Har doimgidek ertalab ishga keldim. Hamxonalar salomlashib, obu-havo, narxu navodan biroz gaplashdik. So‘ng hamma o‘z ishi bilan ovora bo‘lib ketdi.
Tushlikka yaqin Olimjon degan hamkasbimiz xonaga kirib keldi. Rahbarimiz undan nega ishga kechikib kelayotganini so‘rashga chog‘lanib turganida, Olimjonning o‘zi gap boshladi:
-Opa, uydagilar to‘yni beligilashibdi. Xudo xohlasa, falon kunga to‘y bo‘ladi. Kecha yurtdan qarindoshlar kelishgan ekan, o‘tirishdik, bugun ertalabdan ularni uyoq-buyoqqa eltdik. Shunga sal kechikdim...
-Kelinposhsho kim bo‘ldi? – deya savolga tutamiz.
-Ey, o‘sha o‘zingiz biladigan... – deya Olimjon javob bera turib, uyalganidan yerga qarab qo‘ydi.
- Kim ekan o‘sha o‘zimiz biladigan? – deya hammamiz bir-birimizga sirli qaraydik.
-O‘sha shoira-da. Televizorda ishlaydigan, - deya Olimjon boshini yerdan ko‘tarmay javob beradi.
-Ha, bo‘ldi. Tushundim. Shahlo degan shoira qiz. Yaqinda televizordan she’r o‘qib chiquvdi. Yaxshi, odobli qizga o‘xshaydi. Qoshu ko‘zi ham chiroyligina ismi jismiga monand haqiqiy Shahlo qiz ekan, - deya hamkasbimiz Farxiddin ta’riflab, kuyovbolaga zimdan qarab qo‘ydi.
Hammamiz birgalashib uni tabrikladik.
-Qo‘sha qaringlar, o‘zinglardan ko‘payinglar... – deya yoshi keksaroq Saodat opamiz duo o‘qidilar.
Olimjon entikib, ham uyalib yurardi. Unga har kim har turli maslahatlarni berardi. Olimjon esa beminnat nasihatni jimgina eshitib o‘tirardi. Olimjon Shahlo bilan unashtirilganidan xursand edi.
Ayni shodu xurramlik faqatgina ularning o‘zlarigagina xos edi.
Chetdagi odam bu holatlarni unchalik ham his qilolmaydi. Oshiqlar dunyosiga kirish hammaga nasib qilavermaydi.
Kech kuz edi. Mezon shamollari esardi. Meva-cheva g‘arq pishgan. Dalada ish qizg‘in. Hosilni yig‘adigan payt.
Xuddi mana shu damlarda Olimjon bilan Shahloning to‘yini belgilashdi. Falon kun, falon soat, deya chor tarafga jarchilarni jo‘natishdi. Olimjon ishxonadagi barcha hamkasblarga to‘yxat berdi. So‘ng alohida taklif qildiki, “albatta boringlar, kutaman.
Bo‘lmasa, xafa bo‘laman.”
Olimjon vodiylik yigit edi. Shu sabab hamma ham to‘yga borolmasdi. Negaki, to‘y uning yurtida bo‘lardi-da. Hamkasblar yig‘ilib, sovga oldik.
Endi to‘yga kimlar borish kerakligini belgilash kerak edi. Hamma tantanaga borolmayotganidan afsuslandi. Olimjonning to‘yiga ishxonamiz nomidan borish men va Faxriddinning chekiga tushdi.
Ikkalamiz Olimjonga atalgan sovg‘ani qo‘ltiqlab yo‘lga tushdik. Avtobusda olti soatda uning uyiga yetib keldik. Ertaga to‘y. Hammaning o‘z yumushi bor. Bo‘lajak to‘yga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Bizlar ham bir chetda turmasdan sal-pal yollashgandek bo‘ldik.
Olimjonning Sodiq degan amakisi bor ekan. Tanishdik, suhbati soz, yoqimtoy kishi. U kechga tomon “Mehmonlar, yuringlar, sizlarni bir aylantirib kelay. Biz tomonlarga har doim ham kelib turibsizlarmi,” deya bizlarnining bilagimizdan tutib, tashqariga opchiqdi.
Sodiqning mashinasida tog‘ tomon ketyapmiz. Obod joylar ekan. Ko‘chalar ozoda. Sekin balandlikka ko‘tarilyapmiz. Havo soviy boshladi. Sodiq esa yo‘lda uchragan joy va odamlariga ta’rif berib ketaverardi.
