Muxtorjon degan ota boshqa, ena bo‘lak inim maktabga direktorlikka tayinlanadigan, viloyatga borib suhbatdan o‘tadigan bo‘ldi. “Birga borib kelsak”, deb qoldi. Direktor o‘zimizdan chiqadigan, shu maktabda ishlayman, yana mehnatdan olti soatlik fakultativ dars bo‘sh turibdi, degan gaplar ham bor, mashinamga o‘t qo‘ydim...
Yaxshiyam borganim, yaxshiyam borligim, bo‘lmasa maktabimiz direktorsiz qolib ketarmidi...
Qabulxonada kotiba qiz ikki-uchta ketvorgan opoylar bilan suhbat qurib o‘tirgan ekan. Bu yer viloyat markazida, hamma narsaning tozasi bo‘ladi. Kelishimizni birov telefonda aytib qo‘yganmikan, kotiba dardimizni chala-chulpa eshitdi-da:
— Kutib turinglar, chaqirishsa kirasizlar! — dedi.
Havo dim. Yengi kalta ko‘ylakda ham “pishib” ketyapman. Muxtorjonni qo‘yaverasiz: qorin katta, bo‘y kalta, zo‘rg‘a yelkasidan nafas olyapti. Buning ustiga kattalarning hurmatini qilib, bo‘yinbog‘ ham taqib olgan.
Ichkarida o‘tirarmidik, hovliga chiqdik. O‘rikning ostiga skameyka qo‘yilgan ekan, o‘sha tomon yurdik.
Qorinning bo‘lgani yaxshi, ammo uning haddan tashqari kattalashishi odamga unchayam naf keltiravermas ekan. Menimcha, qorin odam o‘rnidan turganda tepaga, o‘tirganda esa shimning ichiga qarab harakatlansa kerak. Muxtorjon shunday skameykaga cho‘kkandi, “tr-tr-tr, shirr!” degan ovoz chiqdi. U sapchib o‘rnidan turib, orqasini silay ketdi. Afti shunday burishib ketdiki, sigiri o‘lganda ham bunchalik qayg‘urmagandi.
— Shim chokidan ketibdi! — dedi yig‘laguday bo‘lib.
Orqasiga o‘tib qaradim, “Hm!” shimning bir qarich joyi so‘kilib ketibdi. Qora shimning ichidan kiygan oq shalvari yal-yal yonib, teshikdan mo‘ralab turibdi.
Muxtorjon direktor bo‘ladigan, hozir suhbatga kiradi. Bu yoqda shim... Uni yechib otib yuborish yo oyoq ostiga olib tepkilash mumkin emas... Bemalol ro‘molchani qo‘lga olsa bo‘laveradi!
— Ko‘rinyaptimi? — Muxtorjon rangi oqarib so‘radi.
— Hm! — dedim.
— Igna-ipingiz yo‘qmidi?
Inim direktor bo‘ladigan, hozir suhbatga kirishi kerak, shimi so‘kilib, pand berib o‘tiribdi: xuddi igna-ip ko‘tarib yuradigan odamday, cho‘ntaklarimni shapatilladim:
— Yo‘q.
— Men qimirlamay o‘tirib turaman. Siz kirib, kotibadan so‘rang, igna-ipi bo‘lsa, chekkaroqqa o‘tib, tikib olarmiz...
Muxtorjon direktor bo‘ladigan, suhbatga kirishi kerak, shimi so‘kilib, pand berdi, olti soatlik dars zahirada turibdi: oyoqni qo‘lga olib, ichkariga g‘izilladim. Ammo kotiba meni eshik og‘zida kutib oldi:
— Kamolov qani? Suhbatga kirarkan!
Ortimga qarab chopdim. Chopaman-da! Inim direktor bo‘ladigan, suhbatga chaqirishyapti, shimi so‘kilib, pand berib turibdi.
— Suhbatga!
So‘zimni eshitib bo‘lg‘usi direktorning afti eshilib ketdi. Busiz bo‘lmaydi-da! Ichkarida boshqarma boshlig‘i kutib o‘tiribdi. Kuttirish — suhbatdan o‘tolmadi, degan gap!
— Qabulxonada ayollar hali ham kotiba bilanmi?
