Kech kuz edi. Adirdagi o‘tlar xuddi bahordagidek yam-yashil. Yantoq va karrakning dimiqqan hidini sezish qiyin emas. Ayniqsa, burganning buyi uni o‘ziga jalb etdi. Burgan unga otasini eslatardi...
U soy yoqalab ortidan bolalarini ergashtirganicha tog‘ tomon yura boshladi. Havo ham yaxshigina edi. Qo‘y-qo‘zi, ot, sigirlar adirda o‘tlab yurishardi. Jonivorlar undan hurkmasdi ham.
U bir paytlar mana shu yo‘llardan ko‘p qatnagan. Eshak minib tog‘dan, adirdan uyga tezak, o‘t-o‘lan, xasu xashak tashigan edi.
Yerni bosar ekan, chimning yumshoqligini, o‘tning mayinligi ham unga esh bo‘layotganini sezdi. Tog‘ning eng baland cho‘qqisiga chiqqanida o‘zida charchoq sezdi. Bolalari esa qichqirib o‘ynashardi. Nafasini rostlab olish uchun yerga o‘tirib oldi. Tanida rohat sezdi. Dimog‘iga allanechuk tanish hid urilgandek bo‘ldi. Ko‘ngli o‘rtandi. Atrofida uloqchalar dikonglab o‘ynab turibdi. Nariroqda sigirlar kavsh qaytarib, uni kuzatardi. Bu yerdan tevarak-atrof – butun qishloqni juda yaxshi bo‘lmasa-da, harholda ravonroq ko‘rish mumkin edi. U xursand, kayfiyatining yaxshiligidan maysaning ustiga chalqancha yotib oldi. Osmonni kuzatdi. U ko‘m-ko‘k edi. Siyrak bulutlar u yer – bu yerda kichkina xoldek turardi. U samoni yayrab kuzatayotgandi. Bolalari ham go‘yoki uni tushunganday, unga yaqin yo‘lamasdi.
Mullato‘rg‘ay uchmay qoldi. Tog‘dagi barcha qushlarning o‘ynoqi sayrashlari ham to‘xtadi. Ularda qandaydir jonsaraklik boshlandi. Ajabtovur ovozlar chiqarib, bir-birlarini xavfdan ogoh qila boshladi. Qushlar o‘z uyalariga yashirinib olishdi.
U osmonda to‘rt-beshta qushning qanotlarini keng yoyib, sekin aylanayotganini ko‘rdi. Darhol, fikr qildi: “Burgut” Haqiqatdan ham yirtqich qushlar bemalol qanotini yoyib, suzib yurishardi. Goh - goho qanotlarini silkib-silkib qo‘yishardi.
Burgut unga otasini eslatdi. U bir paytlar mana shu tog‘larning ustida o‘t o‘rib, burgan, yulg‘un yulib pichan g‘amlardi. Qorni och bo‘lsa, belbog‘idagi nonni suvga botirib yerdi. O‘sha kezlarda otasi unga burgut haqida gapirib bergandi.
“Ishoq, o‘g‘lim, burgutning ko‘zi uyasidan boshini chiqarib o‘tirgan yumronqoziqni o‘n-o‘n besh chaqirim naridan ko‘radi. Bo‘ri ham undan hayiqadi. Kuchi ko‘p, Abjir. Oyog‘i bilan tepib otning belini ham bemalol chiqarib yoki sindirib qo‘yishi mumkin. Tumshug‘ida ham, panjalarida ham kuch ko‘p. Yana bir odati bor, Ishoq, sen buni hecham unutma. Doim esingda tut. Burgut o‘z bolalari ichida nimjonrog‘i bo‘lsa, uni o‘zi osmonga olib chiqib yerga tashlab yuborar ekan...”
Shunda Ishoq otasiga savol beradi.
“Axir u o‘zining bolasi-ku!? Ichi achimaydimi? Balki, keyinchalik o‘zi tutib olar?..”
“Yo‘q.”
