OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sharof Boshbekov. Mening yozuvchi bo‘lganim (biografik hajviya)

Men jiddiy oilada tarbiyalanganman. Uyimizda kulgi ovozi kamdan-kam eshitilardi. Ota-onamiz: «Jiddiy bola bo‘lgin, shunda sendan jiddiy odam chiqishi mumkin. Bo‘lar-bo‘lmasga hiringlayversang, go‘r ham bo‘lmaysan» deb o‘rgatishgan. Ana shu gap hamon qulog‘imda. Mendan durust odam chiqdimi-yo‘qmi bilmadim-u, lekin shunaqa qovog‘i soliq odam bo‘p qolganim aniq.
Tabiatimda yoshligimdan bir xudbinlik bor: men gapirsamu boshqalar eshitsa! Shu, deng, ich-ichimda aytadigan gaplarim ko‘pga o‘xshardi. Qanaqa gapligi esimda yo‘g‘-u, ammo gapirishga kuchli ehtiyoj sezaveraman. Vaqti-soati kelib biron kasbning boshini tutish masalasi ko‘ndalang bo‘lganida, nima hunar qilsam ekan, deb o‘ylay boshladim. Avvaliga diktor, o‘zbekchasiga – suxandon bo‘lsammikan, dedim. Maza-da! Radiodami, televizordami gapiraverasiz, gapiraverasiz. Millionlab odam istasa-istamasa eshitaveradi. Radiosini o‘chirib qo‘ysa ham sen gapiraverasan-da. Keyinchalik bir-ikki urinib ham ko‘rdim, lekin radioga ovozim yoqmadi, televizorga – basharam. Xullas, bo‘lmadi.
Aktyorlik eng zo‘r kasb bo‘lib tuyulib qoldi bir mahal deng. Tasavvur qiling, zal liq to‘la odam! Buyam yetmaganday, oxirida chapak chalib, gullar ham berishadi! Artistlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtini bitirganimdan keyin biron o‘n yil teatrda ishlab, bu kasbdan ham ko‘nglim qoldi. Aktyor degani birov yozgan gaplarni gapirarkan, o‘zining gaplari ichida qolib ketaverarkan sho‘rlikning. To‘lib-to‘lib dardingni aytolmaganingdan keyin, shuyam hunar bo‘ldi-yu. Qisqasi, buniyam yig‘ishtirdim.
Yoshligimda, deng, Brejnevga juda-juda havas qilardim. Dunyoda shu bandadan baxtli odam bo‘lmasa kerak, deb o‘ylardim. Yo‘q, mansabiga emas, gapirish imkoniyatiga havas qilardim. S’ezdlardagi nutqlarini eslang. O‘ziyam jag‘i tushib ketgunicha gapirishga haqqi bor edi-da! Keyin bilsam ungayam birov yozib berarkan. O‘ylab-o‘ylab Brejnev bo‘lishdan ham voz kechib yubordim.
Kunlardan bir kun Boshbekovning boshiga bir zo‘r fikr keldi: hamma birov yozgan gaplarni gapirsa, o‘sha «birov» o‘zim bo‘p qo‘yaqolsam-chi? Yaxshi-da, o‘zim yozaman – o‘zim gapiraman! Shu-shu, desangiz, o‘zim yozadigan bo‘p ketdim. Maqtanish bo‘lmasin-u, hozir siz o‘qib turgan satrlarni ham o‘zim yozganman. Shunaqa yozadigan odamlarni yozuvchi deyisharkan. Yozuvchilar ham ikkiga bo‘linarkan. Birinchisi, bolaligida kam kulganlar («durust odam bo‘lish» ilinji-da). Ular kulgiga to‘ymay o‘sgani sabab, nuqul kulgili asarlar yozadi. Ikkinchisi – hamma kulgisini bolaligida kulib bo‘lganlar. Ular nuqul jiddiy asarlar yozishadi. Biron muallif asarini «komediya» deb da’vo qilsa-yu, lekin kulgili chiqmasa, «bu yozuvchi bolaligida kulib qo‘ygan ekan-ku» deb qo‘yaman.
