Kampir boshdanoq mulla Qudratning qizini kelin qilishga qarshi edi. Mulla Azim esa ahdida turdi. Ikki mulla bir paytlar quda bo‘lishga, orani yanada mustahkamroq qilishga sabab bo‘ladigan rishtani topmagandi. Mulla Qudrat qizini mulla Azimning yolg‘iz o‘g‘liga beradigan bo‘ldi. Og‘zaki bitim tuzildi.
Mulla Azim bu voqeani kampiri – Quralayga aytdi. Kampiri eriga ajablanib qaradi-yu, “Hali erta-ku, o‘g‘lingiz rozi bo‘larmikan? ” – dedi.
- Mullaning qizi yomon emas, o‘g‘ling undan ortig‘ini topolmaydi. Mullaning xotini ham binoiydek, keyin ro‘zg‘ori ham o‘zimizga mosroq, faqirgina, otasining gapini o‘g‘li ikki qilmaydi, - dedi mulla Azim.
Bu gaplar qat’iy va nedir baxtdan umidvorlik bilan aytgandi. Xotini g‘ingshimadi. Lekin erining bu ishidan norozi edi. Payti kelib bu masalada yana gaplashib, o‘zimga ma’qul xonadondan qiz topishga ko‘ndirarman, deb o‘yladi.
Erining fe’li ma’lum. Hozir unga qarshi gap aytsa, tutoqib ketadi. Davrada do‘sti bilan kelishgan. Lafz. Uni buzish uchun jur’at kerak. Buzgandan keyin ko‘chada ko‘tarib yuradigan boshni topish kerak.
Mulla Azimning xotiniga kelin yoqmayotgandi. Lekin jim o‘tirdi. U mulla Qudratning xotinini ham unchalik hushlamasdi. Shu barobarida uning tarbiyasini olgan qizni ham g‘oyibdan yomon ko‘rdi.
Mulla Azimning beshta bolasi bor. To‘rtta qiz, bir o‘g‘il. Ikkita hovlisi bor edi. Birida qishda, birida esa erta bahordan to kech kuzgacha yashardi. U tomorqada yaxshi ishlardi.
Dehqonchilikni puxta bilardi. Mol, qo‘y-yu echkilarni ham asrardi. Chorvadan ham xabardor edi. Mulla Azim ro‘zg‘orbop erkak edi. Devor ko‘tarishni, vassajuft taxtlashni, savat to‘qishni, taroq yasashni, tom yopish kabi ishlarni ham bilardi. Mulla Azimni dahadagi hamma xonadon taniydi. U daha odamlarining to‘y-yu ma’rakalarida xizmat qiladi. Uning xizmati tilovat qilishdan iborat bo‘ladi.
Mulla Azim yoshlarga nikoh ham o‘qiydi. Gohida “Mulla buva, dam urib qo‘ying,” deb keluvchilarni o‘qib ham turadi. U tumor va zunnor kabi narsalarni yasamasdi.
U kamtar, tuproq odam. Birovga qattiq gapirib, dilini og‘ritmaydi. Xotin, bola-chaqasini tergab turardiki, bu esa ularga malol kelmasdi. Mulla Azim bola-chaqasini tomorqada ishlashga, chorva boqishga o‘rgatardi.
Dahada to‘y-yu ma’rakaga faqatgina Mulla Azimni chaqirishadi. Mulla Qudrat ham o‘zining dahasida, mulla Misr esa o‘zining dahasidagi elning xizmatida bo‘ladi. Mullalar bir-birining qozoniga mo‘ralamaydi. Tomosha tadbir yakunlandan so‘ng tuguncha bilan uyga qaytishadi. Tuguncha xonadon egasining mullaga atagani bo‘ladi.
