Ishtirokchilar
RAUF – ota, 30-35 yoshlarda.
Rahima – ona, 30 yoshlarda.
Umida – qizi, 7-8 yoshlarda.
Rustam – mehmon, oilaning do‘sti, 30-35 yoshlarda.
BIRINCHI PARDA
(Oddiygina jihozlangan, mo‘‘jaz xona. Rahima uy ishlari bilan band. Umida qo‘g‘irchog‘ini hafsala bilan yo‘rgaklamoqda. Eshik qo‘ng‘irog‘i ketma-ket jiringlaydi. Umida qo‘g‘irchog‘ini darhol bir chetga qo‘yib, eshik tomon oshiqadi).
UMIDA: Otam keldi! Otam keldi! Otam! Otam!
RAHIMA: Oshiqma, o‘zim ochaman! Namuncha eshikka osilasan, nari tur, hozir, hozir!
(Rahima eshik tirqishidan tashqariga bir zum tikilib turgach, eshikni ochadi. Ostonada novcha, xushro‘y yigit – Rauf ko‘rinadi. U ichkariga kirib ulgurmay qizaloq bo‘yniga osiladi. Ota-bola shu ko‘yi bir muddat turib qolishadi. Keyin ota qizini o‘pib-erkalaydi, sochlarini silaydi. Bu manzarani xomush kuzatib turgan ona xo‘rsinib, nigohini chetga o‘giradi. Beixtiyor yelkalari titraydi. Nihoyat, ko‘zlarini artib, ularga yaqinlashadi).
RAHIMA: Umida, bo‘ldi endi qizim, pastga tush. Otang kiyimlarini yechib olsin.
UMIDA: Yo‘q, yo‘q! Otam yana ketib qoladi!
(Ota-ona nigohlari beixtiyor to‘qnashadi. Rauf qizini ohista pastga tushiradi).
RAUF: O‘-ho‘-o‘-o‘, kap-katta qiz bo‘p qolibsan-ku! Sochlaring ham uzun bo‘lib ketibdi. O‘zimni asal qizim, shakar qizim! Qani yana bitta o‘pib qo‘yay-chi, endi bu tomonidan ham...
UMIDA: Endi men o‘paman.
RAHIMA: Bo‘ldi, qizim, tushaqol endi. Otang yo‘ldan toliqib kelgan. Qani endi, ichkariga kiramiz.
UMIDA: Yo‘q, yo‘q! Otam yana ketib qoladi!
RAUF: Ketmayman, qizim, ketmayman. Tushaqol endi.
UMIDA: Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q!
RAUF: Akang ko‘rinmayapti, qizim?
UMIDA: Aziz tog‘amlarning hovlisiga ketgan. Ular qishki ta’tilga chiqishdi.
RAUF: Sen bormadingmi?
UMIDA: Men ketsam, oyim yolg‘iz qoladi-ku!
RAUF: Barakallo, qizim! Esli qizim! Oyingni yolg‘iz qoldirmaganing yaxshi bo‘pti.
(Ota qizidan ko‘z uzmay, kiyimlarini yecha boshlaydi. Ona uning kiyimlariga qo‘l uzatadi).
RAUF: Qo‘yaver, men o‘zim...
(Ota kiyimlarini ilib qo‘ygach, divan chetiga omonatgina o‘tiradi. Bir chetda boshini quyi solintirib, xomush turgan Umidaga qaraydi).
RAUF: Ie, ie, arazlayapsanmi, ona qizim? Endi sen kichkina emassan. Esli, aqlli qizsan! Qani endi, yonimga o‘tir-chi!
UMIDA: Siz... yolg‘onchisiz!
RAUF: E, nega endi... yolg‘onchi bo‘larkanman?
UMIDA: Alifbo bayramiga kelaman, deb kelmadingiz. Azizning sinf majlisiga ham kelmadingiz. Aziz rosa yig‘ladi, endi ta’tildan keyin maktabga bormayman deyapti. O‘sha yoqda tog‘amlarga o‘g‘il bo‘lib qolarkan.
RAUF: Hmm... Haligi... majlisga oying bormadimi?
UMIDA: Oyim kasal bo‘lib qoldilar. “Tez yordam” chaqirdik. Do‘xtir ukol qilib ketdi. Men dori ichirib turdim. Siz... siz... yana kelmadingiz.
RAUF: Ilojim bo‘lmadi-da, qizim. Ishim ko‘payib ketdi... Kelasi safar albatta boraman.
UMIDA: Har doim va’da berib, bajarmaysiz. Sinfimizdagi bolalar aytishdiki, siz bizni...
RAHIMA: (jahl bilan) Umida! Qani, tezda oshxonadan konfetlarni olib kel-chi!
UMIDA: Xo‘p bo‘ladi, oyijon.
(Umida oshxonaga chiqib ketadi. Ona divan yonidagi mo‘‘jazgina jurnal stoliga dasturxon yoza boshlaydi).
RAUF: Ovora bo‘lma! Qornim to‘q!
RAHIMA: (qo‘lini beliga qo‘yib) E-e, shundaymi? Men sizni ochmikinsiz, deb o‘ylabman.
RAUF: Rost aytyapman, kelayotib...
RAHIMA: Ha, siz endi erkin qushsiz! Xohlagan joyingizda, xohlagan odamingiz bilan ovqatlanasiz. Atrofingizda onasi o‘pmagan farishtalar parvona! Bu yoqqa ham o‘shalar to‘yg‘azib yuborishgandir...
(Umida qo‘lida konfetlar to‘la vaza, xona o‘rtasida goh otasiga, goh onasiga mo‘ltirab qaragancha turib qoladi. Onasi qo‘lidan vazani oladi va qulog‘iga bir nimalar deya shivirlaydi. Qizaloq ketgisi kelmay, noiloj, ohista chiqib ketadi).
RAUF: Sen... nimalar deyapsan o‘zi?
RAHIMA: Ho-o!.. Meni hech nima bilmaydi deb o‘ylayapsizmi? Siz shoxida yursangiz, men bargida yuraman. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
RAUF: Xo‘sh, nimani ko‘rding?
RAHIMA: Ko‘rdim. Eski ishxonangiz oldida o‘ynashingiz bilan qaymoqlashib o‘tirganingizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
RAUF: Tentak, u bilan birga ishlaymiz-ku. Hamkasbim. Ish yuzasidan...
RAHIMA: Hmm! Ish bahona, diydor g‘animat! Bunaqa cho‘pchagingizni boshqaga ayting!
RAUF: (jahl bilan) Hoy, menga qara, nima senga hisob berishim kerakmi? Ajrashib ham qutulolmaymanmi sendan? Kimsan o‘zi? A? Kimsan?
RAHIMA: (xo‘rsinadi) Ha, to‘g‘ri aytasiz. Men... kimman endi? Eri ikki bolasi bilan tashlab ketgan bir bechora, mushtipar... (yig‘lamsiraydi)
RAUF: (shoshib qoladi) Qo‘ysang-chi endi. Axir... axir, mendan nima istaysan yana?
RAHIMA: (birdan o‘zgarib, o‘zini qo‘lga oladi) Hech nima! Hech nima istamayman. Hech nima kerak emas menga! Rashk qilyapti, demak, yana bir ilinji bor ekan deb o‘ylamang! Lekin bitta narsani unutmang – siz, baribir, otasiz! Umidaga otasiz! Yomon yo‘lga kirib ketsangiz, bironta suyuqoyoqqa ilakishib qolsangiz, kasofatingiz bolaga urmasin deyman, xolos.
RAUF: O‘zing yaxshi bilasan, men bu yerga faqat Umidani deb kelaman. Uni qanchalar yaxshi ko‘rishimni, qanchalar sog‘inishimni bilsang edi. Tushlarimda ko‘rib, uyg‘onib ketaman. Jinni bo‘lib qolmasam edi deb qo‘rqaman. Haftada bir marta nasib etadigan mana shu kunni orziqib kutaman. Sen bo‘lsang... Hech bo‘lmasa... (qo‘l siltaydi) Tushunaman, seni qizimning, suyumli qizimning onasi sifatida hurmat qilishim kerak. Sen bo‘lsang, har gal bir ishkal chiqarasan, asabimni egovlaysan.
RAHIMA: Ha, hammasiga yana men aybdorman! Men!..
RAUF: Seni ayblayotganim yo‘q, tushungin. (pauza) Bilasanmi, statistika ma’lumotlariga qaraganda, bizda o‘rta hisobda har o‘nta oiladan bittasi qo‘ydi-chiqdi bo‘larkan.
RAHIMA: Xo‘sh, o‘rta hisobda bunga kim aybdor ekan?
RAUF: (pichingga e’tibor bermay) Endi bu yog‘ini eshit. Ana o‘sha ajrashganlarning to‘qson foizi keyinchalik bolalari tufayli bir-biri bilan o‘zaro bordi-keldi qilarkan. Qolgan o‘n foizi yuz ko‘rmas bo‘lib ketarkan.
RAHIMA: Demak, biz ana shu... keyingi toifaga kirarkanmiz-da!
