Uning tug‘ilishi oila uchun va boshqa qarindoshlar orasida ham unchalik diqqattortar voqea bo‘lmadi. U ayni kunlar zabtiga olib keladigan palla – javzoning oxirlarida dunyoga keldi. Unga Mohitob kampir doyalik qildi. Tug‘ilish oson kechdi. O‘ziyam og‘ir va vazmin edi. Kindigini kesayotganida qattiqroq yig‘ladi. Opasi va akalari qarindoshlardan suyunchi olgani yugurib ketishdi.
Otasi ishdan kelib, hammaga suyunchi berdi. Mohitob kampirga ham qo‘l haqi deb pul berdi. Ammasi esa nedir bir tugunchani doya kampirga tutqizdi.
Ota o‘g‘liga ism qidirdi. O‘tgan-ketgan, uzoq-yaqin, teng-to‘shini ko‘z oldiga keltirdi... So‘ng – Ernazar degan ism unga ma’qul bo‘ldi. Uning tug‘ilishiga, o‘sishiga, kamoliga nazar tushsin, degan nedir ilinj ham bor ediki, buni ota ism qo‘yish orqaligina tasdiqlamoqchi bo‘lardi.
Xullas, chaqaloqqa - Ernazar degan nom berishdi. Uni cho‘miltirib, so‘ng qulog‘iga ismi bilan azonni qo‘shib aytib, beshikka belashdi...
U beshikda bemalol, injiqlik qilmasdan, bamaylixotir yotardi. Sekin-asta uni ko‘rgani qo‘shni bolalar ham chiqishadigan bo‘lishdi. Ular chaqaloqning yonoqlarini ushlab, hattoki turtib ham ko‘rishardi. Qo‘l-oyoqlari bog‘liq chaqaloq esa og‘zini ochganicha faqat kulib qo‘yardi. Uni onasi emizgandan keyin, alla aytib uxlatishardi. Onasi aytadigan allalarni opasi bilan akalari ham bilardi. Chaqaloqni uxlatish kerak bo‘lsa, ular ham bemalol alla aytib, beshik tebratishi mumkin edi. U opasining dugonalari kelganda aytiladigan alla bilan onasining allasini farqlay olardi. Uni hamma kelib tomosha qilardi. Badanlarini qitiqlab kuldirishardi. Unga yashirincha meva-cheva, shirinliklardan berishardi. Hattoki, tomog‘ida qolganida ham akalari uni eshakka mindirib, Sanam ilgirga opkelib, tomog‘ini tozalatib ketardi.
Uning tili ham, oyog‘i ham kech chiqdi. Beshikdan hovliga chiqqanida birinchi bo‘lib u Oqtoy laqabli it bilan tanishdi. Uning dumini va quloqlarini tortdi. Ustiga chiqib mindi hamki, Oqtoy jim o‘tirdi. It hovlida zanjirlanmasdan bemalol yurardi. U bu xonadonga taalluqli bo‘lgan hammani tanirdi. Oqtoydan tashqari bu hovlida ot, eshak, mushuk, sigir-buzoq va o‘ntacha qo‘y ham yurardi.
Endilikda u ham hovlidagi jonivorlarni ko‘rinishidan va ko‘zlaridan farqlay boshladi. Akalari ro‘zg‘ordagi yumushlarni bo‘lishib olganligini ham sezdi. Masalan, katta akasi – Naim ot bilan eshakka qarardi. Keyingi akasi – Samad sigir-buzoqqa, No‘‘mon esa qo‘ylarga qarardi. It bilan mushukka esa opasi va onasi qarardi. Otasi esa faqatgina Oqtoyni xushlardi. Onasi doim Oqtoy uchun bir qozonda ovqat qaynatar edi.
