OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Said Anvar. Yashasin, fonogramma (hajviya)

Keyingi paytlarda, “Hamma yoqni fonogramma bosib ketdi!”, degan hayqiriqlar ko‘payib ketdimi, birodarlar? Fonogrammaning nimasi yomon? Hofiz ham tirik jon — tobi bo‘lmasligi, ovozi chiqmay qolishi mumkin. Fonogramma bo‘lsa-chi? Xonanda soqov bo‘lib qolgan bo‘lsayam ovozi jaranglab turaveradi.
Qarangki, fonogrammani hayotda ham qo‘llasa bo‘larkan. Boshlig‘imiz O‘ljaqo‘zi aka dunyoda birinchi bo‘lib uni korxonamizda joriy qildi. Vey, zo‘r bo‘larkan-ey! Ilgari ma’ruzalari uchun tonnalab qog‘oz sarflardik. Fonogrammaga o‘tilgach, bir kilo ham qog‘oz ketgani yo‘q. Turli xil ma’ruzalar disketga yozib, tayyorlab qo‘yilgan. Birinchi raqamli disketda, ilgari ishlarimizning rasvoligi, O‘ljaqo‘zi akamiz korxonaga rahbar bo‘lib kelgach, tub burilish qilganliklari, shundan so‘ng mislsiz muvaf¬faqiyatlarga erishganimiz, erishayotganimiz va hokazolar haqida gap boradi. Xuddi go‘zal qo‘shiq eshitayotganday bo‘lasiz.
Hamma yig‘ilishlarimiz ana shu qo‘shiqni eshitish bilan boshlanadi. Undan keyin mavzuga qarab, yo tanqid, yo maqtov, yo tabrik, yo motam haqidagi disketlarga navbat beriladi. Marosim oxirida esa, yana maza qilib, o‘rinbosarlari ijrosida O‘ljaqo‘zi akamizning birinchi “qo‘shiq”larini takroran eshitamiz.
Bizgayam maza bo‘lib qoldi. Ilgari, so‘z berib qolishsa nima deyman, deb mixning ustida o‘tirardik. Endi bemalol, boshliqning nutqini eshitayotganday bo‘li-ib, xayol surib o‘tiraveramiz: bizam fonogrammaga o‘tib olganmiz-da! “So‘zga chiquvchilar bormi?” deb so‘rab qolishsa, qo‘rqmay minbarga ko‘tarilamiz. Disketimiz tayyor. Uni operatorga uzatib, “Birinchini qo‘yib yuboring”, desak bas. “Birinchimiz” O‘ljaqo‘zi akamizning birinchilariga hamohang “qo‘shiq” bo‘ladi, albatta. Keyin mavzuga qarab, “Oltinchi” yoki “Yetmish ikkinchi” deb shivirlaymiz, bu yog‘i ketaveradi.
Zo‘r narsa ekan, vey, fonogramma! Boshliqning qabul¬xonasidamiz, hammaning qo‘lida disket. Kotibaga dard¬larimizni doston qilib yotibmiz:
— Yordam puli so‘rab kelgandim, sakkizinchini qo‘yib yuborasiz.
— Kechagi yig‘ilishda adashib, xo‘jayinni tanqid qivoribman, kechirim so‘ramoqchiman, to‘qson birni bosvorasiz.
— O‘tgan kuni ishga kelolmadim, sababini aytmoqchiman, o‘n uchinchini...
Kotiba jon holatda baqiradi:
— Olinglar-e disketlaringni, adashib ketdim. Kirib ketayotganlaringda berasizlar!
Boshliqning oldiga shunday kiramiz, uch daqiqada masalamiz hal. Bir kun oldin kotibalariga uchrashib, oldilariga nima maqsadda kirayotganimizni aytib, ro‘yxatdan o‘tib qo‘yganmiz, boshliq ham masalamizga mos disketlarini tayyorlab qo‘ygan-da! Bo‘lmasa, “Ie, kecha ogohlantirib qo‘ymabsiz-da! Bu masalani ertaga gaplashsak”, degan odatdagi so‘zlarini eshitib chiqa¬verasiz.
Hammasi yaxshi, ammo fono¬gramma o‘ta zuk¬kolikni talab etar ekan. Adashish — sharmandalik. Mana, kecha choy¬xonada, “Tortadur”ni boshlab turgandik, uydan xabar keldi: bojam — Kenjavoy tomdan yiqilib, kasalxonaga tushib qolibdi. Tezda yetib bormasam bo‘lmas emish. “Ichgan bo‘lsam ham hol so‘rash haqi¬dagi fonogram¬mam tayyor, bojam men bi¬lan o‘pishib ko‘rish¬mas”, deb yo‘lga tushdim.
Kenjavoy oyog‘iga tosh osilgan, qo‘li, boshi doka bilan bog‘langan holatda yotgan ekan. Fonogrammani boshlavordim:
— Muborak bo‘lsin, muborak bo‘lsin! Eshitib boshim osmonga yetdi.
Bojam labini tishladi.
— Nimayam qilardik falokat-da, falokat, boja.
Davom etaman:
— Bu hali holva, bundan-da zo‘ri bo‘ladi, boshingizga baxt qushi qo‘ngani shu, boja!
Kenjavoyning xotini menga qarab piyolani otdi.
E, rasvogarchilikni qarang, disketni almashtirib yuboribman-ku!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.