OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saida Zunnunova. Xotiralar uyg‘onganda (hikoya)

Sojidaxon tandirdan non uzayottanda Vahobjon kirib keldi.
— Keldingizmi! Sahar xamir qorib ketgan edim. Oshib ketibdi, — u shunday deb tutayotgan yengchasiga kosadagi suvdan sepib o‘chirdi. O‘t taftidan qizargan yuzini ro‘molining uchi bilan artib, savatni ko‘targanicha so‘ri tomonga yurdi. So‘ri zinasida bir do‘ppi o‘rik gulini tizzasiga qo‘yib olib ipga chizib o‘tirgan qiziga dedi:
— Tur o‘rningdan! Dadangga ko‘rpacha yoz, charchab keldilar.
— Akamdan xat oldim, — dedi Vahobjon bir oz o‘ychanlik bilan.
— A! Tinch ekanlarmi?
— To‘ylari bo‘lib qolibdi.
— Shunaqami? Qachonga?
— Keyingi yakshanbaga shekilli.
— Bir tushib chiqsangiz bo‘lar ekan. — Sojidaxon shoshmay o‘choq yoniga bordi. Cho‘nqayib o‘tirib, qozon tagidagi olovdan qumg‘on yoniga tortdi. Vahobjon jomakorini yechib, so‘ri ustunidagi qozikqa ilib qo‘ydi-da, ariq labiga ketdi. To‘lib, ko‘pirib oqayotgan malla rang suvda tirsagigacha yuvindi. Qizi tutgan sochiqqa artinar ekan, so‘riga kelib o‘tirdi. Yelkasiga papkasini osganicha o‘g‘li maktabdan qaytdi.
— Qornim ochib ketdi!
— Beriroq kelib gapir! Darvozaning yoniga ovqat eltib bermas-ku, onang.
— Assalomu alaykum, — u qozonga bo‘ylab bir qarab qo‘yib uyga kirib ketdi.
Sojidaxon ovqat suzib keldi. Ovqat ustida suhbat yana to‘yga taqaldi.
— Raisdan so‘rab, shaharga bir tushib chiqing bo‘lmasa. Balki biron kamlari bordir, aytishar. Har qalay to‘ychilik. Ertadan keyin bozor. Tanachami, qo‘ymi olib borish kerak.
Vahobjon javob bermadi. U xomushroq ko‘rinardi.
Bu charchaganidanmi yoki biron o‘yi borligidanmi, Sojidaxon bilolmadi. Lekin ayollik sezgirligi bilan erining yuragida qandaydir armonlar borligini ba’zan paykab qolardi.
Vahobjon o‘rnidan turdi.
— Men idoraga chiqib kelay-chi.
— Mayli. Ertalikka so‘rang, indinga bozor, — deb tayinlab qoldi Sojidaxon.
Vahobjon ertasi kuni birinchi avtobus bilan shaharga jo‘nab ketdi. Xotini yopgan nonidan, bolalarga deb qurut, yong‘oq, yana nimalardir tugib berdi.
Osmon tiniq. Oftob charaqlab turardi. Gullagan bog‘lar orqada qolib, shahar manzarasi boshlandi. Shanba bo‘lgani uchunmi, ko‘chalarda odam ko‘p, choyxonalar ham gavjum. Mashinalar tinmay o‘tib turibdi. Avtobus tez-tez to‘xtaydi. Kimlardir tushadi, kimlardir chiqadi. Vahobjon avtobus oynasidan o‘ychan qarab borar, kitob qo‘ltiqlagan yosh yigit-qizlarni ko‘rganda o‘zining shu ko‘chalarda o‘tkazgan o‘spirinlik yillarini eslardi. U paytlarda Vahobjonning orzulariga dunyo torlik qilardi. Bu orzulari kurtak yozmasdanoq quridi, ularni o‘zining eng yaqin, eng qadrdon kishisi toptadi, yakson qildi. Vahobjon asta xo‘rsindi. Eslamaslikka urinsa ham xotiralar, nimagadir, ayniqsa, kechadan beri uning hayolini tortqilardi. Tabiat gulga burkangan bu bahor kezidagi to‘y taraddudimi, to‘yga chorlagan nafis, quvonchli xatmi uning yuragining allaqaeriga tegib o‘tgandir balki. Inson hamma narsaga ko‘nikadi, lekin esdan chiqarmaydi. Huddi shu bahor kunlariga o‘xshab bu xotiralar yuraqda vaqti-vaqti bilan bir yonib o‘chmay iloji yo‘q.
