OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Armonga aylangan orzu (hikoya)

“Hammasiga o‘zim aybdorman,”deb o‘yladi O‘roq ovchi. “Unisi bo‘lmasa, boshqasi bor edi-ku?! Nega unga uchdim. Qaddi-qomatigami, husn jamoligami yoki boshqa joyigami... Qiz zotiga qirg‘in kelmagandi-ku! Nega endi Nuqraga duch keldim...”
Qizi tushmagur ham noz qilib o‘tirmadi, birdaniga rozi bo‘la qoldi. Ammasining o‘g‘liga bir paytlari beshikkerti qilinganligi ancha keyin aniqrog‘i, to‘ydan so‘ng ma’lum bo‘ldi.
O‘roqning boshini ham bo‘ldi. Xotiniga hech narsa demadi. Taqdiriga tan berishdan boshqa chorasi yo‘q edi. Beshikkerti qilingan yigit hamiyatiga tegmagan bo‘lsa-da, lekin O‘roqning oriyati qo‘zidi. Ma’lum bo‘lishicha, Nuqraxon ham bir paytlari yigitga ro‘molcha berib, uni o‘z suhbatidan bahramand qilgan ekan.
O‘roqning dardi ichida. Hech kimga ayta olmadi-yu lekin o‘rtanchi o‘g‘lidan shubha qila boshladi. Aslida bu shubha uning gumonalik lahzalaridanoq paydo bo‘lgandi. Bola yengil edi. Solishtirib qaralsa, uning hech bir joyi otasiga o‘xshamasdi. Tug‘ishganlarining orasida ham ajralib turardi. 
“Kimga tortdiykin,” deb o‘ylaydi otasi. “Ajdodlarimizdan birortasiga tortgandir balki. Mushtday tirmizak hozirdanoq g‘irromlik qiladi. Uyatdan yiroq...”
Nuqradan masalaning yechimini so‘ramaydi. Oxirida noiloj shubha-yu gumonlarini xotiniga ochiq aytadi:
-Kampir mana shu - O‘rdash bolamizdan mening shubham bor. Mendan to‘raganiga ishonmayman. Bola olchoq. Gap-so‘zlariga quloq solib tursang, kishiga tuhmat qilishdan ham toymaydi.Sen tomondan ham, men tomondan ham kuzatsang bunaqa odam yo‘q ekan... Kampir boshqalaridan ko‘nglim to‘q, lekin birgina mana shu O‘rdashdan xavotirdaman. Ko‘rasan, bu bola hali ko‘plarga jabr qiladi. Shunda ular eng birinchi bo‘lib meni, keyin esa seni so‘roqlaydi. Padaringga lan’at deydi. Onangni... deydi. Xullas, bir dunyo mashmasha...
O‘roq ovchi shu gaplarni aytadi-yu xotinining ne deyarini bilgani uchun ham boshini ko‘rpaga burkab oldi. U gap eshitadigan va kampiri ham so‘zlaydigan ahvolda emasdi.
Oradagi jimlik uzoq davom etadi. Bu jimlikni O‘roq ovchi va uning kampiri qazo qilganlaridan keyin o‘sha beshikkerti qilingan kishi o‘z o‘limi oldidan buzadi.
“O‘rdash – mening o‘g‘lim, sizlarning iningiz, bir-birovlaringiz bilan inoq bo‘linglar, uni ayanglar.” 
Ma’rakalar o‘tgandan so‘ng jigarlari O‘rdashni izlashadi. Uyiga borishsa, xotini bilan ikkita bolasini tashlab azim shaharga ketib qolganiga uch-to‘rt yil bo‘libdi.
Azim shaharga keldilar. Izlab u ishlaydigan manzilni ham topishdi. Idoraning yuzi xuddi arining uyasiga o‘xshardi. U yerni mirshablar qo‘riqlashar ekan. Ismi-rasmini qilib, O‘rdashning xonasiga kirishdi. Sohibi yo‘q xonada biroz o‘tirishgach, ularni kimdir rahbarning oldiga yetakladi. Kallasi katta, yelkasi boqilgan navvosnikidek keng rahbar ularni tavoze’ bilan kutib oldi. Salom alikdan so‘ng rahbar ham ularga begona emasligi aniq bo‘ldi.
