OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Indamas (hajviya)

— Velosipedmi? 
Manovi quvladiga qo‘shnim, mirob, Qo‘riqda yeri bor. Vey, qishloqda meva-cheva, ekinlar tugul, odam suvsizlikdan qurib qolsa ham, Qo‘riqda suv bo‘ladi-da! O‘zi odamlaram ayyor bo‘lib ketgan. Ariqni yilda bir marta kovlab qo‘yishmaydi. Hozir so‘rab ko‘rsang, birortasi ariqning oxirgi marta qachon kovlanganini bilmaydi. Ilgari bir chiroyli darishana bo‘lardi. Ariq choptiga ichqmagani odam uyalardi. Ilgari xo‘kiz so‘yilardi. Xasharga chiqqan odamlar tamom qilib yuborardi, yuz kilo keladigan xo‘kizni. Qanaqa hasharlar bo‘lardi-yu! Qimirlagan jon borki, hashardan qolmasdi. Bilsang, qishloqni ko‘chasini kengaytirib, asfalt qilamiz, avtobus yuritamiz, deb bir qishning o‘zidan yigirma sakkizta xo‘jalikning uyini buzib, qayta qurganmiz. Odamlar mahallaning aytgani bo‘lsin deb, qishning chillasida hovlisini hasharchilarga bo‘shatib berib, uyi bitguncha qo‘shisinikiga o‘tirgan. Yo‘llar kengaydi, asfalt ham bo‘ldi, avtobus ham yurdi…
 — Velosipedni qo‘shningiz Ro‘zimat?…
 — Ha, qo‘shnim Ro‘zimatni velosipedini so‘rab… Uyda bitta emas, ikkita velosiped bor. Hozir qishloqning yo‘llarida velosiped minib yurib bo‘lmay qoldi-da: do‘qi-do‘qi, o‘ydim-chuqur… O‘n besh metr yurmasingdan kamer teshiladi. Hozir qishloqda mashina olgan odam ko‘p, yo‘lga qaraydigan odam yo‘q. G‘iz etib u yoqqa o‘tishadi, g‘iz etib baqa!.. Mashinani bekorga olganday, uncha-muncha chuqurga parvo ham qilishmaydi. Shuncha pul topibsan, mashina olibsan, eshigingning tagini asfalt qilib qo‘y. Sendan ibrat olib qo‘shning qiladi. Qarabsanki, qishloq asfalt bo‘lib turibdi-yu!
Shukur bilan Yusuf, haliyam dalatning plani bor ekan, qishlog‘imiz yo‘lini o‘shanga kiritishibdi, baraka topishsin. Yaqin uch kilometr yo‘lga asfalt yotqizilarkan. Shunga kelgan quruvchilarga ovqat-povqat qilib bergani mahalla bo‘lib besh-o‘n so‘mdan yig‘aylik, deyishibdi. «Quruvchilar oylik oladi, nimaga endi biz ularga ovqat qilib berishimiz kerak ekan, toshini tersin!» debdi mana shu mashina minib yurganlaringning ikkita-uchtasi burun jiyirib. Vey senga tayyor asfaltni olib kelib, bosib berayotgan bo‘lsa, bir piyola choy qo‘yib bermaysanmi, eshigingning oldiga kelgan odamlarga-ya! Musulmonmisan o‘zi? Qishloqning yuzi yo‘qmi? 
E, bugungi yoshlaringda mahalla-kuy degan narsa qolmadi. Kechagi kungi darishanaga o‘n beshta odam chiqibdi. Yaqin mingta xo‘jalik yashaydigan qishloqdan-a! Ularniyam o‘ntasi xassasini zo‘rg‘a ko‘tarib yurgan chollar! Mashina minib yurganlardan bittasini shartta to‘sdim. «Darishana bo‘lyapti?» dedim. Yonidan bir siqim pul chiqarib, «Berib qo‘yarsiz!» deydi. Vey, mahallaning uni puliga qarab qolgan joyi bormi? Bularga qolsa, otasining go‘ri atrofini ham birovga pul berib tozalatsa-da! E-e-eh!
— Qo‘shningiz Ro‘zimat velosiped so‘rab?..
 — Ha-a-a, velosipedini so‘rab chiqovdi. O‘g‘lim velosipedini bir haftada uch marta teshib kelsa-ya! Oboraman, yamatib kelaman, oboraman, yamatib kelaman… Yaqin joy bo‘lsa ekan… Sheralining uli kamer yamaydigan ustaxona ochgandi. Uncha ishi yurishmadi shekilli, yopib qo‘ydi. Hozirgi yoshlaringga bu yoqdan ustaxonani ochsa-yu, pul oqib kelversa-da! Bir-ikki oy og‘irlikka chidayin, odamlarni ustaxonamga o‘rgatayin, «Manovi yerda ustaxona bor», deb eslaydigan bo‘lsin, deyish yo‘q. Kenjaning o‘g‘li ham yamoqchilik ustaxonasi ochib shunaqa qildi. Abdulla qassobxonani qurib qo‘yib, bitta ho‘kiz so‘yib-sotttimi yo‘qmi, bedarak ketdi. Sabr degan narsa yo‘q-da, hozirgi yoshlaringda. Endi xonalariga qulfni urib qo‘yib, yurishlarini qara! Biri ikki bo‘lib qoldimi? Manovi Saydillo tegrmon qurdi, Anjandanmi, Yozyovondanmi bir joydan olib keldi. Vey, uch oygacha birov qadam bosmasa-ya! Qo‘yqadagi tegirmonga qatnashadi odamlar, o‘rganib qolishganda. Ammo Saydillaga rahmat, tegirmonini yopib qo‘ymadi. Birov bir kilo bug‘doy torttirmasa ham, ochib o‘tiraverdi. Mayna endi qara, ochiret, ochiret... Quyqadagilar ham kelib, shu yerda bug‘doyini un qildirib ketyapti. 
 — Qo‘shningiz Ro‘zimat velosiped so‘rab chiqqandi?..
— Ha-a… O‘sha minib ketdi. Qo‘shtegirmonga borib kelmoqchi ekan. Bo‘lasi bor — Hoshimjon, o‘sha to‘y qilyapti ekan. Shu sovuqda to‘yga balo bormi? To‘yni bahorda qil, yozda qil… Bu yoqda sivet bo‘lmasa, gaz bo‘lmasa… Shu gazchilarda ham bir gap bor. Kechagi kuni…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.