— Ichkarini qarolmadim... Ostonadan...
Inim yig‘laguday bo‘lib menga boqdi. Darhol zipilladim. Qabulxonaga shunday boshimni suqib, ortimga chopdim.
— O‘tirishibdi!
Muxtorjon afti bir siqim bo‘lib, o‘rnidan turdi. Shimining orqasini obdon siypaladi. Qo‘lim ko‘ksimda, yo‘l boshladim.
— Orqamdan yuring! Shimning yirtig‘ini to‘sib ketasiz!
Darrov orqalariga o‘tdim. Qadamlariga qadamimni moslab ortiga tirkalgan vagonday ichkariga yurdim: direktor bo‘ladigan, orqalarini men to‘smasam, kim to‘sadi, olti soat dars...
— Kamolovning bir o‘zi kirsin! Sizga yo‘l bo‘lsin? — kotibaning baqirganiga parvo ham qilmadim. Ayollar davrasidan eson-omon o‘tib oldik. Ammo ichkariga kirib, yig‘lab yuborishimga sal qoldi: qiyalab qarasam, boshqarma boshlig‘iga atalgan kursida ayol kishi o‘tiribdi!
— Assalomu alaykum! — dedi Muxtorjon.
— Assalomu alaykum! — dedim uning ortidan boshimni ko‘rsatib.
Boshqarma boshlig‘i o‘tiribdi — salom bermasangiz, o‘qituvchilikdan ham ayrilib qolish mumkin.
— Vaalaykum assalom! — boshliq bizga angrayib qaradi. To‘g‘risini aytsam, ochilgan og‘zi yopilmadi. So‘ng u shu qiyofada o‘rnidan turdi. Sekin-asta bizga yaqinlashib, atrofimizda aylanib, inimga boshdan-oyoq razm soldi. Keyin:
— Men Kamolovni chaqirgan edim, siz nima qilib yuribsiz? — dedi ko‘zlarini menga qadab.
— Men, men... Bu kishining teloxraniteli, ya’ni tanqo‘riqchisiman! — dedim. Kattalar so‘ragandan keyin nimadir deyishim kerakmi, axir? Uni ustiga mehnatdan olti soat dars bor.
Boshliq ayol kishi bo‘lsayam mard ekan. Shuning uchun boshqarmani boshqaryapti-da!
— Tanqo‘riqchi deganlari xo‘jayinning yonida yuradi, shekilli? Yo siz bu kishini faqat orqalarini poylaysizmi? — deb erkakchasiga askiya qilib, yigitchasiga kulib yubordi.
Menam iljaydim: boshliqlar kulganda qarab tursang bo‘lmaydi...
Keyinmi? Muxtorjon qizarib-bo‘zarib turaverdi. Voqeani bir boshdan aytib berdim. Dalil sifatida shimning yirtilgan joyini ko‘rsatdim. Boshliq ayollarning erkagi ekan qotib-qotib kuldi. Bir-bir yelkamga qoqdi.
— Xo‘p, ishlaringga muvaffaqiyat! Ammo endi bu yerdan qanday ketib olasizlar? Kotibani chaqiray, tikib bersin, alohida xona bor! — dedi.
— Yo‘q, yo‘q! — deb e’tiroz bildirdim baralla. — Oldingizga “poezd-poezd” bo‘lib kirdik, “poezd-poezd” bo‘lib chiqib olamiz!
Boshliq kulib qotdi. Bizam askiyani qotirib qo‘yadigan yigitlardanmiz, Abdulla Akbarovlar kim bo‘libdi, bo‘sh kelmadik: mehnatdan olti soat dars bor-da!
— Unda oq yo‘l sizlarga, poezdni haydanglar! — opa eshikni ko‘rsatdi.
Muxtorjon oldinda, men orqasidan doira shaklida yurib, xonani tark etdik. Kotib qiz haliyam jononlar bilan kulishib o‘tirgan ekan, ularning oldidan “poezd-poezd” bo‘lib o‘tib, mashinaga yetvoldik.
Ha, olti soatlik dars, bo‘lgan voqealardan og‘iz ochmaslik sharti bilan menga berildi, birovga aytganim yo‘q. Faqat yozdim, uni kim ham o‘qirdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 36-son