OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saida Zunnunova. Kechikish (hikoya)

Mana, bir oydirki, Xurshidbekning oromi yo‘q. Yursa ham, tursa ham onasining ma’yus, mehribon nigohi ko‘zidan ketmaydi. Avvaliga ta’ziyaga kelgan odamlar bilan ovunib yurgan ekanmi, ularning oyog‘i tovsilgandan keyin ko‘ngilni ezadigan bir jimjitlik ichida qolgandek edi. Onasi bir tomondagi kichkina uychasida indamaygina o‘tirsa ham hovlilarining fayzi ekanligi endi bilinyapti.
Xurshidbek sekingina so‘lish olib, o‘sha uy tomonga qaradi. Derazasi ham, eshigi ham yopiq. Uyning hozirgi sokin, jimjit turishi ham onasiga o‘xshab ketdi.
Onasi hamisha o‘g‘lini ayab, andisha bilan yashadi. Hech qachon o‘ziga e’tibor talab qilmadi. Hatto biron narsa olib bergin, deganini yoki pul-mul so‘raganini ham Xurshidbek eslayolmaydi. U faqat bir martagina o‘g‘lidan so‘radi. O‘shanda ham tili bilan emas, dili bilan, ko‘zlari bilan so‘radi. Lekin... Xurshidbekning nafasi qisildi. Xotiralardan qochmoqchidek o‘rnidan turib ketdi.
Hovlining o‘rtasidagi stol oldida o‘g‘li tikka turganicha tarvuz kosasini qoshiq bilan shilib qirib ichardi.
— Sekinroq! — dedi Xurshidbek unga ijirg‘anib qarab, — muncha xo‘rillatasan?!
Bola otasiga bir qarab qo‘ydi-yu, og‘zini qo‘llari bilan artib, devorga suyog‘lik velosipedi tomonga yurdi.
— Po‘choqni kim oladi?!
O‘g‘li yana boyagiday nigoh bilan unga qaradi, zarda aralash po‘choqni olib borib axlat chelagiga tashladi-da, velosipedini yetaklab ko‘chaga chiqib ketdi. Oshxonada jaz-biz qilib, sabzi-piyoz qovurayottan xotini ularning ovozini eshitdimi, boshini chiqarib bir qarab qo‘ydi.
Yana hovli jimjit bo‘lib qoldi. Dekabr yaqinlashib qolayotgan bo‘lsa ham havo issiq, hali hech qanday yog‘ingarchilik bo‘lgani yo‘q edi. Yerga oxirgi xazonlar to‘ki-lar, quyosh ham bota boshlagan, osmon tiniq, havo mo‘‘tadil bo‘lsa-da, tabiatning o‘zida ham qandaydir dilni hayolga moyil qiladigan bir kayfiyat bor edi. Xurshid-bek yana onasining uyi tomonga qaradi.
Yozda Xurshidbek xotini bilan bir vaqtda otpuska oldi. Aylanib dam olib kelishni mo‘ljallab qo‘yishgan edi. Birdaniga hamshaharlaridan biri gap topib kelib qoldi. Belorussiya tomonga sayohatga borgan ekan. O‘rmonda bir qabrni ko‘rgan emish. Qarasa, familiyasi ham, ismi ham Xurshidbekning dadasiniki ekan. O‘sha joyda yashayotganlardan surishtiribdi. Razvedkachining qabri, deyishibdi. Avval ustida kichkina taxtachaga yozib qo‘yilgan xati bor ekan. Keyincha o‘sha yer aholisi uni yaxshilab ko‘tarib, ismi familiyasini marmar toshga yozdirib qo‘yishibdi. Xurshidbek rostdan ham dadasining razvedkachi bo‘lganini eshitgan edi.
Bu xabar kutilmaganda xursandchilik olib keldi-yu, eski dardlarni qo‘zg‘ab ham ketdi. Ko‘nikkan asab va xotiralar qayta boshdan jonlandi. Ayniqsa, onasi juda o‘ychan bo‘lib qoldi. U nimadir demoqchi bo‘lardi, lekin aytolmasdi. O‘g‘li bilan kelini Issiqko‘lga borish harakatida edilar. Bir kuni choy ichib o‘tirishganida Xurshidbek onasining ana shu ma’yus yuziga ko‘zi tushib, o‘ylanib qoldi.
— Oyi, biz ketsak, yolg‘iz zerikib qolmaysizmi?
— Qo‘ni-qo‘shnilar bor, bolam. Nega zerikaman?
— Yo nevarangizni olib qolgingiz kelmayaptimi? To‘g‘risini aytavering.
— Nega endi? Shuncha vaqt bag‘rimda-ku. — Rostdan ham o‘g‘li hamisha buvisi bilan birga, darsini ham o‘sha uyda qilar, yotish-turishi ham o‘sha yoqda edi.
— Dadang musofir bo‘lib yotgandir, deb o‘ylayman, bolam, — dedi onasi bir nafasdan keyin. — Avval bilmas edim, choram yo‘q edi. Endi kuch-quvvatdan qolganimda xabarini eshitdim.