Vahobjon juda olov edi. Lekin yaxshi o‘qirdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘qituvchilari uning ko‘p sho‘xliklarini kechirishardi. Bir o‘qigan, bir eshitgan narsasi yod olgandek esida qolardi. Ayniqsa, fizika, matematika fanlariga qiziqar, o‘zicha har xil ixtirolar o‘ylab topishni hayol qilar, uning dastidan na onasining mashinasi, na radio o‘rnida turardi. Lekin hammadan ko‘proq samolyotga qiziqar, uchishni, olisda miltiragan yulduzlarga qo‘nishni hayol qilardi. Samolyot o‘tib qolgudek bo‘lsa, fikri ham, gapirgan gapi ham osmon-u uchuvchilar bo‘lib qolar, tushlarida bo‘lsa har kuni uchar, eng olislarda, eng yuksaklarda uchardi. Uning xayollarini o‘rtoqlari ham bilishardi. Hatto uni uchuvchi deb chaqirishar, bu
Vahobjonning g‘ashiga tegmas, aksincha, yoqardi. Faqat bitta Zulayhogina tegajog‘lik qilibmi yoki chindanmi, uning hayollarini pisand qilmasdi. Ular bir devor qo‘shni edilar. Buning ustiga Zulayhoning dadasi fizikadan dars berardi. Uylarida Vahobjon nimani buzgan bo‘lsa, Zulayho undan xabardor edi. Bir marta yashin qaytargich yasab tomga o‘rnataman deganida tok urib yiqilganidan ham uning xabari bor, onasi buzuq mashinani ko‘tarib, Zulayholarnikiga chiqqanini ham biladi. Boshqalar uchuvchi deyishsa, Zulayho, ustabuzarmon, deb kun bermasdi. Lekin Vahobjon Zulayhoga sira qattiq gapirolmasdi. Nimagadir uni ko‘rgisi kelaverardi.
Tanish choyxona uning hayolini bo‘ldi. Avtobus to‘xtab turar, odamlar tushib bo‘lishgan edi. Sal bo‘lmasa o‘tib ketar ekan. U shoshib avtobusdan tushdi. Magazin oynalariga osilgan narsalarni tomosha qilganicha asta yurib ketdi. Katta imoratlar orqada qolib, anhor yoqalagan torroq yo‘ldan eski mahalla boshlandi. Bu anhor bir vaqtlar Vahobjonning ko‘ziga katta bir daryodek ko‘rinardi. Yozning issiq kunlarida necha martalab cho‘milar, keyincha o‘spirinlik paytlarida kechqurunlari qirg‘og‘ida o‘tirib xayol surishni yaxshi ko‘rar, tol barglarining shabadada shivirlashi ham allaqanday sehrli tuyulardi. O‘ng qo‘ldagi kichkina boshi berk ko‘chaga qaytarilganida keksa bir ayolga duch keddi.
— Vahobjonmisan?
— Assalomu alaykum.
— Eson-omon yuribsanmi, bolam! Bola-chaqalaring tinchmi!
— Shukur, o‘zingiz yaxshi yuribsizmi?
— Yuribman, bolam. Ertalabdan beri ovqat yemaydi,— dedi kampir darvoza yonida tolbargak sidirib o‘tirgan qizchaga ishora qilib, — onangdan baloga qol-may, kir uyga endi.
Vahobjon qizga yalt etib qaradi-yu, tikilib qoldi.
— Tanidingmi? Zulayhoning qizi. Buni menga tashlab sayohatga ketdi eri bilan. Hech gapimga quloq solmaydi. Vahobjon qizdan ko‘zlarini uzolmasdi.
— Akang ham qizini chiqarmoqchi.
— Eshitdim.
— Onang rahmatlik ko‘rmadi.
Qo‘shni darvozadan uch g‘ildirakli velosiped surgab, o‘n yoshlardagi bola chiqdi. U Vahobjonni ko‘rishi bilan velosipedini qo‘yib, unga otildi.
— Amaki! Amakim keldilar!
