OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Salim Abdurahmon. Qarz (hikoya)

Xolmat qassob yolg‘iz odam. Tom ma’noda yolg‘iz. Yolg‘iz odamlar ikki toifaga bo‘linadi: birinchi toifasi yolg‘izlanib qolgan odamlar. Ular o‘ta qaysar bo‘ladilar. Odamlar ularning so‘zini qonun o‘rnida qabul qilishi kerakdek go‘yo. Bu to‘g‘rimi yo noto‘g‘rimi, ularga farqi yo‘q. Agar hammasi o‘zlari aytganiday bo‘lmasa, to‘nlarini teskari kiyib oladilar. O‘zgalardan nafratlanadilar. Buni bekitib ham o‘tirmaydilar. Taassufki, bunday odamni hech kim xushlamaydi. Ularning yolg‘izligi – zaifligi. Ikkinchi toifa odamlar esa o‘zini yolg‘izlikda yaxshi his qiladi. Baxtli sezadi. Kimningdir qalbiga ozor berib qo‘ysa, qiynalib, kechirim so‘rashga shoshiladi. Niyatiga yetmaguncha ko‘ngli tinchimaydi. Kimgadir ziyonim tegmasin deb, odamlardan o‘zini olib qochadi. Ko‘ngli tanholik istaydi. Uning qudrati – shunda. Xolmat qassob shu toifadagi odam edi. 
U qishloq chetidagi qarovsiz, ikki tom, bir dahlizli, eski paxsali uyda yashaydi. Qishloqdagi ba’zi tiliga kuchi yetmaydiganlar nazdida bu uy – «choldevor». Aslida-ku, uning choldevordan hech qanday farqi yo‘q. Lekin dunyoda ko‘ngil degan nozik narsa ham bor-da... 
Xolmat qassob yag‘iri chiqib ketgan ko‘rpachada xayolga cho‘mib, yostiqqa suyanib yotardi. To‘rda eski yog‘och sandiq, ustida ikki-uch ko‘rpa va ko‘rpacha. Xona o‘rtasida qo‘lbola xontaxta. Uning ostida qassoblik anjomlari saqlanadigan quti. Yerga ba’zi joylari so‘kilib qolgan olacha to‘shalgan. Uning bor dunyosi — shu...
Qassob o‘rnidan turarkan, qarilik qursin, deya g‘udrandi. Sandiqni ochib, tuguncha oldi. Avaylab ochdi. Ayoli Nodira yangi kelinligida o‘ragan qizil ro‘mol... Bolalarning ki¬yilmay qolgan ko‘ylakchalari... Sarg‘ayib ketgan surat. Unda chiroylikkina qiz kulib qarab turardi. O‘ng yonog‘ida xol... Ko‘ksidagi chirk bog‘lab ketgan yara qayta tirnaldi. Xayol charx¬palagi uni olis xotiralar qa’riga uloqtirdi...
Paxta ekar, ishi o‘ziga yoqardi. Egatlar orasiga qovun-tarvuz eksang, saharda ko‘kcha qovunni uzib, pichoq tortsang-u,¬ tarsillab yorilib ketsa, mazza qilib yesang... Bunga nima yetsin! Xotini ketmoni dastasiga tushlik solingan tugunni ilib qo‘yardi. Daladan qaytgach, suv sachratib yuvinar, xotini yelkasida sochiq, obdastada suv quyib turardi... Keyin... Nodira tug‘ruqxonaga yetmadi... Eshik raxiga peshonasini qo‘yib, entikib-entikib yig‘ladi. Bu alam, ayriliq, armon yoshlari edi... 
Shu tunda qishloqdan chiqib ketdi. Uzoq-uzoqlarga ketib, bu yerlarga umuman qaytmaslikni istadi. Ketdi. Bir necha kun o‘ziga kelolmay yurdi. Yolg‘izgina hamrohi qo‘lidagi tuguncha edi... Birovlarning ishini qilib kun ko‘rdi, to Odil qassobga shogird tushmaguncha... So‘ngra ustozi unga oq fotiha berdi... 
Suratga ikki tomchi yosh to‘kildi. Qassob yoshni kafti bilan avaylab sidirdi. Surat tiniqlashib, ayolining yuzidagi kulgichlari yaqqol ko‘zga tashlandi... 
