Bu voqea maktab bog‘i bilan oshxonani tutashtiruvchi chorrahada ro‘y berdi.
Direktor o‘rinbosari Olimjon oldinda, biz esa orqada oshxona tomondan kelardik. Bog‘ tomondan qorovulimiz Soli buva aravasiga o‘t yuklab chiqib qoldi.
— Ha, boboy, — kovlayotgan cho‘pini tishidan olib, og‘zidagi go‘sht qoldig‘ini yo‘lga tuflab olgach, Olimjon zaharxanda qildi. — Uygami? Bu o‘tlarni bizning hovlidagi mol-qo‘ylar yemasmikan, a?
O‘zi oshxonadan jinday-jinday tomoq xo‘llab, askiya qilib chiqayotgandik. Olimjonning gapi uncha kulgili bo‘lmasa-da, “xo-xo”ladik, rahbarimiz, hurmatlarini joyiga qo‘yish kerak.
Boboy tishsiz og‘zini ochib, kulgimizga qo‘shildi: uyam maktabda ishlaydi-da.
— Bizdayam mol-qo‘y bor, ammo uni maktabning bog‘idagi o‘t-o‘lan bilan boqmaymiz, — dedi Olimjon jiddiy.
— Endi, o‘g‘lim, begona o‘t... Turaversa yog‘in-sochinda chirib, yo‘q bo‘lib ketadi, — dedi Soli buva gunohkorday.
— Chirib ketmaydi, maktabniyam yeyman-ichaman degan qo‘ylari bor, — dedi Olimjon.
Direktorimiz Dada¬xon aka bundan ikki oylarcha burun yordamchi xo‘jalik tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqandi. Rahbar bir narsani bil¬masa bir narsani boshla¬maydi, deb fikrlarini ma’qul¬lagandik. O‘qituv¬chilar¬dan, o‘quvchilardan oz-ozdan pul to‘pladik. Dadaxon akaning o‘zlari borib ikki bosh qo‘y, to‘rtta qo‘zichog‘i bilan olib keldi, yordamchi xo‘jalik tashkil bo‘ldi.
E, boboy bularni qayoqdan ham bilsin! U kishi yordamchi xo‘jalikning taqdimot marosimi kuni qorovul sifa¬tida ish boshlagandi.
Olimjon ana shu yor¬dam¬chi xo‘jaligimizdagi qo‘ylarni nazarda tutib, gap qilgandi, biz uning gapini ma’qullab, “To‘g‘¬ri, to‘g‘ri”, dedik, bosh qimirlatdik.
— Buning otini, — Olim¬jon har so‘zini ur¬g‘ulab davom etdi, — tash¬machilik, deydilar, boboy!
Soli buvaning kulib turgan yuzi joyida qotdi. Olimjonga xo‘mrayib tikildi. So‘ng:
— Hali senlar to‘g‘ri-yu, men o‘g‘ri, muttaham, tashmachi bo‘lib qoldimmi? E, o‘rguldim senlardan! Ishlamaganim bo‘lsin, ketdim! — dedi-da, aravasidagi o‘tni oldi¬mizga ag‘darib, shartta orti¬ga burilib, bizdan uzoqlashdi.
— Ketsa, ketar, — dedik o‘rinbosarimizni qo‘llab-quvvatlab. — Qishloqda qorovul bo‘laman deb yurganlar son mingta.
Ammo buva kutilmaganda yordamchi xo‘jaligimiz — qo‘yxona tomon yurdi. Uning eshigini ochib, ichkariga kirdi. Keyin... Qo‘ylarni oldiga solib haydagancha ishdan... keta boshladi!
Angrayib qoldik. Keyin Olimjon rahbarligida yo‘lini to‘sib:
— Bu nima qilganingiz? Qo‘ylarni qayoqqa olib ketyapsiz? Nima haqingiz bor? — dedik.
Ammo miyasini yegan chol savollarimizga javob berish o‘rniga:
— Qoch! Yo‘limni to‘sma! Senlar to‘g‘ri, men o‘g‘ri! — deya qo‘lidagi xipchin bilan bizlarni savalab qolishiga sal qoldi.
Soli buva ketdi. Qo‘y-qo‘zilarni oldiga solib haydagancha ishdan ketdi!
Biz esa yelka qisib, lab burib, o‘z taajjubimizni bir-birimiz bilan o‘rtoqlasha boshladik.
Eng ajablanarlisi, tumandagi yig‘ilishdan qaytgan direktorimiz Dadaxon aka voqeani eshitib, bir so‘z demadi. Boshi bilan imo qilib, Olimjonni xonasiga boshlab kirib ketdi. Ular o‘rtasida qanday gaplar o‘tgani bizga qorong‘u. Ammo muammoning o‘ta zukkolik va tadbirkorlik bilan hal etilganiga ertasiga hammamiz guvoh bo‘ldik: ikki bosh qo‘y, to‘rtta qo‘zichoq, ranglari boshqacharoq bo‘lsa-da, yordamchi xo‘jaligimiz binosida kavsh qaytarib turardi, tepalarida esa yangi qorovulimiz...