-Sizlar Oqtovdan bo‘lsangizlar, men Qoratovdanman. Nosir mullaning o‘g‘li bo‘laman. O‘roq ovchi haqida ham ko‘p eshitganman. Shu odamning hurmatiga O‘rdash akani ishga olib edik, - deydi rahbar salmoqlab.
-Begona emas ekanmiz, - deydi mehmonlardan yoshi kattarog‘i. –Siz mendan kichkina chiqarsiz, otangizni ham yaxshi bilamiz. Akamizning otini – Mardon deyishardi. U kishini sirtdan ko‘pchilik bilishmaydi. Yaqinda qazo qildilar. Shu desangiz bizlar O‘rdashni topishimiz kerak. Akamizning bir nozik gaplarini u kishining o‘zlariga aytishimiz kerak.
-Ha, tushundim, vasiyatga o‘xshagan bir narsa bo‘lsa kerak-da, a? – deya rahbar kalovlandi.
-Ha, to‘g‘ri tushundingiz, uka. Vasiyat qilingan, - dedi mehmon.
-O‘rdash aka, ishga kam keladi. Asosan ijod bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shunday imkoniyat yaratib berganmiz. Uyda faqat yozuv-chizuv va mutolaa bilan mashg‘ul, - deydi rahbar.
-Yaxshi sharoit yaratib beribsiz, yurtdosh. Otangizga rahmat, bo‘ladigan yurtning bolalari bir-birini polvonim, derkan, uka. Sizga rahmat. Baxtli bo‘ling. Xonangizni xuddi o‘zimiznikiday qilib oldik. Agar ... vaqt ham bo‘ldi, chiqib tursak ham yomon bo‘lmasdi, - deydi mehmonlar.
-Yo‘q, bahuzur, - deydi rahbar.
-Nima desam ekan... Siz ham begona emas ekansiz, - deya mehmonlar kalovlanadi.
-Aka, nimagadir siz bezovta ko‘rinasiz. Men ham sizga yordam bergim kelyapti. Harholda, begona yurtda qo‘llab yuborsam, savob bo‘lardi. Lekin sizlar mendan yashiryapsizlar, - dedi rahbar kallasini silkitib. – Axir tog‘ning odamlarimiz-ku! Keling, ochiqchasiga aytavering. Hozir O‘rdash akani toptirib kelamiz.
-Siz mulla Nosirning o‘g‘liman, dedingiz. Dunyoni bilgan odam ekansiz, uka. Ochiqchasiga aytsak, O‘rdash bizning inimiz bo‘larkan, - dedi mehmon. – Buni rahmatli Mardon akam o‘limidan oldin aytdi. Bor gap shu.
-Ey-e, buyog‘i qiziq bo‘ldi-ku! – deya kalovlandi rahbar. – O‘roq ovchi nima qilgan ekan. Men bilmagan ekanman. Demak, O‘rdash aka Mardon boboning g‘unchasi ekan-da? Hozir, mana telefoni, qani bir terib ko‘raylik-chi. Yo‘q, uyida emas.
-Uka, siz bilan gaplashib ham O‘rdashni ko‘rgandek bo‘lamiz. Taqdir ekan. Mana biz qayda edigu siz qayda edingiz. Azim shaharda rizqini terib yurgan O‘rdash inimizning ahvolidan gapirib gapirib bersangiz, - dedi mehmon.
-Xafa bo‘lmasangiz aytaman, - dedi rahbar. -Endi hammasi ayon bo‘ldi. Men unga avvaliga yurt sha’ni, so‘ng O‘roq ovchining hurmati bilan yordam berdim.
Mayli, keling aytsam, bir boshidan ayta qolay.
“O‘rdash aka qishlog‘ida ikkita bolasi bilan xotinini tashlab, katta shaharga otlanadi.
Qaysidir bir idorada ham ishlaydi. Qitmirligidan u yerdan haydab yuborishadi. Mening oldimga keladi. She’rlarimni, tog‘larimizni, qarindoshlarimni aytib maqtaydi. Keyinchalik men va asarlarim haqida kichikroq maqola yozadi. Menga uning bu qiliqlari yoqmaydi. Laganbardorligidan hayron bo‘ldim. Ko‘zimni yumdimu nima bo‘lsa bo‘lar deganday ishga oldim. Endi har kech mening oldimda o‘tirib olib, o‘zimni o‘zimga maqtaydi. Bezor qildi. Uyalmaydi, deng bu odam. Hamkasblariga men bilan bir joydan ekanligini aytib, maqtanarmish. Hattoki, men Shahanshoh bilan xonasida konyak, vino ichdim. Uning she’rlarini tahrir qilib berdim. Yana o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblarni tavsiya qildim, deya ishxonadagilarni og‘ziga qaratib o‘tirarkan.
