Abduhamid aka dorixona ochdi. Qishloqqa kerak-da. Turgan-bitgani — savob... Qolaversa, xotindan bir-ikki so‘mni yashirib qo‘ysa ham bo‘ladi...
Lekin ko‘p o‘tmay, aka dorixonasini butkul berkitdi. Hatto darchasini g‘isht bilan urib, suvab ham tashladi. Sababini so‘rasam, sirka hidlaganday ijirg‘anib gapirib berdi:
— Dorixona ochdim, uyda. Menda uydan boshqa joy bo‘lmagandan keyin, uyda ochaman-da, domda ocharmidim. Xayrulloning ambulatoriyasi yaqin, u dori yozib beradi, men sotaman, deb o‘ylagandim-da. Ammo... Qulog‘im og‘irroq, xotin ham o‘zimga o‘xshagan, bu kasallik onamdan o‘tgan... Odamlar chaqirib keladi, biz bir-birimizga qaraymiz: “Birov chaqiryaptimi yo menga shunday tuyuldimi?”
— Kunduzi mayli, chidaymiz, — deyishdi qo‘shnilar, — ammo kechasi...
Oqsoqolimiz ularni quvvatladi:
— Savobli ishga qo‘l urgansan, tushunamiz. Qishlog‘imizga dorixona kerak. Ammo bizga uyqu ham lozim-da! Qishloqning narigi chekkasida turib men eshitaman dori so‘rab kelgan odamning baqirganini, sen eshitmaysan. “Devor tepilsin yoki darvoza taqillatilsin!” deb yozib qo‘ysang, qandoq bo‘larkin?
Oqsoqol degan nomi bor, so‘zini qaytarolmadim. Hasanboy domlaga tozasidan yuz gramm quyib berib, “Baqirilmasin! Devor tepilsin yoki darvoza taqillatilsin!” degan lavhaga ega bo‘ldim.
Ammo devorimizning shuvog‘i ko‘chgani, darvozamizning qulab tushgani qoldi: qulog‘im og‘irroq, xotin ham o‘zimga o‘xshagan, bu kasallik onamdan o‘tgan... Baqirganni eshitmaganlar, taqillatganni bilarmidi?
— To‘g‘ri, savobli ishga qo‘l urgansan! — dedi oqsoqol. — Dorixona qishlog‘imizga suv bilan havodek zarur. Biroq yurtga tinchlik ham kerak. Dupur-dupurlardan qo‘shning Zokirjonning xotini yurak o‘ynog‘i bo‘lib qolibdi... Qosimalining sigiri chala tug‘ib qo‘yibdi... Birorta qo‘ng‘iroq o‘rnatsang, qandoq bo‘larkin?
Qulog‘im og‘irroq, xotin ham o‘zimga o‘xshagan, bu kasallik onamdan o‘tgan... Kamiga dorixona bankrot: pulga qo‘ng‘iroq olarmidim... Egamnazar bor, qo‘li gul usta, otasining duosini olgan, maktabning eski qo‘ng‘irog‘ini o‘rnatib berdi. Zo‘r bo‘ldi. Qo‘ng‘iroq chalinishi bilan ko‘chaga kalish ham kiymasdan uchib chiqaman: qo‘ng‘iroqni yana bir marta bosvormasin deyman-da!
Ammo... Dori so‘rab keladigan odam ko‘p-da, yarim kechasimi, azondami kelishaveradi, dorixona bor ekan deb. Bunisiga men, yetmishga kirgan onam, xotinim va qisir qolgan sigirimiz ham matonat bilan chidadik. Lekin qishlog‘imizning esi yo‘q bolalari ko‘nikolmadi: qo‘ng‘iroq chalinsa, maktabga otlanadigan bo‘ldi.
— Tushunamiz, — dedi oqsoqol, — savobli ishga qo‘l urgansan. Ammo bizniyam tushungin-da! Endi xotinga ikki og‘iz gap aytmoqchi bo‘lganimda, qo‘ng‘irog‘ing jiringlaydi. Bolalar turib, maktabga otlanadi. “Yot-yot, yot! Dorixonaning qo‘ng‘irog‘i jiringlayapti!” deb ularni yotqizguncha, tong otib qolyapti! Yaxshisi, oyog‘ingga ip yoki arqon bog‘lab yotsang... Dori-darmon kerak odam arqonni tortadi, vassalom.
Qulog‘im og‘irroq, xotin ham o‘zimga o‘xshagan, bu kasallik onamdan o‘tgan... Ammo tirikchilik — dorixona ham kerak. Noiloj oyog‘imga arqon bog‘lab yotishga majbur bo‘ldim. Endi bu yog‘ini tasavvur qilavering: oyog‘iga arqon bog‘lagan kamina xotinning yonidaman... “Asalim, shakarim!” degunimcha, arqon tortiladi... Mayli, bunisiga chidadim. Ammo shimni topgunimcha, arqon yana tortiladi. Qo‘lda shim bilan guppa qulayman. Bir iloj qilib, oyoqni shimga tiqmoqchi bo‘laman, arqon yana tortiladi. Xotinni turtaman. “Tur, yordam, yordam!” deyman, qulog‘i og‘ir, eshitmaydi, imo-ishora bilan tushuntirgan bo‘laman, tushungancha arqon tortiladi, guppa qulayman, oyog‘iga tirmashaman. Bir iloj qilib o‘rnimdan turaman. Xayriyat, farosati bor, ikki-uch marta qulashim bilan masalaga tushunadi. Meni suyashga, shimimni kiydirib qo‘yishga kirishadi. Qani endi, eplashning iloji bo‘lsa. Xotin qo‘ltig‘imga kiradi, men shimni kiymoqchi bo‘laman, arqon tortiladi, guppa qulaymiz. Xotin meni tepaga tortadi, arqon ko‘chaga. O‘rtada uch-to‘rt bor borib-kelib turaman — xotin bilan ko‘chaning qo‘lida. Bilmadim, Hoji polvonga dori-darmon kerak bo‘lib qolganmi?
A? Nima dedingiz?
Qulog‘im og‘irroq, xotin ham o‘zimga o‘xshagan, bu kasallik onamdan o‘tgan...
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 41-son