OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Ko‘zdagi aks (hikoya)

Har bir oilada o‘zlari amal qiladigan tartib,yo‘l-yo‘riqlar bor. Bu odatni kim o‘rnatgan ekan? Lekin ko‘pda bu narsalar ular uchun xuddi ota-bobolari vasiyat qilganday gap. Masalan, qishloqdagi Uzoq cho‘ponning uyida o‘roqni og‘ilxonadan, mayda –chuyda asboblarni tomdan olish yoki supurgisini izlash uchun tandirxonaga borish kerak. Uning ro‘zg‘ori mana shunday badastirlikka o‘rgangan. Uzoqning otasi ham uyida shunday tartib o‘rnatgan edi.
Uzoq cho‘pon tabiatan kamsuqimroq va vazmin odam. Birovning gapi, so‘zi bilan ishi yo‘q. Sirini kishiga aytmas, o‘zi ham kishining siriga qiziqmasdi. Esini tanibdiki, suruvning ortidan otini minib, izg‘irinu saratonni pisand etmasdan yuradi.
Yoshi ellikdan oshsa hamki, hali ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan emas.Cho‘lning u bilmagan yeri yo‘q. Qaerda o‘t, gulxayri, yantoq, ajriq, tuyaqorin mo‘l bo‘lishini yaxshi biladi. Biroq o‘simlikning sirini bilish, bu dunyoni bilish emas-ku! U cho‘pon ko‘ngli bilan dunyoni ham o‘ziga yarasha o‘ylaydi...
Tanasining bo‘shashganini ham anglab qoladi. Bosh farzandlari qiz edi. Uyli-joyli qildi. Qudalari bilan ham o‘ziga yarasha bordi-keldi qiladi. Nevaralari bor. Ular keladi, bobo deydi, erkalik qilib, soqolidan tortqilaydi. O‘zi ham ular bilan o‘ynab ketadi. Ayni manzaralar tamom bo‘lgach, bolalikdan bobolikka qaytadi. So‘ngsiz xayollarga g‘arq bo‘lib, o‘tmishini bir karra eslab ko‘radi. Otasini, bobosini, onasini, bolalarini va nevaralarini ko‘z o‘ngiga keltirib ko‘rdi. O‘zi esa o‘rtada hammasiga guvoh... Erta bir kun o‘zining ham qazosi yetsa, o‘g‘lining ham o‘zi kabi shunday ahvolda xayol surayotganini o‘ylab qoldi. O‘yladi-yu, sergaklandi. Ojizligidan kuyindi. Vahimadan qutilish, aniqrog‘i ko‘ngildagi gaplarini kampiriga aytgisi keldi. O‘rnidan turib, uning oldiga keldi. Kampiri bemalol va beparvo ko‘rpa qavib o‘tirardi. Shu zahoti nevaralari uyga bostirib kirdi.
Otiga minib cho‘lga ketdi. Yo‘l o‘tkinchilarga salomini berib, aligini olib, Qiziltoshga yetdi. O‘g‘li – Obro‘y choponini soyabon qilganicha uzala tushib yotibdi. Otasining yaqinlashgani zamon o‘rnidan turib, otdan tushirdi. So‘ng egardan xurjunni olib, otasining ortidan ergashdi. Ota parishonxotir. Avzoyi boshqacha. U otasiga botinib qaray olmasdi. Ammo bu safar qaradi. Tikilibroq, xuddi hozir va birinchi marta ko‘rib turgandek qaradi. Uzoqlarga tikilgan ko‘zlarining yonidagi ajinlarni, ularga tutashgan manglayiga nazar soldi. Ajin. Xuddi qari tolning po‘stlog‘idek bo‘rtib-bo‘rtib chiqqan. Soch-soqoliga ham oq oralagan. Yelkasi esa bukilmagan – adl.
Shu mahal it boshini egib, salom bergandek xo‘jasining oldiga kelib yotdi. O‘g‘il xurjundan non olib, itga tashladi. Bola yana otasiga qaradi. Otasining ko‘zlari botayotgan ufqqa qadalgan. Uzoq bu manzalarni yosh boladek juda miriqib, butun borlig‘i bilan tomosha qilayotgan edi. U kunduz bilan xayrlashayotgandi. Uzoqning bolasi bilan suhbat qurishga mayli yo‘q edi. Xayolida kechayotga fikrlarini unga aytib, dardlashgisi keldi. Lekin ko‘ngli bunga izn bermadi. Negadir hadiksiradi. “Yosh bola. Ko‘ngliga har xil gaplar kelishi mumkin. Keyinroq, vaqtning o‘tishi bilan asta-sekin o‘zi ham tushunar, hozir uning xayoli qaerlarda...”
