Bu odam yo‘g‘on gavdali, sochlariga oq oralagan, yoshi oltmishlar atrofida edi.
Qattiq ham, past ham gapirmaydi. Kulishi ham, xafa bo‘lishi ham tez va oson. Kishining yuziga razm solib, kayfiyatiga qarab gap ochadi. Ancha sergak va qo‘rqoq odam.
Qulmat asli qozoq birodarldarimizning yurtida tug‘ilib o‘sgan. Otasi – Abdu elning qo‘y-echkilarini boqadigan – cho‘pon bo‘lgan. Onasi qo‘li kosov, sochi supurgi bo‘lib, uyda bolalariga qaragan.
* * *
Abdu xotinini yerli xalqning odatiga ko‘ra, opqochib tanmahramlikka qabul qilgan. Qizning senga tegmayman, o‘z qallig‘im bor, deb dod solishiga ham qaramasdan uni hafta-o‘n kun uyida saqlagan. Qiz boyoqish yig‘laydi, xarxasha qiladi, dodlaydi. Abdu esa buni odatiy, shunchaki ko‘ngil hushi, qiz o‘zini ersirab qolibdi, deb o‘ylamaslik uchun qilyapti, deb xayol qilardi.
Biroq qiz uvvos solib yig‘lardi.Dardini aytib, sannardi:
-Meni qo‘yib yubor, senga baribir tegmayman, o‘zimning yigitim bor. Agar u sening bu ishingdan xabar topsa, xonumoningni kuydiradi. Men uni yaxshi ko‘raman. Bizning orzularimiz bor. Seni yomon ko‘raman. Tushunyapsanmi, axir! Senga xotin bo‘lish uchun tug‘ilmaganman. O‘tinaman, qo‘llarimni bo‘shat. Sendek johildan hazar qilaman. Mening o‘rnimda opang yoki singling bo‘lganida nima qilarding? Ey nomard, oyoq-qo‘llarimni bo‘shatgin.
Qiz cho‘kka tushib Abduga yalinadi. Yig‘lab, siqtaydi.Zorlanadi. Biroq yigitning yuzi qilt etmaydi.U qizning yoniga sekingina kelib, yuzlarini silamoqchi bo‘ladi. Qiz esa boshini asabiy chayqaydi. Sochlarga uzatilgan qo‘llarni bandi qiz “g‘arch” etib tishlab oladi. Yigit “dod” soladi. Qizi tushmagur ham tishlagan joyini mahkam tutib turadi. Og‘riq jonidan o‘tganidan so‘ng Abdu chidab turolmasdan qizning yuziga tarsaki tortadi.
-Manjalaqi, iflos... – deb so‘kinadi.
-Qo‘ling sinsin, podachi, ho‘kiz, taning go‘rda chirigur, - deya qiz qarg‘anadi.
Podachi yigitning qo‘lidagi tish izlaridan qon sizib chiqayotgandi. U qo‘lini ushlagancha qizga qarab hayronu lol bo‘lib turardi. Yigit karaxt edi.
Qiz esa Abduni tug‘ilganiga pushaymon qiladigan darajada qarg‘ar edi:
-Omading yurishmasin. Xotinga zor bo‘lib o‘tgin. Opangu singling ham mendan badtar zulm topsin. Bolalaringga otalik qila olmagin. Xotiningning xushtori hovlingda hushtak chalib seni bezovta qilsin. Shunda sen uni tomosho qilgin...
Yigit qizga yana tarsaki tushiradi. Qiz esa yerga yuztuban yiqiladi. Yana yig‘laydi. Qarg‘ashdan to‘xtaydi.
Yigit uning yig‘idan to‘xtashini ham kutib turadi. Oradan ancha vaqt o‘tadi. Xonani sukunat qoplaydi. Podachi bandi qizga tikilib o‘tiraveradi. Qiz esa yuztuban yotganicha joyidan qimirlamaydi.
-Men sen aytganingdek, xotinga zor bo‘lmayman, - deydi podachi qizni gapga solmoqchi bo‘lib.