Oraga birdan jimjitlik tushdi. Onasi bu gal ham dilidagi istakni aytolmadi, o‘g‘li bilan kelinining yo‘lini to‘sishdan andisha qildi. Lekin ko‘ngli, dili o‘sha yoqqa talpinayotganini Xurshidbek sezib turardi. Yo‘lga hozirlanayotgan xotinini, otpuskalarining o‘tib ketib qolishini o‘yladi. 
— Mayli, — dedi keyin onasiga taskin bermoqchi bo‘lib, — yanagi yozga olib boramiz. Mana, keliningizning o‘zi bosh bo‘lib olib boradi, to‘g‘rimi?
Televizor ko‘rib o‘tirgan xotini bosh qimirlatdi. Keyin qaynonasini yupatmoqchi bo‘ldi shekilli:
— Musofir bo‘lib yotibdi demang, oyi. Odamlar qarab turishgan bo‘lsa, tekislab yo‘qotib yuborishmabdi-ku axir!
— Baraka topishsin, — dedi kampir shivirlab.
— Bo‘ldi, bo‘ldi, yanagi otpuskada borganimiz bo‘lsin! — bu qatiy qaror bilan Xurshidbek onasini xursand qilmoqchi edi. Lekin kampir indamadi, g‘alati bir kulimsirab qo‘ydi, xolos. Uning shunaqa odati bor edi. Hech kimga gapqaytarmas, biron narsadan norozi bo‘lganda ham bir xo‘rsinib indamay qo‘ya qolardi. Bu gal ham shunday qildi. Balki hech kimga muhtoj bo‘lmagan yoshlik paytlarini eslagandir. Balki o‘zining kundan-kun kuchdan qolayotganini, yanagi yozga bor-yo‘qligini o‘ylagandir. Balki, hayotda muqaddas, kechiktirmay tavof qiladigan narsalar borligini tushunmagan ikkita nodonning ustidan kulgandir.
Har qalay, u nevarasi bilan mung‘ayib darvoza kesakisiga suyanganicha qoldi-yu, Xurshidbek xotinini olib Issiqko‘lga ketdi.
Xurshidbek yana bo‘g‘ilgandek bo‘ldi. Xotini oshxonadan chiqib, o‘radan turp olib kirib ketdi. Eriga g‘alati bir qarash qilib qo‘ydi. Yuragi siqilib turgan bo‘lsa ham Xurshidbek buni sezdi. Ishdan kelganidan beri salanglab hovlida yurganiga balki xotinining g‘ashi kelgandir. Uning biron ishga qo‘l urgisi ham kelmas, biron kimsa bilan gapirishgisi ham yo‘q edi.
O‘g‘li chelakka tashlab ketgan tarvuz kosasining po‘chog‘ini musichalar cho‘qir, Xurshidbekning loqayd, befarq kayfiyatini bilganday undan hayiqishmas, dam-ba-dam boshlarini ko‘tarib unga qarab qo‘yardilar, xolos. Onasi, qishi bilan musichalarni boqib chiqardi. Qor yog‘ib don topish qiyin bo‘lib qolganida qora-qurt musichalar shumshayishib shu hovliga yig‘ilishardi. Kampir nonlarning uvog‘i bormi, qolgan-qutgan ovqat bormi, ularga to‘qib berar, ular ham hech bir cho‘chimay onasi-ning oyoqlari tagida yurishaverardi.
Xurshidbekning nazarida musichalar ham o‘ziga o‘xshab yetim bo‘lib qolgandek edi. U shu tobda musichalarga don bergisi kelib ketdi. Uyga kirib, idishlarni qaradi. Qolgan ovqat topolmadi shekilli, yarim piyola guruch olib chiqib, tarvuz po‘chog‘i yoniga sochdi. Uning niyatidan bexabar musichalar qo‘rqib uchib ketishdi. Oshxonadan chiqqan xotinining ko‘zi yerda sochilib yotgan guruchlarga tushdi.