Mulla Azim xotini – Quralayni bir paytlar otasining amri bilan olgandi. Endi o‘zi ham xuddi otasi kabi o‘g‘lini mulla Qudratning qiziga uylantirmoqchi. Ularning baxtli yashashlariga ishonchi komil. Juda bo‘lmaganda, o‘zi kafil bo‘ladi. Ularning iqbolini ta’min etarga o‘zida nedir kuchni sezayotgandi. Lekin xotinda nimagadir ishtiyoq yo‘q edi. Quralay bunga xayrixohlik ko‘rsatmayotgandi. U erining ko‘nglidan o‘tgan va kechayotgan tuyg‘ularni his qilmasdi. Mulla Azim xotining beparvoligiga e’tibor bermadi. Qaytanga o‘g‘lini yoniga chaqirdi-da aytdiki, “ O‘g‘lim, mana opalaring joyi chiqdi, uzatdik. Endi navbat seniki, so‘ng singillaringniki. Men enangni chimildiqda ko‘rganman. Ko‘rib turibsanki, yomon yashamayapmiz. Endi bolam, ko‘zim ochiqligida sening ham bolalaringni ko‘rsam, devdim. Shunga mulla
Qudratning Zubayda degan qizini bilasan... Otasi bilan gaplashib qo‘yganman, bolam. Hamma rozi-rizo. Faqatgina o‘zing qolding. Yo‘q demasang, to‘yni boshlasak.”
Mulla Azimning o‘g‘li – To‘raboy jim o‘tirardi. Xo‘rsinib dediki, “Ota siz nima desangiz shu bo‘ladi. Bir narsaniki niyat qilibsiz ota, shu amalga oshsin. Men ham, kelin ham siz bilan enamga xizmat qilaylik.”
Mulla Azim o‘g‘lining gapidan boshi osmonga yetgudek bo‘lib suyundi. Ertasiga mulla Qudratnikiga sovchi jo‘natdi. Indiniga borib non sindirishdi. So‘ng fotiha to‘yini qilishdi. Oradagi hayitni o‘tkazib, Zubaydani ham Mulla Azimning uyiga kelin qilib tushirishdi.
Afsuski, o‘g‘lining to‘yini ko‘rish mulla Azimga nasib qilmagan ekan. Mulla Misr to‘yda o‘rtog‘ining ruhiga atab tilovat o‘qidi.
To‘ydan so‘ng To‘raboy maxsum hammaga rahmat aytdi. Kunlari odatdagiday o‘taverdi. Zubayda ham kuyovning qarindoshlarini hurmatini joyiga qo‘yish bilan ovora.
Quralay kampir baribir kelinini yoqtirmadi. Zubayda qaynonasiga yuz-qo‘lini yuvish uchun oftobada iliq suv tayyorlaydi, joyini yig‘ishtiradi, oshu ovqatini oldiga qo‘yadi. Quralay kampir hammasiga beparvo. Kelinining qilgan barcha tavallolari kampir uchun bir pul edi. Quralay kampir uning har bir ishidan min topardi. Kelin esa dardi ichida miq etmasdan yuraverardi.
Quralay kampir bo‘yi kichkina, ko‘zlari ko‘k, miqti gavdali edi. Uning harakatlari chaqqon bo‘lib, uddaburonligi yuzidan ham bilinib turardi. Yoshi yetmishga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, xamir qorib, tandirda o‘zi non yopardi. Ovqat qiladi. Tog‘orada o‘zining ust-boshlarini o‘zi yuvadi. Choliga o‘xshab chorva bilan tomorqa ilmidan ancha xabardor.
Quralay kampir bu yil tepadagi – qishki hovliga ko‘chib o‘tmadi. Qizi bilan qoldi. O‘g‘li kelini bilan qanchalik yolvorishmasin, baribir Quralay kampir unamadi. Qishni pastki hovlida o‘tkazdi. To‘raboy maxsum ham Zubayda ham uning holidan har kuni xabar olib turishardi. Erta bahorda uning oldiga yana o‘g‘li-kelini bilan ko‘ch-ko‘ronlarini ko‘tarib kelishdi. Tomorqada ishlar boshlandi.