Qiz esa yana indamasdan yotaveradi. Uning gaplariga parvo ham qilmasdi. Yigitning alami qo‘ziydi.
-Men senga uylanaman, - dedi ovozini o‘ktam qilib.
-Men esa senga tegmayman, - deydi qiz ham qat’iy.
-Baribir olaman, hech qaerga qochib ketolmaysan, - dedi yigit tahdid bilan.
-Sen yaxshi ko‘rmayman, - deydi qiz bamaylixotir.
-Farqi yo‘q. Qaytaga seni yaxshi ko‘raman, - deydi yigit.
-Qallig‘im bor. Ahdu paymon qilganmiz, - deydi qiz.
-Endi uni ham unutasan. Sen meniki bo‘lasan, - deydi yigit bepisandlik bilan.
-Seni unutsam unutamanki, uni aslo unutmayman. Shuni doimo sen ham yodingda saqlagin, - deydi qiz.
-Uni xayolingdan chiqarib tashlasam-chi? – deya o‘smoqchilaydi yigit.
-Uddasidan chiqa olmaysan, ko‘p chiranaverma. U bilan necha-necha bedor tunlarni o‘tkazib, bir-birimizga so‘z berganmiz. Yulduzlarga boqib, ont ichganmiz, - deydi qiz.
-Gapingni ko‘p anglab olmayapman. Tushuntiribroq aytsang-chi? So‘z berish, ont ichish... Bu bilan nima demoqchisan? – so‘roqladi yigit ajibsinib.
-U bilan birga yashashni, bir etak bola boqishni, kelgusi hayotimizni kelishib olganmiz, - deydi qiz. – Senga men aytmoqchi bo‘lgan gaplar begona. Bularni baribir tushunmaysan. Birovning hayotiga chang solish eng og‘ir gunoh ekanligini hali beri anglamasang kerak. Sening tabiating ham ta’bing ham boshqa. O‘zingga mos qayliq toparsan ham. Lekin meni qiynama. O‘zing ham ovora bo‘lmagin. Hali oldinda seniyam, meniyam ko‘p narsalar kutib turibdi.
Abdu taniga igna sanchgandek, seskanib tushdi. Qizni bir qadar tushungisi keldi. U gapirgan so‘zlarining mag‘zini chaqishga urinib ko‘rdi. Baribir, to‘xtamga kela olmadi. Xayollari tizgindan chiqib ketardi. Nimani o‘ylayotgani ham yodidan ko‘tarilib, boshi guvillar edi. O‘zida nedir noqislikni sezgandek bo‘ldi.
Shu damda u o‘zini mana shu oyoq-qo‘li bog‘liq qizning oldida nochor va notovon seza boshladi. Mana shu narsani anglagani barobarida o‘zidan irganib va qasd olishga ishtiyoqi osha boshladi.
-Oyoq-qo‘limni bo‘shat, - dedi qiz yigitga.
-Yo‘q, bo‘shatmayman. Qachonki, sen meni o‘zinga er deb tan olsanggina iplarni yechaman, - deydi podachi.
-Seni ikki dunyoda ham tan olmayman. Bu ishingdan o‘zing ham uyalgin. Axir senga qallig‘im bor, deb aytdim-ku! – deya qiz achchiqlandi.
-Kim o‘zi o‘sha yigiting? – so‘roqlaydi yigit.
-Nozim baqqolning o‘g‘li – Karim, - deydi qiz.
-Uning mendan nima ortig‘i bor? Qaeriga ishqing tushdi, bilmadim. Yoki boshqa.. – deya kesatdi yigit.
-Biz bir-birimizga ko‘ngil qo‘yganmiz. Sen buni his qilishing mushkul, - dedi qiz.
