Oston karvon mehmonxonasida yonboshlab yotganida kampiri sekingina kirdi-da, poygakka o‘tirdi.
-Dasturxon opkirsinmi?
-Yo‘q, kerakmas, kampir, - dedi Oston karvon.
-Balki, choy icharsiz?
-Mayli, damlab kel-chi, - dedi Karvon.
-Halima, hov qiz, otangga choy opkel, - deya kampir uydan turib ovoz beradi.
-Mardondan xabar bormi? – so‘raydi Karvon.
-Yo‘q, ish bilan ovora bo‘lib yurgandir-da. Endilar kep qolsa kerak. Bechora bolam, ukalarini, singillarini o‘ylab tunu kun tinim bilmaydi, - deydi kampir.
-Kampir shu bolangga unchalik ishonch yo‘q. Xayoli joyida emas uning, - deydi Karvon.
-Unday demang, farishtalar yomon gapgayam, yaxshi gapgayam omin deydi. Mardon pishiq, - dedi kampir.
-Buyam bir gap-da, kampir. Shu bolang katta shaharda bir baloni boshlagan. Shuning uchun bu yerlarga kelolmay yuribdi. Ko‘nglim sezyapti, harqalay oxiri baxayr bo‘lsin.
Shu orada qizi mehmonxonaga choy opkiradi-yu yana chiqib ketdi.
Kampir choyni qaytaradi. Biroz o‘tib, cholga bir piyola choy uzatdi.
Oston karvon choyni huzur qilib simirdi.
Orada kampiriga ham qarab qo‘yadi. Boshida kolota, ro‘mol egnida esa kamzul. Yuzlari burishgan. Ro‘molining tagidan ikki tutam oqargan soch yoyilib chiqqan. So‘ng ko‘zi ko‘ziga tushadi. Kampiri esa yerga qaraydi.
Karvon kuldi. Yelkalari qimirlab, soqoli selkillab ovozi chiqmasdan kuldi. Kampiri hayron. Sekin so‘roqladi:
-Nimaga kulyapsiz?
-Yoshligimni esladim, kampir, - dedi Karvon.
-Ha, ustimdan kulyapsizmi deb o‘ylabman, - deydi kampir.
-Yo‘q, kampir. Mardon o‘g‘limiz ham o‘zimga tortdi. Shuni o‘ylab turib, yoshligimni esladim.
-Yoshligingizga Mardonning nima aloqasi bor ekan. Munday tushuntirib aytsangiz-chi? – deydi kampir.
-Aloqasi bor kampir. Axir undayam mening qonimdan bor-ku! Qochib qayoqqa boradi?..
Kampir, mollarga qara. Bugun kechga Ortiq Eshon ham kepqolsa kerak. Bozorda shunday deganday bo‘luvdi. U – bu tayyorgarligingni ko‘rarsan, - dedi Karvon.
Kampiri uydan chiqqach, karvon o‘g‘lini o‘ylay boshladi. Undan xavotir olardi. Hadiksirardi. Xavfsirar edi.
Mardon – Oston karvonning so‘nggi xotinidan bosh farzand. Maktabni bitirdi-yu, o‘qiyman, deb katta shaharga ketdi. O‘qishga kira olmadi. Ishga joylashdi. Va o‘sha katta shahardan uyga qaytmadi. Yo‘q, har zamonda qishloqqa kelib ota-onasidan xabar olib ketardi. So‘ngi vaqtlarda Oston karvon negadir o‘g‘liga ilhaq bo‘laverdi.
Mardon o‘qishga kirmadi. Kichikroq bir idorada chilangar bo‘lib ishlayverdi. Yosh yigit bu yerda bir qizga ko‘ngil qo‘ydi. Sayribog‘ qilishdi. Qiz ham kambag‘alroq oiladan ekan. Mardonni ota-onasi bilan tanishtirdi.