O‘g‘il ham otasining xayollarini buzgisi kelmadi. Otasining nimalar haqida o‘ylayotganini o‘zicha chamalaydi: suruvni qishdan betalofat opchiqish, toklarni ko‘mish, mollarga yem tayyorlash va o‘g‘li Obro‘yni uylantirish...
Tun. Cho‘lning jimjit tuni. Mayin shamol cho‘ponning soqollarini silab, qulog‘iga nelarnidir shivirlagandek bo‘ladi.
U shamolning ne deyayotganini tushunmasa-da, o‘z-o‘zidan xursand. Uzoq bunday tunni ancha vaqtlardan beri kutib kelayotgandi. Mana o‘sha kunga yetdi ham. Lekin bu tunning boshqa tunlardan farqi yo‘q edi. Osmon qora. Endigina chiqa boshlagan oy elas-elas nur taratmoqda. Ot. It. Suruvdagi qo‘ylarning kavsh qaytarishi-yu erinib marashlari hamma-hammasi bir xil edi. Ko‘ngli hali oldinda yaxshi kunlar unga muntaziru mushtoq bo‘lib turganini sezayotgandi. U ko‘zini tun qa’riga qadab tikildi. Unda sanoqsiz yulduzlar va osmonni teng ikkiga bo‘lib turgan somon yo‘li tepadan turganicha cho‘ponni kuzatayotgandek tuyuldi. Bular menga o‘xshagan qanchadan-qancha odamlarni kuzatmagan, deb o‘yladi. Cho‘pon yulduzlar turkumidan faqat ayiq, yetti og‘ayni, cho‘mich va tong yulduzini bilar edi. Ularni hozir ham izlab topdi.
Uzoq chuqur xo‘rsindi. U irimchi emasu lekin hozirgina ko‘z o‘ngida bir yulduzning suzib, bora-bora yo‘qolganini ko‘rdi-yu kayfiyati buzildi. Mana shu yulduzdek kimningdir umri ham so‘ndi, deb o‘yladi. Sal fursatni o‘tkazib, yana ko‘zlarini osmonga qadadi. Endi u bir-biri bilan yonma-yon turgan yulduzlarni izlay boshladi. Ana topdi ham. Topganini darhol o‘zini qilib oldi: kampiri va o‘zi. Nurlari ham yomon emas. Yana boshqasini topdi: uni ham xayoli toblagan kishisiga berib bo‘ldi. Endi u cho‘michning oldida yolg‘iz turgan yulduzni ko‘rdi. Buni esa o‘g‘liga atamoqchi bo‘ldi. Jufti yo‘q. Adashibdi, pastroqda boshqa biri yolg‘iz ekan. Xuddi uyalib turgandek, uni kelin hisobladi. Kelin aslida ham qaynotadan iymanibroq turadi. Ikkovi ham yolg‘iz, hali o‘g‘lini uylantirgunicha bular ham yonma-yon bo‘lib qolar...
Shunda otning bezovta kishnashi xayolini bo‘lib yubordi. Qaradiki, hech jondor yo‘q, faqat uning yemi berilmagan. Yemxaltani olib, otning boshiga ilib qo‘ydi. O‘rniga yana qayta yota turib, xayolini boshqatdan tiklamoqchi bo‘ldi. “Qiziq, nega otlarning yoki boshqa jonivorlarning osmonda o‘z yulduzlari yo‘q. “ Shunda Uzoqning xayoli va topgan fikri o‘ziga ma’qul tushdi. Jonivorlarga ichi achidi. Ularga rahmi keldi.
“Dunyoda odamzotning rahmi kelmaydigan narsa bormikin? Agar bor bo‘lsa u nima? Nahotki, hayvon zoti umrida ro‘shnolik ko‘rmay o‘tsa? Agarda ular o‘zaro gaplashganida nimalarni aytar ekan? Odamzot bilan gaplashmasa ham ko‘zlari borku? Masalan, men itim bilan otitmning ko‘zlariga qarab turib, ularning ko‘nglidagini ilg‘agandek bo‘laman...”
