OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Do‘rmon hangomalaridan

TOPIB QO‘YILGAN NOM

Mirpo‘lat Mirzoning ilk piyesasi — «Qachon tong otadi?» Sayramdagi viloyat drama teatrida qo‘yiladigan bo‘ldi. Muallif spektakl ko‘rigiga ijodkor do‘stlaridan Yoqubjon Xo‘jaberdiyev bilan kaminani taklif etdi. Biz ko‘rikdan bir kun oldin spektaklning hal qiluvchi repetitsiyasiga yetib bordik. Tomoshadan so‘ng oqshomda Mirpo‘latning akasi — Bekpo‘lat akaning fayzli xonadonida spektakl taassurotlari haqida gurunglashib o‘tirdik. Kamina piyesaning nomiga andak e’tiroz bildirdim. Ammo muallif o‘jarlik qilib fikrimga qo‘shilmadi.
Yo‘lda charchagan edik, yotishga chog‘landik. Katta mehmonxonadagi yonma-yon solingan uch kishilik joyni ko‘rib, andak sergak tortdim. Hamrohlarimning g‘aroyib odatidan xabardor edim-da. Shu bois dangal so‘radim:
— Mirpo‘lat, bu... xurrak masalasi nima bo‘ldi?
— Nima bo‘lardi, ja-a avjiga chiqib ketsak sal turtib qo‘yasiz-da, — dedi shoir pinagini buzmay.
Beixtiyor rahmatli yozuvchi Yoqubbek Yakvalxo‘jayevning «Xavotir olmanglar, men xurrak otganda boshqalarniki mutlaqo eshitilmaydi», degan hazilini esladik.
Yoqub aka xurrak masalasida estafetani ishonchli qo‘llarga topshirib ketgan ekan, hamxonalarning boshlari yostiqqa tegar-tegmas ajabtovur ovozlar xonani zilzila yanglig‘ titrata boshladi. Xuddi boshimda birov tegirmon toshi yurgizayotgandek garangsib qoldim. Turtishlar, silkitishlar xurrakchilarga pashsha qo‘nganchalik ta’sir qilmasdi. Alamimni kimdan, nimadan olishni bilmay, tinimsiz «uf» tortaman. Bu ahvolda qachon tong otadi dedimu ko‘rpa-yostiqni ko‘tarib, ro‘zg‘orni boshqa qildim — qo‘shni xonaga ko‘chib o‘tdim. Ammo o‘t balosidan, suv balosidan deganlaridek, xurrak balosidan ham qochib qutulib bo‘lmas ekan. «Eh, qachon tong otadi?» deya yana xunob bo‘laman.
Ertalab Mirpo‘latga aytgan birinchi gapim shu bo‘ldi:
– Shoir, piyesaning nomini juda topib qo‘ygan ekansiz. O‘zgartirib o‘tirmang!

ASHULANING FARQI

Bir davrada xonanda va qo‘shiqchilik san’ati haqida gurunglashayotgan edik. Do‘stlardan biri so‘rab qoldi:
— Men katta ashula, kichik ashula degan gaplarni umuman tushunmayman. Bu nima degani o‘zi?
Bunday mahalda hamisha o‘qlangan miltiqdek tayyor turadigan Mirpo‘lat Mirzo javob qildi:
— Agar ashulani tik turib aytsangiz — katta ashula, o‘tirib aytsangiz, — kichik ashula bo‘ladi, birodar.

VERTOLO‘T SHART EMAS

Mustaqillikdan ilgari Mirpo‘lat Mirzo bir guruh ijodkorlar bilan Rossiyaning Tyumen viloyatiga safar qiladi. Hamrohlar orasida rahmatli rassom Ne’mat Qo‘ziboyev ham bor edi. Bir kuni Ne’mat aka olis-olislarda shu’la taratib yonayotgan o‘rmonni ko‘rib qolib, mutasaddilardan iltimos qiladi:
— Iloji bo‘lsa, vertolyot bilan o‘sha yoqqa borib kelaylik. Men yong‘inni chizishim kerak.
O‘sha mahalda vertolyot masalasi muammoroq ekanmi, mezbonlar sal xijolat tortib, o‘ylanib qolishadi. Shunda Mirpo‘lat masalani osongina «hal qilib» qo‘yadi:
— Ne’mat aka, vertolyot-pertolyot deb bosh qotirib o‘tirasizmi? Hozir aytamiz — o‘rmonni shu yerning o‘zida yoqib berishadi.