Vahobjon uning qo‘lidan ushlab hovliga kirdi. Ayvonda ko‘rpa qavib o‘tirgan ikki ayol o‘rinlaridan turishdi. Uydan kelinoyisi yugurib chiqdi.
— Voy, keling. Eson-omonmisizlar! Sojidaxon qani?
— To‘yda kelar.
— Olib kelavermabsiz-da.
Vahobjon ayollar bilan so‘rashib uyga kirdy. Bir nafasdan keyin ish bilan ko‘chaga chiqyb ketgan akasi ham keldi. Vahobjonni ko‘rib suyunib ketdi.
— To‘ylar muborak bo‘lsin!
— Qulluq. Ha, kelin qani?
— Borib, bir xabar olib keling, deb jo‘natdi. Bormaysizlar ham!
— Hech qo‘l tegmaydi degin. Bir yoqda bu to‘y harakati. Hali u kam, hali bu kam, deb hech tinch qo‘ymaydi bu kelinoying.
— Bizga ham aytaveringlar kamlaringni.
— O‘zinglar kelsanglar bo‘ldi, — dedi kelinoyisi ularning oldiga ovqat qo‘yib.
— Nega sipolik qilasiz! Aytavering endi. Baribir quruq kelmaydi-ku! Paxtani ko‘p tergan, pulni ham ko‘p olgandir, — deb hazillashgan bo‘ldi akasi.
— Qaysi yuzim bilan aytaman? Bir marta borib ovsinimdan xabar ololmasam!
Vahobjon akasining oqarib ketgan sochlari, ajin tilgan peshanasiga tikildi. U o‘qishni bitirganidan beri bitta zavodda injener bo‘lib ishlaydi. Xotini bo‘lsa, necha yildan beri hamshiralik qiladi. Bolalar katta bo‘lgan sayin tashvishlari ham ko‘payar ekan. O‘zlari bilan o‘zlari ovora. Juda kam ko‘rishishardi ular.
Vahobjon kechki payt qaytib ketdi. Avji ekish payti, ish ko‘p, deb qolishga ko‘nmadi. Kun botay deb qolgan, qishloq yo‘liga kirgan avtobus oynasidan haydalgan, qorayib ko‘pchigan yer ufqqacha cho‘zilib yotar, tol barglari mayin tebranib bahor nafasini ufurayottanday edi. Vahobjonning ko‘ziga beixtiyor tol bargagi sidirib o‘tirgan haligi qizcha keldi. Huddi o‘zi-ya. Bu qizcha uning esiga yana yoshlik yillarini solib qo‘ygan edi.
Qizlarning sochidan tortib kun bermaydigan Vahobjon Zulayhoning oldida muloyim bo‘lib qolardi. Zulayhoning sochlari uzun, uchlari qo‘ng‘iroq edi. U doim
o‘sma qo‘yib yurardi. Vahobjon bir o‘rtog‘inikiga borganida otquloqdek bo‘lib yotgan o‘smaga ko‘zi tushgandi.
— O‘smangdan ozroq uzib ber! — degandi o‘shanda.
— Opamdan so‘ra. Nima qilasan o‘smani?
— Singlimga. Yaxshi ko‘radi.
— Singling yo‘q-ku!
— Xolamning qizi, jiyanim. Yaxshi ko‘radi.
— Ha, mayli, ozroq ola qol.
Vahobjon o‘smani ho‘l lattaga o‘rab, ertalabgacha saqladi. Zulayhoning maktabga ketishini poylab turib, u bilan izma-iz yo‘lga tushdi.
— Zulayho!
Qiz to‘xtab, orqasiga qaradi.
— Senga, — Vahobjon unga o‘smani uzatdi.
— Hovlimizda ko‘p-ku, nima qilaman buni? Voy, qaerda o‘sibdi bu? Qaerdan olding? — dedi keyin o‘smaning to‘q ko‘k yirik barglariga tikilib.
— Ishing bo‘lmasin.
— Rahmat.
Ertasi kuni Vahobjon Zulayhoning qoshlariga sekin qarab qo‘ydi. Qiz buni sezib, kuldi:
— O‘smang qorakuyadek qolsa bo‘ladimi! O‘shandoq kelishga uyaldim. Yuvib tashladim. Urug‘idan oladigan ekan.