Yozuvchilik g‘alati kasb ekan. Butun umring «Ho‘, birodarlar, meniyam qo‘limdan yozish keladi» deyishga sarf bo‘larkan. Avval teatr jamoatchiligiga, keyin adabiy jamoatchilikka, so‘ng tomoshabinga. Ungacha o‘zingiz ham qirqni urib qo‘yasiz.
Xo‘p, isbotladingiz ham deylik. Keyin xotiningiz boshlab qoladi:
— Hoy, dadasi, biron jiddiyroq ish qilsangiz bo‘lmaydimi? Kap-katta, sog‘-salomat erkakka sekretar-mashinistkalarga o‘xshab mashinka chiqillatib o‘tirish ham ishmi? Mayli, ishdan bo‘sh vaqtingiz-da asar yozasizmi, qush boqasizmi, it boqasizmi – ixtiyoringiz!
Xotiningizga to it boqish bilan yozuvchilikning farqini tushuntirguningizgacha yoshingiz ham ellikka borib qolar ekan. Buyog‘i endi nima bo‘ladi, bilmayman.
Hali aytganimday, bolaligimda kulgiga to‘ymay o‘sganman, endi o‘shaning hissasini chiqarish uchun hajviy asarlar yozadigan yozuvchi bo‘lishga ahd qildim. Kulgining o‘zi nima, rangi qanaqa, qanday materialdan yasalgan – xullas, shu masalada qattiq bosh qotirdim. Vale, shunday xulosaga keldim: kulgiyam ikki xil bo‘larkan – bama’ni kulgi, bema’ni kulgi. Shunday bir asar yozishni orzu qilib kelaman – uni ko‘rgan tomoshabin qah-qah urib kulmasa, biroz havas, bir qadar ma’yuslik bilan jilmaysa va jilmayib o‘tirganini o‘zi ham sezmasa. Bilasizmi, bu tabassumda ta’ma yo‘q. Bu nihoyatda shirin, huzurbaxsh, iliq va yoqimli kulgi. Tomoshabinni kuldirish oson, jilmaytirish qiyin. Tarvuz ko‘tarib ketayotgan bir semiz amaki gup etib yiqilib tushsayam kulaveramiz-da. Bama’ni kulgi esa boshqacha bo‘ladi.
Bir kuni kichkina qizchamni yetaklab bozorga tushdim. Uzum olmoqchi bo‘ldik. Bir badjahl, qo‘rs odam uzum sotyapti. Qovog‘i menikidan ham battar osilib ketgan. Yaqinlashib narxini so‘radim.
— Ko‘rmayapsizmi, yozib qo‘yibmiz-ku! – deb jerkib berdi u.
— Ha endi, bu bozor, xaridor degani savdolashadi, tortishadi.
— Siz bilan tortishib o‘tirishga vaqtim yo‘q! Olsangiz oling, bo‘lmasa tovarni to‘smang!
Baribir savdolasha boshladik. Men u dedim, u bu dedi, xullas, o‘n so‘mlik uzumni sakkiz yarim so‘mga kelishdik. Qarab turibman, haligi amaki tarozining pallasini taraqlatib jahl bilan uzum tortyapti. Bir payt qizchamga ko‘zi tushib, butunlay boshqa ohangda so‘radi:
— Ie, bu yaxshi qizaloq ekan-ku! Isming nima? Ma, manovi senga, – deb salkam yarim kilo keladigan uzum boshini qizimga uzatdi. Hayron bo‘laman, men bilan shuncha tortishgani nima-yu, shuncha uzumni tekinga berib yuborgani nima? Berishga berdi-yu, lekin ogohlantirib qo‘yishniyam unutmadi:
– Buni o‘zing yegin, xo‘pmi? Dadangga berma, shundoq ham meni qaroqchiday qaqshatib ketyapti!..