SIPOHLAR ZALVORLI BO‘LSA...

San’at va shaxmat muxlisi, mohir shifokor, havaskor shoir Ibrohim Musayev keng, fayzli hovlisidagi o‘rik soyasiga xuddi istirohat bog‘laridagi kabi maxsus shaxmat o‘ynaydigan joy qilishni rejalashtiradi. Mo‘ljalicha, shaxmat taxtasi o‘rnida chiroyli, rangli xorijiy kafellar qo‘yilishi, shaxmat donalari ham salmoqli-zalvorli, piyodalar kamida kelining sopidek bo‘lishi lozim edi.
Ibrohim aka maqsadini eski qadrdoni, sevimli shoirimiz, shaxmat bo‘yicha ikki karra Chorvoq chempioni Erkin Vohidovga aytadi. Shoir rejani astoydil ma’qullab, shunday deydi:
— Yaxshi o‘ylabsiz, Ibrohimjon! Bunaqa joyda menga Rahmatulla (Alloh oxiratini obod qilsin) bilan shaxmat o‘ynash, ayniqsa, oson bo‘ladi.
— Nega endi...
— Sipohlar zalvorli bo‘lsa, Rahmatullo yurishini qaytarib olmaydi-da!

ISHONTIRISH USULI

Bir ziyofatda o‘zbekning Afandisi deb nom chiqargan yozuvchi Adham Hamdam xayrlashayotib mezbonga xasrat qiladi:
— Yangangiz juda ham rashkchi-da! O‘zim shaftoliqoqi bo‘lib qolsam ham rashk qilaverib kuydiradi. Mana, hozir ham uyga borib, ziyofatdan qaytdim desam, ishonmaydi.
— Qiziq, unda... nima qilsak ekan? — mezbon astoydil achinadi.
— E-e, eshak minishning ham yo‘li bor, — deydi Adham aka mezbonning qulog‘iga sirli shivirlab.
— Q-qanday yo‘l ekan?
— Mana bu dasturxondagi noz-ne’matlardan bir tugun qilib mashinamga tashlab qo‘ying-chi! Zora shunda yangangiz ziyofatdan kelganimga ishonsa...

AYB O‘ZIDA

Rauf Parfini ko‘chada uchratgan shogirdi unga shunday deydi:
— Rauf aka, yaqin do‘stingiz falonchi uyida og‘ir kasal bo‘lib yotibdi.
— E-e, afsus... Xo‘sh, unga nima bo‘libdi?
— Uyida meva terayotib daraxtdan yiqilibdi. Boshi bilan tushgan ekan, yomon jarohatlanibdi.
— Boyoqish hamma narsani teskari qilardi. Menimcha, u mevani ham oyog‘i bilan terganu boshi bilan qulagan. Ayb o‘zida!

YAPONLAR BILMAYDIGAN NARSA

Yozuvchi Ashurali Jo‘rayev va jurnalist-tarjimon Qahramon Rahmonov bir to‘yda ikkita yaponiyalik mehmonlar bilan yonma-yon o‘tirib qoladilar. Oshning qazisini to‘g‘rayotgan Ashurali Qahramonga gap qotadi:
— Mehmonlardan so‘rang-chi, qazini bilisharmikin?
Qahramon bir lahza mehmonlar bilan inglizcha chug‘urlashib olgach, shunday javob qiladi:
— Yo‘q, bilishmas ekan.
— Tavba, — deydi Ashurali hayron bo‘lib, — dunyoda yaponlar bilmaydigan narsa ham bor ekan-da!