Vahobjon uning uchun hovlisiga ham o‘sma ekishga tayyor edi. Lekin opasi ham, singlisi ham yo‘q, bittagina akasi bor edi. Onasining bo‘lsa pardoz-andoz bilan ishi yo‘q, ko‘pincha nimadandir diqqat bo‘lib yurar, tez-tez ko‘rpa-yostiq qilib yotib olardi.
Huddi shunaqa bahor kunlari edi. Zulayhoning opasini to‘y-tomosha bilan uzatishdi. Unga bunga qarashib yurgan Vahobjonning ko‘zi bo‘lsa Zulayhoda. Huddi ularning to‘yi bo‘layotgandek hayajonlanar, nimadandir xursand edi. Na baxtsizlikni, na yuzaga chiqmay qolgan orzularni bilardi u. Kelinni olib ketgani kelishganda Vahobjonning juda havasi kelib ketdimi, shundoq yonida turgan Zulayhoga, bir kuni men ham seni shunday olib chiqib ketaman, deb yubordi. O‘yin tomosha qilib turgan Zulayho avvaliga indamadi, keyin sergaklanib unga qaradi. Nimadir demoqchi bo‘lib turib kulib yubordi.
— Seni qara-yu, — dedi keyin kulganicha, — yana qanaqa orzularing bor?!
Vahobjonning jahli chiqib ketdi. Uni yosh bola deb o‘ylaydimi bu qiz? Qancha shirin hayollar surib, tunni tongga ulaydi. Zulayho bo‘lsa uning o‘ylarini pisand qilmaydi. Vahobjonning qaysarligi tutdi:
— To‘g‘risini aytyapman. Ko‘rasan, yo‘q desang, olib qochib ketaman.
— Bir devormiz. Qaytib chiqib olaveraman.
— Men samolyotda olib ketaman. Kelolmaysan.
— Ha, aytmoqchi, uchuvchi bo‘lmoqchisan-ku! Mayli, uchuvchi bo‘lsang-u, samolyotni o‘zing uchirib olib ketsang indamayman. Lekin bitta shartim bor: otangga o‘xshab bevafo bo‘lmasang, — dedi.
To‘yning o‘yin-kulgisi ichida, hayajon ustida aytilgan bu gaplardan keyin ikkalalari ham ancha vaqtgacha bir-birlariga gapirolmay yurishdi. Zulayho endi avvalgidek tegajog‘lik qilmasdi, unga zimdan qarab-qarab qo‘yardi. Vahobjon bo‘lsa, dadasi haqida eshitgan gapini o‘ylab hayron bo‘lar, lekin so‘rayolmasdi.
O‘rta maktabni tugatish oldida edilar. Kim ishga bormoqchi, kim o‘qishga. Hullasi, maktab hovlisi orzuxona edi o‘sha kezlari. Vahobjonning bo‘lsa qarori qat’iy edi. Yaxshi bahodan ko‘ra a’losi ko‘p bo‘lgan attestatni ko‘tarib, quvonchi ichiga sig‘may uyiga kelsa, onasi yig‘lab o‘tiribdi. Dadasi qamalgan emish.
— Nimaga? Nima uchun? — dedi u baqirib.
— Bilmayman. Sekinroq gapir.
Dadasi shofyor edi. Qandaydir bir bazaning yuk mashinasini haydardi.
— Kim aytdi sizga?
— Xabar keldi.
— Odam bosibdimi?
Onasi xo‘rsinib, yo‘q, degan ma’noda sekin boshini qimirlatib qo‘ydi. Ne umid-orzular bilan olib kelingan attestat bir chekkada qoldi. Uni qo‘liga olib ko‘rib, quvonguvchi, uning orzulariga qanot berguvchi odam bo‘lmadi. Akasi o‘sha paytda politexnika institutida o‘qir, imtihonlari bilan juda band edi.
Ular otasining sudini kutishdi. Bir kuni onasi bilan unga peredacha olib borishdi. Bola yetaklagan yoshroq bir juvon ham uning dadasiga narsa olib kelibdi. Vahobjon hayronlik bilan notanish ayolga qaradi. Ayol chimirildi-yu, indamadi. Vahobjon savol nazari bilan keyin onasiga qaradi. Onasining yuzidagi ma’yuslikni, dilidagi xastalikni ham shundagina tushundi. U jahl bilan olib borgan narsalarini onasining oyog‘i ostiga qo‘ydi-yu, chiqib ketdi. Mana, dadasi kim ekan. U uylariga ko‘p vaqt kelmasdi. Onasi ish bilan bir joyga ketdi, deb javob qilardi ko‘pincha. Uning hayollari ostin-ustun bo‘lib ketdi. Hayotning birinchi zarbasi unga ana shunday qattiq tushgan edi.