— Esingiz joyidami o‘zi? Guruch bilan boqib bo‘larkanmi! Yo‘lga sepganingizni qarang-a, — u shunday dedi-yu, jahl bilan supurgi olib kelib, guruchlarni bir chetga supurib to‘plab qo‘ydi. Xurshidbek xo‘rsinib nari ketdi. Uning ich-etini yeb yotgan armonni faqat o‘zi bilardi. Onasi shu bittagina o‘g‘lini deb umrini o‘tkazganini, qaysi hasratda boqqanini ham faqat o‘zi biladi. Qanday unutadi-yu, qanday ko‘nikadi endi. Bir xil toshbag‘ir odamlar bo‘ladi. Ular uchun hamma narsa oson, unutish ham, sevish ham, ajralish ham. Ular ko‘p qalblarni yara qiladilar-u, o‘zlari beshikast qolaveradilar. Ota-onadan ajralish, ularning yo‘qligiga ko‘nikish oson ekanmi? Ayniqsa, yuragingni armon tirnab yotganda. Qani endi, hozir tirik bo‘lsa poezdda emas, boshiga ko‘tarib piyoda olib borishga ham rozi bo‘lardi. O‘z oromini o‘yladi-yu, lekin onasining bunaqa pishib qolganini xayoliga keltirmadi. Bo‘lmasa juda ham qarigan emas edi. Oltmish beshga kirgan edi. Sakson-to‘qsonga kirib yurganlar ham bor-ku. Biroq onasi tekis hayot kechirmadi. Kelinchakligida tul qoldi. Ota diydorini ko‘rmagan farzandining ustida balki kechalari yum-yum yig‘lab chiqqandir. Qaynonasi, qaynotasini ko‘mdi. Bitta qaynisinglisi janjal qilib hovlining yarimini bo‘lib olib, birovga sotib yubordi. O‘rtaga devor urildi. Bir parcha hovli bilan yarmi sotilgan uyda qolishdi. Qizining bebaxtligidan xafa bo‘lib ketgan buvisi ham bevaqt olamdan o‘tdi. Yagona tasalli beradigan kishisidan ham ajralgan ona butun mehri, butun umidini Xurshidbekka tikdi. Avvallari artelda, keyinchalik fabrikada ishladi. O‘g‘lini yaxshi kiyintirdi, yaxshi yedirdi. Lekin charchab, ishdan bir ahvolda qaytganini Xurshid necha martalab ko‘rgan, yana o‘sha charchog‘lik bilan mashina g‘ildiratib ish tikkanlarida uning biqinida allamahalgacha uxlamay o‘tirardi. Ug‘lining bo‘yi cho‘zilgan sayin onaning quvonchi ortgandek, qaddi tiklanayotgandek bo‘lardi. Bu quvonchni ham Xurshidbek uning ko‘zlaridan sezib turardi. Balki ko‘rmagan baxti, topmagan huzurlarini ana shu o‘g‘ilchasidan dilida kutib, umid qilib yashagandir. Lekin o‘g‘li nima qildi? Uzining hozirgi holatini yengillatadigan, yuragiga yorug‘lik tushiradigan biron xatti-harakatini eslay olmasdan dog‘da edi u.
Institutni bitirdi. Uylandi, joy qildi. Onasi yiqqan-terganini sarfladi, o‘g‘linikini asradi. Usta boqdi. Keyincha uy yumushi, nevaralariga qarash bilan umrini o‘tkazdi. Falonchining onasi falon narsani kiyibdi, menga ham olib ber, degani yo‘q. Falon yoshga kirganimga to‘y qilib ber, degani yo‘q. Tag‘in qaytaga pensiya pulini ham shularga sarflardi. O‘ylab qarasa, u bir shamdek yonib yashabdi.
Xurshidbek Issiqko‘ldan qaytib kelganda onasining rangi ko‘ziga g‘alatiroq ko‘rindi. Otasining bir marta unutilgan dardi qayta paydo bo‘lganida keksa qalbi ko‘tarolmadimikan? O‘tgan umrining ko‘chalariga xotiralar, balki, hadeb boshlab ketavergandir, o‘y o‘ylab o‘zini o‘zi yegandir. Balki o‘rmonda jimjitgina turgan qabr ustiga dod-faryod bilan hayolan necha marta borib kelgandir.
U sog‘ligidan shikoyat qilmadi-yu, birdaniga yotib qoldi. Hammani armonda qoldirib to‘satdan bir kechada olamdan o‘tdi-qo‘ydi. Xurshidbek bunaqa bo‘lishini sira o‘ylamagan edi. Bo‘lmasa, hamma narsadan kechib, har qanday sharoitda bo‘lsa ham onasini otasining qabriga olib bormasmidi. Ona bechora yuragida yig‘ilib yotgan hasratlarini o‘sha tuproqqa unsizgina to‘kib kelsa, balki yengil tortarmidi. Uning bittagina so‘rovini, bittagina istagini rad qildi-ya! Qanday ona edi, qanaqa ona edi-ya! O‘lib ham unga og‘irini solmadi. Hamma narsani tayyorlab taxt qilib qo‘ygan ekan. Hech narsasi yo‘q bo‘lsa-yu, Xurshidbek qarzga botib ko‘mganda ham sal armondan chiqarmidi. Bu gal ham o‘g‘lini ayadi ona, unga og‘irini solmadi.
Xurshidbek ingrab yubordi. Xotini ovqat tayyor bo‘lganini aytdi. Velosipedini shaldiratib o‘g‘li ko‘chadan kirdi. Guruch atrofiga yig‘ilgan musichalar uning shovqinidan cho‘chib, uchib ketishdi. Ichkaridan xotinining ovozi eshitildi.
— Kiring endi, ovqat soviydi! — keyin chiqib ayvon chirog‘ini buradi. Xurshidbek shundagina kun botib g‘ira-shira bo‘lib qolganini sezdi. Uning nigohi yana bir chetdagi uyga tushdi. Xona ichi qorong‘i, jimjit, g‘alati bir sukut bilan huddi dardini ichiga yutib turgan jonli vujudday tuyuldi unga. Asta borib, uy eshigini ochdi-yu, chirog‘ini yoqdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.