Uchta sharpa sekin devor oshib tushdi. Ehtiyotlik bilan oyoq uchida yurib, hovlini kesib o’tishdi.
Ayvonga kiraverishda bir necha oyoq kiyimlari tartib bilan terib qo’yilgan. Orasida bolalar poyafzali ham bor.
Og’rilar ichkariga kirib, ko’zi qorong’ilikka o’rganguncha tek qotib turishdi.
Ikki chekkada er-xotin yotishibdi. O’rtada to’rtta bola. Xotinning yonida beshik. Hammasi dong qotib uxlab yotibdi.
Shu payt beshik qimirlab, ichidagi bola bezovtalana boshladi.
Sharpalar boshidan hushi uchib, taxta bo’lib qolishdi. Bittasi - ularning kattasi bo’lsa kerak - yonidagi sherigiga "beshikni yo’qot" deganday ishora qildi. Sherigi sekingina ko’tarib, oyoq uchida yurganicha beshikni olib chiqib ketdi.
Ayvonning zinasidan avaylabgina ko’tarib tushdi. Sekin olib borib, hovlidagi daraxtning tagiga ehtiyotlik bilan qo’ydi. Sherik deganimiz yoshi yigirma besh yoshlar atrofida, qotmadan kelgan, qirra burun Shavkat ismli o’g’ri edi. U tayinli bir joyda ishlamas, qo’ni-qo’shnilarning mayda-chuydasini o’g’irlab tirikchilik o’tkazardi. Borib-borib yirikroq "ish"ga o’tdi - odamlarning uy-joyi, mol-holini o’g’rilaydigan bo’ldi.
Beshikni qo’yishi hamon avvaliga yer tagidan bo’g’iq guldirak eshitildi, keyin o’z-o’zidan hamma yo'q titray boshladi. Shavkat qo’rqqanidan daraxt tanasiga mahkam yopishib oldi. Kutilmaganda imoratlar birin-ketin qulab, borliqni chang-to’zon qopladi. Dov-daraxtlar notabiiy qiyshayib u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi. Hozirgina u o’g’rilikka tushmoqchi bo’lib turgan uy Shavkatning shundoqqina ko’z o’ngida qulab, yer bilan yakson bo’ldi. Ichkaridagilar: chaqaloqning ota-onasi, opa-akalari, Shavkatning ikkita sherigi ham qulab tushgan tom tagida qolib ketdi...
Ona-tabiat go’dakni ayaganday, beshik ohista chayqalib, tebranib turardi. Bu hol shu qadar tez sodir bo’ldiki, Shavkat biron nima tushunishga ham ulgurmadi. Tushunganida esa dahshatdan toshday qotib qoldi. Nima qilishini bilmay, dovdiraganicha hozirgina uy turgan joy tomon bir-ikki qadam tashladi. Imorat ostida qolib ketganlarga yolg’iz o’zi yordam bera olishiga ko’zi yetmay, atrofga ilinj bilan boqdi.
Butun shahar to’zon ichida qolgan edi.
Nimadir esiga tushib, shitob bilan yugurib ketdi...
Ag’darilib yotgan simyog’ochlar, qulab tushgan daraxtlar, pachoqlangan yengil mashinalar oralab yugurib borayotgan Shavkat tinmay pichirlardi:
- Botirjon, bolam!.. Surayyo, jonim!.. Ko’z ochib ko’rganim!.. Ishqilib omon bo’linglar!.. Axir bu dunyoda sizlardan boshqa kimim bor? E, xudoyim, o’g’lim bilan xotinimni o’zing panohingda saqla!..
Uzoq yugurdi u. Sarosimada u yoqdan-bu yoqqa bemaqsad chopib yurgan odamlarga urila-urila, nimalargadir qoqilib-suqilib, hech narsaga qaramasdan olg’a intiladi...
Nihoyat, mo’ljallagan joyiga yetib keldi. qarasa...hovlisidan nom-nishon yo’q! Faqat daraxtlargina mungli qiyshayib turibdi. U dodlab yubordi. Faryodi butun shaharni tutib ketganday bo’ldi go’yo. Yotoqxonani chamalab, qo’liga ilashgan shifer parchasi bilan jazavaga tushib qaziy boshladi. Shifer sinib ketdi. So’ngra qo’li, tirnoqlari bilan titrab-qaqshab qazishda davom etdi. Ekskovatorga ham ko’plik qiladigan g’isht va yog’och uyumlariga qarab turib, chorasizlikdan ingrab yubordi.
Yog’och to’sinlar orasidan oynasi darz ketgan romli surat topib oldi.
Unda Shavkat, xotini Surayyo va uch-to’rt yoshlardagi o’g’li - Botir kulib turishibdi.
Suratni qo’lida ko’targanicha, negadir, u yoqdan-bu yoqqa izillab yugura boshladi. So’ng holdan toyib, umidsizlik bilan o’tirib qoldi.
Xovli burchagida o’g’lining uch g’ildirakli velosipediga ko’zi tushib, fig’oni battar falakka chiqdi.
Aqldan ozadigan darajaga yetdi. Ko’z yoshi tugagan - endi uning yig’isi ko’proq xirgoyiga o’xshab ketardi. Sochiga qirov tushdi. Esi og’ib qolgan - qayoqqa ketayotganini o’zi ham bilmasdi.
Tong yorisha boshladi. Ko’chalarda allaqachon "Tez yordam", militsiya, o’t o’chirish mashinalari harakatga kelgan. Unda-bunda buldozer, ekskovatorlar ko’rinadi...Harbiy qismlar ham tanklari bilan yordamga chiqqan...
Shoxi chiqib ketgan trolleybuslar...
Harakatdan to’xtagan tramvaylar tizilishib turibdi...
Butun shahar arining uyasidek qaynaydi.
Shavkat hardamxayollik bilan ketib boryapti. Atrofdagi shuncha shovqinni yorib, qaerdandir chaqaloqiing yiqlagan ovozi keldi. U o’z xayoli bilan bo’lib eshitmadi. Bola chinqirib yig’lardi. Nihoyat, to’xtab quloq soldi – yig’i juda yaqindan kelayotgan edi. Shavkat tentirab-tentirab hali o’zi o’g’rilikka tushgan hovliga kelib qolibdi. Va birdan o’zi olib chiqib qo’ygan beshikka ko’zi tushib, hayratdan tosh bo’lib qotib qoldi.
Beshik Shavkat qanday qo’yib ketgan bo’lsa shundoq turibdi. Faqat ustidagi yopinchiqni chang qoplagan. Chaqaloq - tonggi salqinda sovuq qotganmi, yo qorni ochganmi – big’illab yig’lardi.
Shavkat uquvsizlik bilan uni beshiklan yechib oldi-da, o’ragani narsa qidirib atrofga alangladi. Hech narsa topolmagach, beshik ustiga yopilgan yopinchiqqa chaqaloqni shosha-pisha o’raganicha, g’isht uyumlaridan hatlab katta ko’chaga chiqib oldi.
Endi ko’chada odam ko’payib qolgan. Bir-biridan ko’ngil so’ragan, zilzila oqibatlari va tafsilotlari bilan o’rtoqlashgan, hamdardlik bildirgan va hokazo. Hammayoqda vahima va sarosimalik...
Shavkat bolani bag’riga bosganicha odamlar oralab ketib boryapti. Go’dak uning issiq bag’rida orom topganday yig’idan to’xtadi.
U telbanamo kayfiyatda bir nimalarni pichirlar, nogoh to’xtaganicha bir nuqtaga tikilib qolar, ozgina shovqindan ham cho’chib tushardi. U katta ko’chadan ketib borarkan, "Binafsha kafesi" degan yozuvga ko’zi tushdi. "F" qarfi qiyshayib qolgan. Kallasida beixtiyor "Binafsha kafesi", "Binafsha kafesi" degan o’y charx ura boshladi. Chaqaloqning endi rostakam qorni ochdi shekilli, yana g’ingshiy boshlali. Shavkat uni qo’lida tebratib ovutar ekan, og’zidan beixtiyor "Alla-yo, Binafsha kafesi, alla" degan so’zlar chiqib ketdi.
- Bolangizning qorni ochgan ko’rinadi, - dedi bir ayol. - Anavi yerda "roddom" bor, ularda sut bo’ladi.
Shunday deb ayol shoshganicha yo’lida davom etdi.
Ayol ko’rsatgan "roddom" eski, Nikolay zamonida qurilgan qizil g’ishtli imorat bo’lib, u yerda ham ahvol shu - karavot va boshqa jihozlarni tashqariga olib chiqayotgan hamshiralar, bir qo’lida chaqaloqini, ikkinchisida choynak-piyola o’ralgan tugunini ko’tarib olgan ayollar...
Shavkat big’illab yig’layotgan chaqaloqni bag’riga bosganicha ro’yxatxona darchasiga ro’para bo’ldi.
- Singlim, - dedi u xushro’ygina navbatchi hamshiraga.
- Manavini ko’rib bering, tagi ho’l bo’lganmi, qorni ochganmi...hamshira indamay bolani olib, yechib ko’rdi.
- Tagimizam ho’l bo’pti. Qornimizam ochibli, - dedi hamshira chaqaloqni erkalab. - Hozir to’g’rilaymiz...
Beshik yopgichini olib tashlab, eskiroq adiyolga qayta yo’rgakladi, shkafchadan uchiga so’rqich kiydirilgan sutli shishani olib keldi.
- Mang... - deb u shishani Shavkatga uzatdi. O’zi stolga borib o’tirdi. - Bu qizaloqning ismi nima ekan?
Shavkat shishani yaqinlashtirishi hamon chakaloq ochko’zlik bilan chapillatib ema ketdi. Shavkat chaqaloqning yuziga birinchi marta durustroq qaradi. Uning shishasini birov olib qo’yadigandek jon-jahdi bilan emayotganini ko’rib, bugun ilk marotaba kulimsiradi va mehri tovlanib qarab qoldi.
- qizchangizning ismi nima, deyapman, - takrorladi hamshira. - Men yozib qo’yishim kerak.
- A?.. "Binafsha kafesi"... - deb yuborganini o’zi ham bilmay qoldi Shavkat.
- Xo’p, Binafsha. Familiyasi?
- A?.. Kimni?..
- O’zingizning bolangizmi axir?
Shavkat o’zini yo’qotib, dovdirgancha sekin "yo’q." dedi, lekin tasdiq ma'nosida bosh irg’adi.
- Bo’pti-da, - dedi hamshira uning mujmalligidan g’ashlanib. - Sizning familiyangiz nima?
- Jalilov...hamshira daftarga "Jalilova Binafsha" deb yozib qo’ydi.
- Onasi qaerda? - dedi hamshira daftardan bosh ko’tarmay.
Shavkat jim. Yutinib oldi. Ko’zlarida yosh o’ynadi. Hamshira uning ahvolini ko’rib, hamdardlik bildirdi:
- Tushunaman... bandalik-da... - dedi u o’ziyam yig’lab yuborguday bo’lib. - Nima qilamiz - ko’pga kelgan to’y...
