OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. O‘rnak (hikoya)

Berdi boboning qovog‘i hali o‘rnidan turmapsdan turib, ko‘rpada o‘ranib yotganidayoq solindi. Negadir o‘z-o‘zidan xafa bo‘la boshladi. O‘rnidan birdaniga turmadi. Ko‘rpasida uyoqdan-buyoqqa ag‘darilib yotardi. 
Biroz o‘tgan-ketganlarni eslagandek bo‘lib, xayolan yoshlik yillarini ham yodga oldi. Entikdi. O‘tayotgan kunidan ko‘ngli to‘lmayroq turdi. O‘rnidan qimirlab, yostiqqa tirsaklab yonboshladi.
Bir mahal dahlizdan satilning taraq-turug‘i eshitildi. Kampiri sigir soqqan. Kelin uxlayapti. Nevaralari ham uyg‘ondi. Eshikdan kampiri bilan nevaralar ham kelishdi. Kampirning avzoyi buzilgan. 
-Pashshaxonasida butini ko‘tarib uxlayapti u kishim. Yigitesa tashqarida tomoq qirib yuribdi, - dedi kampiri zarda bilan.
-Ey, kampir betoqat bo‘lma, yoshligiga boradi-da. O‘zingizni ham bir eslab ko‘ring, - deya bobo kesatdi.
-Men yoshligimdan bundaylarning to‘rtta-beshtasining ishini qilardim. Charchash nimaligini bilmasdim. Bularga hayronsan. Ozroqqina ish qilsayam ko‘taram bo‘lib qoladi, - dedi kampir.
-Ko‘p javrama, kishining bolasi. Eshitsa yomon bo‘ladi. Asta -sekin o‘rganib ketadi, - deydi bobo.
Chol bu gapni kampiriga buyruq ohangida qat’iy gapirdi. Kampir ham aytilganlarni darhol anglab, jim qoldi. Bir muddat sukutdan so‘ng chol o‘rnidan turib, tashqariga chiqdi.
Berdi bobo tahorat olib, yana uyiga – dasturxon boshiga kelib o‘tirdi. Nevarasini erkaladi. Hammasi dasturxon boshida jamuljam o‘tirib choy ichishdi. Qisqagina suhbat ham qurishdi. Turar mahali Berdi bobo dasturxonga fotiha o‘qidi. 
Choynak-piyola so‘ng dasturxon xontaxtadan sekin-asta yig‘ishtirildi. Kampiri tashqariga chiqdi. Kelin nevaralarni olib xonadan chiqar mahali o‘g‘li ham o‘rnidan qo‘zg‘aldi. 
Berdi bobo shu paytda o‘g‘liga ko‘z bilan “o‘tir” ishorasini qildi. O‘g‘li joyiga cho‘kdi. Ota-bola uyda yolg‘iz qolishdi. Bobo boshidagi telpagini yerga qo‘yib, sekingina o‘g‘liga yuzlandi. Obdon razm soldi.
-Sodiqboy, o‘g‘lim, - dedi bobo salmoqlab. – Mana yoshing ham o‘ttizdan oshdi. Endi shu bugundan boshlab, qora qozoningni alohida qilasan. O‘zingga somonxona, molxonani ham alohida qilib qurib olasan. Mol bilan otlaringni ham menikidan ajratib olgin. Xullas, aravangni o‘zing tortgin.
-Ota, ey,ey, qishning chillasida... men qanday qilib imorat quraman. Yoz kelsin, keyin o‘zim... aytmasangiz ham alohida qilaman, - deydi Sodiqboy.
-Yo‘q, bolam qishning qahratonida qilmagan ishingni yozning chillasida ham eslamaysan. Gap tamom. Shu bugundan boshlab tadorigingni ko‘raver, - deydi bobo. – Mayli bolalaringning oldiga boraver.
Sodiqboy xotinining oldiga boshini egib keldi. U otasi bilan bo‘lib o‘tgan gurungni zavjasiga aytib berdi. Ikkisi ham bir-biriga hamdard bo‘lib, biroz diydiyo qilishdi.
-Mayli, xafa bo‘lmang, Sodiqjon, somonxona bilan molxona bo‘lsa qurib olamiz. Kuchimiz yetmasa ana akalarim bor, qarab turishmaydi, - dedi xotini.
- O‘zimiz quramiz, akalaringdan yordam so‘rama. Otamni nima jin chaldi ekan-a? Shunga tushuna olmayapman. Qishning chillasida loy qorishning o‘zi bo‘ladimi? – deydi Sodiqboy.