Vahobjon xayolparishonlik bilan ketayotsa, kimdir chaqirgandek bo‘ldi. Muzqaymoq budkasining yonida Zulayho bilan yana bir sinfdoshi turardi.
— Muncha qorayib ketibsan? Qaerdan kelyapsan? — dedi Zulayho. Keyin unga muzqaymoq uzatdi.
— Yemayman.
— Ol, muzdekkina. Vahobjon nochor uni oldi.
— Men hujjatlarimni medinstitutga topshirdim. Bu chet tillariga beribdi, — dedi yonidagi yigitga ishora qilib, — sen nima qilding?
Vahobjon ko‘zlarini pirpiratib qo‘ydi-yu, javob bermadi. U onasini shu ahvolda tashlab chiqib ketganidan azoblanar, orqasiga qaytishni o‘ylab turardi.
— Hech qaerga topshirmadingmi hali? — takror so‘radi Zulayho.
— Bechora uchuvchi, — dedi sinfdoshi uning yelkasiga urib achingannamo, — dadang yerda ham to‘g‘ri yurolmabdi. Sen bo‘lsang, osmonda uchaman, deysan. Boshqa biron yerga toshpiraver endi.
Vahobjonning boshiga bir narsa urilgandek bo‘ldi. O‘rtog‘iga jahl bilan bir tikildi-yu, lekin hech narsa deyolmadi. Shaxt burilib yurib ketdi. Qo‘lidagi muzqaymoqni chetga otdi.
— Vahobjon! Qayoqqa, — dedi Zulayho. Lekin u qaramadi. Onasining oddiga ham qaytib bormadi. U keyingi kunlarda dadasining o‘g‘irlik mol bilan qo‘lga tushganini odamlarning shivir-shiviridan eshitib yurardi. Nega o‘g‘irlik qiladi? Nima uchun? Kim uchun? Ular hech qachon oshib-toshib yashagan emas-ku! Akasi ham, Vahobjon ham o‘z tenglarining orasida biron marta yiltirab ko‘chaga chiqishgan emas. Otasi o‘g‘irlik qilsa, ro‘zg‘orlarida sezilmasmidi. Balki mish-mishdir. Keyin aniq bo‘lib qolar, deb o‘ylab yurardi. Lekin bugun unga narsa olib kelgan ayolni ko‘rganda haqiqatni tushunganday bo‘ldi. Qiziq, nega onasi indamadi? Nega bolalariga bir og‘iz shikoyat qilmadi, bilintirmadi! O‘zi-chi, o‘zi! Onasini tashlab chiqib ketish o‘rniga o‘sha xotinning qanshariga boplab bitta tushirsa bo‘lmasmidi! Nega shunday qilmadi-a?!
Shu o‘y Vahobjonni hushiga keltirdi. Qarasa, avtobus dala yo‘lida ketyapti. Shofyorga aytib mashinani to‘xtatdi-da, tushib qoldi. Qayoqqa yurishni bilmasdan orqasiga qaytdi. Paxtazorni kesib o‘tgan so‘qmoq yo‘l chetida to‘nkarilgan mototsikl yotar, o‘n bir-o‘n ikki yoshlardagi bir bola tizzasini quchoqlab yig‘lab o‘tirardi.
— Ha, nima qiddi?
— Yiqilib tushdim.
— O‘zing haydadingmi?
— Him.
— Kimniki bu mototsikl?
— Akamniki.
— So‘raganmiding?
— Yo‘q.
— Voy shovvoz-ey! Qani tur-chi! Bolaning bir oyog‘idan qon oqardi.
— Uylaring uzoqmi?
— Ho‘ yoqda.
Vahobjon bolani mingashtirib, u ko‘rsatgan tomonga haydab ketdi. Ko‘cha yuzida olazarak bo‘lib turgan bir yigit ularni ko‘rib, sevinib ketdi. Keyin hayron bo‘lib Vahobjonga tikildi.
