Hammomdan biri novcha, biri pakani yigit chiqdi. Ikkovinyam xo‘p bug‘langani ko‘rinib turardi: yuzlari qip-qizil. Pakanasi xo‘jayinlardan bo‘lsa kerak, novchaga gap uqtirirar, sherigi qo‘li ko‘ksida, bosh qimirlatardi. Yigitlar begona bo‘lgani uchunmi, choyxonadagilarning diqqati ularga burildi. Yigitlar esa, bu e’tiborga parvo qilishmadi: na salom berishdi, na xol-ahvol so‘rashdi, so‘rilar orasidan mashinalari tomon o‘tib ketishdi.
— Molga o‘xshaganlarni qara, — dedi Siddiq aka qo‘llarini siltab. – Otang tengi odamlar o‘tiribdi, salom berib kuyaver, senlardan osh-non so‘raptimi!
Siddiq akaning og‘ringani ta’sir qildimi, yigitlarning mashinasi o‘t olavermadi. «Chg‘-g‘-g‘-g‘, chg‘-g‘-g‘-g‘, chg‘-g‘-g‘-g‘!» qiladi, yurishdan darak yo‘q. Novchasi tushib, matorini kovlashtirgan bo‘ldi. Yana o‘sha «Chg‘-g‘-g‘-g‘, chg‘-g‘-g‘-g‘, chg‘-g‘-g‘-g‘!» Pakana nimadir deb baqirdi, anglomadik. Yigitlar o‘rin almashishdi: pakana motor kavlashtirdi, novcha kalit buradi: yana o‘sha «chg‘-g‘-g‘-g‘, chg‘-g‘-g‘-g‘, chg‘-g‘-g‘-g‘!»
Siddiq aka chidolmadi.
— Xo‘v, ilgariyam mashina mingansilar o‘zi! – deb o‘rnidan turib yigitlar tomon yurdi. — Vang‘illataveradimi, matorni qiynab! Buniyam joni bor! To‘k kelmay, svechalar xo‘llanib bo‘ldi! Klyuchni oling, ochib, tozalash kerak.
Mashina atrofiga tomoshatalablar to‘plandi.
— Mana, ko‘ryapsizmi, – Siddiq aka svechalarni olib, yigitlarga uqtira ketdi, — pishilib enasinikiga kirib ketibdi-yu, o‘taydmi bu! Ie, manovisini qarang, yoqqa cho‘milib yotibdi. Lattani oling, artib, quritish kerak…
Aka erinmay svechalarni tozaladi, quritdi, o‘rniga qotirdi.
— Endi kalitni burasak, yana svechalar pishilib qolishi mumkin. Ammo itarvorsak, yurib ketadi, — dedi ishni tamomlagach. Keyin tomoshabinlarga yuzlandi: — Qani, yigitlar, yordam berib yuboringlar, mehmonlar ekan.
Uch-to‘rt yigit mashinaga yopishdik. O‘n besh–yigirma metrcha itardik, mashina yurmadi.
— Haliyam to‘k kelmayapti, shekilli, — Siddiq aka mashina kapotini ochib, yana kovlashtira ketdi. — Endi yuradi, — dedi so‘ng ishonch bilan.
Besh-olti metr qadamda mashina gurillab yurib ketdi. Ammo shu yurgancha to‘xtamadiyam! Pakananing yoniga novcha shunday epchillik bilan chiqib oldiki, hammamiz hayron qoldik.
— Aytganingizday, mol bollar ekan, bir marta rahmat aytishga ham yarashmadi-ya! — dedi Ahmadillo.
— Haqiqiy molligini endi ko‘rasan, he-he-he! – Siddiq aka kulib, qo‘lidagi xaltaga ishora qildi. — Hamma klyuchi qolib ketdi-yu!
Siddiq aka bilib gapirgan ekan. U klyuchlarni so‘ri ostiga qo‘yib turgandi, mashina ortiga qaytib keldi. Ammo Siddiq aka ularga parvo qilmay so‘riga o‘tirib, raqibiga yuzlandi:
— Qartani kim tarqatadi? Senmi? Suz! Hisob nechchi-yu nechchi edi?
Novcha yigit mashinada tushib, Siddiq akaning tepasiga bordi:
— Aka, klyuchlar qolib ketibdi…
— Mashinaning o‘zi qani? – so‘radi Siddiq aka o‘yindan bosh ko‘tarmay.
— Ana, yo‘l yoqasida turibdi…
— Xo‘jayiningga ayt, oldin qaerga to‘xtatgan bo‘lsa, o‘sha joyga mashinani qo‘yib, o‘chirsin, ko‘radigan joyi bor.
Novcha ketdi. Pakana bilan jinday g‘ijillashdi. Ammo mashinani joyiga qo‘yib, o‘chirishdi, harqalay. Siddiq aka o‘yinni yakuniga yetkazib, o‘rnidan turdi. So‘ri ostidan klyuchlarni qo‘ltig‘iga qistirib, mashinaning oldiga bordi.
— Mana, klyuchlaring, — dedi haltani uzatib. — Bularni to‘g‘ri kelgan joyga tashlab ketavermaydi-da, mollar!
Biz — so‘ridagilar «bollar» so‘zining «mollar» atay deb aytilganini sezib, kulib yubordik.
Siddiq aka uyi tomon yurdi.
Yigitlar mashina o‘tirishdi. Kalit buraldi. Tanish ovoz eshitila boshladi: «Chg‘-g‘-g‘-g‘, chg‘-g‘-g‘-g‘, chg‘-g‘-g‘-g‘!»
Novcha tushib, Siddiq akaning ortidan chaqirdi. U parvo qilmay, yo‘lida davom etdi.