RAUF: Men, harqalay, buni xohlamasdim. Bizning hayotimiz nima bo‘lsa bo‘ldi.Endi... bolalarni o‘ylashimiz kerak. Sen bo‘lsang, shuni ham tushunging kelmaydi.
RAHIMA: Tushunmay nima qildim?
RAUF: Arzimagan narsadan janjal chiqarasan, kinoya-piching qilasan.
RAHIMA: Oldingizga loaqal dasturxon yozishim ham malol kelsa!.. Ovora bo‘lma deb kesatsangiz...
RAUF: Uff!.. Rostdan ham seni ovora qilgim kelmadi. Nega tushunmaysan? Nega?
RAHIMA: Qo‘rqmang, dasturxon yozib, sizni isitma-sovutma qilmoqchi emasman. Biz endi sobiq er-xotinlarmiz, xolos!.. Sobiq!.. Ammo bolalarga sobiq ota-ona emasmiz! Shuni tushunasizmi?
RAUF: Qiziq, nega endi bu haqda menga sen gapiryapsan? Sen? Bu bilan nima demoqchisan? Burchimni eslatmoqchimisan? Buni o‘zim ham yaxshi bilaman. Lekin sen shuni bilib qo‘yki, bolalar oldida har ikkimiz bab-barobar javobgarmiz! Yo‘q-yo‘q, bab-barobar... gunohkormiz! Bolalarda gunoh yo‘qligi uchun ham gunohkormiz!
(Xonaga Umida chopib kiradi va otasiga erkalanib, suykaladi).
UMIDA: Otajon! Nega sizni uzoqqa ishga yuborvorishdi? Ayb ish qilib qo‘yuvdingizmi?
RAUF: Qanaqa ishga? Nimalar deyapsan? (Onaga savolomuz qaraydi).
RAHIMA: Khm... Men... vaqtincha boshqa yoqqa ishga ketganingizni aytuvdim.
UMIDA: Hamma bolalarning otasi har kuni ishdan keyin uyiga keladi. Siz nega kelmaysiz, otajon? Maktabda bolalar aytadiki, siz bizni...
RAHIMA: Bas qil! Senga ming marta aytganman – otang vaqtincha uzoqqa ishga ketgan! To‘tiqushga o‘xshab hadeb bijillayverma!
UMIDA: (otasining ko‘zlariga javdirab tikiladi) Otajon! Siz bir kunga ishingizdan javob so‘rab kela olasizmi? Atigi bir kunga?..
RAUF: Harakat qilaman, qizim. Xo‘sh, keldim ham deylik. Nima qilishim kerak?
UMIDA: Sinfimizdagi Jahongir aytadiki, siz bizni...
RAHIMA: (qizining qo‘lidan ushlab, qattiq silkiydi) Ovozingni o‘chir, tentak! Mahmadona!
(Umida baralla yig‘lab yuboradi).
RAUF: Nega bolaga baqirasan? Nega... dilini og‘ritasan?
RAHIMA: E-e, dili og‘rib bo‘lgan! Bundan battar bo‘lmaydi!
RAUF: Qo‘y, unday dema! Bolaning oldida-ya. (Qizining boshini silab, yupatadi). Qo‘y, qizim, yig‘lama. Men o‘zim borib o‘sha Jahongir bilan yaxshilab gaplashib qo‘yaman.
UMIDA: Rostdan ham borasizmi?
RAUF: Boraman, qizim, boraman.
UMIDA: Qachon borasiz?
RAUF: Hmm... xo‘sh... haligi...
RAHIMA: (sekin shipshiydi) Bunga endi... aniq borsangiz va’da bering. Bo‘lmasa har kuni “Otam qachon keladi?” deb ming‘irlab yeb qo‘yadi.
RAUF: Xudo xohlasa, keyingi shanba kuni albatta boraman, qizim.
UMIDA: Tezroq bora qoling! Mening ham otam bor, desam bolalar ishonishmayapti. Agar siz borsangiz...
RAUF: Bo‘pti, ona qizim, albatta boraman.
UMIDA: Voy, qanday yaxshi! Urre! (Suyunib, otasini quchoqlaydi).
RAHIMA: Bo‘ldi, hadeb otangning bo‘yniga osilaverma, charchab kelganlar. Endi borib uxlagin, qizim. Vaqt ham kech bo‘ldi.
UMIDA: Yo‘q, yo‘q! Uxlasam otam ketib qoladi.
RAUF: Ketmayman, qizim. Mayli, borib uxlayqol.
(Umida norozi qiyofada chiqib ketadi).
RAHIMA: Har kuni otam qachon keladi, nega biz bilan turmaydi, deb bezor qiladi. Bola ekan-da, hozircha aldaganga ko‘nadi. Nazarimda, sizni mendan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘radi. Mana shunisiga chidolmayman. Yana alam qilgani – “ona” deb emas, “ota” deb til chiqargandi. To‘g‘risini aytsam, sizdan ko‘nglini sovutish uchun ba’zan sizni yomonlayman! Shunda u battar o‘chakishadi. Hatto ishonsangiz, “Agar otamni yomonlayversangiz, sizni tashlab, otam bilan ketib qolaman” deyishgacha bordi-da. O‘tirvolib rosa yig‘ladim.
RAUF: “Xotin kishining xatti-harakatida hamisha mantiqqa, sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydigan narsalar bo‘ladi” degan ekan bittasi. Haq gap. Buning isboti – sen!.. Ishqilib, Olloh insof bersin!..
RAHIMA: Uff... Yana men... men aybdorman!
RAUF: Axir, o‘zing o‘ylab ko‘r, bola otasini yaxshi ko‘rsa, bundan onaning g‘ashi kelsa… (ikkilanib, to‘xtab qoladi).
RAHIMA: Aytavering davomini, tortinmang. “Bunday onaning boridan yo‘g‘i yaxshi!” demoqchisiz-da! Donolar shunday demagan ekanmi?
RAUF: (uf tortib) Men bu yerga sen bilan adi-badi aytishish uchun emas, Umidani ko‘rish uchun kelaman. Biz sen bilan tortishib, urishib bo‘lganmiz. Endi... nima ham derdim, yana o‘sha gap – har kimning o‘ziga insof bersin!
(Oraga jimlik cho‘kadi. Rahima devorga osig‘liq otasining suratiga yaqinlashib, uzoq tikilib qoladi).
RAHIMA: Rahmatli otam tirik bo‘lganida bu ko‘rgiliklar yo‘q edi.
RAUF: Ha, rahmatli otang yaxshi odam edi. Agar sen otangga tortganingda hayotimiz butunlay boshqacha bo‘larmidi...
RAHIMA: (jahl bilan) Men kimga tortibman?
RAUF: Onangga tortgansan, shuning uchun...
RAHIMA: Onamga til tekkizmang, sizga og‘irligi tushayotgani yo‘q.
RAUF: Xudoga ming qatla shukurki, endi og‘irligi tushmaydi.
RAHIMA: Namuncha o‘lib ketgan onamning go‘riga tosh otasiz? Sizga nima yomonlik qiluvdi?
RAUF: Onangga xusumatim yo‘q, u ham bir xom sut emgan banda edi! Faqat uzoq vaqtgacha uning kim ekanligini, asl qiyofasini bilmagan edim. Onangning bir gal janjalimiz ustidan chiqib qolib aytgan gapi esingdami...
QAYNONA: (ovozi) “Siz, kuyovbola, kechagina bitta jomadon bilan shu tabarruk xonadonga sig‘indi bo‘lib kelgan, yalangoyoq bir bola edingiz. Siz Shojalilovlar xonadoni bilan o‘ynashmang. Qadamingizni bilib bosing! Aks holda, o‘sha osilib kelgan poezdingizda qishlog‘ingizga badarg‘a qilvoramiz!”
RAUF: Onangning og‘zidan bemalol chiqib ketgan bu so‘zlarni eshitib, hang-mang bo‘lib qolganman. Men bo‘lsam, otangning qazosidan keyin o‘zgarib qolganingni, hurmacha qiliqlar chiqarganingni oyingga aytib, nasihat qilib qo‘yishini iltimos qilmoqchi bo‘lib yuruvdim. Onangning haligi gapidan keyin bildimki, chuchvarani xom sanab yurgan ekanman. Agar bilsang, onang o‘sha gapi bilan otangning xotirasiga ham hurmatsizlik qilgandi. Chunki otangning menga munosabatini, menga ixlosi balandligini, kelajagimga ishonishini yaxshi bilardi. Ammo bila turib uning fikri bilan hisoblashmadi, meni kamsitdi. Men o‘sha mojaroda hatto nohaq bo‘lgan taqdirimda ham onang sening oldingda bunday demasligi kerak edi. Chunki... chunki men yomon bo‘lsam ham, senga er edim! Onang erni xotini oldida qaro yer qildi. Mening oiladagi o‘rnimni-darajamni ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ha, men o‘shanda hamma narsani birdan yaqqol tushunib qoldim. Sen birinchi galda onangning qizi eding!
RAHIMA: Men onamning qizi ekanligimdan faxrlanaman, onam yaxshi ayol edi. Sizga ham yomonlik qilmagan, siz uni tushunmagansiz...
