OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Chiroq (hikoya)

Har gal qishloqqa borganimda maktab yonidan o‘taman. Qaytmas, betakror bolalik xotiralari beixtiyor ko‘z oldimda jonlanadi.
Onamning aytishicha, shaharda yuraverib, “diydam qotib ketgan”. Ammo qadrdon maktabimni ko‘rganimda hayajonimni bosolmayman. Qadamlarim o‘zimga itoat etmay, beixtiyor bo‘shashib, sekinlayman. Maktabga kirgim keladi. Ammo negadir kirmayman... kirolmayman...
Bu gal qishloqqa oqshom cho‘kkanida kirib bordim. Maktabga yaqinlashganimda nosqovog‘ini yo‘qotgan bangiday kalovlanib qoldim. Nihoyat, o‘sha tanish bino ham ortda qoldi. Shunda ko‘nglimda g‘alati, kutilmagan bir istak uyg‘ondi. Sekin orqamga qaytdim. Maktab hovlisida tanish qorovul cholga duch keldim. Quyuq salomlashdik. O‘g‘li bilan sinfdosh edik. Boyoqish qarib, sal bukchayib qolibdi. U gulni g‘unchaligida, mevani g‘o‘rligida uzadigan bolakaylarni zirillatib quvlaydigan kishiga endi sira o‘xshamasdi.
Qorovul bemavrid tashrifimdan sal ajablanganini darrov payqadim. Maktabga kirmoqchiligimni aytganimda yanada hayratlandi:
— Ichkarida hech zog‘ yo‘q, o‘g‘lim, — dedi u yuzimga qarab.
— Menga shunisi kerak, tog‘a, — dedim unga xotirjam boqib. — Men shundoq bir... kiramanu chiqaman.
— Qaerga kirmoqchisiz o‘zi?
— O‘ninchi “B”ga, ho‘-vv, o‘zimiz o‘qigan sinf bor edi-ku?
Qorovul indamay oldinga boshladi. Yo‘lak eshigini kalit bilan ochgach, o‘zi tashqarida qoldi.
Ichkariga qadam qo‘ydimu tanish, qadrdon bir hisdan entikib ketdim. Dimog‘imga go‘yo maktab hidi urilganday bo‘ldi. Maktab hidi! Bunday hidni hech qachon, hech bir joyda tuymaganman. Bu hid pol va devorlar, partalardagi bo‘yoqlar, ohaklar yoki tuvaklardagi rango-rang gullarnikimidi — bilmayman. Sarxush bir kayfiyatda o‘ninchi “B” ni qidiraman. Eshiklardagi yozuvlar o‘zgarib ketibdi. Ammo men yanglishmay o‘zim o‘qigan sinfni topdim. Ana, oldindan uchinchi qator — deraza yonidagi parta! Bu mening joyim edi. Partaga gavdam zo‘rg‘a sig‘di. Tirsaklarimni  «yostiqcha» qilib, partaga bosh qo‘ydim. Nazarimda, vaqt va makon tushunchasi butunlay o‘zgargan, men ham go‘yoki bolaga aylanib qolgandekman. Oradan o‘n besh yil emas, o‘n besh daqiqa ham o‘tmagan. Faqat men shirin bir tush ko‘rganmanu hozir qo‘ng‘iroq bo‘lsa, qayta hushimga kelaman.
Atrofga qorong‘ulik cho‘ka boshladi. Derazadan xonaga xiragina shu’la tushib turibdi. Chiroqni yoqsammikin, deb o‘yladim. Shunda “yarq” etib xayolimda o‘sha uzoq yillar muqaddam bo‘lib o‘tgan chiroq voqeasi jonlandi.