Bolani nima qilasiz, tashlab ketasizmi? Bu yerda hamma sharoit bor, harqalay, emizikli narsa...
To’satdan Shavkatning g’azabi qaynab, yig’lamsiraganicha baqira ketdi:
- Nega tashlab ketarkanman, a, nega tashlab ketarkanman/! Axir bu yorug’ jahonda shundan boshqa hech kimim yo’q-ku!.. O’ylab gapiryapsizmi, qanday tashlab keta-a-ay?! hamshira uning bunchalik kuyinishini kutmagan edi - qo’rqib ketdi.
- Men... haligi... "Tashlab ketasiz"mas, "topshirib ketasizmi" demoqchiydim... Har kuni kelib ko’rib ketishingiz mumkin. Bu vaqtinchalik, albatta. Ozgina suyagi qotib, u-bu narsa yeya boshlaganidan keyin opketaverasiz. Nima bo’lgandayam, erkak kishisiz, qiynalib qolasizmi, deyman-da...
Shavkat bolani bag’riga bosganicha ko’chada ketib borar ekan, o’zicha to’ng’illardi:
- Tashlab ketasiz deydimi, a, bolam? Aytdim, nega tashlab ketar ekanman, dedim!.. O’zing eshitding-ku... E, hamshira bo’lgan seni...
* * *
Shavkatning ijaradagi uyi. Bu fayzsiz va ko’rimsiz xonada bitta sim karavotdan boshqa hech vaqo, hatto o’tirishga stul ham yo’q. Yerga eski gazetalar to’shalgan. Burchakda kiyim-kechaklar o’ralgan tugun turibdi.
Binafsha karavotda "ga-ga, gu-gu"lab yotibdi.
Shavkat yerda chordana qurganicha o’sha oynasi darz ketgan suratga tikilib o’tiribdi. Suratdan ko’z uzmagan ko’yi o’rnidan turib, devor yoniga bordi.
- Manavi yerga qoqsak nima deysan? - deb so’radi u Binafshadan. – qalay?.. Pastroqmi?.. qarab tur, qiyshiq bo’p qolsa aytasan...
Suratni devorga qoqib qo’ydi.
- Manavi oying... - dedi u Surayyoni ko’rsatib. -Manavisi Botir akang... Sendan uch yosh katta... Botirim..
To’rt yil deganda xudoyimdan tilab olganim... – Shunday deb Botirning yuzini silab qo’ydi. - Bir kuni yog’och samosval opkeldim. Oylik olgandim... - Shunday deb, negadir, qizarib ketdi. – g’ildiragiyam yog’och, ruliyam yog’och, chiroqlariyam yog’och. Kim biladi deysan, shunaqasidan opman-da... Botir akangning sevinganini ko’rsang! Derazadan qarab turgan ekanmi, o’ziyam snaryadday otilib chiqdi-yov! Yuragi yorilguday baxtli bo’p ketdi... Men kutmovdim, o’zimni yo’qotib, dovdirab qoldim. Bola xalqini baxtli qilish shunchalar oson, deb sira o’ylamovdim...
U bu gaplarni qiynalib, azob bilan aytdi. Binafshadan uyalganday yuzini chetga burdi. Chunki sassiz yig’layotgan edi U-Karavotga kelib o’tirgancha birpas qiziga jilmayib qarab turdi. Keyin gapida davom qildi:
- Yetimlik nima - mendan so’rayver. Ko’cha-ko’yda qandaydir bolaga ko’zim tushsa, yetim o’tgan bolaligim esimga tushib, g`alati bo’pketaman... Ota-onam ko’cha bo’ldi, do’stim - ko’cha, dushmanim - ko’cha... Xullas, meni ko’cha tarbiyaladi, o’qitdi, odam qildi... Mana endi sen borsan. Men sen tufayli ajaldan qutulib qoldim, bo’lmasa Qodir bilan Hotamga o’xshab... Meni sen qutqarib qolding va... ikkovimizniyam xech kimimiz yo’q... Umr foydaga qoldi... Shuning uchunam yashaymiz, qizim! qismatga qasdma-qasdiga yashaymiz!..
Shu payt bosh qahramonning ichki iztirob va tug’yonlari ifodalangan qo’shiq boshlanadi:
Gullar tutdim qo’lingga - topganim shudirgina,
Orzular duv to’kildi - ekanmi tutungina.
Dilimni berdim dilga -vafosi butungina,
Ayt, qismat, ne qasding bor -shivirpab sekingina.
Yashab o’tdim olamdan - kamtarin, faqirgina,
Gohida sersuv bo’lib, gohida taqirgina.
Charchadim bu dunyodan, oldingda chaqirgin-a,
Ayt, qismat, ne qasding bor - shivirpab sekingina.
Bo’lsin, bolam, dunyoda bardoshing metingina,
Bo’riga o’lja emish qo’zichoq - tekingina.
Ikki dunyo oralab izlayin - bekingin-a,
Ayt, qismat, ne qasding bor -shivirlab sekingina.
Qo’shiq asnosida quyidagi kadrlar ko’rsatiladi:
Eshik tagida Shavkat betoqat bo’lib kimnidir kutyapti. Nihoyat, eshik ochilib, chaqaloq ko’targan bir kelinchak ko’rindi. Bolani unga berar ekan, yarim ochiq ko’kragini shosha-pisha bekitdi. Shavkat minnatdorchilik bildira-bildira xursand kayfiyatda chiqib ketdi...
Shavkatning xonasi. Karavotda Binafsha pishillab uxlab yotibdi...
U yerda o’tirganicha qator terib qo’yilgan shishalarga sut quyyapti...Yuvilgan taglik va ishtonchalarni balkondagi dorga yoyyapti...Uyda qadam bosgani joy yo’q - hamma yoq o’yinchoq. Shavkat Binafsha bilan o’ynayapti...Ko’chada eski, g’ildiragi g’iyqillab qolgan bolalar aravachasida Binafshani sayr qildirib yuribdi...
Shavkat qizini qo’lida erkalab irg’itayapti. Binafsha qiqirlab kuladi. Har irg’itganda bola ulg’aya boshlaydi...
* * *
Subtitr: "Oradan yetti yil o’tdi"
Ko’p qavatli uylar orasidagi naridan-beri qurilgan qo’lbola stadionda o’n choqli olam to’plangan. Ko’pchiligi ayollar, erkaklardan bir-ikkitagina. O’rtada Shavkat tashviqot qilyapti:
- O’rtoqlar! Men "Sanepidstansiya" vakiliman. Hammanglarga yaxshi tanish bir jonzod bor. Undan bezor bo’lmagan inson yo’q. Bu gazandaning ismi-sharifi - "tarakan"!
Shu payt o’rta yoshlardagi, qalin oynali ko’zoynak taqqan ziyolinamo kishi uning gapini to’g’riladi:
- Suvarak deng, uka, suvarak! Bu ketishda yaqinda buvalaram nevaralari bilan tarjimon orqali gaplashadi!
- Shunday deb yonidagi ajablanib qaragan semiz ayolga zarurat bo’lmasa ham o’zini oqlab qo’ydi: - Ha, nima? O’zbekchasi "suvarak" bo’ladi-da...
- Xo’p, ana, suvarak! Nomi o’zgargani bilan mazmun o’zgarmaydi, amaki, mazmun! Odamning asabiga tegishidan tashqari ko’plab kasalliklar tarqatadi...
- Tarakanning ta'rifini o’zimizam ja yaxshi bilamiz, -deb semiz ayol ko’zoynakdan uzr so’rab qo’ydi: - Suvarakning ta'rifini... - Keyin Shavkatga qarab davom qildi: - Tezroq maqsadga o’ta qoling, uka, qozonga yog’ qo’yib chiquvdim...
Shu payt ko’zoynak leksiya boshlab qoldi:
- Olimlargayam besh ketmadim lekin! Texnik taraqqiyot misli ko’rilmagan darajada rivojlanayotgan bir paytda, bitta tara... kechirasizlar, bitta suvarakni eplasholmasa! Odamlar oyda yuribdi axir! Uyat, uyat...
- Shuning uchunam bizning stansiya suvarakka qiron keltiradigan dori tarqatyapti, - davom qildi Shavkat. - Bu dori Shvetsiyami, Shvetsariyadanmi, ishqilib, "Sh"dan boshlanadigan mamlakatda ishlab chiqarilgan! Ishonmasanglar o’zinglar borib ko’ringlar, o’sha shvetsiyami-shvetsariyami degan yurtda bittayam suvarak yo’q!..
Soqoli o’sib ketgan, yuzining u yer-bu yeri shilingan, burni qizil kishi luqma tashladi:
- Tarakanlar doringizni ichib olib qo’shninikidan ulfatlarini boshlab chiqsa nima bo’lali?
- Hech nima bo’lmaydi! - dedi Shavkat yoqtirmayroq.
- Chunki qo’shninikidayam bitta qolmay qirilib ketgan bo’ladi!
Qizilburun yana gap qotdi:
- Doringiz quyuqmi, suyuqmi?
Shavkatning jahli chiqib ketdi:
- Suyuq, ichadigan! - Keyin odatdagi ohangda davom etdi: - Bugun juma. Shanba, bozor - dam. Bizdayam bola-chaqa bor axir... Xo’-o’sh, tarqatishni dushanbadan boshlaymiz, o’rtoqlar.
G’ala-g’ovur bo’lib ketdi:
- Vo-oy, nega endi?
- Hozir tarqata qolsangiz bo’lmaydimi o’sha zormandangizni?
- Dushanba hamma ishda bo’ladi-ku?
- Uyda birov bo’lishi shart emas, qabul qilib oladigan odam bo’lmasa, eshik tagiga banka qo’yib ketsin, - deb davom qildi Shavkat. – Biz quyib ketaveramiz. Kelishdikmi?
- Kelishishga kelishdik, ammo narxi qanaqa bo’ladi? - dedi yana qizilburun. - Importniy, deyapsiz?
- "Importniy"mas, "xorijniki"! - tuzatdi ko’zoynak.
- Sizlarga tekin! - dedi Shavkat keta turib. - Bizning stansiyani duo qilsalaring bo’ldi!
U shunday deb ko’tarinki kayfiyatda yo’lida davom etdi. Shavkatni bir eski "Moskvich" kutib turardi.
- Gapniyam rosa olasan-a, "Sh"dan boshlanadigan mamlakatda ishlab chiqarilgan"mish! - deb kuldi Jamshid ismli rulda o’tirgan sherigi.
- Nima, noto’g’rimi. "Shavkatlandiya"da ishlab chiqarilgan!
Mashina saloni kulgidan portlagudek bo’lib ketdi...
* * *
Begim kunlarining birida bizga tanish "Moskvich" o’sha "dom"ning oldida to’xtadi.
Undan Shavkat bilan Jamshid tushib, bitta uyning podyezdiga kirib ketishdi.
Podyezddagi ba'zi eshiklarning tagida yarim litrlik bir litrlik bankalar qo’yilgan. Ba'zilarida banka yo’q.
Bankasiz eshik oldidan oyoq uchida, tovush chiqarmasdan yurib o’tib, bitta banka qo’yilgan eshik oldida to’xtashdi. Har ehtimolga qarshi qo’nqiroq tugmachasini bosib, bir oz kutishdi.