RAUF: Hech bir inson, ayniqsa, ayol kishi onasini yomon deyolmaydi. Shu bois sen onangga xolis baho berolmaysan, sen uning qizi eding. Xalqimizda: “Otasi yomon – bittasi yomon, onasi yomon – hammasi yomon!”, “Onasini ko‘rib qizini ol!” degan maqollar bor. Afsuski, sen bu hikmatlarning ma’nosini tushunmaysan. Chunki sen, avvalo, onangning ta’sirida eding. Onang esa seni katta hayotga, ro‘zg‘orga, oilaga tayyorlay olmagan. Hamma balo ana shunda!..
RAHIMA: Tuhmat qilmang! Bizning oilaga hamma havas qilardi. Onam mahallaning kayvonisi, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida obro‘-e’tibori baland edi.
RAUF: Odamning olasi ichida bo‘ladi. Onangning kim ekanligi, haqiqiy basharasi, keyinchalik, sen bilan yashab, sovuningga kir yuvib ko‘rganimda ma’lum bo‘ldi.
RAHIMA: Demak, hamma mojarolarga faqat onam sababchi ekan-da.
RAUF: Afsuski, gap faqat onangda emas, gap... (qo‘l siltaydi) e-e, qo‘ysang-chi endi, foydasi yo‘q. To‘y o‘tgan...
RAHIMA: Xo‘sh, sizningcha, onamning asosiy kamchiligi nimada edi?
RAUF: Asosiy kamchiligi... Esingdami, men uyda kitob, gazeta o‘qisam, g‘ashing kelardi. “O‘qigan odamga ko‘p pul berarkanmi?” deb kesatarding. Men o‘sha kitoblardan o‘zimni qiynayotgan savollarga javob qidirardim. Goho jo‘yali javobni topardim ham va mavridi kelganda bu ibratli o‘gitlarni qulog‘ingga quyib turish uchun yon daftarimga ko‘chirib yozib qo‘yardim. Haliyam o‘sha daftarni yonimda olib yuraman. Ishonmasang mana, ko‘rsatishim mumkin. Istasang, ayrimlarini o‘qib beraman.
RAHIMA: (istar-istamas) Qani, eshitaylik-chi.
RAUF: Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham eshitib qo‘y. (daftardan o‘qiydi) “Farzandning tup qo‘yib, palak yozadigan zamini – ona. Bola jisman, ma’nan oladiganining to‘qson foizini onasidan oladi. Demak, zotning sifat unsurlarini, asosan, onalar tashiydilar. Biz – tarbiyachilarning eng zarur ishimiz va har kungi yumushimiz qiz bola tarbiyasidir”. (O‘qishdan bir zum to‘xtab, Rahimaga qarab qo‘yadi). “Onalar qizlariga yorug‘ dunyodan qanday foydalanishni o‘rgatishdan avval dunyoning bahosini, uning qadrini, eng buyuk ne’mat – inson ekanligini, insonni tushunish va unga yoqish ilmini o‘rgatishi ham farz, ham qarzdir”.
RAHIMA: (bir nuqtaga tikilgancha) “...insonni tushunish va unga yoqish ilmi”... Tavba, dunyoda shunaqa ilm ham bo‘larkan-da!
RAUF: Ha, bu eng muhim ilm! Xo‘sh, yana... o‘qiyveraymi?
RAHIMA: (ensasi qotib) O‘qing, o‘qiyvering.
RAUF: “Qizimiz qoshida ota-onalikning eng shirin, ibratli munosabatlarini ko‘rsataylik. Toki undan iymoni boy, nozik ta’b sulolalar tarqalsin”.
RAHIMA: Bas, yetadi. Men hazm qilolmaydigan, juda... aqlli gaplar ekan. Qiziq, shu gaplarni yozgan odam o‘zi shunga amal qilarmikin?
RAUF: Gap bunda emas. Bu hikmatlarni bitgan donishmand, avvalo, onangga o‘xshagan, senga o‘xshaganlarga foydasi tegarmikin deb, kuyinib yozgan. Menimcha, juda muhim, kerakli gaplar. Qaniydi, hamma unga amal qilsa... Nima, sen bu gaplarga... qo‘shilmaysanmi?
(Rahima indamaydi).
RAUF: Onang, yanglishmasam, umrining so‘nggi yillarida taqvoga berilgandi. Ammo u senga “Xotin uchun ibodatlarning eng afzali eriga xizmat qilishdir” degan muqaddas hadisni aytganmidi-yo‘qmi, bilmayman.
RAHIMA: Nima, men xizmatingizni qilmadimi?
RAUF: Qanday xizmat qilganingni yaxshi bilasan. Xotin kishi erni pisand qilmadimi – tamom. Bunaqa oila omonat bo‘ladi! Esingdami, o‘rtamizdagi... anglashilmovchilik deymizmi... xullas, o‘rtamizdagi ko‘ngilsizlik to‘yning ertasigayoq boshlangan edi. O‘shanda ertalab eringga nonushta tayyorlash senga malol kelgandi. Ha, ha, malol kelgandi. Senga yotig‘i bilan tanbeh berganimda aytgan gaping ham esimda. “Men sizning cho‘ringiz emasman!” devorgansan taptortmay. Men mash’um, tuzatilmas xatoga yo‘l qo‘yganimni anglab, tilimni tishlab qolganman. Ammo bunisi hali holva edi. Keyinchalik antiqa, xurmacha qiliqlaring birin-ketin oshkor bo‘laverdi. Chunki endi... niqobga hojat qolmagandi. Niqob yirtilgandi...
RAHIMA: Niqob deganingiz yana nimasi?
RAUF: To‘ygacha qiz ham, yigit ham beixtiyor o‘zining asl qiyofasini yashirib, faqat yaxshi tomonini ko‘rsatishga harakat qiladi, demak, niqobda yurishadi. To‘ydan keyin esa niqobga hojat qolmaydi, asl qiyofa qanchalik xaspo‘shlanmasin, oxiri, baribir, oshkor bo‘ladi.
RAHIMA: Demak, sizningcha, men ham...
RAUF: Ha, shunday. Asl qiyofangni yashirgansan. Aks holda...
RAHIMA: Aks holda, senga uylanmagan bo‘lardim demoqchisiz-da!
RAUF: Xuddi shunday – uylanmagan bo‘lardim!
RAHIMA: Avval o‘zingga boq – keyin nog‘ora qoq! Nima, siz o‘zingizni farishta deb hisoblaysizmi?
RAUF: Men farishta emasman, odamzod farishta bo‘lolmaydi. Hammamiz xom sut emgan bandamiz.
RAHIMA: Bo‘pti-da! Unda nega faqat meni yomonlayapsiz?
RAUF: Yomonlayotganim yo‘q, tushunsang-chi! Men... oilamizning nima uchun barbod bo‘lgani haqida... o‘z fikrimni aytyapman, xolos. Hayot murakkab narsa. U hammani, har lahza sinovdan o‘tkazib turadi. Mundoq qaraganda, insonning butun umri sinovlardan iborat.
RAHIMA: Nima uchun biz bu sinovdan o‘tolmadik? Nega oilamizni saqlab qololmadik?
RAUF: Men bu haqda juda ko‘p o‘ylaganman. Biz asrlar davomida shakllangan milliy urf-odatlarimizdan, milliy qadriyatlarimizdan uzoqlashdik. Ayniqsa, ayollar quyushqondan chiqib ketdi. Oilashunos olimlar shunday bir so‘rovnoma o‘tkazgan ekan. “Ayollarning jamiyatdagi mavqeini yanada oshirish kerakmi?” degan savolga javob bergan erkaklarning to‘qson yetti foizi “Ayolning jamiyatdagi o‘rnini oshirish shart emas! Ayol uyga, oilaga, erga e’tiborini kuchaytirsin!” debdi. Menimcha, bu gapda jon bor. Ota-bobolarimizning qanday umr kechirgani, qanday ro‘zg‘or tutgani bizga ibrat bo‘lishi kerak edi. Afsuski, biz o‘zimizni ulardan ko‘ra aqlliroq, bilag‘onroq hisoblaymiz. Men bolalik yillarimni yaxshi eslayman. Mabodo, otamning jahli chiqsa, onam mehri bilan uni shashtidan tushirgan, tarozining pallasini to‘g‘rilab turgan. Otam ishdan qaytishiga onam ovqatni tayyorlab, dasturxonni chiroyli yasatib, yo‘liga ko‘z tikib, ko‘chaga termilib o‘tirardi. Bu chiroyli manzara hech qachon ko‘z oldimdan ketmaydi. Men shunday muhitda o‘sganman. Istasam-istamasam seni rahmatli onamga qiyoslardim. Men ishdan charchab kelardim, sen ko‘pincha uyda bo‘lmasding, qo‘ni-qo‘shnilarnikida gap sotib o‘tirarding. Seni chaqirtirishga majbur bo‘lardim. Bu esa senga yoqmasdi, norozi bo‘lib, to‘ng‘illab chiqib, noiloj ovqatga urinarding. Pala-partish qilingan, maza-matrasiz ovqating tomog‘imdan o‘tmasdi. Sen umuman ovqat qilishga erinarding. Shu bois ovqatni ko‘proq, birato‘la uch-to‘rt kunga yetadigan qilib tayyorlarding. Esingdami, bir kuni Umida o‘sha eski ovqatingdan zaharlanib, kasalxonaga tushib qolgan edi.