U otini yaxshi ko‘rardi. Shu tobda rahmatli ammasidan eshitgan bir cho‘pchakni esladi. Emishki, ot ayri tuyoq bo‘lmasa-da, go‘shti halol ekan. Yana bir gap yurardiki, qaysiki jonivor kavsh qaytarmas ekan, uning go‘shti makruh hisoblanadi. Lekin ot jonivorning to‘yog‘i ayri bo‘lmasa-da, yilda bir marta kavsh qaytarar emish. Ammasining aytganlari xuddi mana shu otning kavsh qaytarish voqeasi bilan bog‘liq edi. Ot og‘zidan o‘t sochib kavsh qaytarar emish. Buni ko‘rgan kishining yuragi yorilmasa ham beriroq bo‘lib, yoqasiga tuflab qo‘yar ekan. Uni ko‘rganda qo‘rqmasa boy, qo‘rqsa qazosi yetar ekan. Yana shunisi ham borki, otning kavsh qaytarib turganini ko‘rgan odam uni hech kimga aytmasligi kerak ekan.
Lekin cho‘pon umri bino bo‘lib, ot minib yurib, bunday voqeaga guvoh bo‘lgan emas. Uzoq otning go‘shtidan bir marta yegan. Qattiq bo‘larkan.
Ajab, ko‘ngildagi gaplarga ham farishtalar omin der ekan. Uzoqning ot go‘shtini eslagani xayrli bo‘lmadi. 
O‘g‘li yelkasida sochiq, oftobani tutganicha Toshmirza qassobning
qo‘liga suv qo‘yyapti.
-Ha, tinchlikmi, bolam, - dedi shoshilibroq.
-Otga bir balo bo‘libdi, ingrab yotaverganidan keyin enam halollab olgin devdi, shunga... – deydi o‘g‘li chaynalibroq.
Uzoq qassob bilan salom-alikdan so‘ng, otning so‘yilishiga vaj bo‘ladigan narsani so‘radi. Toshmirza qassob ham ichagidan yomon narsa chiqmadi, bir bo‘lsa, otingizga ko‘z tekkan yoki tovuqning zakaridan yegan chiqar, dedi.
Uzoq qassobni kuzatib, to‘g‘ri otxonaga kirdi. Kirishi bilanoq dimog‘iga go‘ngning hidi urildi. Katta oxur. Burchakdagi devorda uning egar-jabduqlari. Suvliqlari bilan no‘xtasi har doimgidek qoziqda osig‘lik turibdi. Yemxalta esa oxurning yonida yotibdi. Cho‘pon qadrdon otini eslab, og‘ir xo‘rsindi. Ko‘ngli bezovta bo‘ldi.
Kampiri o‘choqning boshida kuymalanib yuribdi. O‘g‘li esa qozon tagiga shox-shabba tashlab olovga zo‘r bermoqda. Qozonda esa kecha kishnab yurgan jonivorning go‘shti qalqib turibdi. Demak, kechki ovqat ham tayyor bo‘lyapti. Ishtahasi badtar bo‘g‘ildi. Chakmonini yelkasiga ildi-da, supa tomon yurdi. Supaning chekkarog‘iga chakmonini to‘shab, ustiga o‘tirdi. Chanqaganini sezib, choy buyurdi. Yonboshlab choydan ho‘plar ekan, xuddi qo‘rqqandek qozon boshiga qaradi. Kampiri go‘shtga pichoq qadab ko‘ryapti, o‘g‘li esa go‘laxlik qilardi. Cho‘pon yozilibroq o‘tirish payida qo‘llarini yoyib kerishmoqchi bo‘ldi. Biroq o‘rnidan ilkis turdi. Ushlab ko‘rdi: nam – ot terisi – tuzlangan. Kampiri po‘stak qiladi. Nariroqda esa otning kallasi, yonida it mukka tushib yotardi. Cho‘pon otning boshiga yaqinroq keldi. Quloqlari ding. Go‘yo hozir kishnab yuboradigandek. Go‘yo oti o‘lmagan, u hozir egasini mindiradi-yu, cho‘lga boshlab ketadigandek. Uning ko‘zlari esa baliqnikiday qimirlamay turadi. Otning ko‘zlarini yopmoqchi bo‘lib, qo‘l cho‘zdi. Urindi. Yo‘q, ko‘zlari yumilmadi. Unda osmon manzarasi: tun, oy va yulduzlar bor edi. 
Iti suykaldi. Silamoqchi bo‘lib ugirildi, nariroqda esa o‘g‘li tizzalarini quchib o‘tirardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.