Odamni hayotda shirin xotira tutib turadi!..
Qassob ikki yil burun bu yerlarga kelib qolgan. Qaerdanligi, kimligini hech kim bilmaydi. U har hafta bozordan mol olib, so‘yib sotadi. Aksariyat el talashib oladi. Chunki ko‘p qismi qarzga tarqatiladi. Odamlar maosh yo nafaqadan olib kelib berishadi. Biror hafta semiz mol ololmay qayt¬sa, xunob bo‘lib yuradi. Bunday paytda tajanglashib hech kimga e’tibor bermaydi. Kimda qarzi bo‘lsa, yig‘ishga tushadi. Qassoblik ovunchog‘iga aylanib qolgan: foyda-ziyoniga qiziqmaydi. Qassoblik qilmasam o‘lib qolaman, deydi. Shu qishloqdan bir yigitni shogird qilib olgan. Shogirdining haqini vaqtida beradi. U qassobning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib turadi. 
Bugun ham mol ololmay kelgan, kayfiyati yo‘q. Suratni avaylab ro‘molga o‘radi. Ko‘ylakchalarga qo‘shib, tugunga tugib, sandiqqa soldi. Tashqariga chiqdi. Kuzning so‘nggi kunlari. Havoning avzoyi o‘zgargan. Izg‘irin shamol. Uy oldidagi bir tupgina keksa o‘rikning sarg‘ayib ketgan yaproqlari shitirlab to‘kilmoqda. Yaproqlar har tomonga uchar, shamol ularni to‘p-to‘p qilib har joy-har joyga uyib tashlagan... Ko‘chada sovuq tanadan o‘ta boshladi. Qaytib kirib, choponini kiyib chiqishni istamadi. Biror yoqqa ketayotganda nimadir esidan chiqqani xayoliga kelsa, ortiga qaytmaydi. Qaytsam ishim yurishmaydi, deb o‘ylaydi. Irimchi odam...
Qo‘lida o‘zi bilan olib yuradigan zarang tayoq, yaktakchan bo‘lib Barotboynikiga jo‘nadi. Barotboy qirqdan oshgan, basavlat, yuzlari lo‘ppi kishi, mahallaning oldi... Qachon ko‘rma, gerdayib, qo‘llarini orqasiga qayirib yuradi. O‘zidan sal past keladigan odamga burnining uchida qaraydi. Dunyosi qancha ko‘p bo‘lsa-da, barcha qiladigan xarajatlarini tiyinigacha hisoblaydi. Otasi Egamboydan shunday tarbiya olgan. Birovga uncha-munchaga qarz bermaydi. Bersayam qaytarib olmaguncha ko‘ngli tinchimaydi. O‘zi birovlardan qarz bo‘lsa, u odamning qatnayverib kavushi yeyilib ketadi... U bilan butun qishloq hayiqib muomala qiladi, lekin orqavarotdan «Barot qurumsoq» deydi...
Ikki marta qarzga go‘sht olgan: bir safar besh kilo, ikkinchi safar mehmon kelib qoldi deb, o‘n besh kilo. Bir oydan oshayaptiki, pulini beray demaydi. Bir-ikki safar ko‘chada ko‘rib qolib, so‘ray dedi-yu, botina olmadi. Salobati bosdimi? Bilmadi... Oyoqlari uning uyiga sudradi... 
Darvozani taqillatdi. Javob bo‘lavermagach, tayog‘i bilan gursillatib urdi. To‘satdan darvozaning kichikroq tavaqasi taraqlab ochilib, eshikda yuzlaridan qon tomgan, jahli burnining uchida Barotboy ko‘rindi. U hushsiz edi. Salom-alik yo‘q. Birdan: 
— Xo‘sh, xizmat? — dedi.
Qassob duduqlandi. Aytar so‘zi bo‘g‘zidan bazo‘r tiliga ko‘chdi:
— Qarz...
Ovozini o‘zi ham eshitmadi...
— A-a-a?!
— Qarz deyapman.
— Qarz... Sening hech tashvishing bitadimi? — sensiray ketdi u. — Kunora yugurib kelasan, go‘rga kirganingda ham qarz, qarz deb, tinch yotolmasang kerak. Olasan o‘sha pulingni. Yetmay qoladi deydigan ortingda biror tirnog‘ing bo‘lsaki...