RAHIMA: Xo‘sh, yana nimalarim sizga yoqmasdi? Aytavering, dardingiz ichingizda qolib ketmasin.
RAUF: Ha, aytaversam ichimda dardim ko‘p. O‘zing tilimni qichitib qo‘yding. Endi eshitasan. Uyga mehmon kelsa, yuragim bezillab turardi. Chunki sen mehmonni yoqtirmasding. Ayniqsa, mening qarindosh-urug‘imni ko‘rsang, ensang qotardi. Ularning izzat-hurmatini joyiga qo‘ymasding. “Ho‘-o‘v inson, mehmon otangdan ulug‘, bag‘ringni sal kengroq qil!” desam pisand qilmasding. “Bunaqa paypog‘i sassiq mehmonlar menga kerak emas!” deb qishloqdan kelgan qarindoshlarimni kamsitarding. Sening avzoyingni, qovoq-tumshug‘ingni ko‘rgan mehmon sho‘rlik uyda ko‘p o‘tirmasdi. U ketgandan keyin uy tozalanmas, idish-tovoqlar bir necha kungacha yuvilmas edi. Pokizalik, saranjom-sarishtalik senga yot edi.
RAHIMA: Axir, bular hammasi mayda gaplar-ku!
RAUF: Yo‘q, bular mayda gap emas! Agar bilsang...
RAHIMA: Tavba, shunaqa kamchiliklarim bor ekan, nega men bilan shuncha yil chidab yashadingiz? Nega? Sizni kim majburladi?
RAUF: Farzand kutayotganimizdan keyin sen bilan ajrashishga jur’at qilolmadim. Ona bo‘lganingdan keyin, zora, insofga kelib, fe’ling yaxshi tomonga o‘zgarsa kerak deb... umid qiluvdim. Keyin, otangning hurmati...
RAHIMA: Otamning nima daxli bor edi bizning mojaromizga?
RAUF: Rahmatli otang meni o‘g‘liday ko‘rardi. Siqilibroq yurganimni sezgan shekilli, bir kuni men bilan ochiqroq gaplashdi. “Bilaman, o‘g‘lim, qizim sal erkaroq o‘sgan, sizni biroz qiynab qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Men unga yaxshilab nasihat qilaman, mana yaqinda farzand ko‘rasizlar, hammasi izga tushib ketadi” degan edi. Rostdan ham otangning ta’siridami, sal insofga kelib qolganday bo‘luvding. Afsuski, bu ko‘p davom etmadi. Otangning qazosidan keyin yana asl qiyofangga qaytding.
RAHIMA: Nahotki, men otamning qazosidan keyin o‘zgarib qolgan bo‘lsam? Yo‘q, yo‘q, bu gapingiz yolg‘on!
RAUF: Dalillar o‘jar bo‘ladi! Mayli, endi isboti bilan gapiraman. Xo‘sh, qani aytchi, qo‘shningning eri bozorda oddiy pattachi bo‘lsa-da, mendaqa landavur, nomi ulug‘, suprasi quruq ilmiy xodimdan ko‘proq pul topishini yuz marta yuzimga solganing ham yolg‘onmi? Meni tap tortmay “landavur” der eding! Hatto bir kuni meni hech kim tanimasligini, mashhur odam emasligimni aytib, ta’na qilding. Bu ham yolg‘onmi? Shunaqa quyushqondan chiqib ketganingda ba’zan kaltak ham yeb turarding.
RAHIMA: Kuchingiz xotin kishiga yetardi-da...
RAUF: Vey, men axir, erman, erkakman! O‘zimga yarasha or-nomusim bor, hamiyatim bor! O‘shanda seni urib o‘ldirib qo‘ymaganimga shukur qilgin!
RAHIMA: O‘shanda ustingizdan shikoyat qilib, qamatvormaganimga shukur qiling.
RAUF: Qamatolmasding! Chunki senga... nomiga bo‘lsa ham er kerak edi. Chunki ikkinchi marta turmushi buzilgan ayolni hech kim yaxshi demaydi. Sen buni yaxshi bilarding. Aziz o‘gay bo‘lsa ham uni o‘z o‘g‘limdek yaxshi ko‘rardim. Bir kuni janjal paytida unga o‘zing “Bu sening otang emas!” deb oilamizning sirini ochib qo‘yding. Aziz es tortib qolgandi. Boyoqishga rahm qilib o‘tirmading. Axir, men o‘gay bo‘lsam, sen o‘z onasi eding-ku!
O‘shanda bu zaharli so‘zlaringning oqibatini o‘ylamading. Men bolalarimiz o‘ksimasligi uchun ham hammasiga chidab keldim. Uzoq chidadim. O‘sha – savdogarlik qilib, haddingdan oshgan, ishonchni yo‘qotgan paytinggacha chidadim. Ammo hamma narsaning cheki-chegarasi bo‘lganidek, sabr-toqatning ham chegarasi bo‘larkan. Otangning vafotidan keyin masala oydinlashib qoluvdi. Sen hech kimdan, hech narsadan tap tortmay qo‘yding. Sen, harqalay, otangdan hayiqarding-u, ammo, baribir, onangning kuchli ta’sirida eding.
RAHIMA: Endi bu gaplarning foydasi yo‘q. To‘y o‘tdi. Men uylaning deb bo‘yningizga osilib olmaganman. O‘zingiz... yoqtirib uylangansiz.
RAUF: Ha, men o‘shanda ko‘r edim. Muhabbatdan ko‘ru kar edim. Seni bir ko‘rishdayoq... sevib qolgandim. Meni oilang ham, o‘tmishing ham mutlaqo qiziqtirmagan. Men uchun faqat sen bor eding, xolos. Ha, tonmayman, seni o‘shanda... chin yurakdan... sevganman. Shoir aytganidek,
Aldangan edimmi senga, bilmayman,
Yo meni masxara qilgansan, chog‘i.
Ammo ont ichaman, o‘zim sevganman,
Qoldi menda o‘sha muhabbat dog‘i.
RAHIMA: Muhabbat dog‘i... Nahotki, muhabbat tugagan joydan nafrat boshlansa?! Nahotki, muhabbat qaytadan alanga olmasa? Qani, menga to‘g‘risini ayting-chi, siz o‘shanda meni rostdan ham... sevganmidingiz? Faqat... to‘g‘risini ayting!
RAUF: Tonmayman – o‘shanda seni qattiq sevganman. Xayolan o‘tgan kunlarni eslasam, mening o‘shandagi hissiyotimni bundan bo‘lakcha so‘z bilan ifodalash qiyin. Ha, men seni juda qattiq sevgandim. Seni ko‘rgan zahotimoq hayotimni sensiz tasavvur etolmaganman. Ajabo, o‘sha ayol rostdan ham senmiding? U qani? U qayoqqa g‘oyib bo‘ldi?
RAHIMA: (ajablanib) Mana men – yoningizdaman. Men... o‘sha-o‘shaman.
RAUF: Yo‘q, yo‘q, sen – u emassan, u – sen emas. U – butunlay boshqa, u boshqa odam, boshqa olam edi... U endi yo‘q... Yo‘q...
RAHIMA: Xo‘sh, siz-chi, siz? Hoynahoy, siz ham o‘zingizni o‘sha-o‘shaman deb o‘ylarsiz?
RAUF: Men... harqalay, ko‘zingga ilgarigiday o‘t-olov bo‘lib ko‘rinmasam-da, o‘sha-o‘shaman!
RAHIMA: O-o!.. O‘t-olov ham gapmi?! Siz mening hayotim, quvonchim, suyangan tog‘im edingiz. Uchrashuvlarda aytgan gaplaringiz, suyib-erkalashlaringiz hali-hamon quloqlarim ostida jaranglaydi. Suratingizni tumor qilib bo‘ynimga osib olgandim. Mening suyanchig‘im – baxtim bo‘lgan o‘sha yigit qani? Qani? (unsiz yig‘laydi )
RAUF: (hayratda bir zum lol qoladi) Demak, sen ham, demak...
(Rahima so‘zsiz bosh irg‘ab, ko‘zyoshlarini artadi).
RAUF: Demak, hammasi sarob, hammasi bir tush ekan-da...
RAHIMA: Ha, shirin bir tush...
RAUF: Ajabo, inson bir umr ilohiy muhabbatga talpinib, topinib yashaydi. Bir umr... Ammo endi unga yetdim deganda, hammasi sarob bo‘lib chiqadi. Nega shunday bo‘ladi? Nega?.. Nega hayot bu qadar shafqatsiz?..
(Xonaga Umida qo‘g‘irchog‘ini ko‘tarib kiradi).