- Hech kim yo’qligiga ishonching komilmi? - so’radi Jamshid shivirlab.
- Kallam bilan otvechayu! - javob qildi Shavkat ham past ovozda.
U shunday deb eshikning tirqishiga qo’lbola kalit soldi. Sekingina ichkariga kirib, eshikni yopib qo’yishdi...
...Shavkat bilan Jamshid kattakon sumka va bahaybat tugunlarni olib chiqib, moshinaning ichiga va yukxonasiga joylay boshladilar.
Shu payt qo’shni pod'ezddan bir yigit chiqib keldi.
- Okalar, ko’chib keldinglarmi, ko’chib ketyapsizlarmi?- savol berdi yigit.
Shavkat bilan Jamshidning yuragi chiqib ketguday bo’lib, qotib qolishdi. Birinchi bo’lib Shavkat o’ziga keldi:
- A-a, yerga o’rgangan odamga dom bo’lmas ekan, - dedi Shavkat o’zini beparvo ko’rsatishga tirishib. - Chol bilan kampirga ma'qul kelmadi.
Uchastka olmoqchimiz...
- Biz shunisigayam shukur qildik, har qalay boshpana-da, - dedi yigit katta tugunni salonga kuch bilan tiqar ekan.
- Bo’pti, omadinglarni bersin... "Moskvich" shitob bilan jo’nab ketdi...
* * *
"Dom"ning ikkinchi qavatidagi Shavkatning uyi. Xonadon sohibining unchalik boy bo’lmasa ham o’ziga to’q yashayotgani ko’rinib turibdi: yerda cho’g’day gilamu, shipda billur qandil. Javonda antiqa idish-tovoqlar. To’rda televizor, ustida o’sha oynasi darz ketgan surat. Hatto dahlizga ham qip-qizil gilam poyondoz to’shalgan.
Jamshid bilan Shavkat omadli tugagan "ish"ni nishonlashyapti. O’rtada dasturxon: tuzlangan baliq (selyotka), qovurilgan go’sht tovasi bilan turibdi - bo’ydoqchilik.
- Sovnarkom yaxshi ishlaydi lekin! - dedi Jamshid barmoqi bilan Shavkatning boshini ko’rsatib. - Besh, besh!
- Ha endi... - kamtarlik qildi Shavkat.
- Senga gap yo’q! - deb Jamshid qadahlarni to’ldirdi.
- Endi men past, - dedi Shavkat qo’lini ko’ksiga qo’yib. - hozir qizim maktabdan kepqoladi. Agar tortsa, o’zing ichaver. Menga uzr...
- Farzand degan zormanda bitta senda bormi, muncha "qizim, qizim"lab titraysan? - dedi Jamshid uning qadahni bekitib turgan qo’lini chetga surib. - Unaqa ja taltaytirvorma, keyin o’zing qiynalib yurasan.
Jamshid do’stining qadahiga ham aroq quydi.
- Qani, oldik, - deb u bir ko’tarishda bo’shatdi. – Mana, bizning Ozodbek. Chizgan chizig’mdan chiqsin-chi, onasini uchqo’rg’ondan ko’radi!..
Shu payt eshik ochilib, maktab formasidagi Binafsha kirib keldi.
- Assalomu alaykum, - dedi u va tuflisini yechib, bir chekkaga qo’ydi-da, jilmayib eshikdan mo’raladi.
- Ke, qizim, - dedi Shavkat o’rnida qo’zg’alib olib.
Binafsha kelib Shavkatning yuzidan o’pib qo’ydi.
- Voy-bo’-o’, katta qiz bo’p qopti-yu bu! - dedi Jamshid. - Nechanchi sinfda o’qiysan, qizim?
- Yaqinda ikkinchiga o’taman, - javob qildi Binafsha faxr bilan. Qizning ko’zi dasturxonga tushib, xuddi katta odamlarday javrab ketdi:
- Ey, xudoyim! - deb koyindi u. - Ada, servantda lagan degani tiqilib yotibdi-ku, qachon odamga o’xshab ovqatlanishni o’rganasiz?
Shunday deb u tovani ko’tarib oshxonaga kirib ketdi.
Jamshidning lablari pastga tirishib, qoshlari ko’tarilib ketdi.
Shavkat "ana, aytmadimmi" degan ma'noda sherigiga qarab qo’ydi.
- Shuningni o’zim kelin qilaman, - dedi Jamshid boshi bilan Binafsha chiqib ketgan eshik tomonga ishora qilib.
- Taqdir nasib qilgan bo’lsa... - dedi Shavkat unchalik ro’yi-xush bermay.
- Ha, nima? Bizning Ozodbek hali bir yigit bo’lsin-ki!..
- Katta bo’laverishsin-chi...
Binafsha qovurdoqni chiroyli laganga suzib, atrofini ko’katlar bilan bezatib, dasturxonga olib kelib qo’ydi.
- E-e-e, baraka top, qizim! - deb yubordi Jamshid kaftlarini bir-biriga ishqab. - Uyda ayol kishi bo’lgani yaxshi-da! Boyagi o’tirishimizni qara, buni qara! Umring uzoq bo’lsin, qizim, sen bo’lmasang adang ovqatni ityaloqqayam suzib kelaveradi!
Jamshid maza qilib kuldi.
Shavkat aybdorona iljayib o’tiribdi.
- Olinglar, osh bo’lsin, - deb Binafsha jilmaygan ko’yi chiqib ketdi.
- Bizning kelin ana shunaqa! - deb kerilib qo’ydi Jamshid.
Shavkat hamon ma'yus jilmayib o’tirardi...
* * *
Muhtasham xonada Shavkat shifanerdan kiyim-kechak, tortmadan har xil taqinchoqlarni olib kelib, stoldagi choyshabga tashladi. Ora-sira derazadan hovliga mo’ralab qo’yishni ham unutmayapti.
Narigi xonadan katta sumka ko’tarib olgan Jamshid chiqdi.
- Bo’ldingmi? - dedi u dahliz tomon yo’l olib. - Men mashinada bo’laman. Tezlat!
- Hozir...
Shavkat navbatdagi narsalarni choyshabga tashlar ekan, derazadan hovlini kesib o’tayotgan Jamshidga ko’zi tushdi.
U katta sumkani qiyshayib ko’targanicha darvozaxona eshigini oyoqi bilan ochib chiqib ketdi.
Shavkat tugunni orqalab ketmoqchi bo’lib turgan edi, javondagi terib qo’yilgan kitoblarga ko’zi tushib qoldi, saralab ham o’tirmasdan choyshabga sidirib tashladi.
U darvozaxonadan shoshib chiqib ketayotib, velosiped yetaklagan o’n yoshlar chamasidagi bolaga to’qnash keldi.
Bir-birini ko’rib, ikkalasi ham qotib qoldi.
- Isming nima?... - Shavkatning tiliga kelgan so’z shu bo’ldi.
- Akmal... - dedi bola dovdirab. - Nimaydi?
- Menikiyam Akmal - adash ekanmiz, - dedi Shavkat chora qidirib.
- Biznikida nima qilib yuribsiz? - dedi bolakay har ehtimolga qarshi velosiped nasosini qo’liga olib.
- Aytdim-ku, adash ekanmiz, deb. Adashimdan xabar olgani keluvdim-da...
Shavkat uni chetlab o’tib ketmoqchi bo’lib yurishda davom etdi.
Akmal buni tahdid ma'nosida tushunib, o’zini himoya qilish maqsadida nasosni bir siltagan edi, nasos cho’zilib Shavkatning peshonasiga qars etib tegdi.
- E, senga valasapid oberganniyam!.. - deb u peshonasini ushlaganicha tugunni tashlab qochib chiqib ketdi.
...Shavkat qon sizib turgan peshonasini ro’molcha bilan ushlagan ko’yi "Moskvich"da ketyapti.
- Hammasidanam kitoblar jalko, - dedi Shavkat rulni boshqarib borayotgan Jamshidga dardini dasturxon qilib.
- Qanaqa kitob? - so’radi Jamshid g’ijinib.
- Lyumaning hamma kitoblari, Konan Doylning to’liq nashri, - dedi Shavkat afsuslanib. - Yana bor edi, ko’rishga vaqt bo’lmadi... - Keyin armon bilan qo’shib qo’ydi: - Uydan chiqmay yotib olib bir oy o’qirdim, essiz...
Jamshidning ensasi qotdi:
- Kitobni boshingga urasanmi?! Professor! Men stellajning oldida turganingni ko’rib, kitayskiy vazani olasanmi, debman!
- Qanaqa vaza? - dedi Shavkat ajablanib. - Hech qanaqa vaza-paza ko’rmadim.
- Shundoq burningni tagida turuvdi!
Jamshidning kayfiyati buzildi, o’z navbatida suhbat ham uzildi...
* * *
Shavkatning uyi. U divanda cho’zilib yotibdi, Binafsha dadasining peshonasidagi jarohatga malham qo’yyapti. Qizi har dori surtganda Shavkat tishlarining orasidan qisqa-qisqa nafas yutib turibdi.
- Nima bo’ldi o’zi? - so’radi Binafsha xuddi o’zining joni og’riyotganday aftini tirishtirib.
- A-a... - deb beparvo qo’l siltadi Shavkat. - qo’yaver, "proizvodstvennaya travma"...
- Ishinglar shunaqa xavflimi? - so’radi Binafsha ko’zlarini pirpiratib.
- O’-o’, xavfli bo’lgandaki! - dedi Shavkat g’ururlanib. - Masalan, egasi kepqolishi mumkin...
- Nimaning egasi? - so’radi Binafsha tushunmay.
- Uyning-da... Keyin ko’rasan: baqir-chaqir, dod-voy...
- Nima deb baqiradi? - qiziqdi Binafsha jarohatni bog’lab bo’lib.
- Har xil... - dedi Shavkat gap arzimas narsa haqida borayotganday. - Masalan, "Uyim kuydi-i, uyim kuydi-i!.." deb baqirishi mumkin.
- O’zingiz ko’rganmisiz?
- Yo’q, bu taxmin. Unda biz ishni tugatib, ketgan bo’lamiz.
- Nima, pojarniymisiz?
Shundagina Shavkat "o’tlab" ketayotganini anglab qoldi:
- qa, qa, pojarniy... - deb gapini to’g’riladi u. Keyin chalqancha yotganicha ikkala kaftini boshiga yostiq qilib oldi. - Ut o’chiruvchi...
Bizniki - smenniy: bir kun ish, ikki kun dam. Zato, tungi smenasiyam bor.
- Jamshid amakimlayam pojarniymila?
- E-e, eng katta pojarniy o’sha-da! - dedi Shavkat shipdan ko’z uzmay. - hammasiga bosh-qosh, qaerda nima turishini biladi. As-da, as! Uning oldida men shogirdday gap...
- Tajribangiz kam-da, ishlayversangiz-ishlayversangiz xali sizam "as" bo’p ketasiz, - degan xulosaga keldi Binafsha.
Nogox uning ko’zi oynasi darz ketgan suratga tushdi.