Namoz o‘qiyman, deydi-yu, lekin qilayotgan va bajarayotgan amallarini kofir ham qilmaydi. O‘rdash akani bir ukamizning bo‘sh turgan uyiga ijara qo‘ysak, deng. Sharmanda qildi. Bir satang shoira xotin bilan “shivirlashib” turganida ukamiz xotin bola-chaqasi bilan ustidan kelib qoladi. Ukamiz hech narsa demaydi-yu lekin kelin O‘rdash akani uydan chiqarib yuboradi.
Uylantirib qo‘yaylik, desam unamaydi. Katta asar ustida o‘tiribman, shuni tugatay, so‘ng oyog‘imni uzatib dunyoviy ishlar haqida o‘ylayman, dedi.
Men unga ishonmay qo‘ydim. O‘rdash akani sizu biz yaxshi biladigan olisqo‘rg‘onlik Mas’ud Halil degan shoir uyiga opkeladi. Ikkalasi birga ishlardi ham. Shoir hastalanib bemorxonada yotadi. O‘rdash aka uning holidan xabar olish o‘rniga, shoirning eng sara, qimmatbaho kitoblarini qaygadir opketadi. Shu bilan birga u shoirning uyidan ham ketadi. Shoir xudoning zori qiladiyamki, O‘rdash aka kitoblarni qaytarib bermaydi. Mas’ud Halil aka bu gapni menga aytadi. Men esa taqvodor odamning birovni kitoblarini olib qaytarib bermasligi yaxshi amal emasligini uqtirdimki, baribir foydasi bo‘lmadi. Bu orada shoir ham olamdan o‘tdi. Endi qarz qiyomatga qoldi. Lekin unga bunaqangi tuyg‘ular begona ekan.
U kishiga ko‘p yordam qildim. Lekin u bilmadi. Bilmasam ham go‘rga edi. Oxiri tuhmat qilishga o‘tdi. Ustimdan yozdi. Nima emishki, men go‘yoki unga azob berayotgan, ijodidan to‘xtatib, shaxsiy yumushlarimni qildirayotgan manfur kimsa ekanman. Va boshqa narsalarni yozganki, o‘qib yoqa ushlaysiz. Nomaning tagiga esa bir talay kasblarni sanab tagiga O‘rdash Oqtov deb yozganini aytmaysizmi? Bundan Oqtov ham, men ham, O‘roq ovchi ham uyatga qoldik. Sadqai odam ket. Chaqirib, “nima gap, otamizning molini bo‘la olmayapmizmi, gunohim ne, qo‘ying shu ishlarni, uyat bo‘ladi,” desam ham yana o‘sha ig‘vogarligiga o‘tib olgan. Atrofida to‘rtta-beshta satang shoira yana bir-ikkita alamzada qariyani yig‘ib, bo‘lgan-bo‘lmagan gaplarni tepaga yozish bilan ovora.
Odam bu kishining qilayotgan ishlaridan uyalasan. Bir ishni topshirsang oxirigacha yetkizmaydi. Yurish-turishi ham pala-partish. Yolg‘on gapiradi. “Zo‘r shoh asar yarataman. Menga bir-ikki yil indamang,” dedi. Xo‘p, dedim.
Ikki yillar bo‘ldi. Faqat oylik maoshini ishlamasdan yeb yotibdi. Bundan O‘rdash aka uyalmasayam, men xodimlarimlarning orasida uyalyapman. Hali asardan darak yo‘q. Mana shu bahorda yuqoridan kelib, ishxona xodimlarini birma bir saralab, qaytadan ishga qabul qildik. Hammaning oldida O‘rdash akaning o‘ziga o‘zi yozgan xarakteristkasini o‘qib berdim. Har tomondan unga savollar yog‘ila boshladi.”Nega ishda ko‘rinmaysiz?”, “Nega keyingi paytlarda ijodingizda sustkashlik paydo bo‘ldi?” “Nima uchun O‘rdash Oqtov passiv harakatda?”