-Ko‘ngil... – deya yigit o‘ylanib qoldi. –Ko‘nglingga qo‘tir jomashov. Nozim baqqolning Karimi bergan va’dalarni men ham bersam va tag‘in so‘zimning ustidan chiqsam, nima deysan? Odam qilgan ishni odam qiladi-ku! Ko‘nglim seni tusasa nima qilay? Ayt, ovulda sendan boshqa qizlar ham to‘lib-toshib yotibdi-ku! Shuni sen ham tushunsan-chi?
-Tushundim. Lekin ko‘nglim seni tusamasa men ham nima qilay? Odam o‘z yuragiga buyura olmasligini sen ham tushungin, - deya qiz beparvo qaraydi.
-Nima qil, deysan. Olib ketaymi? – deydi podachi jo‘shib.
- Oyoq-qo‘llarimni yechib, menga javob ber. Uyimga ketay. Senga ham atalgani bordir. Xudo xayringni bersin. Menga rahm qil, - deya qiz o‘tinib so‘raydi.
-Yo‘q, - deydi Abdu qat’iy tarzda. – Sen menikisan. Erta-indin to‘y qilamiz. O‘tgan kunlaringni unutasan. Hammasini yangidan boshlaysan.
Podachi yigit xonadan chiqadi. Qiz esa ukrab-ukrab yig‘lab qoladi.
Bu orada ovulda “Mahfirat yo‘qolibdi,” degan gap tarqaldi. Uni izlashga tushdilar.
Qizni yo‘qlovchilar Abdularning darvozasiga kelib to‘xtashdi. Qizni ko‘radi. Sog‘u salomat. Mahfiratning yig‘laganidan ko‘zlari shishib ketgan. Hech kimga biror so‘z aytmaydi. Qiz behol edi. Kayfiyati va ahvoli zabun ediki, gapu so‘z aytarga hushi yo‘q edi.
Qizni yana qaytarib o‘z uyiga opkelishadi.Ovulning odatlariga binoan Mahfiratnikiga odam boradi. Va shu orada qizning o‘zi Nozim baqqolning o‘g‘li – Karimni izlab ularnikiga boradi. Karim esa “senga it tekkan, endi hammasi bekor,” deb qizni iziga qaytaradi. Qiz bechora bo‘lgan voqeani aytib beradi. Yigit esa pinagini ham buzmasdan, qo‘lini siltaydi. Qiz bechora o‘pkasi to‘lib yig‘laganicha, uyiga keladi.
So‘ng Abdu podachidan kelgan sovchilarga qo‘shilib ketadi. Mahfirat taqdiri tavakkal deya u bilan yashayveradi.
Er-xotin o‘tmishni eslamasdan kun kechirardi... Endi ular kelajak haqida xayol surishardi.
Ular tirnoqqa zoriqishardi. Podachi uydan bezib, tayog‘ini sudraganicha qo‘y-echkilarini bepoyon biyobonda boqib yurardi.
Ana shunday zim-ziyo tunda Mahfiratning osmonini yoritib, uyiga
Karim kirib keladi. Ikkalasi butun olamni unutib, ko‘zyoshlariga belanib totli damlarini, ahdu paymonlarini eslashadi. Entikishdi. Bir-birlarini yupatishdi...
Mahfiratning oyi kuni yaqinlashganida doya kampir ularnikida yashab turdi. Abdu xursand bo‘ldi. Bir qo‘chqorni so‘yib, qozon osdi. Ko‘ngiletar do‘stlarini chaqirdi.
Chaqaloqqa Qulmat deya ism berishdi.
Abdu podachi o‘zida yo‘q xursand. Mahfirat ham ko‘ngli to‘q. O‘g‘il tuqqanidan maqtanmaydigan, og‘zi pishiq xotin ekan.
Mahfirat kampir o‘g‘li – Qulmatning orzu havasini ko‘rdi. Eri – Abduning dunyobexabarligidan, bir paytlari unga bergan azoblari uchun olgan qasosidan baxtiyor edi.
U Karimni ham xayolining bir chekkasida saqlar edi.
Bularning bari kampirga nash’a qilardi...
Qulmat esa taqdiridan bexabar yashab yurardi...