- Ado’-o’, oyimla xaqida gapirib beri-ing, - erkalandi qiz.
- Ming marta eshitgansan.
- Yana eshitgim kelyapti...
Shavkat divanda o’tirib oldi. U ham suratga tikilib qoldi va sekin gap boshladi:
- Oying, qizim, dunyodagi eng chiroyli, eng aqlli, eng sabrli ayol bo’lgan... - dedi u o’ychan.
- Men o’xshaymanmiq - so’radi Binafsha ilinj bilan.
Shavkat qiziga birpas tikilib turdi-da uning ko’zlaridagi umidvorlikni ko’rib, jilmayganicha quchoqlab oldi.
- O’xshaysan. bolam, o’xshaysan! Ikki tomchi suvday o’xshaysan!..
Binafsha sevinib ketdi...
* * *
Shavkatlarning uyi oldidagi yalanglikda bolalar maktab sumkalaridan "darvoza" yasab, futbol o’ynashyapti. Koptok kimningdir oyog’idan "qochib", chetga chikib ketdi.
Va maydon chekkasida turnikka suyanib turgan Jamshidning oldiga dumalab keldi. U to’pni bolalar tomon tepib yuborib, turnikka osilganicha, tortila boshladi. Ikki-uch marta daxanigacha tortilgach. Yig’ishtirib qo’ya qoldi.
- Xom bo’p qopmiz, og’ayni... - dedi u yonida turgan Shavkatga. - Bunaqada yaqinda ishgayam yaramay qolamiz.,.
- Shu, yig’ishtirib qo’ya qolsak nima bo’ladi, a?- dedi Shavkat ikkilanib. Jamshidning yalt etib qaraganini ko’rib, o’zini oqladi: - Nima, orzuyam qilib bo’lmaydimi endiq
- Uylansang bilasan, - dedi Jamshid donishmandona oxangda. - Uyda "opke", "top", "ber" deb egovlab turadigan yalmog’izing yo’q-da, tiling bir qarich!
- Shunaqa ekan, nega "uylan, uylan" deyverib boshimni garang qilasan?- kulimsirab so’radi Shavkat.
- Men sen kallavaramni emas, qizingni o’ylayapman! - dedi Jamshid kuyinib. - Xali-ku Binafsha kichkina, erta-indin bo’yi cho’zilib qolganidan keyin sovchilar eshigingning turumini buzvorishadi, unda nima qilasan? Sen erkak kishisan. Tog’ora-pog’ora, latta-putta, ko’rpa-to’shak, chinni-minni, deganday...
Maktab formasidagi Binafsha trolleybusdan tushdi. Yo’l chekkasidagi yo’lak bo’ylab kela boshladi. Bo’yi kichkinaligidan sumkasi yerga tegay-tegay deb boryapti...
Bu yoqda Jamshidning "amri ma'rif"i davom etayotgan edi:
- qiz bola tarbiyasi nozik bo’ladi. Bizning Nargizaga o’xshab ko’zining siydigini oqizib kelib o’tirib olsa - tag’in bir balo! Xudo ko’rsatmasin-u, aytaman-da... Shuning
uchun qizingga ona kerak. Erkak - ko’chaniki.
Shavkat o’ylanib qoldi.
- Buning ustiga ishimiz... bunaqa, - davom qildi Jamshid. - Uylansang uyingda tartib bo’ladi. Yeyish-ichishinggayam son kirarmidi?! Rangingni qara, kechadan qolgan ovqatga o’xshaydi!
Shavkat kulimsirab o’tiribdi.
- Shundoq deysan-u, ming yaxshi ayol bo’lgandayam, o’gay -o’gay-da... - dedi u chuqur tin olib, keyin orzumandlik bilan qo’shib qo’ydi: - Surayyo tirik bo’lganda-ku, tishida olib yurib katta qilardi-ya...
Cheksiz armon bilan aytilgan bu gapdan so’ng Jamshid jim bo’lib qoldi.
Binafsha uzoqdan yugurib kelib, dadasining bo’yniga osilib oldi.
- Ada, bugun ikkita "besh" oldim! - dedi Binafsha Shavkatning ikki yuzidan o’pib.
- Sekin, sekin, yiqitvorasan... - deb Shavkat ham qizining peshonasidan o’pib qo’ydi: - O’-o’, zo’rsan-ku! Tabriklayman!..
- Arifmetika, ham yozuvdan! - dedi qiz quvonchi ichiga sig’may.
- Juda zo’r! - deb sevindi Shavkat xuddi o’zi "besh" olganday.
Jamshid ota-bolaning bir-birini yalab-yulqashiga xavas bilan qarab turibdi.
- Ko’rishmaganinglarga necha yil bo’ldi? - deb kuldi Jamshid.
Binafsha shundagina dadasi yolg’z emasligini payqadi.
- Assalomu alaykum... - dedi u dadasining qo’lidan tushib.
- Vaalaykum assalom, - alik oldi Jamshid. - Matematik bo’larkansan-da, a?
- Bu yerda nima qilib turibsiz, ada?
- Seni kutib olgani chiqdim-da, asalim.
- Voy, ada-ey! - dedi Binafsha qovoqini solib. - Nima, men kichkina bolamanmi, uyini topolmay adashib qoladiganq
- xa endi... - deb Shavkat xijolat bo’ldi.
- Ado’, anuv yerda o’ynab kelsam maylimi-i? - so’radi Binafsha boyagi gapiga butunlay zid oxangda.
- Mayli, faqat uzoqqa ketib qolma, - dedi Shavkat. qizcha sal naridagi arqimchoq tomon yurdi.
- Ketib qolsangiz ko’rasiz! - dedi Binafsha ko’rsatkich barmog’i bilan po’pisa qilib.
- Xo’p bo’ladi, xazrati oliyalari! - dedi Shavkat qo’lini ko’ksiga qo’yib.
Qizcha jilmaygancha yo’lida davom etdi.
- Qiyomat qizing bor-da lekin! - dedi Jamshid chuqur tin olib qo’yib.
Shavkat indamadi.
Jamshid futbol o’ynayotgan bolalar tomonga qarab, kimnidir chaqirdi:
- Ozodbek!
Yugurib borayotgan Ozodbek taqqa to’xtadi:
- Xa, ada?..
- Bu yoqqa ke, o’g’lim... Anavi qizni ko’ryapsanmi? - so’radi Jamshid o’g’li oldiga kelgach.
Bu paytda Binafsha arg’imchoq-kursida tebranib o’tirardi.
- Xa, - dedi Ozodbek "nimaydi?" degan oxangda.
- Borib o’shaning qulog’ini tishlab ke, - buyurdi
Jamshid.
- Nega? - Ozodbek tushunmadi.
- Men senga nima devdim? - taxdid qildi Jamshid.
Ozodbek yodlab olgan matnni sharillatib ayta ketdi:
- "Komandirning buyrug’i muxokama qilinmaydi!" Bizning uyda siz - komandir, oyimla - zampolit, biz - soldat!
- Malades, olg’a!
- Xo’p bo’ladi!
Ozodbek yugurib ketdi.
- Xarbiyga beraman, xali bir melisa bo’lsinki! - dedi Jamshid o’qlining orqasidan faxr bilan qarab qolib.
- Melisadan qochaverish ja jonga tegib ketdi lekin!
- Xarbiyga bersang, melisa bo’larkanmi? – dedi Shavkat miyig’ida kulib.
- E, nima farqi bor! - bilimsizligidan asabiylashdi Jamshid. - Forma kiysa bo’ldi-da...
Shavkat kulib qo’ya qoldi.
Ozodbek shaxdam qadamlar bilan arg’imchoq kursida o’tirgan Binafshaning oldiga keldi.
- Men sening qulog’ngni tishlarkanman! - dedi Ozodbek xarbiychasiga.
- Nima-a? - dedi qiz masxaraomuz.
- Qulog’ingni tishlarkanman, - dedi bolaning o’zi ham xayron bo’lib.
- Kim aytdi o’sha gapni? - so’radi qiz basharasini tirishtirib.
- Adam aytdila, - dedi Ozodbek Jamshid tomonni ko’rsatib.
Jamshid qiziqsinib qarab o’tiribdi. Shavkat ham turnikka suyanganicha ularni kuzatib turibdi.
- Xa-a, adang aytgan bo’lsala, mayli... - dedi
Binafsha qulog’i ustiga tushib turgan sochini ko’tarib qo’yib.
Ozodbek bu qiyin masala deb o’ylagan edi, ishning bunaqa oson ko’chganidan dovdirab qoldi. Yengi bilan og’zini artdi.
Bola qizning ro’parasiga kelganda Binafsha yonidagi maktab sumkasini olib, Ozodbekning boshiga qulochkashlab chunon tushirdiki, sho’rlik bolaning ko’zlaridan o’t chaqnab ketdi.
- O’x!.. - deb yubordi Jamshid, - Kelin zo’r-ku!
Ozodbek ko’zlari g’ilaylanib, yerga quladi.
Ertasi kuni.
Binafsha istiroxat bog’ida dadasi bilan muzqaymoq yeb o’tiribdi.
- Jamshid amaki menga yoqmaydila, - dedi Binafsha burnini jiyirib.
- Nimaga? - so’radi Shavkat yotib qolgan qog’oz sochiqlarni to’g’rilay turib.
- Nimaga bo’lmasam, o’zlari "kelin, kelin" deyveralla? - to’ng’lladi qizcha.
- E, gap-da... - dedi Shavkat qo’l siltab. - Bilib qo’y, qizim, Jamshid amakingning emas, sening aytganing bo’ladi.
- Sizning aytganingiz-chi? - so’radi qizcha sekingina.
- Mening aytganim... - dedi Shavkat o’ylanib turib, - ...sening aytganing-da!
Ular baravariga kulib yuborishdi...
* * *
Avval kuy, so’ng ashula ketadi:
Muhabbat bu – ohulangan sharob ekan,
Ichgan borki, ro’y-ahvoli xarob ekan.
Yo’llarida ranju alam serob ekan,
Yetdim degan manzillari sarob ekan.
Ta'riflaring doston qilib o’qir bo’ldim,
Alla qolib marsiyalar to’qir bo’ldim.
Bosh urarga toshingni ber, ey, xudoyim,
Hasratingda yig’lay-yig’lay so’qir bo’ldim.
Qo’shiq asnosida ushbu kadrlar ketadi: Ota-bola so’lim xiyobonda yurishibdi... Binafsha dadasini qo’lidan tutib, arg’imchoq-qayiqlar tomon yetaklaydi...
Shavkat pastda turganicha qizini uchiryapti... Binafsha qiyqirib kuladi...
Arqimchoq har ko’tarilib tushganda Binafsha ulg’aya boradi... Binafsha endi balog’atga yetgan, chiroyli qizga aylanadi...
Qizni endi dadasi emas, Ozodbek arg’imchoqda uchirayotgan bo’lib qoladi.
- Bo’ldi, boshim aylanib ketdi... - dedi Binafsha Ozodbekka.
