OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Oqayotgan odam (hikoya)

-Onam doyalik qilardi. Otam ham do‘xtir edi. Qishloqdagilar oilamizni hurmat bilan tilga olishardi. Ayniqsa, onamni ko‘proq alqaydilar, - dedi Abdulla.
Ehtiyotkorona gap tashlayman:
-Otangizning ham o‘rni yomon bo‘lmagandir. Har holda er kishi... ro‘zg‘orning boshida baribir u kishi turadilar...
-To‘g‘ri, otam tillaga teng inson edi. Bechora otam bu dunyoda ko‘p yashamadi. Kasalga chalinib qazo qildi.
-Uzr, yarangizni yangilabman-da. Kechirasiz. Men bunday deb o‘ylamovdim, - deyman hijolat tortib.
-Otamning qazosi tuyqusdan bo‘ldi.Aka-uka, qarindosh-urug‘ dovdirab qoldik. Hamma bizning ko‘nglimizga qaragan. Oradan yillar o‘tdi. Izlar bosildi. Onam sekin-asta bizni uyli-joyli qildi. Hammamiz o‘z-o‘zimiz bilan ovora bo‘ldik. Bizlar endi o‘z hayot yo‘limizni boshladik, - deya so‘zini davom ettirdi Abdulla. – Men katta shaharga kelib o‘qidim. Onam va boshqa qarindoshlar menga pul berib turardi. O‘zim ham bo‘sh vaqtimda hammollik qildim. Bu orada akalarim ham uylandi. Opalarim esa erga tegdi. Onam doyalikni tashlay desa ham el-ulus bunga unamadi.
Men o‘qishni tugatdim. Uydaman. Ishga kirish uchun u yer bu yerga bosh suqdim. Lekin ish topolmay, men uzoq vaqt uyda qoldim. Akam bir kuni meni o‘zi bilan ergashtirib shaharga olib tushdi. 
Bir idoraga yuzlandik. Eshikni taqillatib, akam ichkariga kirdi. Men esa tashqarida uni kutib o‘tirardim. Bir mahal akam meni ichkariga opkirdi. Xonaning to‘rida jussali, sochlari yonga silliqgina taralgan, mo‘ylovli kishi o‘tirardi. Meni iliq kutib oldi. Qo‘l berib ko‘rishdik. Hol-ahvol so‘rashdik. U kishi meni andak savolga tutdi:
-Qaerni, qanday bitirganman? Zararli odatlarim bormi-yo‘qmi? Yalqovmanmi yoki ishchanmanmi? Yoshim?..
Qimtinibroq javob berdim. Ma’qul topdi chog‘i, uka ertadan boshlab ishni boshlayverasiz, dedi.
Quyuqroq xayrlashdik.
Uyga keldik. Ertasiga ko‘rimliroq kiyinib, akam bilan yangi ishxonamga keldik. Boyagi kishi meni jamoa bilan tanishtirdi.
Men geologlar bilan ishlardim. Oddiy laborant. Bo‘lim mudirimiz esa ko‘zoynak taqqan, kamgap, jikkakgina chol edi. 
-Igor Sergeevich Pavlov, - deya menga qo‘l uzatdi u.
-Abdulla Mengnorov, - dedim.
Qarasam, Igor Sergeevich shinavanda, ishiga puxta, uquvli, bilimdon odam ekan. Ikkovimizdan boshqa yana ham qiz juvonlar bu yerda ishlardi. Bizga ular har xil joylardan tekshirish uchun turli xil shisha idishlarda yerdan, tog‘dan olingan jinslarni keltirishardi.
Bizlar esa idishlarni olardik-da maxsus tamg‘a qo‘yib, taxmonga taxlardik. So‘ng esa peshma – pesh idishlardagi jinsni labaratoriyada analiz qilib, xulosasini yozib qo‘yardik. Yana esa egalariga topshirar edik.
Men bu idorada ko‘nikib ketdim. Hammamiz ahil va inoq bo‘lib ishlardik 
Ishlarim bir zaylda ketayotgan mana shunday damda meni uylantirish masalasi o‘rtaga tushdi. Eng birinchi bo‘lib onam gap boshladi:
-Bolam hamma og‘ir kunlarimiz ortda qoldi, o‘qiding, mana ishlayapsan ham, birovdan kam, birovdan ziyod. Shu desang ko‘zim tirikligida sening bolalaringni ham bag‘rimga bossam, armonim qolmasdi, bolam.
-Sal sabr qilaylik, ona, - deyman.
-Yo‘q, bolam, - deydi onam qat’iy. – Endi kami qolmadi, qaysi eshikka borsam, menga birov yo‘q demaydi. Shunga qarab aytsam, ko‘z ostingga olganing bo‘lsa gapirsang, yomon bo‘lmasdi. Sen ham, men ham ovora bo‘lib yurmasdik. Nima deding?
-Bilmasam, - deyman. – O‘ylab ko‘rmagan ekanman.
-Rostini aytaver bolam. Buni umr savdosi deyishadi. Uyalma. Ko‘nglingdagi gapirgin.
-Ochig‘i gap, ona, men siz o‘ylagan yoshdan o‘tibman, - dedim – endi bu yog‘iga biror narsa deyishga hayronman. Ona siz nimani ravo ko‘rsangiz shuni qiling. 
-Bo‘pti bolam, bilsang ammangning Gulsara degan qizi bor. Shuni kelin qilamiz. Odobi ham joyida, - dedi onam.
Men ammamning Gulsara degan qizini ko‘rdim. Gaplashdik. Yomonga o‘xshamadi. Onamning o‘zi sovchi bo‘ldi. Ish bitdi. Non ushatildi.
Qish boshlanishidan oldinroq to‘yimiz bo‘ldi. Gulsara bilan birga yashay boshladik. Birin-ketin bolalarimiz tug‘ila boshladi. Biz esa xursand bo‘ldik... Chiroyli ismlarni topib qo‘ydik... Erkaladik...
Gulsara menga, men esa unga mehribon edik. Onam niyatiga yetgan edi. Bolalarimni bag‘riga bosdi...
Ajabki, shundan so‘ng onamning tobi qochdi va ko‘p o‘tmasdan kutilmaganda qazo qildi.
Yig‘i-sig‘i, dod-voy. Qaniydiki, foydasi bo‘lsa. Bizlar ancha vaqtlargacha onamni o‘ylab yurdik...
Keyin esa...
Vaqt o‘tishi bilan hammamiz o‘z ishimiz bilan ovora edik. Gulsara menga to‘rt o‘g‘il va besh qizni tug‘ib berdi. Men ham endi oilam bilan andarmon bo‘la boshladim. Ishim ham joyida, yurish-turishim ham yomon emas. Xotinim katta o‘g‘limni uylantirishga tushdi. O‘zim ham hayron qoldim. Vaqtning o‘tishini qarang?!
...Nevaramni bag‘rimga bosar ekanman, ko‘zimdan yosh sizib chiqdi. E’tibor qilmagan ekanman. Ko‘zyoshlarim iyaklarimdan pastga tomchilayotgan ekan.
Ko‘z yoshim ko‘p xotiralarimni ham oqizib ketayotgandi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.