— Borishga boribdi-yu, qaytolmay qopti, — dedi boshini egib qo‘rqib turgan bolaga ishora qilib.
Yigit ukasiga o‘qrayib bir qarab qo‘ydi-da, Vahobjonga qo‘l uzatdi.
— Keling, mehmon. Yaxshi siz uchrabsiz. Biron falokat ro‘y bersa, nima bo‘lardi. Kir uyga, — dedi keyin ukasiga qovoq solib, — oyog‘ingni yuv! Qani, mehmon, bir piyola choy ichmasdan ketmaysiz.
Vahobjonni qo‘yarda-qo‘ymay uyga sudradi. Bu sodda, dilkash yigit unga yoqib qoldi. U bilan go‘yo tug‘ilgandan beri birga o‘sgandek dil-dilidan bir yaqinlik sezardi. Necha kundan beri birinchi marta ko‘ngli sal yozilgandek, o‘ylaridagi dahshatli ko‘ngilsizliklar sal nari ketgandek bo‘ddi. Vahobjonning sira uyga qaytgisi yo‘q. U odamlarga, o‘rtoqlariga, Zulayhoga qaysi yuzi bilan qaraydi! Go‘yo hamma unga qo‘lini bigiz qilib, otasi o‘g‘irlik mol bilan ko‘lga tushibdi. Otasi shu bo‘lgandan keyin bolasi nima bo‘lardi, deyayotgandek tuyulardi. Yigit Vahobjonni kuzatib katta ko‘chaga chiqdi. Hadeganda avtobus kelavermadi. Qorong‘i tusha boshladi.
— Bugun qolavering endi! Yo uydagilar xavotir oladi deysizmi?
Vahobjonning yuzidagi ikkilanishni ko‘rgan yigit uni yana qo‘ymasdan uyiga olib keddi. Yigitning onasi ularga baland so‘riga joy qilib berdi. Vahobjon yuragidagi dardni negadir shu yigitga aytishga ehtiyoj sezdi. Aytdi. Yigit unga tikilganicha o‘tirib qoldi. Osmonda sariq barkashdek oy o‘rik shoxlari orasidan mo‘ralab, ular yotgan so‘rining panjarasidan suzib kirgan, Vahobjonning hayollariga tutashdek uning nurlari ham nihoyatda sokin, ma’yus edi.
— Qoling shu yerda! — dedi birdaniga yigit, — birga ishlaymiz. O‘qish bo‘lsa, uni ham birga o‘qiymiz. Qishlog‘imiz juda chiroyli.
Vahobjonning onasidan ko‘ngli tinmasdi. U ertasiga uyiga qaytdi. Lekin uch-to‘rt kun o‘tgach, qaytib keldi. Kolxozga ishga kirdi. Keyincha shu joyda uylanib, bola-chaqali bo‘ldi.
Mashina silkinib to‘xtadi. Vahobjonning hayoli bo‘lindi. Oynadan qarasa kelib qolibdi. Tushdi. Qishloq markazidagi sartaroshxonada uch-to‘rt kishi o‘tirar, magazinchi do‘konini qulflardi. U salomlashib o‘tib ketdi.
Quyosh qip-qizarib borliqqa anor suvi purkayotgandek bo‘lib botardi. Muzdek shabada Vahobjonning yuzlariga mayin urilar, mo‘rilardan osmonga o‘rmalayotgan tutun-lar yangi ko‘tarilgan tok poyalari ustida asta yoyilib ketar, allaqaerdan yangi yopilgan nonning hidi kelardi.
Vahobjonning ruhi yengil tortib ketdi. Ha, rostdan ham qishlog‘i chiroyli, bahavo. U uchuvchi bo‘lolmadi. Lekin mana shu ufqqacha tutashgan dalaga uning peshona teri ko‘p to‘kilgan. U mashinada tergan paxtalarni bir joyga to‘plasa, ho‘ o‘sha chirog‘i yiltirab ketayotgan samolyotga bemalol yetardi.
- Dada!
Qizi unga qarab yugurib kelardi. Vahobjon jilmayib cho‘nqaydi-da, quchog‘ini ochdi. Qizining qo‘lida bir do‘ppi yalpiz bor edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.