Ushladi. Jon joyidan ushladi. Uzib ham oldi. Qassob dovdiradi. Tili kalimaga kelmadi. Quloqlari shang‘illadi. Nima deyarini bilmadi. Tezroq bu yerdan ketgisi, yolg‘iz qolgisi keldi. Ketish oldidan battar alam qildi. Nimalardir demoqchi bo‘ldi. Achchiq-achchiq gaplar aytgisi keldi. Shu payt Barotboyning uyi tomon kelayotgan kampirga ko‘zi tushdi... Ko‘zlar bir muddat to‘qnashdi. Barotboyni tarbiya qilgan onasi. Mahallada boobro‘ ayol. To‘yu ma’rakalarda bosh-qosh. Esiz... O‘g‘liga yaxshi tarbiya bera olmabdi... Yurak urishi tezlashdi. Ortiga qayt¬di. Qalbining tub-tubida g‘alayon uyg‘ondi. O‘z haqingni talab qilib ololmasang. Buning ustiga, haqorat qilishsa... Qanday chidash mumkin... Yuragi qinidan chiqquday urar, boshida og‘riq turgan, lablari nimadir deb pichirlab, aqli hech narsani idrok etolmas, majolsiz qadam tashlar, boshi bir tomonga og‘ib qolgandi...
Choldevoriga yaqinlashayotganini ilg‘adi. Shu tomonga talpindi. Sudralib yetib keldi. Yetdi-yu... Tayog‘iga suyanmoqchi bo‘ldi. Gavdasini ko‘tarishga qo‘llarining kuchi yetmadi. Yuragini changallagancha gursillab yiqildi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, dunyo chirpirak bo‘lib aylana boshladi. Tugunchada ovqat olib kelgan yigit uni shu holatda ko‘rdi...
Barotboy vazmin qadam tashlab chorpoyaga, onasi yoniga keldi. Onasining ko‘zlaridan shashqator yosh oqar edi. Birdan yumshab dedi: 
— Sizga nima bo‘ldi, ona?
— ...
— Ona?
— Hech.
— Gapirmaysizmi?
— Xato ish qilding, o‘g‘lim.
— Qassobmi?.. Jahl ustida...
— Qarzingni uzishing kerak-ku, axir.
— Albatta, uzaman. Arzimagan pul-ku!
— Faqat pulmas...
— Tushunmadim?
— Sen u odamdan ko‘p qarzdorsan. 
— Nimalar deyapsiz?!
— Ha...
Barotboy betoqatlandi. 
— Ona... qo‘pol gapirganimga aytayapsizmi? 
— Uyam, boshqayam. Sen uning oldida bir umr qarzdor bo‘lib qolding. 
— Hech narsani tushunmayapman. Mayli, sizni ham qiynamayin. Keyin gaplasharmiz. Arzimagan narsaga ko‘zyosh qilaverasiz-da, ona.
Barotboy uy tomon yo‘naldi. Orqadan onasining zaif ovozi eshitildi:
— Ko‘ngli yarim odamning dilini og‘ritding. Kechirim so‘rashing kerak. Lekin singan ko‘zani ming chegalagan bilan... Bu katta yuk. O‘zing o‘z qilmishing bilan bo‘yning¬ga ilgan qarz. Bu qarzdan qutulish uchun ba’zan bir umr¬lik hayoting kamlik qiladi. Tig‘ yarasi bitadi, dil yarasi bitmaydi, bolam.
Shu vaqt maktabda o‘qiydigan kenja o‘g‘li shoshib kirib keldi:
– Dada, buvi, Xolmat qassob o‘lib qopti! 
Barotboy supaga o‘tirib qoldi...
Izg‘irin sovuq avjiga chiqdi. G'ira-shira tuman tushgan. Osmonni bir tekisda bulut qoplab olgan, qarg‘alar galasi «qag‘-qag‘»lagancha har tomonga o‘ynab, parvoz qilardi. Uy oldidagi olma shoxidan sarg‘ayib ketgan yaproq chirt etib uzilib, ohista tebrangancha yerga tushdi. Asta-sekin qor uchqunlab, shu zahoti laylakqorga aylandi. Yaproq qor ostida qolib ketdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.