Bir mahal bizning mashinamizni qaymoqrang “Jiguli” quvib o‘tdi. Sodiq atrofga besaranjom qaradi.
-Mehmonlar, mana shu mashinadagilarga e’tibor berib qaranglar, - deya o‘zining “Volga”siga gaz berdi.
Yaqinroq keldik. Buning ustiga kun yorug‘. Yoshi oltmishlardan oshgan, sochi ustarada olingan jikkak bir kishi, ort o‘rindiqda esa qoshu ko‘zlari suzilgan, lablari qirmiz, sochlari sariq, juvonlar o‘zaro nimalarnidir suhbatlaganicha mastona kulib ketishardi.
Biz esa Sodiqqa qaradik. U esa “hozir bir boshdan aytib beraman” deganday sirli qaradi-da, tog‘ning tor yo‘lida mashinasini abjirlik bilan boshqarib borardi. Bu orada qaymoqrang “Jiguli” ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Biroz muddat o‘tib, mashinamiz salqin, daraxtzor bir joyga kelib to‘xtadi. Mashinadan tushdik. Tog‘ havosi darrov sezildi. Chorpoyada ko‘rpacha-yu yostiq solingan. Sodiqning imosi bilan dasturxon ham yozilib, usti birpasda turli xil ne’matlarga to‘ldirildi.
-Sodiqjon, zo‘r joylar ekan, - dedim.
-Aka bu yerni o‘zim qurdirganman. Nozik mehmonlarimni shu yerga opkelaman, - deydi Sodiq so‘ng, - Bahromjon, ovqatni tezlashtirib yuboringlar, - deya yigitlarga ish buyuradi.
-Hamma ham bu yerda dam ololmaydi, - deya gapga Bahrom qo‘shildi. – Mana hozirgina Irismat xojini kiritmadim. Sadqai xojilik ketsin u. Ikkita manjalaqini ergashtirib yuribdi. Uyalmaydiyam, qizig‘ar.
-Bo‘ldi, bo‘ldi. Uni hech qachon Irismat xoji demagin. Umuman u haromining otini ham tutmagin. Undan ko‘ra, mehmonlarning choy-poyiga qara, - dedi Sodiq.
Chorpoyaga chiqib cho‘zildik. Tanimiz andak rohat tuygach, Sodiq hikoyasini boshladi: “Boya “Jiguli” esinglarda qoldi-a, mehmonlar. Undan keyin Bahromjon aytgan odamni bir yodga oling. Uni bu yerga kirgizmaydi. Sababi esa ko‘p olislarga boradi. Bir boshidan aytay. Uni Irismat degan nomi butun vodiyda mashhur edi. Yoshligidan savdo bilan shug‘ullandi. Tanish-bilishlari ko‘p edi. Uning oldini birov kesib o‘tolmasdi. Dasti uzun edi. Uncha-muncha odam bilan gaplashmasdi. Shaharning o‘rtasidan tilla do‘kon ochdi. Ishlari zo‘r edi. Tez orada “Irismat tillafurush” deya og‘izga tushdi. Do‘konidan xaridor arimay qoladi. Bu odam ishning ko‘zini bilardi. Bilasizlar, esingizda bo‘lsa kerak, bir paytlar xajga borish urfga aylanuvdi. Irismat ham shu amalni ro‘yobga chiqarish uchun xujjat topshiradi. Ne ajabki, ziyoratga borish uchun yo‘llanma – ruxsatnomani qo‘liga oladi. Olis yurtga ketish oldidan u tanish-bilishlarini chorlab, uyida ziyofat beradi. Xuddi shu damda Irismatning o‘g‘li qo‘shnisining tovug‘ini o‘g‘irlaydi. Qo‘shnisi esa o‘g‘lini, o‘g‘irlangan tovuq – o‘lja bilan
birga Irismatning uyiga opkeladi. Bu paytda esa ziyofat ayni avj pallasida bo‘ladi. Jabrlanuvchi Irismatni chaqirib, bo‘lgan voqeani aytib beradi. O‘g‘li ham tovuq o‘g‘irlaganini tan oladi. Irismatning boshi qotadi. Qo‘shnisini uyga taklif qiladi. Tovuqning egasi uyga kirmaydi. Taklifni rad etadi. O‘g‘rini koyiydi. So‘kadi. O‘ng‘aysiz vaziyat. Irismat qo‘shnisiga bir dasta pul beradi. U esa pulni olmaydi. Irismat yalinadi, yolvoradi. Baribir qo‘shnisi pulni olmaydi. Uyga ham kirmaydi. Uydagilar esa bu paytda Irismatning oy borib, omon qaytishi uchun qadah urishtirishadi.