Vaqti soati yetib, ikki yosh ro‘zg‘or qiladi. Bundan esa Oston karvon bexabar.
Mardon to‘y kunini belgiladi. U qishloqqa borib, ota-ona va boshqa qarindoshlarini o‘zining to‘yiga aytib keldi.
Katta shaharda kichikroq to‘y bo‘ldi. Kelin-kuyovni kelinning uyiga tushirib kelishadi. Quda-andalar bir-ikki kun obdon suhbatlashishdi. Hammasi joyida.
Qudalar ham bir-birlariga ma’qul tushishdi. Keyin Karvon qishlog‘ida ham yoshlarga atab elu ulusni chorlab, ularga osh ulashdi.
Kelin-kuyovni yana katta tantana bilan katta shaharga kuzatib qo‘ydilar.
Mardon otasidan hayiqibroq yurdi. Dakki eshitaman, deb o‘yladi. Yo‘q. Karvon o‘g‘liga bir og‘iz ham chakki ish qilibsan, bolam, deb koyimadi.
Qaytaga o‘g‘lini maqtadi. Kelini, qudalarini birma-bir sifatlab alqadi:
-Mana yangi qarindoshlarni ham orttirdik. Baraka topishsin, yaxshi odamlar ekan. Mardonboy ham yomon yigit emas. Yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelibdi. Qo‘sha qarishsin. Buning ustiga qudachilik ming yilchilik derkan. Ha, mayli, hammasi o‘z kuniga omon bo‘lishsin.
Mardon o‘g‘il ko‘rdi. Nevarasiga Karvonning o‘zi ism qo‘ygan edi. Eski oshnasi – qamashilik Norbo‘ta raisning hurmatiga nevarasiga Norbo‘ta deb ism qo‘ydi.
Norbo‘ta bir yoshga to‘lganida Karvon qishlog‘ida yana katta to‘y qilib berdi. Katta shahardan qudalar keldi. Ularning izzatini qilishdi.
Karvon nevarasini suyib erkalatardi. Uni yetaklab qo‘radagi qo‘ylarni, tabladagi otlarni, tuyalarni ko‘rsatardi. Nevarasi bu jonivorlarga qiziqsinib qarardi.
Norbo‘ta jonivorlarga qiziqadigan bola bo‘lib o‘sdi. Bundan Karvon xursand. Mening fe’lim, a’molim suyak suribdi, deb o‘yladi.
Karvon Norbo‘taga atab bir echkini berdi.
-Mana shu echki seniki bolam. Yem-emishini o‘zim beraman. Faqat qarasang bo‘ldi, - dedi Karvon.
-Qarayman, bobo, - deydi Norbo‘ta.
-Juda zotdor echki bu. Egiz tug‘adi. Sutini buving sog‘ib oladi, - dedi Karvon.
-Sutini buvim sog‘ib olsa, bolalari nimani ichadi? – so‘raydi bola.
-Bolalariga ham qoldiradi. Lekin to‘g‘ri aytasan, uloqchalarga sherik bo‘lamiz-ku! – deydi Karvon.
Norbo‘ta o‘zicha ariq bo‘yidan o‘tlarni yulib kelib, bog‘liq turgan echkining oldiga tashlaydi. Echki esa o‘tni birdaniga yeb qo‘yadi. Keyin oshxonadan po‘choqlarni chiqarib berardi. Endi u echkiga mehr bilan qarardi. Xashak, suv tutardi.
Uni kuzatib yurgan Oston karvon nevarasining ishidan o‘zida yo‘q xursand edi.
Oston karvon jonivorlarni yaxshi ko‘radigan odamni ko‘rsa rostakamiga dili yayraydi. Nevarasi Karvonning ko‘nglidan chiqdi.
-Yashang, Norbo‘tavoy! Balli o‘g‘lim! Echkini ko‘paytirsangiz sizga mashina oberamiz. Keyin xotin oberamiz! – deya Karvon nevarasiga dalda beradi.