SHAMOLLASH SABABI

Mirpo‘lat Mirzoning uyidagi bir ziyofatda shoir Tursun Ali «Yangi she’r yozuvdim, bir eshitib ko‘ringlarchi!» deya javobimizni ham kutmasdan, jo‘shib-toshib she’rini o‘qiy ketdi: «Qish. Tashqarida ayoz, shamol izillar...»
Davrada o‘tirgan shoir Azim Suyun shamollagan shekilli, ketma-ket aksa urar, shu bois asosiy diqqatimiz she’rga emas, unga qaratilgan edi.
Tursun Ali she’rini tugatishi hamon Mirpo‘lat Mirzo luqma tashladi.
— E-e shoir, mana shunaqa sovuq she’r yozib, Azimni shamollatib qo‘ydingiz-da!

MAQOLNING YANGICHA TALQINI

Yaqin do‘stimiz qizini turmushga chiqarayotib, to‘yga bir kun qolganda xotini bilan janjallashib uydan chiqib ketibdi. Xotin boyaqish kaminaga yig‘lab telefon qildi: «Bu tentakni bir amallab uyga olib kelinglar, el-yurt oldida sharmanda bo‘lmaylik endi...»
Mushkul vazifani uddalash uchun Mirpo‘lat ikkimiz yo‘lga chiqdik. Arazchini ko‘kragini zaxga bosib yotgan joyidan arang chiqarib, uyiga olib keldik. Yo‘limizga ilhaq bo‘lib, yuragini hovuchlab o‘tirgan xotiniga «Mana, oldin katta kuyovni tushirib oling!» deya hazillashgan bo‘ldik.
Qaytar mahali hali-hanuz shashtidan tushmay, ayoliga yovqarash qilib turgan do‘stimizga Mirpo‘lat ohista shivirlab, dalda berdi: «E-e, ko‘pam parvo qilavermang endi, bu xotin zoti hamma yerda bir xil qichqiradi».

MAHORAT OSHGACH

Kunlardan bir kuni shaxmat haqidagi gurungda Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona direktori Abdusalom Umarov shunday dedi:
— Men maktabda o‘qib yurganimdayoq ikkinchi razryad talabini bajarganman.
— Unday bo‘lsa, mahoratingiz yildan-yilga oshib, hozir sakkizinchi razryadga (aslida to‘rtta razryad bo‘lib, birinchisi eng yuqori hisoblanadi) yetib qolgandirsiz! — dedim jiddiy ohangda.
Hamma kulib yubordi.

EH ATTANG...

Bir vaqtlar filarmoniya naychisi bo‘lgan Mahmud Muhamedov tartib-intizomli, saranjom-sarishta odam edi. U ayniqsa kiyinish madaniyatiga alohida e’tibor berar, gastrol safarlarida dazmol topilmay qolsa, uxlashdan oldin shimini hafsala bilan ko‘rpa ostiga taxlab, «Mana, oshni damladik, ertalab quling o‘rgilsin palovxonto‘ra bo‘ladi» deb qo‘yarkan. Buni kuzatib yurgan hamkasb artistlar bir kuni o‘zaro maslahatlashib, naychini bir boplamoqchi bo‘lishadi. Ular Mahmud aka «oshini damlab», birrov tashqariga chiqishi hamon apil-tapil ko‘rpa ostidagi shimning taxini buzib, yana qayta joyiga qo‘yishadi.
Ertalab Mahmud aka odatdagidek qo‘llarini bir-biriga ishqalab, ko‘rpa tagini asta ko‘tarib qarasa shimning taxi dabdala bo‘lib yotganmish. Boyoqish naychi hafsalasi pir bo‘lib, o‘zlarini zo‘rg‘a kulgidan tiyib turgan hamkasblariga mo‘ltirab qaragancha shunday dermish:
— Eh attang, osh tagiga olib ketibdi-ku!

