U kamgap va kamsuqum odam edi. Birov bilan unchalik ham chiqishib ketishi qiyin ediki, buning uchun u ezilardi.
Yoshligi ham mana ko‘z ochib yumgunicha o‘tib ketdi. Endi faqatgina xotira qoldi. Xotiraki, juda sodda va oddiy edi.
Ertalab turardi. Choyini ichar- ichmas turib mol-hollariga yem berardi. Tagini kurardi. So‘ng maktabiga borardi. To‘rt-besh xil fandan ta’lim olardi. Yana sumkasini qo‘ltiqlab uyga kelardi. Choy-poy ichib, sal dam olgach, eshakni egarlardi. Xurjunning ko‘zlariga non-suv, o‘roqni joylab, egarga tashlardi. So‘ng eshakni minib dashtga jo‘nardi.
Qiziltoshda eshakni to‘xtatib qantaradi. Egar abzalini olib qo‘yadi. Qo‘liga o‘roqni olib bir-ikki soat o‘t o‘rardi. O‘tni ikki bog‘lam qilib eshakka ortib uyga kelardi.
Keyin har faslga qarab har xil, kurash, chillak, tupalak, oshiq o‘ynalardi.
U eshakni minsa-da, undan qo‘rqardi. Negaki, bir marta eshak minayotganida, jonivor uning oyog‘idan tishlab oldi. Shu-shu bo‘ldi-yu, u eshakni minayotgan paytida og‘ziga yemxaltasini solardi.
Uni ne-ne umidlar bilan voyaga yetkizgan odamlar yana-da baxti bekamlik istashardi. Lekin hammasi ham ular xohlaganidek bo‘lmadi. Oriyat uchun talashdi. Gavharni toshga urmaylik, deyishdi.
Saboqdosh qizlardan biri uni yaxshi ko‘rib qoldi. Qiz avval boshda yigitni unchalik mensimasdi. Azbaroyi rahmi kelganidan, gohida uni erkalar, gohida kalaka qilar, xullas tushuniksiz bir muhabbat edi. Qizi tushmagur shaddod edi.
Bir kuni u ijarador kampirning zug‘umidan zada bo‘lib, xiyobondagi xarrakda o‘tirgan chog‘i o‘sha qiz yoniga keldi.
Gaplashdilar. Qiz unga qiziqsindi. Uning aytarga tili bormadi. Oxiri shaddod qiz masalani bilib oldi. Ikkalasi u turadigan ijara uyga keldi. Hamma narsalarni yig‘ishtirib mashinada qizning uyiga kelishdi.
Hovlining burchagidagi do‘ltaxonaga uni ko‘ch-ko‘roni bilan joylashtirishdi. U sodir bo‘layotgan voqealardan shoshib qoldi. Qiz uni onasi bilan tanishtirdi.
U sabog‘ini o‘qib o‘tirgan chog‘ida do‘ltaxonasining derazasi taqilladi. Tuynukni ochsa, ko‘rdiki, qiz uni tashqariga imlab chaqirib turardi. Chiqdi. Qiz uni ergashtirib ayvonga opkeldi. Xontaxta atrofiga ko‘rpacha solingan, unga o‘tirishni taklif qildi. Yigit iymanibgina o‘tirdi. Bir payt uydan baquvvat, yag‘rindor, qoruvli kishi chiqib keldi. U o‘rnidan turib ko‘rishdi. Qiz esa dasturxonga non-choy keltirdi. So‘ng onasi katta laganda osh keltirdi. Bu orada qiz otasiga yigitni tanishtirdi...
Ular tinch-totuv yashay boshlashdi. O‘qishni tamomlashiga bir yil qolganida ularning to‘yi bo‘ldi. To‘y. Tomosha. Tantana.
Orada ikkita farzandli ham bo‘lishdi.
Kelin kuyovni pul topishga va boshqa turli shinamliklarga undaydi. Javradi. Qaynonasi ham unga aql bo‘ldi. Qaynota esa kuyovni unchalik yoqtirmas va shu vajdan uni mensimasdi ham. Va buning ustiga u bu uyda ichkuyov hisobida edi.
Bu ro‘zg‘ordagi diydiyo kuyovning joniga tegdi. Xotini yana eski ashulasini ayta boshlagan paytda kuyov jahl bilan tarsaki tortdi.Orada janjal boshlandi. Kuyovning eshitmagan qarg‘ishi va so‘kishi qolmaydi...
Oqibatda uni qamatishdi...
Unga ertaga javob beradigan kun. Ozodlikka chiqadi. Boshida esa ming xil tashvish.
Qayoqqa boradi?..
Bolalarining oldigami?
Ota-onasining oldigami?
Yoki do‘stlarining qoshigami?
Umuman unga hozir kimning ko‘zi uchib turibdi? Hozir unga “mahrami asror” bo‘ladigan yoki bo‘la oladigan odam bormikan o‘zi?
U ozodlikka chiqdi. Biroq uni hech kim intizor bo‘lib kutib turgani yo‘q edi. Kech tushishi bilan bir paytlar qishloqdoshlari yashaydigan umumyotoqxonaga kelib qo‘ndi. Xayriyatki, tanishlari bor ekan. Bir xonada o‘tirib, osh qilishib, tongotar gurunglashishdi.
Hafta, o‘n kun shu taxlit kun kechirdi. Orada o‘g‘li bilan qizini ham ko‘rib keldi. Maktabga boryapti ekan. Avvaliga begonasirab turdi. Qo‘llariga shirinlik tutqazdi. Yuzlarini, sochlarini siladi. Bag‘riga bosdi. Bo‘g‘ziga yig‘i tiqildi. Ko‘nglida nedir taft – iliqlikni to‘ydi. Endi u haftaning so‘ngi kunlari bolalarini ko‘rish uchun maktabga kelardi. Bolalar ham unga o‘rganib qolishdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, xotini ham boshqa erga tegib ketibdi...
Hamqishloqlarining sa’yi harakatlari bilan u zavodga ishga kirdi. Kunlari shu zaylda o‘ta boshladi. Ishxonasidagi bir qariqizga uylandi... Qariqiz faqirgina, odmi ekan. Vaqt o‘tib qizli bo‘lishdi.
U bir safar qizi va xotini bilan bolalarini ko‘rgani maktabga kelishdi...
Xotini, o‘zi bolalarini quchoqlab, bag‘riga bosishdi. Bolalari esa kichkina singlisini ko‘rib qiziqsindi. Uning burnidan tortiqilashdi. Qo‘lchalarini silashdi. Chaqaloqni erkalashardi.
Xotini ham ular bilan esh bo‘lib ketdi.
O‘zi esa ularni jimgina kuzatib turardi. Oradan qancha voqealar o‘tdi. Ne-ne siru sinoatlar qoldi. Yana hali oldinda ne taqdir kutayotgan ekan..
Sukunat sohili jimgina mudrardi...