UMIDA: Bobosi, bobosi, qo‘g‘irchog‘im uxlamayapti. Juda bebosh bo‘lib ketyapti. O‘zingiz bir nasihat qilib qo‘ying. Yoki ertak aytib bering, bobosi!
RAUF: (hayrat va zavq bilan) Qiziq, bobosi... dedingmi?
UMIDA: Axir, siz mening otammisiz?
RAUF: Ha, otangman.
UMIDA: Qo‘g‘irchoq mening qizimmi?
RAUF: (kulib) Ha, shunday.
UMIDA: Unda qo‘g‘irchoq sizning nevarangiz, siz unga bobosiz!
RAUF: Boboman! Bo-bo! Ho-ho-ho! Obbo qizim-ey! (qizini ko‘tarib, o‘pib-erkalaydi).
(Umida qiqirlab kuladi, so‘ng otasi bilan stol atrofida quvlashmachoq o‘ynaydi. Bu mashg‘ulot ancha davom etadi. Ota-bola o‘yinga andarmon bo‘lib, bir chetda ularni xomush kuzatib turgan onani unutishadi).
RAHIMA: Bo‘ldi, qizim, bas qil. Otang ishdan charchab kelgan, dam olishi kerak.
RAUF: (birdan sergak tortadi) E, darvoqe, men... ketishim kerak edi. (shoshib o‘rnidan turadi)
RAHIMA: Meni noto‘g‘ri tushundingiz. Sizni... haydayotganim yo‘q.
RAUF: Yo‘q, yo‘q, tushunaman, tushunaman. Men... rostdan ham ketishim kerak, vaqtim ziq. Zarur ishlarim bor.
UMIDA: (otasiga yig‘lab yopishadi) Otajon, ketmang! Ketmang! Oyijon, siz ayting – otam ketmasin!
RAUF: (qizining boshini silab, stolga behol o‘tiradi) Xo‘p, qizim, xo‘p...
UMIDA: (birdan yana jonlanib) Otajon! Ketmaysiz-a? Ketmaysiz-a?
RAUF: (og‘ir xo‘rsinadi) Xo‘p dedim-ku! Ketmayman, ketmayman...
UMIDA: (qo‘g‘irchog‘iga) Ana! Eshitdingmi? Bobosi ketmas ekan! Bobosi bizni yaxshi ko‘radi.
RAHIMA: Otang ketmaydi, boraqol, endi qo‘g‘irchog‘ingni uxlat.
UMIDA: Ana, eshitdingmi? Endi uxlashing kerak. Biz ketdik, bobosi!
(Umida xonadan chiqadi).
RAUF: (xayolchan) Bobosi dedi-ya! Bobosi!.. Ha, ha, rostdan ham bobo bo‘ladigan vaqt ham uzoq emas. Umr esa o‘tib boryapti, besamar, beiz, benishon... Ammo biz hech qachon o‘lmaydigandek, xuddi dunyoga ustun bo‘ladigandek yashaymiz. Umr esa o‘tmoqda... Ikir-chikirlar, mayda manfaatlar bilan zaharlangan fayzsiz umr o‘tib bormoqda. Balki insonning eng katta fojiasi ham ana shunda – mayda manfaatlarning quli bo‘lib qolganidadir. Eng ajoyib, betakror davr – yoshlik, navqironlik ham ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. Qarabsanki, bobo bo‘ladigan yoshga kirib qolibsan
RAHIMA: Tashvish chekmasangiz ham bo‘ladi. Siz hali-beri bobo bo‘lmaysiz. Siz hali g‘unchasiz. Ochilmagan, ochilish arafasida turgan g‘uncha!
RAUF: Yana boshlayapsanmi? Ilgari mayli, tushunarli edi. Ammo endi...
RAHIMA: To‘g‘ri, endi haqqim yo‘q bunday deyishga. Endi... begonaman. Endi nomahramman...
RAUF: Gap bunda emas. Sen haliyam meni ozodlikka erishib, o‘zing aytganingdek, g‘uncha bo‘lib, yana birontasiga uylanish uchungina ajralishdi deb o‘ylaysan, shekilli. Yanglishasan!..
RAHIMA: Harqalay, dunyodan so‘ppayib o‘tmassiz. Baribir, bir kunmas bir kun uylanasiz... Erkakka tanmahram kerak, baribir. Uylanmay ilojingiz yo‘q. Albatta, menga o‘xshagan sodda, laqma ayolga emas.
RAUF: Qo‘rqma, endi... uylanmayman.
RAHIMA: Voy-voy, men nega endi qo‘rqarkanman? Qiziq gapirdingiz-ku!
RAUF: Bo‘lmasa, nega hadeb g‘uncha-puncha deb boshimni qotiryapsan?
RAHIMA: E, menga desa, mingtasiga uylanib, mingtasidan ajrashmaysizmi?! Podumaesh!..
RAUF: Rahmat! Tashakkur! Sen ko‘zimni moshdek ochgansan! Agar xotin zoti shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, bir umr uylanmayman! G‘unchaligimcha qolaveraman. Sira-sira ochilmayman. Bildingmi?
RAHIMA: (kesatib) Chakki qilasiz. O‘zingizga qiyin bo‘ladi. Yolg‘izlik – yomon!..
RAUF: Ha, to‘g‘ri aytasan – yolg‘izlik yomon! Ammo eng dahshatli yolg‘izlik nima – bilasanmi? Bu – yoningda seni tushunmaydigan odam bilan yashab, o‘zingni yolg‘iz his qilish! Bu hammasidan og‘ir! Tushundingmi? Shuning uchun sen men haqimda ortiqcha tashvishlanmasang ham bo‘ladi. Sen endi ko‘proq o‘zingni o‘yla. Hozir ayni erga tegadigan payting. Keyinroq... kech bo‘lishi mumkin.
RAHIMA: To‘g‘ri aytasiz. Ikkita bolasi bilan ikki marta erdan chiqqan, yoshi o‘ttizdan oshgan xotinga ko‘zi uchib turganlar ko‘p bo‘lsa kerak.
RAUF: Ja-a unchalik emas. O‘sha ikkovimizni tanishtirgan dugonangga aytsang, yana birontasini topar.
RAHIMA: E ming rahmat! Men ham xuddi o‘zlariga o‘xshab (barmoqlarini tomog‘iga tiraydi) rosa to‘yganman! Er shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa – bir yelkamga vodorod, ikkinchisiga atom bombasini qo‘yib, turmush qurmasang portlatvoraman deyishsa ham er qilmayman!
RAUF: Nahotki, shunchalik... joningdan to‘ydirgan bo‘lsam?!
RAHIMA: Siz nima deb o‘ylovdingiz? Qars ikki qo‘ldan! Er-xotin – qo‘sh ho‘kiz!
RAUF: Eskilarning gapini ham o‘zingning jaydari falsafangga moslab aytyapsan.Aslida, “Qo‘sh ho‘kiz” degani nima – bilasanmi?
RAHIMA: Siz bilsangiz bo‘ldi, biz – bilmaymiz! Biz – tushunmaymiz!
RAUF: (kinoyaga e’tibor bermay) Qo‘sh ho‘kiz degani, nima desam ekan, bu... bir umr bir-birini tushunish, o‘la-o‘lguncha bir-biriga hamdam, hamdard, suyanchiq bo‘la olish degani! Axir, ota-bobolarimizda qo‘ydi-chiqdi degan narsa mutlaqo bo‘lmagan. Vaholanki, ular bir-birini ilk marta chimildiqda ko‘rishgan, bizga o‘xshab sevishib, ahdu paymon ham qilishmagan. Mana, o‘zingning ota-onang qanday topishib, qanday yashashganini bilasanmi?
RAHIMA: Dadam katta rahbar bo‘lgan, katta ishlarda ishlagan.Urush-janjalga vaqti bo‘lmagan.
RAUF: Yaxshiyam vaqti bo‘lmagan! Agar vaqti bo‘lganda bormi, urush-janjal qo‘ydi-chiqdiga aylanib, sen tug‘ilmagan va biz... ko‘rishmagan bo‘lardik. Ammo-lekin onang... o‘sha suyukli onang... sening tug‘ilmasliging uchun qattiq harakat qilgan. Ha, ha! Ajablanma! Onangning turfa xil, xurmacha qiliqlariga faqat otangga o‘xshagan mo‘min-qobil, yuvosh odamgina chidashi mumkin edi. Lekin rahmatli... uzoq chiday olmadi. Onangdan o‘lib qutuldi!..
RAHIMA: (jahl bilan) Og‘zingizga qarab gapiring!
RAUF: (xotinning jazavasiga parvo qilmay) Men otangni ham, onangni ham ayblamoqchi emasman. Hammamiz tasodif farzandi va tasodif qurbonimiz! Mundoq qaraganda tug‘ilishimiz ham, sevgi va nafratimiz ham tasodif!
RAHIMA: Tasodif farzandi!.. Qiziq...