Xullas, yildan qolgan tuyadek Sodiqboy qo‘liga belkurak olib, qorni kuradi, yerni tozaladi. Xotini esa o‘choqda o‘tin qalab suv isitdi. Eri esa ketmonni olib, yerni yumshatdi. Molxona bilan somonxonaning tarxini qilishdi. So‘ng tosh qaladi. Oralariga somonli loydan qo‘shib, poydevorni bazo‘r uch kun deganda qurib bitkazishdi.
Er-xotin azob yedi. Ish og‘ir edi. Og‘irligi ham mayli, sovuq suyaklaridan o‘tib ketdi. Ish unmasdi ham.
Berdi bobo bilan kampiri yoshlarning holini bilib tursa-da, zimdan kuzatardi. Atay ularning yumushlaridan xabar olmasdi. Bu esa Sodiqboy bilan xotinining g‘ashiga tegardi. Lekin kampir ularning ish bilan andarmon ekanligini bila turib, oshu ovqatni o‘zi qilardi. Keyinchalik esa boboning o‘zi ham u-bu maslahatlarni bera boshladi.
Baribir jigar ekanda... Joni achidi.
Kelini akalarinikiga ketdi. Bo‘lgan va bo‘layotgan voqeani boshdan-oxirigacha aytib beradi. Yordam so‘radi. Ko‘zyoshlarini ayamasdan to‘kdi. Mushtiparning diydiyosidan akalarining rahmi keldi. Biri g‘isht, biri taxta, biri esa tunuka yana boshqasi nimalarnidir va’da berdi. Singilni ovutishdi.
Kechga yaqin kelin uyga keldi. Xursand. Sevinchidan o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. Xandakda loy qoriyotgan erining oldiga kelib, ertadan boshlab ishlar yurishib ketishini aytdi. Akalari bergan va’dalarni so‘zladi. Sodiqboy xotining gapidan bir qarich o‘sdi. Kun qanday kech bo‘lganini bilmay qoldi.
Ertasiga Sodiqboyning qaynog‘alari g‘isht, tunuka, taxta-yu yog‘ochlarni uyiga keltirib tashladi. Ular ham singlisi bilan kuyovining holiga achinganday bo‘lishdi. Boz yordam kerak bo‘lsa, bajarajaklarini aytishdi. Er-xotin ularga tashakkurlar aytib, ko‘zlarini jovdiratib o‘tiraverdi. Sodiqboy ularning oldida muztar bo‘ldi. Qaynog‘alarini uyga taklif qildi. Ular esa unashmadi. Ish ko‘p, boshqa safar, deb hovliga chiqishdi. Ular xayrlashishdi. 
Ertasiga ertalabdan xotini o‘choqqa o‘tin qalab, qozon to‘la muzni erita boshladi. Sodiqboy esa xandaqdagi qotib qolgan kesaklarni ketmon bilan maydalab, loy qilishga unnay boshladi. Ular suvni isitib, loyni qorib, g‘isht tera boshladilar. Hafta ichida imoratning devorlari tiklandi. So‘ng bolorlarni yotqizib, taxtalarni to‘shab, tunukani qoqishdi.
Sodiqboyning imorat ko‘tarishi oson kechmadi.
U xursand, shodligiga sherik izlaydi. Somonni somonxonaga, mollarini esa molxonasiga qantardi. Oxuriga yemish soldi. Tomning shiftlariga, devorlariga razm solib qaradi. Bu ishlarning hammasini o‘zi qilganiga ishongisi kelmasdi.
Xuddi shu mahali bobo og‘ilxonaga kirib keldi. U ham tevarak-atrofga alangladi.
-    Hormang, Sodiqboy o‘g‘lim, - dedi otasi. – Imorat qulluq bo‘lsin.
-    Qulluq ota, qulluq, - deya u boshini ham qildi. 
-Buyursin, bolam, - dedi otasi.
- Rahmat ota, rahmat, - dedi o‘g‘il.
-Sen mendan xafa bo‘lmagin. Agar men shu ishga seni majbur qilmaganimda yanayam yuraverarding. Bolam sen ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lding, - dedi otasi.
-Bildim ota, tushundim. Sizga rahmat. Ko‘p narsani o‘rganganday bo‘ldim, - dedi o‘g‘li.
-Hali hech narsani bilmaysan bolam, ko‘pi oldinda, - dedi ota.
Ota bola sekin tashqariga chiqib, uy tomonga yura boshladi. Oyoqlari ostida qor g‘ichirlardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.