Qo‘shnisi “shu amalni qilguncha, o‘g‘lingizni tarbiyalasangiz bo‘lmaydimi? Odamlarning tovug‘ini o‘g‘irlaguncha, uydagi mehmonlaringizga choy-poy tashishni o‘rgating. Hayf, sizga ziyorat, hayf, sizga odamgarchilik,” deya iziga qaytadi.
Irismat uyaladi.
Ertalab esa u hech narsa ko‘rmaganday xayr-xushlashib, haj safariga jo‘nab ketadi. Namoz o‘qish uyoqda tursin, oddiy kalimani bilmaydigan, Irismat hajga boradi. Eshak ot bo‘lmaydi, deganlari rost ekan.
U ziyoratda haj amallarini qanday bajarganiga haligacha birov tushunmaydi. Hatto ishonishmaydi ham.
Irismat yurtimiz ziyoratchilari bilan belgilangan jadval asosida amirlikning tilla do‘konlariga kiradi. U yerdan oftobami yoki ko‘zaningmi tilla qopqog‘ini bu yaramas o‘maradi. Bu qarang u samolyotda o‘z uyigacha bemalol keladi.
Irismat qilgan ishini hech kim bilmaydi, deya o‘zicha xursand.
Biroq amirlikdagi o‘sha tilla magazinida hisob-kitob bo‘lganmi yoki anovi oftobami-ko‘zachami, o‘shani birov olganida qopqog‘i yo‘q chiqadi. Tekshir-tekshir boshlanadi. O‘g‘ri bitta, uyam bo‘lsa
Irismat. Lekin gumon mingta. Birinchi bo‘lib kameralarni, videokuzatuvdan olingan kadrlarni birma-bir tekshirishadi. Ne ajabki, videokassetadan tilla qopqoqni o‘g‘irlayotgan Irismatning boshi, qo‘li, yelkasi aralash kadr chiqib qoladi. Tasmada yil, oy, kun, soat, daqiqagacha muhr etilgan ekan. O‘g‘ri topildi. Manzili yo‘q. Tilla do‘konining egasi daliliy ashyolarni qo‘ltiqlab amirlik mahkamasiga keladi. Ko‘rishadi. Hujjatlarni arxivdan olib solishtiradilar. Hammasi aniq-ravshan bo‘ldi. Amirlik mahkamasi hash-pash deguncha o‘g‘ri bizning yurtimizdan ekanligini aniqlab beradi.
Amirlikning mahkamasidan videokasseta va yonida o‘g‘ri bilan qopqoqni qaytarishni so‘rab yozilgan xat yurtimizga keladi.
O‘zimizdagi tegishli mahkama bu nomani va videotasmani o‘rganishadi. Izlaydi. Qidirganlari Irismat bo‘lib chiqadi. Viloyatda ancha shov-shuv bo‘ladi.
Boshda Irismat qilgan ishini tan olmaydi. So‘ng kadrni ko‘rsatishganlarida esa noiloj aybiga iqror bo‘ladi.
Irismatning qilgan toat ibodati esa bir pul edi. U qopqoqni uyidan chiqarib beradi. Arablar Irismatni ko‘p so‘rashdi. Talab qilishdi. Lekin natija bo‘lmadi. Biroq u baribir jazosini topdi.
Hozirgi kunda Irismatni hech kim hoji demaydi. Qaytaga “Irismat qopqoq” deb chaqirishadi.
U sharmanda bo‘ldi. U o‘zi bilan birga mahallasi va yurtining ham sha’nini bulg‘adi.
Odamlar Irismatni mahalladan haydab yuborishdi. Uni to‘y-yu ma’rakalarga mutlaqo aytmay qo‘yishdi. Shundan so‘ng u aynidi. Aroq ichadigan, manjalaqilar bilan shakarguftorlik qiladigan bo‘ldi. Har neki yomon yo‘l bo‘lsa u kiraverdi.
Odamlarni ko‘rsa qochadigan bo‘ldi.
Menimcha, u dunyoga kelganiga pushaymon bo‘ldi. Irismat qopqoq deganlarining qisqacha ta’rifi va tarixi shu edi.”
Sodiq gaplarni aytgandan so‘ng men ham sherigim ham hayron qoldik.
Ertasiga Olimjon bilan Shahloning to‘yini o‘tkazdik. Tabrikladik. Keyin izimizga qaytdik. Yo‘lda esa hamon Irismat qopqoqning qismati haqida o‘ylab kelardim...