Qarasam, boshqa sotuvchilar ham unga jilmayib qarab turishibdi. Ular bu odamning sirti qo‘pol, lekin siyrati yorug‘ligini bilishar, u savdo qilayotganida doim kuzatib turishar ekan. Uyga qaytayotib e’tibor qilsam, o‘zim ham jilmayib ketayotgan ekanman. Menga ana shunday kulgi kerak.
Kulgining yana bir turi bor, u «jirafa kulgi» deyiladi. Yo‘q, men hammadan keyin kuladiganlarni aytmayapman. Hayotda shunday voqealar yuz beradiki, aynan o‘sha paytda hech kim kulmaydi. Voqea sodir bo‘lib o‘tganidan ancha keyin eslab kulamiz. Aytaylik, it quvlayotgan odam o‘sha paytda kulmaydi-ku, to‘g‘rimi? Keyin, oradan ma’lum vaqt o‘tganidan so‘ng o‘sha paytda qanday qochgani, nima deb dodlagani haqida gapirib yoki eslab kuladi. Men ham ana shunday «jirafa kulgi»ning bir marta guvohi bo‘lganman.
Eski zamonlarda bir guruh yozuvchilar paxta yig‘im-terim mavsumida dala aylangani viloyatlardan biriga bordik. U vaqtlarda «obkom» degan gaplar bo‘lardi. O‘sha idoradan bir kishini bizga hamroh qilib jo‘natishdi. Haligi odam biram sipo ediki, na gaplashib bo‘ladi, na hazillashib. Oddiygina hol-ahvol so‘rashishgayam erinayotganday. Bir xo‘jalikka borsak, odmigina mehmonxonaning foyesiga dasturxon qilishibdi. O‘tirdik. Haligi odam ham. Shlyapasini yechmadi, xuddi birov opqo‘yadigandek. Dasturxon atrofida o‘tirib, biroz qizishib olganimizdan keyin latifago‘ylik boshlandi. Bora-bora siyosiy latifalargayam o‘tib ketibmiz. Vakil miq etmay, hammamizning g‘ashimizni keltirib o‘tiribdi. Shu payt rahmatli yozuvchimiz Otayor shipdagi yong‘inga qarshi o‘rnatilgan qurilmani ko‘rsatib:
— O‘rtoqlar, har narsani gapiravermanglar, anovi kim nima desa hammasini yozib olyapti, — deb qoldi.
Bu shunchaki hazil ekanini, u qurilmaning nimaligini hammamiz bilib tursakda, o‘rtaga allanechuk noqulay jimlik cho‘kdi. Keyin gap boshqa mavzuga ko‘chib, haligi gap esimizdan ham chiqib ketdi. Bir payt, deng, boyagi vakil hech gapdan hech gap yo‘q, o‘rnidan shaxt turib, shipga qarab qichqirib qolsa bo‘ladimi:
— Bu yerdagi gaplarga mening aloqam yo‘q! Familiyam – Vahobov!
Hammamiz qotib qoldik. Vakil bir ishni qoyillatib qo‘yganday, viqor bilan joyiga o‘tirdi. Birontamiz kulmadik. Aksincha, sho‘rolar jamiyati odamni ne ko‘ylarga solib qo‘yganidan afsuslanib o‘tirardik. Faqat keyin, Toshkentga qaytganimizdan so‘ng o‘sha voqeani eslab, rosa kulishdik. Qarang, familiyasiniyam aytdi-ya.
Portlovchi kulgi ham bo‘ladi. Tomosha zali titrab ketadi. Bu juda keng tarqalgan, ommabop kulgi. Hayotda bunaqa voqealarga juda ko‘p duch kelamiz. O‘zimizning askiyamizni eslang. Eshitgan zahoti kulamiz, u «jirafa kulgi»ning teskarisi.