Yigit arg’imchoqni to’xtatdi. Ozodbek qizning qo’lidan ushlab qayiqdan tushirib ham qo’ymadi - Binafshaning o’zi tushdi.
Ularning munosabati g’alati edi. Yosh yigit bilan qiz, so’lim xiyobon. Lekin na bir-biriga termulish bor, na entikish, na ishq-muhabbatdan she'rxonlik. Loaqal qo’l ushlashish ham yo’q. Faqat yigitning o’qtin-o’qtin uh tortib qo’yishini demasa...
- Manavi yerda birpas o’tiraylik, yurisham jonga tegdi, - dedi Binafsha allaqayoqlargadir qarab.
- Bo’pti, meniyam jonimga tegdi, - rozi bo’ldi Ozodbek.
Yo’lka chetidagi skameykaga o’tirishdi. Yigit yana uh tortdi.
- Xafa bo’lmang-u, Ozod, men sizni sevmayman... -dedi qiz o’zini aybdor sanab.
Ozodbek avvaliga birpas angrayib turdi, keyin yetib bordi shekilli, kaftlari bilan yuzini bekitganicha xitob qildi:
- Ey, xudoyim! - dedi u tizzasiga qadar engashib. Binafsha qo’rqib ketdi, Ozodbekni bunchalik qayg’uga tushadi deb o’ylamagan edi. Rahmi keldi.
- O, qanday baxt! - deb baqirdi yigit qo’llarini osmonga cho’zib. Qiz hayron.
- Menam seni sevmayman! - dedi Ozodbek xuddi sevgi izhor qilayotganday qizning qo’llarini kaftlari orasiga olib. - Senga qanaqa qilib aytishni bilmay yuruvdim!.. Men ahmoq adamlani ra'ylariga qarab, shuncha vaqtdan beri seniyam, o’zimniyam qiynab yuribman-a!.. Ahmoq, aqmoq!..
Binafsha unga jilmayganicha termilardi. Ana endi ular rostakam sevishganlarga o’xshadilar. O’rtadan begonalik pardasi ko’tarilib, yoqimli bir iliqlik paydo bo’ldi.
Qiz "hechqisi yo’q" deganday yigitning bilagini siqib qo’ydi.
Ozodbek o’zini ancha bosib olib, aybdorona jilmaydi.
- Endi buni yuvmaymizmi? - dedi u kulimsirab.
- Mayli! - jon-jon deb rozi bo’ldi qiz. Ikkalasi shod-xurram, qo’l ushlashib yo’lga tushishdi...
* * *
Stolga ikkita muzqaymoq, bir shisha limonad, ikkita bo’sh stakan qo’yildi.
- Ol, osh bo’lsin, - dedi Ozodbek ko’tarinki kayfiyatda.
- Ko’nglingizga o’tirgan bitta-yarimtasi bo’lsa tortinmay aytavering, sovchiligam qo’limizdan kelaveradi! - dedi qiz shaytonlik bilan.
Ozodbek bu gapni jiddiy tushundi va ichidagini chaynalib zo’rg’a yorildi:
- Bor-u... - So’ng xuddi tanlagan qizining biron qusuri borday uzrona ohangda qo’shib qo’ydi: - Xosiyat-da...
- Xosiyat bo’lsa nima qipti? Bir-biringlarni yoqtirsanglar bo’ldi-da.
- Bolalar tushunmay "Bexosiyat" deb kulishadi, - nolidi yigit aftini burishtirib.
- Lekin men uni juda yaxshi tushunaman. Xosiyat o’zi yaxshi qiz, faqat ishi yurish-maydigan, omadsiz-da. Shunaqayam bo’lishi mumkin-ku...
- Ha, to’g’ri, vaqti kelib "oh-voh", "o’ldim-kuydim"lar o’tib ketadi, bir-birini tushunish - qoladi, - dedi Binafsha yigitning ko’nglini ko’tarib.
- O’zing-chi?..
- Nima o’zing-chi? - dedi Binafsha o’zini tushunmaganga olib.
Ozodbek dangal aytishga istihola qilib, chaynaldi:
- Ko’z ostiga opqo’ygan bitta-yarimtang bormi? Qiz uning gapga no’noqligidan kulib yubordi.
- Nima, sizam sovchilik qilmoqchimisiz? Ozodbek o’sal bo’lib qoldi.
- Yo’-o’, men aytmoqchiydimki...
- Qiz bola ko’z ostiga olmaydi, qiz bola - sevadi, - dedi Binafsha yigitning gapini bo’lib. So’ng orzumandlik bilan davom qildi: - ha, bor...
- Men taniymanmi? - so’radi Ozodbek qiziqayotganini sezdirmaslikka harakat qilib.
- Taniysiz... - dedi qiz uyalib. - Bizdan ikki sinf tepada o’qirdila... Akmal akam... hozir politexnichskiydala...
* * *
- Yigit bilan qiz trolleybusdan tushganda Shavkat va Jamshid bekatdan sal naridagi bolalar sport maydonchasida ularni kutib turishardi.
- Otalariga ko’zi tushgan Binafsha darrov Ozodbekning qo’lini ushlab oldi.
- Jamshid xursand - Shavkat tomonga qarab kerilib qo’ydi.
- Shavkat miyig’ida kulimsiraganicha jim turardi...
* * *
- Uninchi sinf. Binafsha, Ozodbek, Gulmira, Sanam va boshqa o’quvchilar o’tirishibdi.
- Rahmonov degan maktab direktori fizikadan dars o’tyapti:
- Bugun yangi dars o’tamiz. Yozinglar. Tabiatda hech narsa yo’qdan bor bo’lmaydi, bordan yo’q bo’lmaydi. Faqat moddalar bir turdan ikkinchi turga o’tadi. Masalan, bug’ ya'ni gaz, suvga aylanadi, suv muzga - ya'ni qattiq jismga aylanadi, muz tag’in yomg’ir bo’lib suyuqlikka aylanadi. Shuning uchun ham reaksiyaga kirishuvchi moddalar massasi reaksiya natijasida hosil bo’lgan moddalar massasiga tengdir. Bu fanda "Moddalarning saqlanish qonuni" deb ataladi va bu qonunni buyuk rus olimi Lomonosov kashf qilgani sabab, uning nomi bilan yuritiladi...
- Binafsha diqqat bilan tinglab o’tiribdi. Ozodbek jiddiy va o’ychan.
- Qudrat ismli bola derazadan qarab, butun sinfga e'lon qildi:
- Qaranglar, bolalar, Bexosiyat kelyapti!
Ozodbek boshini ko’tardi.
- Rahmonov tanbeh berdi:
- Qudratov! - dedi u haligi bolaga.
- Ismim Qudrat, muallim, familiyam Ummatov! – qovog’ini solib e'tiroz bildirdi Qudrat.
- Hayronman, bunaqa diniy ismlarni qattan olishadi! - dedi Rahmonov to’ng’illab. Keyin jahl bilan dedi: - Xo’p ana - Ummatov! Jim o’tirmasang, Lomonosovning qonunini tushunmay armonda ketasan! Undan keyin, Qud... e... Ummatov, birovlarga laqab qo’yish yaxshi emas. Laqab itlarga qo’yiladi.
Xosiyat maktabning uzun dahlizi bo’ylab shoshib borar ekan, farroshning chelagiga qoqilib, ag’darib yubordi.
- Hay, ko’zingga qarab yursang bo’lmaydimi? - deb baqirdi farrosh ayol.
- Kechirasiz... - deb Xosiyat uzr so’ragan bo’ldi-yu, yugurib ketdi. - Kech qolyapman...
Yo’lida bir bola duch keldi.
- Yaxshimisan, Bexosiyat? - dedi bola shunchaki.
Xosiyat taqdirga tan berganmi, uning "Bexosiyat" deganiga parvo qilmadi. Qaytaga ko’nglini yordi:
- O’ldim endi!.. Bu safaram Rahmonovning darsi!..
- Ha, direktorning darsiga kech qolib bo’lmaydi... - dedi bola uh tortib qo’yib. O’zi ham bir-ikki kech qolib, ta'zirini yegan ko’rinadi.
Xosiyat eshik tagida u yoq-buyog’ini tuzatdi. Chuqur nafas oldi-yu, sekin eshikni ochdi.
Bu vaqtda Rahmonov gapirayotgan edi:
- Ertagi darsga Lomonosovning biografiyasini o’qib kelasizlar. Qachon va qaerda tug’ilgan, qaerda o’qigan, qaer...
Shu payt Xosiyat kirib, uning gapi bo’linib qoldi.
- Xo’sh, Safarova, bu safar nima bo’ldi? Ozodbekning quloqi ding.
- Tag’in tok bo’lmay, tramvay to’xtab qoldimi?- ta'kidlaganday so’radi Rahmonov.
Uning g’alati odati bor edi: birov bilan suhbatlashgan-da, ko’zoynagi bor-yo’qligidan qat'i nazar, xuddi ko’zoynak tagidan qaraganday gaplashardi.
- Yo’... - dedi Xosiyat ko’zlarini pirpiratib.
- Yo trolleybusning shoxi chiqib ketdimi?
- Yo’...
- Avtobus buzilib qoldimi?
- Yo’-o’!.. - dedi Xosiyat savollar joniga tekkanday nolib.
- Bo’lmasa yangisidan eshitaylik! - dedi Rahmonov gavdasi bilan shu tomonga burilib.
Qiz dovdirab qoldi.
- Anuv... darsga kelyatuvdim... anuv... suv sepadigan moshina hamma joyimni shalabbo qip ketdi... Anuv... uyga qaytib borib, kiyimlarimni almashtirib keldim... Ichkiyimlarimgayam o’tib ketibdi. Mana, qarang...
Qiz etagini sal ko’targan edi, Rahmonovning kapalagi uchib o’rnidan turib ketdi. Butun sinf kulib yubordi.
- Yo’-yo’-yo’, shart emas-shart emas!.. Bo’pti, kechirdim, joyingga bor...
Xosiyat joyiga borib o’tirdi. Rahmonov o’zicha to’ng’illab qo’ydi:
- Maktabmas, bog’cha!..
* * *
Tun.
Film boshidagi kabi birovning hovlisiga tag’in o’g’ri tushdi. Ular ikki kishi. Yoshgina er-xotin uxlab yotishibdi. O’rtada beshik.
Beshik qimirlab, chaqaloq ingrandi.
Jamshid imo qilgan edi, Shavkat beshikni ko’tarib olib chiqib ketdi. Hovliga olib chiqib, endi yerga qo’ygan ham ediki... allaqayoqdan guldiragan ovoz keldi. Shavkat tag’in zilzila boshlanyapti deb, daraxtni mahkam ushlab oldi. Lekin hech nima sodir bo’lmadi.
Shavkatning kallasida o’y-xayollar g’ujg’on o’ynardi:
Mana, beshikdagi Binafsha...
Uy qulab hamma yoqni chang-to’zon bosdi...
Shavkat vayronalar oralab yuguryapti...
Oynasi darz ketgan surat...
Binafshani beshikdan yechib olyapti...
Tug’ruqxonada chaqaloq sutli shishani chalpillatib emayapti...
Chang-to’zon ichida beshik ohista tebranib turibdi...