Mana shu javob bo‘lardi. Otasi bu gapni aytayotganida qat’iy turardiki, go‘yoki uning o‘zi ham hozir burgutdek tuyulardi. Yo‘q, otasi gurung so‘ngida bo‘shashardi. O‘g‘liga burgut haqidagi rivoyatni yumshatibroq aytardi.
“ – Ishoq, ularning hayoti biznikidan keskin farq qiladi. Qushlarning kushandasi ko‘p, shu sababli ular bir-birlariga shafqat qilishmaydi. Ular hayotida bir marta qiynalishni afzal bilishadi. Umrining oxirigacha qiynalib yurishni hohlamaydilar. Esingdami, Xurram cho‘ponning qopqonida o‘z oyog‘ini qoldirib ketgan bo‘ri bo‘lardi. Ana shu bo‘ri hozir ham tog‘larda yuradi. Xurram cho‘loqning aytishicha, ana shu bo‘ri o‘zining oyog‘ini o‘zi g‘ajib tashlab, qopqondan chiqib ketgan ekan. Bilasanmi, ular mag‘rur bo‘ladi, erkni yaxshi ko‘radi. Mudom qiynalib yurishdan qochadi. Bir martagina haqiqatning achchiq sharobidan totib ko‘rishadi, tamom. So‘ng qiynalib yurishmaydi. Yana aytadigan bo‘lsam, Ishoq, ular dangalroq bolam. Bo‘rilarning hayoti menga yoqadi. Ta’miz qilib ulardan ko‘p narsalarni o‘rganish mumkin. Ular hayotlari uchun kerakli narsalarni o‘zlari topadi. Boshqalardan muruvvat kutmaydi. To‘dasidan xoin yoki sotqin chiqqudek bo‘lsa, uning jazosini berib, to‘dasidan chiqarib yuboradi...”
Ishoq otasidan eshitgan bu so‘zlarni yana boshqatdan xotirasida tikladi. Otasining olamdan o‘tganiga ham mana qirq yilga yaqinlashibdi. Uning nazdida ota-bola xuddi mana shu tog‘ning ustida tunov kuni burgutu bo‘ri haqida obdon suhbat qurgandek edi. Ishoq o‘ylab ko‘rsa, otasi unga nedir ramziy va tagdor ma’noli gaplarni aytganu lekin o‘zining ham yanada fikrlab, xulosalar chiqarishiga imkon bergan ekan.
U o‘rnidan turib, burganlarni yulib keldi-da tagiga tushadi. Bolalari ham unga yollashdi. Ishoq burganning hidiga to‘yib-to‘yib olish uchun bolalari yulib kelgan alaf quchoqlab yuziga burkadi. Ishoq tanida va ruhida nedir orziqish to‘ydi. Qizig‘i shundaki, burgan ham unga otasini eslatardi.
Bir zamonlar ota-bola ot aravada tog‘ bag‘riga keldi. O‘shanda ham kech kuz edi. Karrak, ko‘zg‘aloq, tuyaqorin va boshqa xashaklarni jarlardan olib, aravaga yuklashdi. Otasi soydan burgan o‘rib, aravaning ustiga tashlardi va Ishoqni ham uning ustiga o‘tirgizardi. O‘g‘li aravada, o‘zi esa ulovda uyga qaytardi. Burganning hidi qo‘llarida qolardi. Kiyimlariga unnab ketardi.
Ular burganni tandir va o‘choqqa tutantiriq qilib ishlatardi. Opalari va singillari esa hatto hovlini tozalashda supurgi qilib ham foydalanishardi.
Ishoq jo‘ralari bilan adirda qo‘y boqib yurgan mahallarida burganni yoqib atrofida isinib o‘tirishardi. Cho‘g‘iga esa piyoz, kartoshka ko‘mib yeyishar ediki, ularning ta’mi hali ham og‘zidan ketmagan.
Burgan yonayotganida ham o‘zidan nafis va xushbo‘y taratib, chirsillab alangalar edi.
