OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodiyor Hazrat Ismat. Hamro bobo (hikoya)

Xabar keldi. Emishki, Hamro boboning kampiri qazo qilibdi. Ertaga peshin mahali chiqarishar ekan.
Po‘lat azonlab yo‘lga otlandi.Hamro bobo uning otasi bilan oshno edi.Qiyomatli do‘st bo‘lishgan. Po‘latning otasi qazo qilganidan keyin ham bu oilalar o‘rtasida bordi-keldi uzilmadi. To‘y-ma’rakalarda ikki tomon bir-birlarini izlashadi.
Samarqandning Turkman qishlog‘ida Hamro boboning obro‘-e’tibori zo‘r. To‘g‘ri, bu obro‘ning bari birdaniga paydo bo‘lib qolgani yo‘q.Ota-onadan erta yetim qolish, ketmon chopish va boshqa hayot tashvishlari kabi bir qadar yumushlar uning boshida bor edi. Hamro bobo mehnatdan qochmadi va astoydil ishladi. Muomilasi yaxshi edi. Suhbati zo‘r ediki, bir gaplashgan odam yana qaytib gurung qilsam, deb armon qilardi.
Hamro bobo jo‘raboz odam. Tevarak-atrofda tanishlari ko‘p. U hammasining ko‘nglini topardi. Dasturxoni ochiq edi. Xizmati beminnat. Boboning kampiri ham shunday himmatli ediki, undan uyalardi.
Ana shu kampir qazo qildi.
Po‘lat janozaga peshindan ancha ilgari yetib keldi. Azaxonaga yaqinlashgani sari yuragi hapqirib ketaverdi. Tumonat odam. Eshik oldida momoning o‘g‘illari turibdi.
Po‘lat kelib astagina hamdardlik bildirmoqchi edi. Hammasi yig‘ini boshladi. Po‘lat ham ularga qo‘shilib yig‘ladi. Uni o‘zlarining xos odamlari hisoblab ichkariga opkirishdi.
U yerda momo yuzlari ochiq, jag‘lari tang‘ilgan, ko‘ksiga bir-ikki dona gul qo‘yilgan, ko‘zlari yumuq yotardi...
Po‘lat momo bilan jimgina xayrlashdi. Ko‘ziga yosh keldi. Tomog‘iga nimadir tiqilganday bo‘ldi. So‘ng astagina tashqariga chiqdi.
Kun sovuq, shamol uvillardi. Po‘lat tashqarida qo‘l qovushtirib o‘tirdi. U odamlarning orasidan Hamro boboni qidira boshladi. Bobo esa ko‘rinmasdi. Ancha vaqtlar o‘tganidan keyin bobo izdihomning ichidan yurib kelardi. Boshida telpak, egnida chopon, yurishlari esa parishon edi. U ohistagina kampiri yotgan uyga kirdi. Picha fursat o‘tib, uydan qaytib chiqdi. Boboning ko‘zlari nam edi.
Bobo osmonga tikilib turdi. Yana qaytib kampiri yotgan uyga qaradi. U orzu-yu armonlari va shu bilan birgalikda kampiri bilan ham xayrlashayotgan edi. Hammaning ko‘zi boboda edi. Shunday bo‘lsa-da, u o‘zini yana qaytib, odamlar orasiga urdi.
Janoza o‘qilib, tobut ko‘tarildi. Tobut odamlarning yelkasi uzra qalqib qabriston tomon yo‘l oldi.
Kampirni lahadga qo‘yishdi. So‘ng mozorga tuproq tortish boshlandi. Ana-mana deguncha do‘ppaygan qabr paydo bo‘ldi. Hamma joy-joyiga o‘tirdi. Mulla tilovat qildi.
Shu paytda Po‘lat Hamro boboga ko‘z tashladi. Bobo bolalarining o‘rtasida kampirining qabriga tikilganicha xayolga cho‘mib o‘tirardi. Izg‘irin shamol esa uning soqollarini silkitardi... Boboning ko‘zlaridan yosh sizib kelardi... Bobo avval boshini sermadi, so‘ng taqdiriga tan bergandek, kallasini irg‘ab, qo‘llarini duoga ochdi. Fotiha qildi.
O‘sha tumonot odam yana azaxonaga qaytdi. Duoi fotiha o‘qildi. Keyin hamma iziga qaytib ketdi. Faqatgina yaqin qarindoshlar qoldi.
Kechga tomon barchasi yig‘ilishib, dasturxon atrofida o‘tirdi. Ovqat yeyilib, choy ichildi.
So‘ng ertangi bo‘lajak ma’rakaga ketadigan sarf-harajatlar hisoblandi.
Birov u dedi, bunisi bu dedi, boshqasi esa mutlaqo begona narsani gapirdi. Shunda bobo “Dindan chiqsang ham, eldan chiqma,” deb ularning masalaga aniqlik kiritgandek bo‘ladi.