U hovlining o‘rtasida o‘sgan qayrag‘och tagidagi supada yotib yon-atrofni kashf qila boshlayotgandi. U hovlidagi chumchuq, musicha, mayna qushlarni ham yuz-ko‘zlaridan taniydigan bo‘ldi. Hatto ularning paloponlarini ham bir qarashda taniydigan darajaga erishdi. U hovlidagi hayotni kuzata turib, ajablanardi. Qarasaki, sigir qo‘ylarni suzib, oxuridagi yemishini yeb qo‘yardi. Ot esa eshakning oldidagi yemga ko‘z olaytiradi. Eng yomoni, mushuk tarnovning tagidagi uyadan tushib ketgan chumchuqning paloponini tap tortmasdan yeb qo‘ydi. Shunda u mushukni yomon ko‘rib qoldi. Uni quvib soldi va uyga kirgizdirmadi. Nar va moda chumchuqning bolasini izlab chirqillashini unsiz kuzatib turardi. U hayotda eng birinchi bo‘lib, mushukni yomon ko‘rdi. Mushukning qilgan ishlari uning xayollarini buzib, aqlini shoshirib qo‘ygandi. Ayni voqeadan u taajjubga tushdi. Otasining ishdan kelishi va unga bo‘lgan hodisani bir boshdan aytib berishni o‘ylab, darvoza poyladi.
Otasi ishdan keldi. Naim otni tablaga bog‘ladi. Bo‘yniga esa yemxaltasini osdi. Samad esa yelkasida sochiq bilan otasining qo‘liga oftobdastada suv qo‘ydi. Otasi to‘g‘ri kelib supaga o‘tirdi. Opasi dasturxon opkelib yozdi. Ernazar ham kelib otasining yonidan joy oldi. Otasi uni erkalay boshladi. Onasi ovqat keltirdi.
-Ota, pishak chumchuqning bolasini yeb qo‘ydi, - dedi bola hayratlanib.
Otasi og‘ir xo‘rsindi. Uni tushunganday bo‘ldi.
-Men endi pishakni uyga kiritmayman, uni haydab yubordim, - dedi bola.
-O‘g‘lim, sening nazaring yaxshi, ko‘pam o‘zingni urintirma, pishak – bu hali holva bolam, oldinda hali bundan ham yomonroqlari turibdi. Diydangni qattiqroq tut, bunaqa ta’sirchanliging senga ko‘p tashvish keltiradi. Dunyoning ishlari shunday yaralgan. – deydi otasi og‘ir xo‘rsinib.
-Ota, chumchuq unga yomonlik qilmadi-ku! Nega uning bolachasini yeb qo‘yish kerak? – yana so‘roqlaydi bola.
- Menam senday paytimda xuddi shunday kuyinganman. Hayotda har narsani toshu taroziga solaverib charchab ketasan. Bir xil murtadlarni ko‘rasanki, ularni toshu taroziga solishga ham irganasan. Sening kichkina aqlingga bunaqa gaplar ko‘plik qilar, hayotning o‘zi senga aql o‘rgatib boraveradi, ko‘pam ko‘yinma, - dedi otasi.
Ernazar eshitayotgan gaplarining ma’nosi ne ekanligini bilmoqqa chiranardi. U otasining aytganlarini qaytadan eslab, ko‘ngli xotirjam bo‘ldi. U yomon ko‘rgan mushuk negadir yo‘qolib qoldi. Opasi va akalari uni izlab ham topisha olmadilar. So‘ng akasi – Samad Haydar boboning mushugining bolasidan birini opkeldi. U kichkina edi. Hamma unga qiziqsinib qarardi. Aka-uka mushukchaga sut berardi. Ikkovlashib sutga un qorib – atala ham berishdi. Samad mushukchaga ot qo‘yganini va buni hali hech kimga aytmaganini, agar rozi bo‘lsa, unga aytishini bildirdi. Ernazar so‘z berdi. Samad mushukni egasining ismi bilan - Haydar deb nomlabdi.
-Axir odamning ismini hayvonga qo‘yib bo‘lmaydi-ku! Haydar bobo otamning jo‘rasi, eshitsa xafa bo‘ladi, - dedi Ernazar.
Samad unga cho‘ntagidan bir necha chaqilgan yong‘oq bilan mayiz chiqarib berdi.
-Mushukning otini hech kimga aytma. Faqatgina ikkovimiz bilaylik, - deya ukasiga tayinladi.
Ernazar ko‘ndi. Samad qitmir edi. U maktabdan kelib mushugini topa olmaydi. “Balki, onasi kelib, uyiga opketib qolgandir,” deb o‘yladi-yu Ernazar bilan Haydar bobonikiga keladi...
Ular darvozadan kirib kelib, uy egasining toklarni qirqayotganini ko‘rishdi. Haydar bobo ularning kelganidan bexabar bemalol o‘z ishi bilan andarmon edi. Ular asta keldi-da, boboga salom berishdi. Bobo alik oldi.