To‘raboy maxsum ham otasining qo‘lini olib, el-ulusning to‘y-yu ma’rakalarida mullalik qilardi. Qolgan paytlari tomorqasida ishlardi. Maxsumning qo‘li gul edi. Mehnatkash edi. Tevarak- atrofda uningchalik yerning va molning tilini biladigan yo‘q edi.
Yozning chillasida Zubaydaning ko‘zi yoridi. Qiz tug‘ildi. Unga Quralay kampirning o‘zi doyalik qildi. Maxsum ham bo‘layotgan voqeadan xabardor edi. U sabzi ekish uchun jo‘yak olib, quloqdan suv tarayotgandi. Chaqaloq osongina tug‘ildi. Singlisi maxsumdan suyunchi oldi. So‘ng mulla Qudratnikiga xabar yuborishdi. Chaqaloqqa Quralay kampirning o‘zi – Roziya deb ism qo‘ydi. Hamma xursand bo‘ldi. Qulog‘iga azon aytib, beshikka belashdi. Quralay kampirning g‘ayrati mana shu paytda ham jo‘sh urgan edi. U barcha holat va yo‘riqlarda ham vaziyatni boshqarib turardi. Mana shu daqiqalarda kampir negadir shijoatli bo‘lib, o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Hammani uydan chiqardi. Xonada chaqaloq bilan onasi qolgach, hazorisfandni hokandozda tutatib, beshikning ustida aylantirdi so‘ng hokandozni bo‘sag‘aga qo‘ydi.
Quralay kampir ostonada turganicha nafasini rostlab oldi va olislarga qaradi-da, xo‘rsinib qo‘ydi. Kampirning xayolidan bosib o‘tgan hayoti birma-bir o‘ta boshladi...
Go‘dakligi.
Yoshligi.
Bo‘y qizligi.
Dugonalari bilan qurgan sirli suhbatlari.
Chimildiqdagi turishlari.
Mulla Azim bilan o‘tgan va kechirgan umri.
Bolalari, nevaralari.
Kuyovlari.
Kelini – Zubayda.
Bularning barchasi o‘zining ixtiyoridan tashqarida ekanligini anglaydi. Hayotning beshafqatligi, dunyoning oxiri ne bo‘larini bilmaslik, odamzot umri qanchalik tez o‘tayotganligini Quralay kampir daf’atan anglab qoldi. U o‘ylab ko‘rsa, o‘g‘lini hammadan, ayniqsa kelini – Zubaydadan ham qizg‘anar ekan. Shu vajdan bo‘lsa kerak, keliniga ham rag‘bat bildirmasligini tan oldi. Eri mulla Azim Zubaydani kelin qilaman, deb yurgan mahalda o‘zining tursayib yurganligini esladi. Va shu barobarida kelini – Zubaydaning atrofida parvonadek jonhalak yurganlarini, o‘zining esa beparvo qaraganlarini o‘yladi. Odamzot umrining oxirini baxayr bo‘lishini istashi bejiz emas ekan. Ajabkim, bir kunda, bir xayol surgan bilan yaxshi bo‘p qolish mushkul-ku! Lekin qon tomirda gupirib turibdi-ku! U bilan hisoblashish shart. Istig‘for aytish bilan odam yelkasidagi yukdan xalos bo‘larmikan? Tazarruning qudratini o‘lchash mumkinmi? Aslida, inson gunohining kechirilishi va avf etilmasligini bilsa, olamning borligidan ma’ni ne ekan?!
To‘raboy maxsum onasidan bu yil qishda tepadagi hovliga chiqish-chiqmasligini so‘radi. Quralay kampir “yo‘q chiqmayman,” degan javobni berdi. So‘ng maxsum xotini-yu qizi bilan kampirning yonida – pastki hovlida qolishdi.
Quralay kampir endi kelinini ayardi. O‘zi sigir sog‘adi. Tandirda non yopadi. O‘choqda ovqat tayyorlaydi. Sandalga o‘t soladi.
Quralay kampir o‘g‘lining, kelinining va butun dahaning oldida o‘zgarib borayotgandi...