SAVIYASI PAST O‘G‘RILAR 

Yon qo‘shnim, zahmatkash adabiyotshunos olim Ortiqboy Abdullayev bir kuni Xumsondagi uyiga o‘g‘ri tushganini aytib qoldi.
— Xo‘sh, o‘g‘ri nimalarni o‘g‘irlabdi? — deb so‘radim hamdardlik bilan.
— Ha endi, qo‘liga ilingan ancha-muncha narsalarni o‘marib ketibdi-da.
— Darvoqe, boy kutubxonangiz bor edi, ishqilib kitoblarga teginmabdimi?
— Hayriyatki, kitoblarga tegmabdi.
— Mahallangizdagi o‘g‘rilarning ma’naviy saviyasi ancha past ekan, — dedim.

CHANGITMAY O‘TING

Sovetlar davrida, qizil mafkura hukmronligi yillari Andijon viloyati yozuvchilar uyushmasining bir yig‘ilishida uyushmaga uzoq muddat rahbarlik qilgan rais kutilmaganda zahmatkash shoir Vosit Sa’dullaga iddao qilib qoladi.
— Vosit aka, siz juda ham izzattalab odamsiz. Nima, sizga endi har qadamda bukilib ta’zim qilishimiz kerakmi? Axir ustoz Abdulla Qahhor ham bir maqolasida «Mabodo ko‘chada uch-to‘rt qariya turganini ko‘rsangiz, salomlashingu ishingiz zarur bo‘lsa, oldinga o‘tib ketavering» degan-ku!
Rahmatli Vosit akaning bunga javoban aytgan mashhur gapini andijonlik ijodkorlar hali-hamon eslab yurishadi:
— Mayli ukajon, oldinga o‘tsangiz bemalol o‘tib ketavering, — deydi o‘shanda Vosit aka, — faqat changitmay o‘ting-da!

MULOHAZA

Talabalik yillarimizda rahmatli adabiyotshunos olimlar G‘ulom Karimov bilan Ozod Sharafiddinov o‘rtasida realizm masalasi yuzasidan bahs-munozara rosa qizigandi. G‘.Karimov tabiatan ehtiyotkor va sermulohaza, O.Sharafiddinov esa dangalchi va jo‘shqinroq edi.
Kunlardan bir kuni ikkala domla trolleybusda ishga kelishayotgan ekan. Manzilga yaqinlashganda Ozod aka G‘ulom Karimovni ogohlantiradi:
— Domla keyingi bekatda tushishimiz kerak.
G‘ulom Karimov boshini sal engashtirib, ko‘zoynagi ustidan Ozod akaga sinchkovlik bilan qarab turib, shunday dermish:
— Siz shunday deb hisoblaysizmi, Ozod Obidovich? Menimcha, bu masalani jiddiyroq o‘ylab ko‘rish lozim!

OYOG‘IMNI BOSMAY TURING

Teleko‘rsatuvda mashhur san’atkor Tamaraxonim bilan suhbatlashishi lozim bo‘lgan suxandon yigit oldindan maslahatlashib oladi:
— Ayajon, ko‘rsatuvimizning vaqti-soati chegaralangan, shuning uchun qisqa, lo‘nda gapirish kerak. Mabodo xotiralarga berilib ketib, gapingiz cho‘zilib ketsa, sizni qanday to‘xtataman?
O‘ylay-o‘ylay yo‘lini topishadi — suxandon stol ostidan sekin ayaning oyog‘ini bosib qo‘ysa bas — gapga nuqta qo‘yiladi.
Nihoyat, ko‘rsatuv boshlanadi. Kutilganidek, Tamaraxonim san’at dargohiga qanday kirib kelgani, hamkasb va ustozlari, front ortida ko‘rsatgan xizmatlari haqida jo‘shib-toshib gapiraveradi. Suxandon kelishilganidek ayaning oyog‘ini sekingina bosib qo‘yadi. Shunda aya nogoh gapidan to‘xtab, suxandonga ajabsinib yuzlanadi:
— O‘g‘lim, gapimni oxirigacha aytib olay, oyog‘imni bosmay turing!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.