Shunda, deng O‘rdash aka uyat-sharmni yig‘ishtirib qo‘yib, o‘rtoqlar endi fursati yetdi, menga rahbarimiz yo‘l bermayapti, ijodimni so‘ndirmoqchi, mana ikki yildan beri bir ish buyurmaydi, - deya lupa taqqan ko‘zlarini lo‘q qilib menga qadadi. – Mana shu yerda o‘tirgan o‘rtoqlar boshlig‘imizning tanobini tortib qo‘yishlari zarur. Aks holda menga o‘xshagan sermahsul ijodkorlarning holiga maymunlar yig‘laydi. Ha, mana shunday ijodni tushunmaydigan rahbarlarning payini qirqadigan fursat yetib keldi. Meni mana shunday zolim rahbarning dastidan ozod qilishlaringizni so‘rayman. Muxlislarim har kuni xat yozaverib jonimga tegdi. Bu kishi esa asarlarimning yuzaga chiqishini ko‘ra olmaydi.”
U kishi shunday deya sannay ketdi. Men ne qilarimni bilmayman. Oxiri Xolmat degan shotirim bor edi o‘sha jonimga aro kirdi. “Uyaling, o‘rtoq O‘rdash Oqtovli. Sizning bu gaplaringizni Oqtov eshitsa uyaladi. Siz o‘zingiz shoh asar yarataman deb, rahbariyatdan ruxsat olib, ishga kelmasdan maoshni olib, va’da qilingan asarni yozmasdan turib yana shuncha odamning oldida ig‘vogarlik qilayotganingiz uyat. Erkak kishiga bu ishlar isnod. Bu yerda o‘tirganlar ham odam. Faqat sizni emas, boshqalarni ham eshitadi. Hukmi xulosani o‘zlari chiqarib oladi. Andishaning otini andisha deylik, o‘rtoq O‘rdash Oqtovli. Odamgarchilik otangizning quli emas. Oq tovuq bo‘lib, hamma sirni ochyapsiz. Akalar bu odamga ishonmanglar. Hamma gapi yolg‘on. Ey, senga yaxshilik qilgannniyam... Yurish-turishingizga qarang, salgina uyaling. Yoshingiz bir joyga kelsayam yolg‘ondan qo‘rqmas ekansiz. Biz ham aybingizni bilamiz. Hammasini endi bir qog‘oz qalam qilib qo‘yamiz.Undan keyin ko‘ramiz. Ey, sadqai Oqtov degan laqab ket-e.”
Keyin O‘rdash aka jimitdekkina kallasini yelkasiga qisib,ko‘znoyagi tagidan hammaga bir-bir qarab oldi. Hech kim unga gapirmadi. Orada ancha vaqt jimlik turdi. Gapning rosti, undan jirkandim. G‘azabim keldi. Ishda opqoldim. Qasdlashmadim. O‘zimni bosdim.
Unda bet ham yo‘q ekan. Ishda bo‘lmayotganligini oqlash uchun orada oldimga kiradi-da, “qishloqqa borib kelay, bolalarimga ul-bul tashlab kelaman, o‘g‘limning mazasi yo‘q ekan, qizimning tug‘ilgan kuni, ust-bosh oluvdim, shularni tashlab kelishga ruxsat bersangiz,” deydi. Men nimayam derdim, javob berdim. Lekin uning bolalariga qarayotganiga ishonmasdim, gumonim to‘g‘ri chiqdi. Yaqinda xotini keldi. Bu nokas bolalariga umuman qaramas ekan. Hattoqi, alimentni to‘lashdan bosh tortibdi...
Uzr, akalar men O‘rdash akani maqtash o‘rniga sizlarga yomonlab o‘tiribman. Uyga ketdik, mehmonim bo‘lasizlar. Mardon buvani menga gapirib berasizlar.
O‘roq ovchi ham qishloqning old odami bo‘lgan deb eshitganman.”
Qani, akalar ketdik uyga, - deya o‘zi yo‘l boshladi.
Ne ajabki, ko‘chaga chiqishganida yo‘lning narigi tomonida O‘rdash Oqtov tozidek bukilib ketib borardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.