RAUF: Ha, tasodif! Axir, biz tug‘ilmasligimiz ham mumkin edi-ku! Demak, mana shu yorug‘ dunyoga kelganimizning o‘ziyoq katta baxt. Ha, bizga berilgan hayotni hadya deb tushunsakgina u mazmun kasb etadi. Lekin biz buni juda kech anglaymiz yoki hech qachon anglamaymiz. Eng katta fojiamiz – bizga hadya etilgan ana shu oliy baxtni o‘zimiz, o‘z qo‘limiz bilan barbod qilamiz! O‘zimiz!
(Ular xonaga kirib, bir chetda hayron turib qolgan Umidani sezishmaydi).
RAHIMA: Ancha aqlli, dono bo‘lib qolibsiz. Ilgari bunaqa emas edingiz.
RAUF: Odam oddiy, ma’lum haqiqatlarni o‘zi uchun qidirib topishi, o‘zi uchun kashf etishi kerak ekan. Lekin ko‘zning ochilishi uchun peshona devorga urilib yorilishi shart emas. Chunki umr juda qisqa narsa. Yashashga ulgurish kerak.
UMIDA: Otajon! Oyijon! Nega sizlar artistlarga o‘xshab gapiryapsizlar? Yoki... repe-ti-tsiya qilayapsizlarmi?
RAUF: Qanaqa artistlar? Qanaqa repetitsiya? Nimalar deyapsan?
RAHIMA: Bu gapni qaerdan olding?
UMIDA: Sinfdoshim Muniraning otasi bilan onasi artist-ku! Kechalari mana shunaqa biz tushunmaydigan gaplarni aytib, repetitsiya qilisharkan. Ba’zan urishib ham qolisharkan. Sizlar... urishmaysizlar-a?
RAHIMA: Biz... urishib bo‘lganmiz, qizim.
RAUF: (Rahimaga o‘qrayadi) Biz... urishmaymiz, qizim. Bunaqa gaplarni qo‘y...
UMIDA: Otajon, archa bayramida keladigan qorboboni artistlar o‘ynaydimi?
RAUF: Hmm... haligi... senga nima desam ekan...
UMIDA: Archa bayramida maktabimizga kelgan qorbobo menga yoqmadi.
RAUF: Nega endi... yoqmadi?
UMIDA: U artist ekan. Biz uni chinakam qorbobo deb o‘ylovdik.
RAUF: Artistligini qaerdan bilding?
UMIDA: Bildim-da. Boshqa bolalar ham bilib qolishdi.
RAUF: Qorbobo sizlarga sovg‘a berdimi?
UMIDA: Berdi. Oldin o‘g‘il bolalarga berdi. Qiz bolalarni yaxshi ko‘rmas ekan.
RAUF: Qorbobo hammani yaxshi ko‘radi.
UMIDA: Qiziqchilik qilaman deb baland-baland sakrab yubordi.
RAUF: Shunisi senga yoqmadimi?
UMIDA: Kulmagan bolalarni urishib berdi. Keyin... sakraganda soqoli tushib ketdi. Shunda uni tanib qoldik. U qorbobo emas, maktabimizning qorovuli Suvonqul tog‘a ekan. Siz meni boshqa – chinakam qorboboga olib boring.
RAUF: (og‘ir xo‘rsinadi) Albatta olib boraman.
UMIDA: (quvonib) Hayvonot bog‘iga ham boramizmi?
RAUF: Boramiz, qizim, u yerga ham boramiz.
UMIDA: Qo‘g‘irchoq teatriga-chi?
RAUF: Qo‘g‘irchoq teatriga ham boramiz.
UMIDA: Urre! Sinfimizdagi bolalar maqtanganda men ham qayoqqa borganimizni aytib beraman. Otajonim olib bordi, mening ham otam bor deyman!
(Devordagi soat jiringlaydi. Rauf o‘rnidan sapchib turadi-yu, o‘ziga mehr va ilinj bilan tikilib turgan qiziga qarab, turib qoladi).
RAUF: Men... ketishim kerak. Qizim, sening ham endi uxlaydigan vaqting bo‘ldi, borib damingni ol!
UMIDA: (jon-jahdi bilan otaning quchog‘iga tashlanadi) Yo‘q, yo‘q! Ketmaysiz! Ketmaysiz!
RAHIMA: Otang yana... keladi.
UMIDA: Aytgandek, otajon, uy vazifamni tekshirmasdan ketib qolasizmi?
RAUF: Uy vazifangni oyingga ko‘rsatmadingmi?
UMIDA: Oyim ko‘rdilar. Siz ham ko‘rishingiz kerak. Chunki... chunki men siz haqingizda yozuvdim.
RAUF: Men haqimda? Qiziq... Nimalarni yozding men haqimda?
UMIDA: O‘qituvchimiz har kim o‘z otasi haqida bilganini yozib kelsin deb topshiriq beruvdi. Men ham yozuvdim, juda qisqa bo‘lib qoldi. Boshqa so‘z topolmay qoldim.
RAUF: Qisqa bo‘lsa ham... mazmuni yaxshi bo‘lsa kifoya, qizim.
UMIDA: Maylimi, yozganlarimni o‘qib bersam?..
RAUF: Mayli, o‘qiyqol.
(Rahima sekin boshqa xonaga chiqib ketadi. Umida sumkasidan daftarini olib, o‘qiy boshlaydi).
UMIDA: “Men otamni juda yaxshi ko‘raman. Otam uzoq joyda ishlaydilar. Shuning uchun hozir biz bilan yashamaydilar. Men otamni doimo sog‘inaman. Sog‘inganimda otam tushimga kiradi. Uyga uzoq kelmay qolsalar, sog‘inib yig‘layman. Oyim meni yupatmoqchi bo‘lib, o‘zlari ham qo‘shilib yig‘laydilar. Men otamning doimo biz bilan yashashlarini istayman”.
(Rauf bir nuqtaga tikilgancha chuqur o‘yga toladi. Ro‘molchasini olib, yuz-ko‘zlarini artadi).
UMIDA: Otajon! Sizga yoqdimi yozganlarim? Nega indamayapsiz?
RAUF: Yaxshi yozibsan, qizim. Faqat... faqat... “hozir biz bilan yashamaydilar” degan gapni yozishing shart emas edi.
UMIDA: Nega shart emas, otajon? To‘g‘ri gapni yozish... mumkin emasmi?
RAUF: Mumkin, qizim, mumkin. Mayli, istasang shunday qolaversin.
UMIDA: Otajon! Men sizga yana bir narsa ko‘rsatsam maylimi? Faqat oyim... (Umida oyisi kirib ketgan eshikka xavotir bilan qarab qo‘yadi).
RAUF: Xo‘sh, yana nimani ko‘rsatmoqchisan?
(Umida kiyim javonidan erkaklarning chiroyli oq ko‘ylagini oladi).
UMIDA: Mana bu ko‘ylakni taniyapsizmi?
RAUF: Taniganday bo‘lyapman. Nimaydi?
UMIDA: Bu – oyim bilan to‘yinglar bo‘lgan kuni siz kiygan ko‘ylak ekan. Oyim uni tez-tez yuvib, dazmollab, yana avaylab ilib qo‘yadilar. Bir gal buvim uni ko‘rib qolib, “Bu ko‘ylakda pol artish kerak!” deb yerga otib yuborgan ekanlar, oyim zo‘rg‘a saqlab qolibdilar.
RAUF: (hayratlanib) Shunaqa degin?
UMIDA: Otajon! O‘sha... to‘yinglarning videoga yozilgani bormi? To‘yinglar qanday o‘tganini judayam ko‘rgim keladi.
RAUF: Bizning to‘yimiz bo‘lganda video degan narsa hali unchalik rasm bo‘lmagandi, qizim. Xudo xohlasa, sening to‘yingni yaxshilab videoga tushiramiz. Zo‘r artistlarni taklif qilamiz.
UMIDA: (suyunib) Voy, qanday yaxshi!..
(Xonaga Rahima kirib keladi).
RAUF: (shoshib soatiga qaraydi) Endi men qayta qolay. (o‘rnidan qo‘zg‘aladi)
UMIDA: Otajon! Tashqari sovuq-ku! Sovqotasiz! Uyimiz issiq... Ketmang, otajon!.. Baribir, hozir ishga bormaysiz-ku!
RAUF: Ishxonam bu yerdan uzoq. Hozir borib tayyorgarlik ko‘rishim kerak.
UMIDA: Uff!.. Shu ishingiz judayam jonimga tegib ketdi-da! Qachon tugaydi o‘zi?
RAUF: Yaqinda... tugab qoladi.
UMIDA: Yaqinroq joydan ish topsangiz bo‘lmaydimi?
RAUF: Men... qidirib ko‘raman, qizim.
UMIDA: Topsangiz keyin doim biz bilan yashaysizmi?
RAUF: Men... harakat qilaman, qizim. Endi xayrlashamiz. Borib uxla. Soatni qara (devordagi soatga qaraydi) ... kech bo‘lib qoldi.
UMIDA: Uxlasam ketib qolasiz-da!
RAUF: Mayli, ketmay turaman. Bo‘ldi endi, boraqol. Darvoqe, qo‘g‘irchog‘ing uxladimi?
UMIDA: Yo‘q, uxlasam bobom ketib qoladi deb qo‘rqyapti.