Shavkat o’ziga kelib, atrofga razm solli va beshikdagi chaqaloqni chimchilab qo’ydi. U chinqirib yig’lab yubordi.
Jamshid uydan o’qday otilib chiqib, devorga tirmashdi.
Ichkaridan ovozlar eshitildi.
- Rayhon, Sunnatning ovozimi?
- Voy o’lay, yonimda edi-yu, hovlida nima qilib yuribdi?..
Shavkat bilan Jamshid "Moskvich"da ketishyapti. Jamshid orkani ko’rsatuvchi oynadan ko’z uzmaydi.
- Essiz, yaxshi ketyatuvdi, chaqaloq ishning beliga tepdi-da!.. - dedi Jamshid afsuslanib. So’ng Shavkatga qarab pisanda qildi: - qaramadingmi?!
- Qaradim. - dedi Shavkat behafsalalik bilan. - Ikki ko’zim faqat o’shanda bo’ldi. Chaqaloq-da - xohlasa yig’laydi, xohlasa kuladi.
Shavkatning o’zi ham miyig’ida kulib qo’ydi...
* * *
Son-sanoqsiz qushlarning sayrog’i eshitilyapti. Shavkat balkonda har xil qafas va to’rqovoqlardagi qushlarga gapirib-gapirib erkalab-erkalab don beryapti. Vannaga kirib qo’lini yuvdi. Mehmonxonaga kirdi.
- Shu, qushlaringiz jonimga tegib ketdi, haligina supirib chiquvdim, yana hamma yoqni iflos qip tashlabdi! - deb nolidi stolda dazmol bosayotgan Binafsha.
- Bo’pti, aytib qo’yaman, endi iflos qilishmaydi... - dedi Shavkat hardamxayollik bilan. Uning ko’zi oynasi darz ketgan suratda edi.
Binafsha o’qrayib qo’ydi.
Shavkat suratga tikilib qoldi. Xayolidan ne o’ylar o’tdi - yolg’iz xudoga ayon.
Zimdan kuzatib turgan qiz dadasining haligi gapi uchun "o’ch" olishga bahona qidirardi.
- Esimni taniganimdan beri shu - siniq oynada turibdi, bu uyda oynasini butlab qo’yadigan odamam yo’q! - dedi Binafsha piching qilib.
- Nima keragi bor, shunisi yaxshi - esdalik... - dedi Shavkat chuqur tin olib kresloga o’tirar ekan. Keyin shunchaki so’radi: - Nima qilyapsan?
- o’tin yorayapman! - dedi qiz dazmol bosishda davom qilib.
Binafsha bu gapni qovoqini solib aytgan bo’lsa ham kulib yuboray-kulib yuboray deb turardi.
- Ertaga bitiruv kechasi, - dedi Binafsha endi butunlay boshqa ohangda. – o’shanga tayyorgarligimni ko’rib qo’yay, deyapman-da.
Shavkat qiziga tikilib qoldi: "Mana, birpasda maktabni ham bitiryapti.... Chiroyli qiz bo’ldi... Shu kunlarni Surayyo ko’rgandami..."
Shavkat qiziga faxr bilan birpas tikilib turdi-da, stol tortmasidan bir nima olib, unga yaqinlashdi.
- Mana... - dedi u xijolatomuz iljayib.
- Nima bu? - dedi qiz dazmolni qo’yib.
Shavkatning kaftida bir juft tilla zirak turardi.
- Kimga? - so’radi Binafsha o’zigaligini bilib tursa ham sir boy bermay.
- Senga... - dedi Shavkat xijolat bo’lganday. - Maktabni bitirishing bilan tabriklayman, qizim...
Shunda qiz sevinchini bekitib turolmadi.
- Vuy, ada-a, muncha chiroyli! - dedi Binafsha ko’zlari porlab. - Xuddi shunaqasini orzu qilib yuruvdim!.. Rahmat!..
Qiz Shavkatning yuzidan o’pib qo’ydi.
- Arzimaydi... - dedi Shavkat o’zini noqulay sezib.
Negaki, Binafsha bo’yi cho’zilib qolgan kap-katta qiz bo’lsa... Kichkina paytidaku - boshqa gap edi.
Umuman, Shavkat keyingi paytlarda qizidan o’zini tortibroq yurar, gaplashganda ham ko’ziga qaramaslikka qarakat qilardi. Ilgari qizining asrandi ekanligini kimdir aytib qo’yishidan qo’rqib, yuragi taka-puka bo’lib yurgan bo’lsa, endi bunaqa munosabatdan Binafshaning o’zi ham gumonsirab qoladimi, degan o’y ich-etini kemirardi.
Qiz o’zini oynaga solgani dahlizga chiqib ketdi. V dadasining bu azoblaridan bexabar - shod va baxtiyor edi...
Shavkat sekin oynasi darz ketgan suratga termulib qarar ekan, xayolidan ushbu o’ylar o’tdi: "qiynalib ketdim, Surayyo... Sen bo’lganingda bu ko’rguliklar yo’q edi...O’zing hammasini eplarding..."
Shu payt Binafsha quvonchi ichiga sig’may eshikdan mo’raladi:
- Qarang, ada, yarashib... - dedi-yu, dadasining kayfiyatini ko’rib, gapi chala qoldi.
Sekin Shavkatning yoniga o’tirdi, yelkasiga boshini qo’ydi. "qo’ying, siqilmang” deganday bilagini siqib ma'yus jilmaydi.
- Botir akamga yog’och mashina oberganingizni gapirib bering, - dedi qiz uning yelkasiga iyagini qo’yib.
Binafsha dadasini qayg’uli o’ylardan chalg’itmoqchi edi, qaytaga Shavkatning battar diqqati oshdi:
- Sen buni qayoqdan bilasan? - so’radi u hayrat bilan.
Binafsha o’ylanib turib, yelka qisdi:
- Bilaman - tamom...
- Yo o’zim aytib berganmanmi?
- Esimda yo’q...
* * *
Maktab hovlisi bitiruvchilar bilan to’la. Qizlar oppoq fartukda, o’g’il bolalar qora shim, oq ko’ylakda. Hammaning qo’lida gul.
Bir to’p qiz oldin kelgan dugonalari bilan o’pishib ko’rishishdi.
O’g’il bolalar yigitchasiga bir-birining kaftlariga urib "chapak chalib" qo’yishdi.
Bir tomonda ota-onalar turishibdi. Ularning orasida Shavkat ham bor. Hammaning yuzida tabassum, o’zgacha ko’tarinkilik hukmron.
Binafsha, Xosiyat, yana bir nechta qizlar gaplashib turibdi. Gulmira ismli qiz Binafshaning quloqidagi tilla zirakni ko’rib qoldi.
- Ziraklar muborak, Binuf! - dedi bashang kiyingan Gulmira kerilib. - Aytmaysanam, bizam taqardik!
- Vuy, chiroyliligini-i!..- deb yaqin kelib qaradi Sanam ismli qiz. - Qaerdan olding?
- Adam maktabni bitirishimga sovg’a qildila! - maqtandi Binafsha.
- A-a, podumaesh', oddiy jez... - dedi Gulmira g’ashi kelib.
- Nega? - ajablandi Binafsha. - Adam toza oltin dedila-yu? Ana, qara, probasiyam yozilgan. - U dugonalariga qulog’ini tutdi.
- Ko’rmasam ham bilaman! - cho’rt kesdi Gulmira asabiylashib. - Oyimladayam shunaqasi bo’lardi, uyimizga o’g’ri tushib o’g’irlab ketgan.
Gulmiraning hasad qilayotganini qizlar tushunib turishardi.
- Qani?.. - dedi u yaqin borib tikilarkan. – Xuddi o’zi! Oyimlaniki! Ana, chap quloqidagisi tirnalgan. Ukam rakovinaga tushirivoruvdi, ploskogubsi bilan zo’rg’a olganmiz.
- Bu bilan nima demoqchisan? - dedi Binafsha xezlanib.
- O’g’irlik mol, demoqchiman! - dedi Gulmira kiborlarcha. – O’zimam aytuvdim-a, kunini zo’rg’a ko’radigan bu yalangoyoqda tilla zirak nima qiladi, deb!
- Menga qara! - dedi Binfsha jahli chiqib. - Ko’p o’zingdan ketaverma, adang "shishka" bo’lsa o’ziga! Nima, oddiy odamlar tilla zirak taqolmaydimi? Yo ta`qiqlanganmi? Peshona teriga kelgan bu! Hozirgina jez deb turuvding-ku, endi nega o’pkangni bayroq qilasan?
- Qo’yinglar, qizlar, bugun urishmaylik, - dedi Xosiyat ojizgina e'tiroz bildirib.
- Sen aralashma, Bexosiyat! - deb Gulmira tag’in Binafshaga xezlandi. - Oyimam sho’ttala, ishonmasang adang bilan yuzlashtiramiz! Chidaysanmi?
- Mayli, yur! - dedi Binafsha haqligiga ishonib.
Qizlar ichkariga yo’l olishdi. Xosiyat ularning yonida pildirab borar, yarashtirish maqsadida tinmay javrardi:
- Shunday kunda-ya!.. Axir bayram-ku bugun, oxirgi kun-a... Tag’in qachon ko’rishamiz...
Bahor havosi betayin keladi. Mana, hozir ham birpasda ko’kni bulut qoplab, osmon qovog’ni uydi...
* * *
Maktab direktori Rahmonovning xonasi.
Binafshaning hayratdan og’zi ochilib qolgan.
Shavkat eshik tagidagi stulda boshi egik o’tiribdi.
Rahmonov u yoqdan-bu yoqqa yurib turibdi.
Gulmiraning onasi – og’zi to’la tilla tish, pakana, semiz ayol - barmoqlari bilan stolni asabiy chertib o’tiribdi.
- Ko’chadan topib oldim, deyapman-ku!.. - deb to’ng’illadi Shavkat.
Nihoyat, Binafsha dadasidan ko’zini uzib, yerga qaraganicha stol tomon kela boshladi. Uyatdan qizarib, nomus o’tida kuyib kelayotgan qizga oradagi masofa juda uzoq tuyuldi. Stolga yaqinlashib, zirakni quloqidan yecha boshladi.
Semiz, pakana ayol tilla tishlarini yalanqochladi.
Shavkat bir joyi sanchganday aftini bujmaytirdi.
Rahmonov yurishdan to’xtadi.
Binafsha titroq qo’llari bilan zirakni stolga qo’ydi. O’zini arang qo’lga olib, eshikkacha bir amallab yetib oldi.
Koridorga chiqdi-yu, baralla yig’lab yubordi.
Maktab darvozasidan chiqqanida ko’kda bulut quyuqlashib yomg’ir tomchilay boshladi. Baxtiga trolleybus ham kela qoldi...
Asfalt yo’lda pufakchalar hosil qilib, yomg’ir endi rostakamiga quyib berdi.
Yugurib chiqqan Shavkat trolleybusga ozgina kech qoldi. Noiloj keyingisini kuta boshladi...
* * *
Shavkatning uyi.