-Bizlarning Haydar pishagimiz siznikiga kelmadimi? – deya uy egasidan so‘raydi Ernazar.
-Nima, nima deding? – deya jahl bilan so‘raydi mezbon.
-Haydar pishagimizni yo‘qoldi, balki onasi bu yerga opkelgandir? – deya qayta so‘raydi Ernazar.
Haydar boboning jahli chiqib, bolakayning bo‘ynidan ushlab, uylarigacha opkeladi. Bobo uni onasiga topshirib, olamjahon gaplar bilan rosa uyaltiradi. Shundan keyin u onasidan bir o‘qlov ham yeydi.
Otasi unga indamadi. Gapirmadi ham. Lekin Samadni koyidi. Ernazar Haydar boboning oldida uyalib, hatto uni ko‘rsa, yashirinib oladigan bo‘ldi.
Samad esa hovlidagi barcha jonivorlarga avvalgi egalarining va qo‘shnilarning ismini nom sifatida qo‘yib tashladi. Bu laqablarni Samad faqatgina Ernazarning oldida tilga olardi. Shunda Ernazar akasiga qattiq tanbeh berdi. Va aytdiki:
-Samad sen noto‘g‘ri qilyapsan. Otam eshitsa xafa bo‘ladi. Boshqalar ham eshitsa shu. O‘zing o‘ylab ko‘r, begonalar ham o‘z hayvonlarini sening, mening, otamning yoki boshqa birimizning nomi bilan atasa senga yoqadimi? Aka, birovning ustidan kulma! Sen shunday qilaversang, hammasini nomma-nom qilib otamga aytaman. Sen oilamizning sha’nini o‘ylashing kerak, Samad!..
Ernazar otasi bilan onasining nimanidir hal qilayotgandek, jiddiy ohangda so‘zlashayotganlarining ustidan chiqdi. Gap opasiga kelayotgan sovchilar haqida edi.
Opasini kech kuzda uzatishadi. So‘ng Naim qolib, Samad uylanadigan bo‘ladi. Otasi Samad uylanmoqchi bo‘lgan qizning otasini unchalik hushlamasa-da, o‘g‘lining ko‘ngli uchun sovchi jo‘natadi. Qizning otasi – Shavqiddin qori tixirlik qiladi. Samadning o‘zi ham Xonbibining onasi – bo‘lajak qaynonasi bilan uchrashadi. Dardini aytadi. Ko‘nglini yoradi... Oxiri non ushataladi. Fotiha to‘yi qilinadi.
Endi esa Samadning yurish-turishi o‘zgaradi. Ernazarga nasihat qiladigan, o‘zini bosiq, vazmin ko‘rsatadigan bo‘ldi.
U Samadning o‘zidan begonalashayotganini his qila boshladi. Opasi ham turmushga chiqqanidan keyin avvalgidek emasligini o‘ylay boshladi. Ernazar ayni xayollarga berila turib, yuragi ezilgandek bo‘ldi. Ertaga Naim, No‘‘mon va o‘zi uylansa, otasi bilan onasi ne qilar ekan? Munosobatlar ne kechar ekan? Axir otasi bilan onasining bag‘rida hammasi birga yashasa ne bo‘lardi?..
Hayotning bu taxlit qurilishi Ernazarga ajabtovur tuyular edi. U nedir nomutanosiblik borligini qiyinchilik bilan zo‘r-bazo‘r ilg‘ab olardi. Ernazar hayotning turli xil so‘qmoqlari, taqdirlari borligini bildi. Endi ko‘pgina narsalarga ajablanmay qo‘ydi...
Ota-onasiga begona bo‘lmaslik lozimligini o‘yladi. Agar uylansa ham ularning oldidan ketmaslikka ahd qildi...
Biroq Ernazar olis yurtga ketdi. Orada ko‘p voqealar ham bo‘ldi. Eng yomoni otasi ham bu orada olamdan o‘tdi. Onasi esa Samadning qaramog‘ida qoldi. Onasi nevaralari bilan ovunib yurardi. Ernazar o‘qishda bo‘lib, vaqt-bevaqt onasidan xabar ololmasdi. U onasiga mehribon edi. Ernazar otasiga ko‘rsataolmagan xizmatlarini onasiga qilmoqchi bo‘lardi. Yuragida katta kuch bor edi.