O‘shanda oltinchimi, yettinchimi sinfda o‘qirdim. Maktabda o‘qish ikki smenada olib borilar, biz tushdan keyin qatnardik. Kunlar bir tutam bo‘lgan qish-qirovda oxirgi darslar lampa chiroq yorug‘ida o‘qitilardi. Ko‘pincha chiroq mening yonimdagi deraza tokchasiga qo‘yilardi. Men geografiya darsini yaxshi ko‘rardim. Robinzon Kruzo, Geklberri Fin sarguzashtlari tushlarimga kirib chiqar, xayolan ularning sayohatlarida hamroh bo‘lardim. Muallim ham nazarimda qiziquvchanligimga xayrixohday edi. Dars tugagach, kimda qanday savol bor, deyilishi bilan hamma menga o‘girilar, muallim ham jilmayib kutib turar edi. Chunki odatda savolni men berar, ba’zan darsga aloqasi bo‘lmagan, ammo o‘zimni qiziqtirgan narsalarni ham erinmay so‘rab-surishtirar edim. Mabodo qo‘ng‘iroqdan keyin savol bersam, ko‘pchilik menga o‘qrayib qarar, “bas qil” deya biqinimga turtkilashar edi. Biroq muallim o‘tgan darsni so‘roqlashga hozirlik ko‘rayotganda savol bersam, bu sinfdoshlarimga moydek yoqib tushardi. Chunki muallim savol-javobga chalg‘ib, vaqt o‘tganini payqamay qolar, ba’zan yangi darsni o‘tishga zo‘rg‘a ulgurar edi.
O‘sha kuni muallimning ko‘ngli nimadandir g‘ashroq edi, darsni ham u qadar ishtiyoq bilan o‘tmadi. Savol bormi, deb so‘ramagach, noiloj indamadim. Qo‘ng‘iroq bo‘lgach, hamma g‘imirlab qoldi. Sumkalar ochilib yopildi.
Stolda turgan globusni o‘qituvchilar xonasiga odatda men olib borib qo‘yardim. Sip-silliq, yashil-qo‘ng‘ir globus menga allaqanday sirli tuyular, tarvuzday keladigan yumaloq bu shaklda qanday mo‘’jizalar, hikmatlar yashiringanini o‘zimcha tasavvur qilishga urinar edim.
Xullas, qo‘ng‘iroqdan keyin globusni qo‘lga oldim. Chiroqni mo‘min-qobil partadoshim Asqar ko‘tardi. Sinf eshigi tor edi. Muallim eshikdan chiqishi bilan “ur-sur” boshlandi. Men Asqarga yo‘l berdim. Boshqalar ham bir daqiqa hovuridan tushishdi. Asqar endi ostonaga yetganda orqadan yana “sur-sur” boshlandi-yu, men o‘zimni tutolmay globus bilan borib chiroqqa urildim. Lampashisha chil-chil sindi. Hamma tumtaraqay qochib qoldi. Faqat Asqar ikkimiz yo‘lakda serrayib turardik. Sho‘rlik Asqarning tutqanog‘i bor edi, rangi oqarib, qaltiray boshladi. Muallim ham hali uzoqlashmagan ekan, darrov yetib keldi.
— Nima bo‘ldi? Kim sindirdi?
— Globus tegib ketuvdi... Keyin... — dedim yerga qarab.
— Sen ketaver, — dedi muallim Asqarga qarab. O‘zi globusni qo‘limdan olarkan, buyurdi. — Chiroqni ko‘tarib, orqamdan yur.
Singan chiroqni ko‘tarib, muallimga ergashdim. Men ayb ish sodir bo‘lganini, buning uchun kimdir javob berishi, jazolanishi lozimligini bilardim. Garchi mojaroga daxldor bo‘lsam-da, o‘zimni gunohkor hisoblamasdim. To‘g‘ri-da! Axir, chiroqni hech kim jo‘rttaga sindirmadi-ku! Unda kim bunga javob beradi?
Muallim meni to‘ppa-to‘g‘ri o‘qituvchilar xonasiga boshlab kirdi. Burchakdagi katta cho‘yan pechkada saksovul yonar, xonada kerosin va papiros hidi anqirdi. Chiroqni pechka yonidagi yog‘och kursiga qo‘ydim. Oxirgi dars endigina tugagan, o‘qituvchilar hali tarqalib ulgurishmagan edi.
Xonaga direktor kirib keldi. Yuragim shuv etib, seskanib ketdim. Meni boshlab kirgan muallim ham negadir o‘ng‘aysizlanib, bir zum taraddudda qoldi. “Falonchini direktor chaqirtirib so‘roq qilibdi”, degan gaplar odatda maktabga tezda yoyilib ketar, salgina oriyati bor o‘quvchiga bu katta isnod edi.
Direktor — o‘rta yoshlardagi, o‘rta bo‘yli, xushbichim, qoramag‘iz odam. Uning kulganini sira eslolmayman. U odamga shunchaki, jo‘n qaraganda ham go‘yoki achchiq kinoya, zaharxanda qilib turganga o‘xshardi. Uning birovga samimiy qaraganini hech eslolmayman. U doimo bir ohangda, salmoq bilan, allalab gapirar, allalab jonni olar, maktabda hamma undan qo‘rqardi. Faqat direktor bo‘lgani uchun emas, albatta.