Binafsha eshikdan otilib kirib, ho’ngraganicha o’zini divanga tashladi. Uzoq yi’'ladi. Keyin jim bo’lib qoldi.
Tashqarida yoqayotgan yomg’ir jalaga aylandi.
Bahor yarimlab, kunlar birmuncha isib qolgan payt. Odamlar allaqachon yozlik libosga o’tib olgan. Kutilmaganda ob-havoning bunday o’zgarishi hammani shoshirib qo’ydi – oyog`i kuygan tovuqday pitirlab qolishdi.
Mana, bir ayol jemperini boshiga yopib yugurib o’tib ketdi...
Ikkita maktab o’quvchisi nima haqdadir gaplashib, yomg’irga parvo ham qilishayotgani yo’q...
Bitta chol to’nining etaklarini boshiga yopinchiq qilib, shoshilmay ketib boryapti...
Bir talaba gazeta yopingan ko’yi chopib ketdi...
Qizlar sumkachalarini pana qilib yugurishgan...
Bularning barini Binafsha ikkinchi qavat derazasidan ko’rib turardi. Deraza oynasiga urilib, sizib tushayotgan yomg’ir qizning yuzidan ko’z yoshi bo’lib oqayotganday taassurot uyg`otadi.
Hamma yoqi shalabbo ahvolda Shavkat kirib keldi. Ust-boshidagi suv oqishini kutib, eshik tagida birpas turib qoldi. So’ng qo’rqa-pisa ovoz berdi:
- Binuf?..
Binafsha bu yoqqa o’girildi. Yuzi qaxrli tus oldi. Lekin indamadi.
- Uydamisan?..
Uning ahvoli odamning rahmini keltiradigan darajada - ust-boshi ivib ketgan, ho’l sochlari to’zg’igan, buning ustiga kayfiyati ham dabdala edi.
Shavkat onasidan qo’rqqan boladay divanga omonatgina o’tirdi.
- Hali meni shu yo’l bilan boqayapsizmi, ada?! – dedi Binafsha yig’lab. - Yegan ovqatimizam, kiygan kiyimimizam o’qirlikmi? Men ahmoq birovni qon qaqshatib olgan ziragingizni taqib kekkayib yuribman! Yaxshiyam zirak ekan, yechib berib qutildim. Agar kiyim bo’lganida-chi? Mana shu ust-boshim bo’lganida-chi? Undayam yechib berib, uyga yalang`och kelarmidim?..
Shavkatning yuzi dokaday oqarib ketdi. Binafsha zor qaqshardi:
- Aslida nima halol, nima haromligini menga siz o’rgatishingiz kerak emasmi? Endi sinfdoshlarimning oldida nima degan odam bo’ldim, nima degan odam bo’ldim?!
Shavkat uh tortib qo’ydi. Qiz davom qildi:
- Birda bo’lmasa birda qo’lga tushib qamalib ketsangiz, men nima qilaman, ada? - yoshli ko’zlari bilan dadasiga termuldi qiz. - Qanday yashayman? Axir ko’za kunda emas, kunida sinadi!.. Suyanganim, ishonganim - bitta-yu bitta sizsiz-ku!.. Sizam meni aldasangiz... unda men kimga ishonay, ada, kimga?!
Shavkatning xo’rligi keldi. O’rnidan sapchib turib, yig’lamsiraganicha baqirib berdi:
- Ha, men o’g’riman!!! Shu yo’l bilan kun ko’raman! Sen tug’ilganinggachayam shunaqa edi, tug’ilganingdan keyin ham shunaqa bo’p qoldi, bundan keyinam shunaqa bo’ladi!.. Axir, o’qimagan bo’lsam, biror hunarim bo’lmasa!.. Mening bo’lganim shu, qizim... Vsyo!
U oshkora yig’lab yubordi.
Binafsha jim bo’lib qoldi. Keyin xuddi tushida gapirayotganday shivirladi:
- Bolaligimda o’limdan qo’rqardim... - dedi u parishonxotirlik bilan. - Endi yashashdan qo’rqayapman...
- Unaqa dema, jon qizim! - dedi Shavkat jon xolatda.
- Senga bir nima bo’lsa, men o’lib qolaman axir!..
Binafsha boshini keskin ko’tarib, dadasiga tik qaradi va bosiq, lekin qat'iy oqangda dedi:
- Endi gap bunday: bugundan boshlab siz opkegan harom ovqatingizniyam yemayman, siz opkegan harom kiyimingizniyam kiymayman! Vsyo!..
* * *
Shavkat o’zida yo’q xursand kelyapti. qo’lida ikkita qog’oz paket, bo’ynida bir shoda teshikkulcha. Ko’chadagi o’tkinchilarga viqor bilan boqadi.
Odamlar go’yo uning nega o’zidan-o’zi jilmayib ketayotganidan xabardorday. Bugun uning qadam tashlashlari ham boshqacha...
Eshikdan kirib, qo’lidagilarni qo’ymay, tuflisini yechdi. Doimgiday yugurib chiqadigan Binafsha ko’rinmadi.
Mehmonxonaga kirdi.
Binafsha derazaga qarab turibdi. Dadasi kirganidan keyin qo’llarini ko’ksida chambarak qilganicha bu tomonga o’girildi.
- Assalomu alaykum... - dedi u xasta ovozda.
- Vaalaykum assalomu va rahmatullohu va barakatuh! - dedi Shavkat quvnoqlik bilan.
Keyin qandaydir ashulani xirgoyi qilganicha paketdagi narsalarni namoyishkorona chiqara boshladi. Bir shisha qatiq (kefir), ikkita tandir non, bir tayoq kolbasa, bir pachka margarin stoldan joy oldi.
Binafsha qovog’ini solib turibdi.
- Ko’p bo’zrayaverma, kechasi bilan vokzalda yuk tushirdim, - deb Shavkat qo’llarini ko’rsatdi. - Mana...
Uning kaftlari pufakchalar hosil qilib qavarib ketgan edi. Qiz rahmi kelib qaradi, ammo sir boy bermadi.
- Hujjatlar ichida pravangizga ko’zim tushganday bo’luvdi, shofyorlikka o’qigan ekansiz-ku? - dedi qiz bir oz yumshab.
- E-e, ming yil bo’p ketgan... - dedi Shavkat qo’l siltab.
- Ming yil bo’lsa-chi! - dedi qiz o’jarlik bilan. - Hozir nima ko’p - qurilish ko’p, bitta-yarimta samosval-pamosval berishar, bunaqa qiynalib yurasizmi...
- O’ylab ko’rish kerak... - mujmal javob qildi Shavkat.
- Siz qirq olti yildan beri o’ylaysiz! - dedi qiz arazli ohangda. – O’zingizning aqlingiz yetmasa, aqlli odamlarning gapiga kirmasangiz - bu nima degan gap o’zi?!
- Bo’ldi, ko’p vaysayverma! - po’pisa qildi Shavkat. – O’ylab ko’raman, deyapman-ku! Sendaqa aqllidan o’rgildim... Bugunga kolbasa bilan kartoshka qovurib qo’ya qol - osongina...
Shu topda u bo’ynida bir shoda teshikkulcha bilai judayam kulgili ko’rinardi.
Binafsha arazli jilmayib chiqib ketdi...
U birpasda ovqatni laganga suzib, xonaga kirganida Shavkat charchab divanda o’tirgan ko’yi uxlab qolgan edi. Qiz laganni stolga qo’yib, unga kulimsirgancha bir muddat mehr bilan qarab turdi-da, sekingina bo’ynidan teshikkulcha shodasini oldi. Boshiga yostiq tashlab, ohista yotqizib qo’ydi...
* * *
Xiyobon.
Po’rim kiyinib olgan Ozodbek qo’lida guldasta bilan kimnidir kutyapti.
Binafsha uni uzoqdan ko’rishi bilan kulimsirab qo’ydi.
- Ha, nima harakat? - dedi qiz unga yaqinlashgach.
- Yaxshimisan, Binuf?.. - dedi Ozodbek o’g’rilik ustida qo’lga tushib qolganday qizarib. - Shunday... Xosiyat bilan aylanmoqchiydik...
- Da-a, "Xosiyatli ish" deng? - dedi Binafsha o’ynoqi jiddiylik bilan. - Uchrashuvimiz bir paytga to’g’ri kep qolmasligi uchun raspisaniya tuzib olsak bo’larkan! Bizam Akmal akamla bilan aylanmoqchiylik.
- Ozodbek xijolatdan terlab ketdi. Uning baxtiga Binafsha Xosiyatni ko’rib qoldi-yu, qizning diqqati o’sha yoqqa qadaldi.
- Ana, "amri ma'rif"imning natijasini ko’rib qo’ying! - dedi Binafsha hazilomuz. Rahmatniyam so’rab olamiz, shekilli?
- Xosiyat bozorda yurganday bemalol muzqaymoq yeb kelyapti.
- Ah.. Rahmat! - deb yigit o’sha tomon shoshildi.
Lekin Xosiyat kelayotgan joyida yo’q edi.
Ozodbek hayron.
Binafsha hayratda. Ikkalasi hozirgina Xosiyat kelayotgan joy tomon yurishdi. Yer ostidan bo’g’iq ovoz eshitildi:
- Hoy, kim bor?.. Yordam beringlar!..
Kimdir vodoprovod qudug’ining qopqog’ini yopmay ketgan ekan, Xosiyatning ovozi o’sha yerdan chiqayotgandi...
Bu orada Akmal ham kelib qoldi. Ko’plashib Xosiyatni quduqdan chiqarib olishdi.
Xosiyatning qo’lida muzqaymoqning faqat cho’pi qolgan edi...
* * *
Akmal bilan Binafsha istirohat bog’ini aylanib yurishibdi. Ha, hurmatli tomoshabin, bu o’sha - birda Shavkatning boshiga velosiped nasosi bilan tushirgan bolakay edi.
Muhabbatdan mast oshiqlarning his-tuyg’ularini ifodalaydigan qo’shiq ketadi:
O’tirganda to’r yarashgan,
Yurganida yo’l yarashgan.
Oy to’lishgan oqshomlarda,
Qo’llariga gul yarashgan.
Oshiq so’zdan adashadi,
Adashgani yarashadi.
Katta-kichik havas bilan,
Bular kim deb qarashadi.
Yoki:
Bo’zto’rg’ayim, bo’zto’rg’ay,
Suyukligim - yo’ldoshim.
Yer holini yer so’rg`ay,
Yolg’izligim - sirdoshim.
Bo’zto’rg’ayim, bo’zto’rg’ay,
Yolg’izligim - sirdoshim.
Muqabbat bor, hijron bor,
Orasida bo’zlaysan.
Charx ishidan sen bezor,
Armonlardan so’ylaysan.
Bo’zto’rg’ayim, bo’zto’rg’ay,
Suyukligim - yo’ldoshim.
Qo’shiq klip tarzida suratga olinib, quyidagi kadrlar ketadi:
Sevishganlar bolalar temir yo’l izi bo’ylab ketishyapti - Binafsha izda, Akmal uning qo’lidan ushlab boryapti...
Yigit bir qiziq voqeani gapiradi, qiz qotib-qotib kuladi...