Javzoning so‘ngi kunlari edi. Ernazar qo‘liga yarog‘ini olib, muallimlik yo‘lini tutmoqchi bo‘lib yurgan kezlar. Kutilmaganda akasi – Naim keldi va uni qishloqqa olib ketdi. Ular kelib bir paytlar otasi yashagan – Samadning uyiga qo‘ndi. Aka-ukalar hol-ahvol so‘rashib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan onasining yoniga o‘tishdi. Qarasaki, opasi onasining qo‘llarini uqalab turibdi.
Ernazar o‘zini onasining ustiga sekingina tashladi. Naim jim o‘tirdi. Ona ko‘zlarini ochdi. Kuldi. Bolalari bilan so‘rashdi.
Ernazar yig‘ladi. Ona uni yupatdi. Onasiga qo‘shilib opasi, ikki akasi ham Ernazarni ovutardi. Biroq uning yuragi bezovta edi...
Ona hech narsani bildirmasdi. Uning yuzidan ma’ni uqish ayni damda qiyin edi...
U suhbat oralatib hamma bilan rozi-rizolikni so‘rab oldi. O‘tgan-ketganlardan, onasi-yu otasidan, rahmatli eridan gapirdi...
Hammasi joyida edi.
Ona atrofdagilarini yupatgan, atrofdagilar esa onani ovutgan kishi bo‘lishdi...
Saharlab qishloq bo‘ylab jarchining ovozi yoyiladi. Hamma Samadnikiga azaga. Onani peshinda chiqarishdi. Ernazar dod solib yig‘ladi. Barcha marosimlar tugadi...
Ernazarning ko‘ksida armon bor edi. U hayot o‘ziga nisbatan beayov, g‘irromlik qilayotganini tushuna olmasdi. Nega unga navbat kelganida omad yuz ugiradi? Baxt kam bo‘ladi? Tole’ xira tortadi?
Ernazar qishlog‘iga keladi. Akasi Samad uydan ikkita xonani unga ajratib beradi. Qishloq maktabiga ishga kirdi. Yarim kun dars beradi. So‘ng bekorchilik. Akasining mollariga qarashadi.
Kunlari shu taxlit o‘tayotgan bir pallada unga opasi “aql” bo‘ladi. Va aytadiki:
-Uka, qachongacha shu zaylda yuraverasan. Sen qatorilarning bolalari... Sen bo‘lsang... Hoshim karning Gulsara qizi? Haydar boboning Gulnora qizi? Sayfi cho‘ponning Qirmiz qizi? Yana qaysi birini...tanlagin. Biz qulchilikka boraylik?
Bari bo‘lmadi. Akasi – No‘‘mon qo‘shni mahalladagi Yoqub ovchining qizi – Oypopukning daragini topib keldi. Taqdiri qo‘shilgan ekan, tez orada ularning to‘ylari bo‘ldi. Uning ko‘ngli baribir ilimadi. Oypopuk ham Ernazarning savollariga javob, armonlariga malham bo‘la olmadi. Oypopukning gaplari yengilroq edi. Vaqt o‘tib, kelinning gapning qizig‘iga qarab, oz-moz yolg‘on aytishi ham aniq bo‘ldi. Ular oltita bola ko‘rishdi: uch o‘g‘il, uch qiz. Oypopuk hali – hamon yolg‘onlari bilan erini qoniga tashna qilardi. Qarasaki, er ham yolg‘on aytishga odatlanib olibdi...
Ernazar o‘nglanmagan taqdiridan norizo bo‘ldi. Akasi – No‘‘mondan norozi bo‘ldiki, chunki u qandaydir Oypopukni topgan edi. Topib, uni Ernazarga ortmoqlagan edi ham.
-Aslida ayb mening o‘zimda, - deya keyinchalik o‘ylardi Ernazar. – Negaki, men o‘z taqdirimni No‘‘monga topshirdim. Axir, odam bozorga borib mol olmoqchi bo‘lsa hamki, avval uning qaddi bastiga qaraydi, og‘zini ochib tishlarini ko‘radi. Narxu navosini surishtiradi. Men esa yetti yot begona, mutlaqo bilmagan odam bilan hayotimni bog‘ladim... orada oltita bola... Undan narida yolg‘onchi xotin...
Hammasi ham mening taqdirim. Men bu dunyoga mana shunday yashash uchun va mana shunday taqdirga ega bo‘lish uchun kelmagan bo‘lsam kerak-ku, axir!..
Nahotki, dunyo deganlari shu bo‘lsa?..