Mening bu yerda mung‘ayib turishim muallimlarni ajablantirayotgani sezilib turar, bundan battar xijolat bo‘lar edim. Chunki men intizomli, yaxshi o‘qiydigan o‘quvchiman. Ammo direktor meni ko‘rib, ajablanmadi. Chamasi, direktorning har bir narsada o‘z o‘lchovi bor edi, payti kelganda buni alohida pisanda qilgisi kelardi.
— Hmm?! — dedi direktor meni ko‘rgach, salmoq bilan tomoq qirib.
“Boshlandi!” — dahshat bilan o‘yladim. Tirnog‘imning uchigacha muzlab ketdi. Chunki shu birgina “hmm?!”da ham so‘roq, ham tahdid, ham mazax bor edi va bu so‘zni hech kim u kishiday ohangda aytolmasdi.
 — Shu... deng, domla, lampashisha sinib qopti, — deya izoh bera boshladi geografiya muallimi. Direktor shu bir og‘iz gapdan o‘zicha hamma narsani tushundi.
— Shunaqa deng. Qiziq, lampashisha o‘z-o‘zidan sinib qolaversa... juda qiziq.
— O‘z-o‘zidan sinmagan, domla, — deya muallim mumkin qadar direktorning jahlini chiqarmaslikka uringanday muloyimlashdi. — Bular dars tugagach, eshikdan chiqishayotib ... bola-da endi ...
— Bolami shular? Shular-a? Turgan-bitgani balo-ku! Bola emish. Biz bulardaqa vaqtimizda katta bir oilani tebratardik. Boshlang‘ich ta’limdan keyin o‘qish uchun shaharga qatnaganmiz, to‘rvaxaltani yelkaga osi-ib, qirq chaqirimlab piyoda yurib. Yemishimizning tayini yo‘q, ustimiz yupun.
Direktor aytganday, “balo”manmi yoki bolamanmi, har qalay, butunlay farosatsiz emasdim. Bu gaplar menga atalgan aybnomaning debochasi edi. Ammo ming bosh qotirsam ham bu zahar-zug‘umlarning singan chiroqqa, menga qanchalik aloqasi borligiga aqlim yetmasdi.
— Xo‘sh, chiroqni nega sindirding? — deya direktor ko‘zimga tikilib, iskanjaga oldi.
— Men sindirganim yo‘q, — degancha najot qidirib, atrofga ilinj bilan jovdiradim. Meni hech kim himoya qilmadi. Qaytanga, o‘qituvchilar tekin tomoshadan mamnunday, mojaroga qiziqsinib qarashar, goho kinoya bilan luqma tashlab qo‘yishardi.
— Bo‘lmasa, kim sindirdi? Ayt? Indamaysan, demak, sen sindirgansan. Bilasanmi, senlarning bir yillik o‘qishing davlatga qanchaga tushadi?
Direktorning faqat og‘zi, jag‘i, lunji qimirlar, ammo ovozini eshitmasdim. Ba’zan u charchabmi yoki rahmi kelibmi, meni sal o‘z holimga qo‘yib, boshqalar bilan andarmon bo‘lardi. Ammo men yaxshi o‘rgatilgan askarday, burchakda qimirlamay turishga majbur edim. Faqat yig‘lab yubormaslik uchun xudodan sabru toqat tilab, iltijo qilardim.
Bir mahal xonaga maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan tog‘am kirib keldi. Azbaroyi suyunib ketganimdan tilim aylanmay qoldi. Tog‘am! Mana, u hozir direktor bilan bir og‘iz gaplashadi-yu, meni bu yerdan olib chiqib ketadi. Axir, u tog‘am-ku!
Tog‘am meni ko‘rib, oldimga keldi. Labimni qattiq tishlab olgandim. Tomog‘imdagi toshday qattiq narsa achishtira boshladi. Geografiya muallimi tog‘amga shivirlab, voqeani bayon qildi. Shunda tog‘am “e-ha” dedi-yu, menga bir qarab, nari ketdi. 
 Ajabo, hamma menga qarshi til biriktirib olganga o‘xshardi. Aybim nima — bilmayman. Baribir, chiroqni men sindirmadim-ku... Men hushimni bir joyga to‘plab, sog‘lom, xolis fikr yuritishga urindim.