-Menga mashina ham, xotin ham kerakkmas, - deydi nevarasi.
-Yo‘q, bolam hozir shunday deysang. Lekin keyinchalik ikkoviyam kerak bo‘ladi. Xo‘b degin, bolam, - deydi Karvon bepisandgina.
-Men tuya minaman bobo, - deydi Norbo‘ta.
-Bo‘pti, qani yur-chi, - deya karvon uni ortidan ergashtirib keladi.
Kelib tuya turgan joyda to‘xtashadi. Kavsh qaytarayotgan tuya egasiga qarab turadi. Karvon tuyaning tumshug‘i aralash boshini qashlaydi. Bir muddat o‘tib, “cho‘k jonivor, cho‘k,” deydi.
Tuya dastlab old oyoqlarini buklab cho‘k tushadi, so‘ng oyoqlarini yig‘ib yotadi.
-Qani, Norbo‘ta min-chi! – deya nevarasiga amr qiladi.
Nevarasi chopib kelib tuyaning ikki o‘rkachining orasiga minib oladi.
-Mahkam ushla. Tag‘in yiqilib tushmagin, bolam, - deydi-yu o‘zi ham nevarasini tutib turadi.
-Tur, jonivor, tur, - deya Karvon tuyani o‘rnidan qo‘zg‘aydi.
Tuya ohista o‘rnidan turadi.
-Cho‘x, jonivor, cho‘x, - deya Karvon tuyani niqtaydi.
Tuya qoziq atrofida sekingina aylanadi. Norbo‘ta o‘rkachdan ushlaganicha zavqlanib atrofga qaraydi. Qoziq atrofida ikki-uch aylangach, tuyani to‘xtatib, nevarasini tushiradi.
Norbo‘ta yana qaytib minmoqchi bo‘ldi. Karvon unamaydi. Keyin sekingina unga tushuntiradi.
-Hali, ko‘p minasan bolam. Mening tuya minib bormagan joyim qolmadi. Ko‘p joylarni, ko‘p odamlarni ko‘rdim. Endi mana uyda o‘tiribman. Hali sen ham ko‘p sinovlardan o‘tasan. Bezor ham bo‘larsan, bolam. Faqat sabr qil.
Vaqti kelib karvon nevarasiga atagan echki egiz tug‘adi. Ikkovi ham o‘zida yo‘q xursand. Uloqchaning biri ko‘p yashamadi. Nimjon ekan chog‘i, bir kundan keyin o‘lib qoldi. Ikkinchi uloqcha dikinglab o‘ynab yurdi. Sekin-asta o‘zini tutib oldi.
Unga Norbo‘ta shisha idishning og‘ziga so‘rg‘ich tutib, tuyaning sutidan berardi.
Uloqcha ham onasini emardi. Ham Norbo‘ta qarashardi. Yiltillab, o‘zgara boshladi.
Uloqcha Norbo‘tani begonasiramasdan oldiga chopib kelardi. So‘ng so‘rg‘ichni surib sut ichardi.
Norbo‘ta echkini ham, uloqchani ham parvarish qilib yurdi. Uloqcha anchagina kattarib qoldi. Shohi chiqdi.
Bir kuni Karvonnikiga Ortiq Eshon keldi. Karvon esa bolalariga biron jonliq suyib, ovqat pishirishni buyurdi.
Shunda o‘rtanchi o‘g‘li–Kabir uloqchani suyib, mehmondorchilikka nimtalaydi.
Norbo‘ta ertalab turib qo‘raga kirsa, uloqchasi yo‘q. Tashqarida esa terisi torda osilib turardi.
... Karvon qarasa, nevarasi yig‘lab o‘tiribdi. Echki esa marayapti. Uloqchaning terisini ko‘rdi-yu, ko‘zlarini yumdi.
“Eh, attang...” dedi Karvon.