RAUF: Ho-ho-ho!.. Shunaqami? Unday bo‘lsa, qo‘g‘irchog‘ingga alla aytib bergin, darrov uxlab qoladi. Alla aytishni bilasanmi?
UMIDA: Bilaman, oyim o‘rgatganlar. Siz-chi? Siz bilasizmi?
RAUF: Men? Men... aytib ko‘rmaganman.
UMIDA: Otajon! Nega allani faqat onalar aytadi?
RAUF: (o‘ylanib) Chunki... chunki onalar yaxshi aytadi. Allani onalarga chiqargan, qizim. Hamma onalar bolasiga alla aytadi.
UMIDA: Sizning ham onangiz alla aytganmi?
RAUF: Albatta aytganlar.
UMIDA: Yaxshi aytarmidilar?
RAUF: Ie, qiziq gapirding-ku! Men unda chaqaloq bo‘lganman.
UMIDA: Voy, siz ham chaqaloq bo‘lganmisiz?
RAUF: (kulimsirab) Hamma tug‘ilganida chaqaloq bo‘ladi-da, qizim.
UMIDA: Siz oyingizni ko‘proq yaxshi ko‘rarmidingiz yoki otangizni?
RAUF: Ikkovini ham yaxshi ko‘rardim.
UMIDA: Sizning otangiz... ketib qolmasmidi?
RAHIMA: Khm... Endi boraqol, alla aytib, qo‘g‘irchog‘ingni uxlat.
(Umida norozi qiyofada xonadan chiqa boshlaganda eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Ota bilan ona bir-biriga hayron tikilib qoladilar. Parda yopiladi).
IKKINCHI PARDA
(O‘sha – oldingi xona, o‘sha jihozlar. Xonada RAUF bilan Rahima. Eshik qo‘ng‘irog‘i hamon ketma-ket jiringlamoqda).
RAUF: (kinoya bilan) Ochmaysanmi eshigingni? Tungi... mehmonni kutib ol endi!
RAHIMA: (jerkib) Kechasi mehmon chaqiradigan odatim yo‘q!
(Qo‘ng‘iroq tinimsiz jiringlayveradi)
RAUF: (eshikka ishora qilib) Bunga nima deysan?
RAHIMA: (elka qisib) Bilmasam. Balki birontasi... adashib...
RAUF: (Qo‘lini ma’nodor havolatadi) Yo‘-o‘q! Adashgan odamga o‘xshamaydi ! Haddi siqqanidan, tap tortmay, astoydil jiringlatyapti!
RAHIMA: Nima balo – rashk qilyapsizmi?
RAUF: Ho-ho-ho!.. Rashkka balo bormi endi? Rashk qilib bo‘lganman! To‘yganman! Hammasidan to‘yganman! To‘ydirgansan!
RAHIMA: Bo‘lmasa nega (masxara qilib taqlid qiladi) “Tungi mehmonni qabul qilib ol endi!” deb ilmoqli gap qilyapsiz?
RAUF: Harqalay, tashqari sovuq, boyoqish sovqotib qolmasin deyapman-da. U ham birovning bolasi. Umid bilan kelgandir.
(qo‘ng‘iroq hamon jiringlayapti)
RAHIMA: Qiziq, kim ekan u bemahalda kelgan?
RAUF: Shundoq eshikni ochsang, bilasan-qo‘yasan! Ochaqol endi! Boyoqishga jabr bo‘ldi.
(qo‘ng‘iroq hamon jiringlayapti)
RAHIMA: Tavba, kim bo‘lishi mumkin?
RAUF: Ilojing qancha – ochasan-da endi. Bechora tashqarida sovqotib qoldi.
(qo‘ng‘iroq yana ustma-ust jiringlaydi)
RAHIMA: Voy o‘lmasam! Yuragim betlamayapti... Iltimos – o‘zingiz... ochib qo‘ya qoling.
RAUF: Yo‘-o‘q!.. Bunaqasi ketmaydi. O‘zlari pishirgan osh – o‘zlariga havola! Faqat sen... qo‘rqma! Axir men endi senga nomahramman! Meni yo‘q deb faraz qilaver. Men tushunaman hammasini, tushunaman. Axir... hayot davom etishi kerak-ku!
RAHIMA: Nimalar deyapsiz? Jinni bo‘ldingizmi?
RAUF: Mayli, men Umidaning xonasiga kirib turaman. (Kiyimlarini qo‘liga oladi) Mehmoning tag‘in shubhalanib yurmasin. Mehmonni biron bahona bilan oshxonaga chiqarganingda men lip etib jo‘nab qolaman. Qalay, bo‘ladimi?
RAHIMA: (boshini changallab) Buzuq kallada buzuq xayol! Hammani o‘zingizga o‘xshatmang!
(qo‘ng‘iroq hamon jiringlayapti)
RAUF: Ochsang-chi! Hozir ketib qoladi, keyin pushaymon qilasan.
RAHIMA: Bas! Yana bir og‘iz gapirsangiz, dod deb yuboraman.
(qo‘ng‘iroq jiringlayapti)
UMIDA: (xonasidan chiqib keladi) Oyijon, bu Safar tog‘a bo‘lsa kerak, ocha qolaylik!
RAUF: Qani aytchi, qizim, Safar tog‘a kim o‘zi? Yana boshqa... tog‘alar, boshqa amakilar ham kelib turadimi?
UMIDA: (ikkilanib, bir otasiga, bir onasiga qaraydi) Hmm, kelib turishadi.
RAUF: Shunaqa degin?
RAHIMA: Umida! Nimalar deyapsan?
UMIDA: (yig‘lamsirab) Axir o‘zingiz... hamisha to‘g‘ri gapirgin deysiz-u...
RAHIMA: Axir otang... to‘g‘ri gapingni egri tushunyapti! O‘sha kungi amaki televizor tuzatgani keldi-ku! O‘zing ham ko‘rding-ku!
UMIDA: Ha, endi esladim. Otajon, siz o‘sha amakidan shar bilan ayiqcha berib yuborgan ekansiz.
RAUF: (Hayron bo‘ladi) Qanaqa shar? Qanaqa ayiqcha?
UMIDA: O‘zingiz berib yuboribsiz-ku! Bilasizmi, o‘sha amaki sharlarni puflayotganda ko‘zlari olayib, lunji mana bundoq – xuddi shardek katta bo‘lib ketdi. Yorilib ketarmikin deb qo‘rqib ketdim.
RAUF: Ho-ho-ho! Obbo sen-ey! Xo‘sh, o‘sha amaki senga yoqdimi?
UMIDA: (sekin bosh tebratadi) O‘sha kuni o‘zingiz kelganingizda birga shar o‘ynardik. Oyimga o‘ynaylik desam hecham o‘ynamaydi, nuqul boshim og‘riyapti deb yotib olaveradi.
RAHIMA: O‘shanda Umidaning tug‘ilgan kuni edi. Sizni uzoq kutdik. Siz... kelma... kelolmadingiz. Ikki kun oldin televizorga usta chaqirib qo‘ygandim. O‘sha kuni keldi. Shar bilan ayiqchani o‘zim olib qo‘yuvdim. Usta ishini bitirgach, undan haligi sovg‘alarni sizning nomingizdan Umidaga berib qo‘yishini iltimos qildim. Bola paqirning ko‘ngli cho‘kmasin dedim-da. Bekor shunday qilgan ekanman. Boyoqish “Nega otam o‘zi kelmadi?” deb, tong otguncha... yig‘lab chiqdi. Sovg‘alarga ham qaramadi.
(Eshik qo‘ng‘irog‘i yana ustma-ust jiringlaydi. Umida yugurib borib eshikni ochmoqchi bo‘ladi, lekin bo‘yi yetmaydi. Onasi ikkilana-ikkilana noiloj borib eshikni ochadi. Ostonada bir qo‘lida kichkina diplomat sumka, ikkinchisida kattakon guldasta ko‘targan Rustam ko‘rinadi)
RUSTAM: Assalomu alaykum! E, bormisizlar o‘zi? Bir soatdan buyon jiringlataman. Hech kim yo‘qmikin desam ichkarida gurung eshitilib turibdi. Hay mayli, bugun axir...
RAUF: O-o! Rustam! O‘zingmisan, do‘stim! Kel, kel! Qanday shamol uchirdi? (quchoqlashib ko‘rishadilar)
RAHIMA: Keling, Rustam aka!
RUSTAM: Mana bu gul sizga, Rahima!
RAHIMA: Rahmat. (gulni oladi) Qani, ichkariga marhamat.
(Hammalari stol atrofiga o‘tirishadi. Duoga qo‘l ochiladi)
RUSTAM: Iloho omin! Mana shu xonadonda hamisha tinchlik-osoyishtalik, tan sihatlik, xotirjamlik, fayzu barakot bo‘lsin, omin!
HAMMA: Omin! Omin!
RAUF: Xush ko‘rdik, do‘stim! Qanday shamol uchirdi?
RAHIMA: Xush kelibsiz, Rustam aka!
