chetga yurakdan chiqarib tufladi.
— Opamlarga, — Rahmonnarzar har so‘zini ta’kidlab davom etdi, — qirq yildan buyon siz bilan yashab, og‘zingizdan chiqqan aroqning sassiq hidiga mardona chidab kelishgani uchun qo‘shimcha pul berilgan!
Bu gapdan keyin Sarimsoq ketmonining orqasini zarda bilan yerga urdi. Sulton qassob qoyil qolganligini boshini chayqab, «Hayt!» deyish bilan ifoda etdi. Urayim-tezop traktori tomon yurarkan, Rahmonnazarning boshiga imlab, «Malades, mana buni kalla deydilar. Boplading!» dedi.
Bunaqa topqirlik hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi-da. Xullas Rahmonnazarning gapiga hamma qoyil qoldi. Hatto Matvali aka xotini oldida tan berib, baralla xitob qildi:
— Ichma, ichma, deyaverarding!.. Mana, aroqning ham foydasi tegib qolarmikan!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.