Bir yili do‘sti – Mardon burgan yoqib baliq pishirmoqchi bo‘ladi. Baliqni soydan tutishadi. So‘ng gulxanga tashlaydi. Baliq jizg‘anak bo‘lib qotib qoladi. Olov esa kuchayadi. Bolalar shoshib qolishadi. Qo‘llaridagi xivichni tashlab, ustilaridagi kiyimlarini yechib, olovni o‘chirishga tushadilar. Biroq befoyda edi. Yong‘in badtar kuchayib ketadiyu shamol olovni adir bo‘ylab yoyardi. Osmonni qora tutun qopladi. Bolalar nima qilarini bilmasdan, qo‘llarida kiyimlarini ushlaganicha, javdirab turardilar. Bu paytda esa qishloq tomondan odamlar yopirilib kela boshladi. Ular olovni to‘rt tarafdan qurshab, qo‘llaridagi tol va terak xivichlar bilan savalab qaytarishdi. Meshkoblarda suv olib kelib, sepishdi. Adirning yarmidan ko‘pi yonib ketdi. Shunda hamma yig‘ilib olib, aybdorning kim ekanligini, unga tanbeh berish lozimligini aytishadi. Biroq aybdor – Mardon yo‘qolib qoldi. U odamlar ayni olovni o‘chirish bilan andarmon bo‘lgan paytda uyiga qochib ketadi. Keyin esa hamma odamlar yig‘ilib olib Ishoqqa nasihat qilishadi. Do‘q uradi.
“Endi sen bilan Mardon ikkalang mollarimizga yem-xashakni g‘amlab berasizlar”
Ishoq jim turadi. Uni qop-qora bo‘lib tutayotgan adir o‘ylantirayotgan edi. Hamma uy-uyiga tarqaydi.
Ishoq uyga kelganida otasi uni koyimadi. “ Yer ham nafas olishi kerak, o‘g‘itlantirilmasa u ham charchab qoladi”, deya qo‘shnilargayam dalda berdi. O‘sha yili Ishoq g‘amlab qo‘ygan burganlarini jodida kesib mollariga berdi.
Adir kelgusi yil erta bahorda yana yam-yashil bo‘ldi. Eng birinchi bo‘lib boychechak chiqdi. So‘ng qo‘zigul, sariqgullar chiqdiki, hech kim bu yerlar o‘tgan yili yongan joylar deb o‘ylamasdi. Soy-u adirda hayot jonlangandi.
Ishoq tog‘ning tepasida turib otasini eslab qoldi...
Otasi hikoya qilib bergan burgutni yana ko‘rish uchun osmonga tikildi. Burgut esa qanotlarini yoyganicha ko‘kda parvoz qilardi.
Cho‘loq bo‘rini esladi. Bo‘rilar bu yerlarga qishda kelishadi. Hozir ham uning avlodlari shu tog‘larda yursa kerak, hoynahoy.
Ana pastdagi adirda burgan shunchalik bo‘y taratayaptiki, o‘zining aravada uni tagiga to‘shab ketganini eslamasdan iloji yo‘q edi.
Ishoq eslash mumkin bo‘lgan ko‘p narsalarni xotirladi. Ko‘z oldiga keltirdi.
Biroq mana shu tobda u otasini esladiki, ko‘zidan yosh keldi...
Ishoq otasining hovlida, uyda, to‘y-yu ma’rakalarda yurishini esladi...
Umrning o‘tib ketishini qarangki, mana o‘zi ham otasi yurgan yo‘llaridan yurdi. Ko‘p bilan osh-qatiq bo‘ldi. Fikr qildi. Zikr qildi. Gohida xursand, gohida xafa...
Ishoq o‘rnidan turdi. Ust-boshini qoqdi. Burganlarni yig‘ib, bir quchoq qilib ko‘tarib oldi. Bolalarini yoniga chorladi. Osmondagi burgutga qaradi. Uzoq tikildi. So‘ng bolalarini ortidan ergashtirib uyiga yo‘l oldi.
Ishoq yo‘l-yo‘lakay bolalariga burgut, bo‘ri va burgan haqida hikoya qilib berdi...