Ehtimol, lampashisha rostdan ham topilmaydigan, taqchil matohdir. Direktor ham har kuni bittadan lampashisha sinaversa, oxiri o‘quvchilar qorong‘uda bilim ololmay qolishidan xavotirlanayotgandir. Unday bo‘lsa, lampashishani o‘rniga tiklab qo‘yish kerak. Shu tobda yangisini topish qiyin, ammo pulini... Shoshma, cho‘ntagimda onam ukamga pechene sotib olish uchun bergan ozroq pul bor edi shekilli. Rost, mana, turibdi.
Men cho‘ntagimdagi bor tangalarni changallagancha, sanamay chiroq yoniga to‘kib, birdan tashqariga otildim. Ko‘chaga chiqqach, o‘zimni tutolmay, yig‘lab yubordim. Yelkamdan tog‘ ag‘darilganiga, ozod bo‘lganimga suyundim chog‘i. Ammo chuchvarani xom sanagan ekanman. Orqamdan halloslab geografiya muallimi yetib kelib, direktor yo‘qlayotganini aytdi. O‘lim hukmi bekor qilinib, yana qayta hukm o‘qilganda mahbus qanday ahvolga tushsa, men ham go‘yo shunday holga tushdim. Garchi taajjublanadigan holatda bo‘lmasam-da, direktorning maqsadini tushunolmay garang edim. Axir, chiroqning pulini to‘ladim-ku, yana nima kerak unga, deya o‘zimcha ich-etimni yerdim. Shu tobda birov jahannamga yur desa ham qaytmasdim. Ammo direktorga qayta ro‘baro‘ bo‘lish baridan og‘ir, baridan dahshatli edi. Na chora, bormay ilojim qancha?
 — E-ha, kelsinlar boyvachcha, — dedi direktor ostonadan o‘tmasimdanoq. — Xayr-ma’zurniyam nasiya qilib-a?! Pullari ko‘payib qoldimi? — Direktor birdan gap ohangini o‘zgartirib, kesib-kesib gapira boshladi. — Maktab sening pulingga zor qolgani yo‘q, bildingmi? Sen oldin burningni artib ol, tuzukmi?!
Aksiga olib, xuddi shu daqiqada burnimni tortayotgandim. Darrov o‘zimni bosdim. Ammo ichdan kelayotgan og‘ir xo‘rsiniqni bosish qiyin edi. Shuning uchun ham beixtiyor “hiq-hiq” deb turdim.
— Yana hiqillab, bizni qo‘rqitmoqchi bo‘ladi-ya. E, sendaqa mug‘ombirlarning ko‘pini ko‘rganmiz. Omon bo‘lsak, yana ko‘ramiz.
Men shuncha ko‘rgilik kamlik qilganday, “boyvachchalik qilib” battar qovun tushirganimni, ko‘pchilik oldida qattiq o‘sal bo‘lganimni achchiq alam bilan ko‘nglimdan o‘tkazdim.
Direktorning har bir gapi qulog‘imdan kirib, yuragimga qo‘rg‘oshindek o‘rnashib qoldi. Faqat bir narsani hamon tushunolmayman: nega o‘shanda direktor menga shu qadar shafqatsizlik qildi? Bu shunchaki hazilmidi yoki qattiqqo‘l tarbiya usulimidi — bilmayman. Nazarimda, ko‘nglimda o‘chmas dog‘ kabi noxush iz qoldirgan o‘sha voqea oddiy, jaydari mantiq doirasiga sig‘masdi.
...Yo‘lakdan kimdir yurib kelib, eshik oldida to‘xtadi. Boshimni ko‘targanimda sinf qop-qorong‘i edi. Sekin eshik ochilib, qorovul cholning bo‘g‘iq ovozi eshitildi:
— Mizg‘ib qolmadingizmi, o‘g‘lim, olisdan charchab kelgansiz?
— Xayol sal elitibdi, otaxon, — dedim o‘rnimdan turarkanman.
— Maktab ham tabarruk joy, — dedi qorovul. — Hammayam sizga o‘xshab ko‘zi ochilgan joyni eslayvermaydi.
Qorovul bilan xayrlashib, tuproqli ko‘chadan uyga jo‘nadim.
Maktab... ko‘z ochilgan joy... Topib aytdi chol.
Ehtimol, o‘shanda chiroqning singani ham yaxshi bo‘lgandir...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.