Bir hamkasb do‘stimizning piesasi teatrda ilk bor sahnalashtirildi. Bu yozuvchining ijodida katta voqea, albatta. Do‘stimiz ziyofat berdi. Uning sha’niga ko‘pdan-ko‘p maqtovlar aytildi. Uyga qaytyapmiz. Ko‘chada bir ayol sadaqa so‘rab o‘tiribdi, qo‘lida yosh bolasi ham bor. Bir payt dramaturg do‘stimiz («dramaturg» deymiz-da endi, piesasi sahna yuzini ko‘rdi, axir) gadoyning qar-shisida to‘xtab, birpas tikilib qoldi. Biz sadaqa bersa kerak, deb o‘yladik. U biroz chayqalganicha gadoyga dashnom berdi:
— Sadaqa so‘rab o‘tirgani uyalmaysizmi, hali yosh ekansiz? Undan ko‘ra biron joyda ishlang!
Ayol noliy ketdi:
— Voy, ukajon, qandoq qilay, biron hunarim bo‘lmasa, o‘qimagan bo‘lsam, qo‘limdan nimayam kelardi?
Do‘stimizning dramaturgligi tutib ketdi:
— Nega qo‘lingizdan hech nima kelmas ekan? Masalan, piesa yozib, teatrda qo‘ydiring!..
Hajviy asar yozishning ko‘p yaxshi fazilatlari bor. Masalan, asaringizning uncha-muncha kamchiligini yumor bilan «suvab» yuborishingiz mumkin – o‘zingizdan boshqa hech kim sezmay qoladi. Uning yordamida adabiyotning boshqa turlarida ham bemalol qalam tebrataverasiz, hech kim «qarang, falonchi dramaturgiyani qo‘yib, she’r yozishga o‘tib ketibdi, tinchgina piesasini yozib yuravermaydimi» deb ta’na qilolmaydi. Men hech qachon she’r yozmaganman, yozish qo‘limdanam kelmaydi. Mabodo, shayton yo‘ldan urib, yozib qo‘ysam ham birov bir nima deyolmaydi.
Farg‘ona teatrining yetmish yillik to‘yi munosabati bilan uch-to‘rt qator bir nima qoralab, teatr jamoasini tabriklaganim esimda. Yozganimni birov tanqid ham qilgani yo‘q, hech kimning ensasi ham qotmadi, aksincha, olqishlar bilan kutib olishdi. Farg‘ona teatri deganda, albatta, «Temir xotin»ni eslamay iloj yo‘q. Hamma mendan qandaydir mo‘‘jiza kutardi. Sharofning she’r yozishidan ortiq qanday mo‘‘jiza bo‘lishi mumkin?
Birinchi bo‘lib Qo‘chqor rolining ijrochisi Muhammadsoli Yusupovni tabrikladim:

Qo‘chqor dedik, qo‘chqor bu deb bog‘lab qo‘ydi,
Ne-ne qizlar yuragini dog‘lab qo‘ydi.
Ko‘z tegmasin dedimi yo qizg‘andimi,
Kelin bola uning o‘zin shoxlab qo‘ydi.

Spektakl rejissyori Olimjon Salimov ham benasib qolmadi:

Yomon piesa kelib qolsa qocholmaysiz,
Yaxshisiga yetvolgudek chopolmaysiz.
Qo‘ying o‘sha Said Ahmadu Shukrulloni,
Mendan yaxshi dramaturgni topolmaysiz.

Kamtarlik shunchalik bo‘ladi-da.

Ko‘pincha muxbir ukalarimiz mendan «Adabiyotga qanday kirib kelgansiz?» deb so‘rab qolishadi. Men: «Adabiyotning orqa eshigidan kirganman, shuning uchun ham birov bilib, birov bilmay qolgan» deb javob beraman. Bu gapga gohida o‘zim ham ishonib ketaman.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.