Yana xonaki gurung boshlanadi. Gap borib tag‘in momoga taqaladi. Har xil taxminu tusmollar aytildi. 
“Hecham biror joyim og‘ridi, demasdi?”
“Tuppa-tuzuk yurgandi, nima bo‘ldi-yu?..”
“Kasali baribir aniqlanmadi-da?”
“Nevaralarining to‘yini ko‘rsa yaxshi bo‘lardi?..”
“Bolalaridan tinchigan edi. Buyam katta davlat...”
“Peshonasiga yozilgani shu ekan-da?”
Hammasining gapini shu yerga kelganida Hamro bobo bo‘ladi:
-Nima bo‘lgandayam u mendan keyin ketishi kerak edi. U meni dovdiratib qo‘ydi. Bechoraning yuki menikiga qaraganda yengilroq edi. Kampirim orqamda qolsa yaxshi bo‘lardi.
O‘tirganlarning barchasi jim qoladi. 
Keyin hamma sekin-asta bobodan ruxsat so‘rab uy-uyiga jo‘nadi. Uyda esa faqatgina bobo bilan Po‘lat qoldi. U boboga tasalli bermoqchi bo‘lib:
-Buva, endi og‘ir bo‘lsayam chidaysiz-da. Odam ko‘nikadi. Men ham otamdan ajaralganimda juda yomon ahvolga tushgandim. Vaqt hammasini da’vosi ekan, - deydi.
-Po‘lat sen shunday deysanu, lekin menga vaqt qolgani yo‘q-ku. Otang mening qadrdonim edi. Yosh ketdi bechora... Lekin momong bunday qiladi deya hech qachon o‘ylamagandim, - dedi bobo xo‘rsinib.
-Odamning boshi toshdan qattiq, deyishadi-ku! Baribir ham chidash zarur, buva? – dedi Po‘lat.
-Momong bilan bolalarni uy-joyli qildik. Nevaralar bor. Hammasi o‘zidan tinchigan. Hammasining o‘ziga yarasha tashvishi bor. Men shu kunga yetgunimcha ozgina balolarni ko‘rmadimmi? Endi oyoq uzatib, mazza qilib yashayman, degan paytingda kutilmagan zarblarga duch kelarkansan, - dedi Hamro bobo.
-Sizning ro‘zg‘oringizga hamma havas qiladi-ku, buva. Yoki odam qariganida ko‘ngil yana boshqa narsalarni ham tusab qoladimi? – deya so‘radi Po‘lat.
-Bilasanmi, qariganingda senga vaqt yetishmas ekan. Xatolarni to‘g‘rilayman deysan. Yana nedir savob ishlarni qilmoqchi bo‘lasan. Tinim bilmay yugurasan, lekin foydasi yo‘q. Vaqt esa o‘tgan bo‘ladi. 
Bu ro‘zg‘orni songa kiritgan momong bo‘ladi. U bechorani men o‘zigayam, birovgayam maqtamaganman.
Momong meni tushunardi. U bilan yashagan kunlarimga ham mingdan ming roziman. Yaratgan egamga shukr aytaman. Sen aytganday tevarakdagilar ro‘zg‘orimga havas qiladi. Xudoga shukr. Lekin buning o‘zi bo‘lgani yo‘q, uka, - dedi Hamro bobo.
-Armon yo‘q ekan-ku, buva. Qaniydi, haamayam sizday yashasa. Nimasi yomon? – dedi Po‘lat.
-Armonsiz odam bu dunyoda yashamagan bo‘lsa kerak. Yana tag‘in bilmadim. Lekin mening armonim yo‘q. Buni hech kimga aytolmayman, - dedi bobo.
-Tushunish qiyin buva? – dedi Po‘lat.
-Bilmadim, - dedi Hamro bobo xotirjam, – odam yoshi o‘tgani sayin go‘yoki miyasi, aqli to‘lishgandek bo‘lib boraverar ekan. Eng yomoni atrofingdagi tengqurlaring, maslakdoshlaring birin-ketin seni tark etganidek, sen ham o‘zingni keraksiz odam deb hisoblay boshlar ekansan. Eng dahshatlisi shu ekan.
-Buni qanday tushunish kerak? 
-Juda oddiy, - dedi Hamro bobo, – mana mendan misol. Endi men hech kimga kerak emasman. Umrimni yashab bo‘ldim. Yana qancha yashayman bu menga qorong‘u. Birovga og‘irligim tushmasligini xohlayman. To‘g‘ri, o‘g‘illarim, qizlarim, nevaralarim bor. Ko‘chaga tashlab qo‘yishmaydi. Lekin ularning o‘z yo‘li va yo‘rig‘i bor. Ulardan ham roziman. Rostini aytsam, men o‘zim zerikdim. Paymonam to‘lishini kutib turibman.
Po‘lat hech narsa demadi. Suhbat esa mana shu yerda tugadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.