Ular bolalar pufakchalari (shar) sotib o’tirgan ayol tomon yurishadi. Akmal bitta pufakcha sotib olib, qizga bermoqchi edi, shar tepaga uchib ketadi.
Binafsha pufakchaga achinib, afsus bilan osmonga qaraydi. Yigit yana bir pufakcha olib, qizga uzatadi. Binafsha qo’l uzatgan payt u tag’in osmonga uchib ketadi.
Binafsha yig’lamoqlan beri bo’lib, nigohlari bilan ko’k sari parvoz qilayotgan pufakchani kuzatadi.
Uchinchi marta qiz pufakchani olmay turadi. Yigit "oling” deganday imlaydi. Nihoyat, qiz olmoqchi bo’lganida shar bu safar ham osmonga uchib ketadi.
Binafsha yigitning atay qilayotganini tushunib qolib, kulganicha ikkala qo’lini musht qilib Akmalning ko’kragiga tapillatib uradi...
Tramvay kelib to’xtaydi. Binafshaning sumkachasini olvolgan Akmal qizning qo’lidan ushlab tushirib qo’yadi.
Ko’chaga suv sepadigan mashina haydab ketayotgan Shavkat ularni ko’rib qoladi.
- Velosipedist-ku!.. - deydi u pichirlab.
Yigit bilan qiz qo’l ushlashgancha odamlar orasiga singib ketadi...
* * *
Shavkatlarning uyi oldida suv sepadigan mashina turib-di.
U kopotni ochib motorni kavlashtiryapti.
Binafsha kelyapti. Kayfiyati a'lo.
Shavkat qo’lini latta bilan arta turib boshini ko’targan edi, kopotga urib oldi.
- Hechqisi yo’q, o’rganib ketasiz! - dedi Binafsha jilmayib.
- Ha-a, senmiding? - deb Shavkat qiziga hisobot bera ketdi: - Bordim. hozircha shuni opturing, deyishdi, yaqin-da bir partiya yangisi keladi, xohlaganingizni tanlab olasiz, deb va'da qilishdi.
- Ana, aytmadimmi, siz bo’lsangiz qo’rqib yuribsiz! - dedi qiz nasihatomuz.
- Eskirog’-u, lekin bir amallab odam qilib olarman, - dedi Shavkat g’ururlanib.
- Buningiz odam bo’lmaydi. Shavkatning kapalagi uchib ketdi:
- Ie, nega?..
- Ada-a, bu moshina-yu! - dedi qiz charchoq ohangida.
Keta turib aniqlik kiritdi: - Temir!..
Shavkat angrayib qoldi.
- Ha-a... - deb qo’ydi u. So’ng nochorgina iljaydi: - Shunaqa gap bor-da...
* * *
Shavkatning suv sepadigan mashinasi katta ko’chada ketib boryapti.
Kabina ichi mashxur hind aktyorlarining suratlari, kokilador popukli ensiz palak va tumorlar bilan bezatilgan.
Binafsha xuddi "Mersedes"da ketayotganday o’zida yo’q xursand.
Shodiyona va tantanavor musiqa fonida qiz mashina murvatlarini ko’rsatib, "bu nima", "bu nima" deb so’rayve rar, dadasi javob berishdan charchamasdi. Xullas, ota-bola cheksiz baxtiyor edilar...
"Militsiya" deb yozib qo’yilgan bino oldiga xizmat mashinasi kelib to’xtadi. Ikkita barvasta melisa tushib, eshigini ochdi. Va undan Jamshid tushib, qo’llarini orqaga qilganicha melisalar yetovida binoga kirib ketdi.
U suv sepadigan mashinada angrayib o’tib ketgan oshnasini sezmadi ham...
* * *
To’yxona.
Bir yoqda karnay-surnayu, bir yoqda xonandayu sozandalar. Yoshlar raqs tushib, echkiday sakrashyapti.
To’rda oppoq kelinlik libosida Binafsha, yasanib olgan Akmal o’tirishibdi. U kuyovjo’ralar bilai bir nimalarni gaplashyapti. Kelin – Binafsha o’ychan, jiddiy qiyofada o’tiribdi. Ularni ko’rgan kishi to’ydan unchalik ham xursand emas, deb o’ylashi mumkin.
Davrani bir mahmadana yigit boshqarib boryapti. U alohida stolda o’tirgan xonandalarning oldiga kelib, yoshi kattaroq hofizga murojaat qildi:
- Mahmud aka, endi "ona operatsiyasi"ni boshlayversak ham bo’lar? Odamlar qizishib oldi...
Mahmud akasi "ma'qul" deganday bosh irg’adi. Mahmadana pildiraganicha o’rtaga chiqib, mikrofonni oldi:
- Endi davraga dil so’zlarini aytish uchun, hamda o’z shodliklarining izhori sifatida bir raqsga tushib berishlarini so’rab, kelinimiz - Binafshaxon va kuyovimiz - Akmaljonlarning muhtarama onalarini davraga taklif qilamiz! Marhamat, jondan aziz onajonlar!
Binafshaning xavotiri ana shundan edi - keskin boshini ko’tarib, najot izlaganday atrofga alangladi.
Bir tomondan Akmalning onasi, ikkinchi yoqdan... dovdiraganicha Shavkat chiqib keldi!
Binafsha xijolat va noqulaylikdan yer chizib qoldi.
Mahmadana bu anglashilmovchilikning oldini olishga shoshildi:
- Kechirasiz, men "kelin-kuyovning onalari" dedim, otalarini sal keyinroq chaqiramiz, uzr...
Binafshaga xuddi dadasini davradan haydayotganday tuyuladi. Og’rindi.
Kuyovning ota-onasi ham xijolatda.
Mehmonlar hayron.
O’rtaga noqulay sukut cho’kdi - barcha yemoq-ichmoqdan tiyildi.
Binafsha hammani hayron qoldirib, stullarni naridan-beri surganicha o’rtaga chiqdi. Shu topda, negadir, xo’rligi keldi. Dadil yurib otasining oldiga borib turdi.
To’yxona suv quygandek jimib qoldi. Hamma nima bo’lishini kutardi.
Binafsha dadasining qarshisiga kelib... tiz cho’kdi!
Shavkatning kapalagi uchib ketdi:
- I-i-i, bu nima qilganing, asal qizim?.. - dedi u shivirlab. - hamma bizga qarayapti...
- Qarasa qarar, bu muhimmas! Menga siz muhimsiz, qadr-qimmatingiz muhim! Ota bo’lib yedirdingiz-kiydirdingiz, ona bo’lib alla aytdingiz! Adajon, agar men yoshlik qilib gapingizga kirmagan bo’lsam, ovozimni sal balandlatib gapirgan bo’lsam, men ahmoqingizni kechiring!
Mendan rozi bo’ling, o’zimning adajonim!..
Hamma lolu hayron. Chunki kelin o’zini bunaqa tutishini hech kim ko’rmagan edi.
Shavkat qizining yelkasidan olib turg’azdi, bag’riga bosdi.
- Nega unaqa deysan, jon qizim?.. - deya oldi u tomog’iga bir nima tiqilib. - Sen dunyodagi eng yaxshi qizsan!..
* * *
To’yxona oldi.
Shavkatning suv sepadigan mashinasi turibdi.
Rulga qo’llarini qo’ygancha u xayolga cho’mib o’tiribdi. Xayolida esa...
...Chang-to’zon ichida qolgan beshik va big’illab yig’layotgan chaqaloq...
...Maktab formasidagi Binafsha sumkasi bilan Ozodbekning boshiga soladi...
...Akmal velosiped nasosi bilan Shavkatning peshonasini qashqa qiladi...
Kabina ichida o’tirgan Shavkat mayus kulimsirab qo’ydi.
To’yxonadan Binafsha bilan Akmalni qurshab olgan bir to’p kuyovjo’ra va kelinning dugonalari g’ala-g’ovur qilib chiqishdi.
Binafsha Akmalning qo’lidan ushlaganicha shu tomon yugurdi.
- Ada, qochdik! - deb kabinaga chiqib oldi.
Shavkatning mashinasi o’kirib joyidan qo’zqaldi.
Buni ko’rgan kuyovjo’ra va yangalar o’sha yerda turgan yengil avtomobillarga shosha-pisha o’tirib, suv sepadigan mashinani quvib ketishdi.
Rulda ketayotgan Shavkat anchadan buyon mashinani bunaqa tez haydamagan edi. Yonida o’tirgan qiziga "Qalay haydayapman?" deganday kerilib qarab qo’ydi.
Binafshaning zavqi kelib, goh orqani ko’rsatuvchi yo'n ko’zgudan ta'qibchilarga qarar, goh dadasini yanada tez yurishga undar, ko’zlarida o’t chaqnardi.
Akmal ham Binafshaning talvasasiga qo’shilib, ko’zguchadan ko’z uzmay borardi.
Shavkat qiziga kulimsirab qarab qo’ydi.
- Akmaljon, bu, valasapidingizning g’ildiragi aylanib turibdimi? - dedi Shavkat kuyov-qaynota o’rtasidagi noqulaylik pardasini ko’tarish uchun.
Akmal gunohkorona jilmayib, bosh irg’adi:
- Ha...
- Nasosi-chi? Nasos omonmi?
Ikkalasi ham sharaqlab kulib yubordi.
Binafsha bularning nega kulayotganiga tushunmasa ham jilmayib boryapti.
- Shu yerda to’xtating, - dedi qiz.
Mashina to’xtadi. Orqadagilar ham yetib kelishdi.
- Va'dangiz esingizdami, ada? - deya araz aralash erkalandi Binafsha.
- Esimda, esimda... - dedi Shavkat kulib.
Qiz xursand bo’lib, kuyovning yordamida mashinadan tushdi.
Kimsasiz tungi ko’cha.
Binafsha Akmalning qo’lidan ushlab mashina chiroqlari ro’parasiga kelib turdi.
Yangalaru kuyovjo’ralar hech nima tushunmay, g’ala-g’ovur qilgancha har tarafdan ularni o’rab olishdi.
- Boshlang! - deb baqirdi Binafsha.
Shavkat mashinaning allaqanday murvatini burab, gazni bosdi.
Mashina jo’mraklaridan suv otilib chiqdi. Buni kutmagan yangalar, kuyovjo’ralar, kelinning dugonalari dod-voylab turli tarafga tariqday sochilib ketdi. Faqat Binafsha bilan Akmal qoldi.
Ust-boshi shalabbo bo’lishiga parvo qilmay, bolalarcha zavqu shavq bilan qiyqirib sakrashardi.
Boshqalar tungi salqinda kiyimlarini ho’l qilishga yuragi dov bermay, bir chekkada tomoshabin bo’lib turishibdi.
Shavkat rulga iyak tiraganicha o’zida yo’q shod sakrayotgan qiziga jilmayib qarab turar, ko’zlarida yosh yiltillardi.
Mashinadan chiqayotgan favvora nainki kelin-kuyovning kiyimlarini, balki qalblardagi g’uborlarni ham yuvayotgan edi go’yo...
Stop kadr
Bor gap shu...
2008 yil