RUSTAM: Rahmat, xushvaqt bo‘linglar! Xayriyat, sizlarni ham ko‘rar kun bor ekan! Bilasizlarmi, ko‘rishmaganimizga qancha bo‘ldi? Ming yil! Oxirgi marta qachon ko‘rishuvdik – esimda yo‘q. Eh, yillar o‘taverar ekan. Umr ham yeldek o‘tib ketyapti. Umida, qani bir achom-achom qilaylik-chi! Obbo sen-ey, katta qiz bo‘lib qolibsan-ku! Akang qani? Azizmidi ismi? Nega ko‘rinmaydi?
UMIDA: Aziz tog‘amlarnikiga ketgan. Ta’tilni o‘sha yoqda o‘tkazarkan.
RUSTAM: Shundaymi? Afsus, uni ko‘rolmas ekanman. Men hammanglarni sog‘inganman. Umida, mana bu shirinliklar senga! Mana bu patirlarni o‘zi kelinoying yopib, berib yubordi. Sizlarni tabriklayman! (RAUF bilan Rahima bir-biriga hayron tikilib qolishadi) Darvoqe, mehmonlar qani? Ketishdimi? Axir bugun tong otguncha o‘ynab-kulsanglar arziydi-ku! Sizlar esa... shashtinglar pastroq. Tantana ruhi ham sezilmayapti.
RAUF: (elka qisadi) Tushunmadim, qanaqa tantana?
RUSTAM: Axir bugun... turmush qurganinglarga rosa o‘n yil to‘ldi-ku! Nahotki shunday kunni unutgan bo‘lsangizlar?! Sizlar unutgan bo‘lsanglar ham mana men unutganim yo‘q. Axir Rahimalarnikiga sovchi bo‘lib boraverib bitta tuflini yirtganman-ku! Shunday kunni unutib bo‘ladimi? To‘xta, to‘xta, balki men... yanglishayotgandirman.
RAUF: (boshini qashlab, ko‘zlarini olib qochadi) Sen... yanglishganing yo‘q! Lekin biz... yanglishdik... Biz... xato qildik...
RUSTAM: Bu nima deganing, RAUF? Mundoq... ochiqroq gapirsang-chi!
(RAUF bir chetda turgan Umidaga qaraydi. Ona qizining qulog‘iga engashib bir nimalar deydi. Umida chiqib ketadi)
RAUF: Biz... Rahima bilan... ajrashdik.
RUSTAM: Yo‘g‘-e?! Nimalar deyapsan? Nahotki?..
RAUF: Ha rost, endi... shunday bo‘lib qoldi.
RUSTAM: Ajabo, har qanday odamni larzaga solishi mumkin bo‘lgan fojiani sen bemalol, kiprik qoqmay, shunchaki “xato qildik”, “shunday bo‘lib qoldi” deyapsan.
RAUF: Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi – bo‘yog‘i ko‘chdi. Hamma narsaning davosi vaqt. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Menga... (xotiniga birrov qarab qo‘yadi) bizga ham oson bo‘lgani yo‘q.
RUSTAM: (tutaqib) Baribir tushunmayman, tushunolmayman! Nega? Nega endi... shunday bo‘lib qoldi? Nima jin urdi sizlarni? Nimani... bo‘lisholmay qoldinglar? Shunday chiroyli, baxtli oilani nega barbod qildirnglar?
RAUF: “Baxtli oilalarning hammasi bir-biriga o‘xshaydi, baxtsiz oilalarning har biri o‘zicha baxtsiz”, degan o‘sha mashhur gapni bilasan.
RUSTAM: Bilaman, lekin sizlar baxtli edingizlar-ku?! To‘g‘rimi?
RAUF: Afsuski, bizning baxt qasrimiz qumdan qurilgan, omonat ekan. Yengil bir epkinda qulab tushdi.
RUSTAM: Men... tushunaman, hayot... murakkab, har qanday baxtli oilada ham kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Ammo... Nahotki ajralish so‘nggi chora bo‘lsa?
RAUF: Kechirasan, do‘stim, shu tobda esimga bir latifa tushib qoldi. Afandi xotini bilan qo‘ydi-chiqdi bo‘lib, sudlashibdi. Sudya undan nega ajrashmoqchi bo‘lyapsizlar deb so‘ragan ekan, Afandi boshqalarga o‘xshab “Xarakterimiz to‘g‘ri kelmay qoldi” deyish o‘rniga “Xarakterimiz... to‘g‘ri kelib qoldi” debdi. Sudya battar hayron bo‘libdi. Shunda Afandi “Xotinim ham ichadi, men ham ichaman, kayfchilikda to‘polon qilaman, xotinim ham qarab turmaydi, demak, ajrashmasak bo‘lmaydi!” deb javob beribdi. Aytmoqchimanki, Rahima bilan bizning xarakterimizda ham o‘xshash tomonlar ko‘p: men injiqman, o‘jarman, Rahimayam bu borada mendan qolishmaydi.
RUSTAM: To‘xta, to‘xta, to‘xta! Ko‘p boshimni qotirma! Axir dunyoda murosayu madora degan gaplar ham bor-ku! Xom sut emgan har bandaning o‘zi – bir olam! Dunyoda mana shu ikki olamning birlashib, yagona olamga, bir butun vujudga – baxtga aylanishi rostdan ham juda noyob mo‘‘jiza! Inson ana shu mo‘‘jizaga qodir-ku!
RAUF: Bunday mo‘‘jiza yuz berishi uchun ikki qalb bir-birini so‘zsiz tushunishi, yuraklar bir-biriga monand urishi kerak. Aks holda oqibati... Oqibatini mana o‘zing ko‘rib turibsan. Shoir aytganidek,
Ko‘rmay desam ko‘zim ko‘r emas,
Yurmay desam oyog‘im butun.
Ammo qalblar ortiq jo‘r emas,
Xayollarga bo‘laman tutqun.
RUSTAM: “Ammo qalblar ortiq jo‘r emas” ...Shoir topib aytgan ekan. Ha, insoniyat ming yillar mobaynida o‘ta dahshatli xastalikdan – bir-birini tushunmaslik kasalidan azob chekadi.
RAUF: Ayniqsa, yaqin odaming seni tushunmasa, dunyoda bundan ortiq, bundan alamliroq fojia yo‘q!
RUSTAM: Dunyoda davolab bo‘lmaydigan xastalik yo‘q, buniyam unutma!
RAUF: To‘g‘ri, lekin hayotda hamma narsaning ibtidosi va intihosi bo‘larkan. Qolaversa, ajrashish degan narsa bu birkam dunyoda har lahza sodir bo‘layotgan son-sanoqsiz ko‘ngilsizliklar, fojialar oldida arzimas bir narsa, oddiy voqea bo‘lib qoldi.
RUSTAM: Afsuski, shunday bo‘lib qoldi. Ajralishga bo‘lgan munosabat ham o‘zgargan. Muborak hadislarda aytilishicha, muboh, ya’ni ruxsat berilgan amallar ichida Yaratganga eng xush kelmaydigani taloq – ajrashish ekan. Bu so‘z aytilganda Arsh ham larzaga tusharkan!
Biz – xom sut emgan bandalar ana o‘sha fojiaga, eng katta fojiaga ham ko‘nikib qolayotganga o‘xshaymiz! Inson hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilishi mumkin bo‘lgan qo‘ydi-chiqdi ham endi sen aytgandek oddiy voqea! (Pauza) Axir o‘rtada... farzand bor-ku, farzand! Dunyoda farzanddan ham shirinroq, azizroq narsa bormi? Bola ota-onasi bilangina baxtiyor bo‘lishi mumkin. Nahotki shu oddiy haqiqatni tushunmadinglar? Bolaning uvolidan qo‘rqmadinglarmi? Farzandni dunyoga keltirdinglarmi – endi ular uchun umrbod ota-ona maqomida bo‘lishga majbursizlar! Ha, majbursizlar! Ajabo, bu birkam dunyoda kimdir tirnoqqa zor bo‘lib o‘tadi. Kimdir bu ne’matni xor qiladi. Axir biz o‘zi uchun emas, bola-chaqasi uchun yashaydigan xalqmiz-ku! Farzand deb hamma narsadan, hatto o‘z hayotidan voz kechadiganlar bor. Endi bir zum faraz qilinglar: farzandlar voyaga yetib, es tortib qoldi deylik. Shunda ular: “Bizni sizlarning o‘zaro munosabatlaringiz qiziqtirmaydi, bu sizlarning ishingiz. Ammo bizni tirik yetim qilishga nima haqingiz bor edi!?” deyishsa nima deb javob berasizlar?
(oraga uzoq, noqulay sukunat tushadi)
RAUF: Rustam, do‘stim, chetdan turib mulohaza yuritish oson. Lekin bizning munosabatlarimiz butunlay boshqacha, sen o‘ylagandan ko‘ra murakkabroq.
RUSTAM: Psixologlarning kuzatishicha, qo‘ydi-chiqdilarning ob’ektiv sababi deyarli bo‘lmas ekan. Hamma muammo sub’ektiv, ya’ni er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarga borib taqalarkan. Sen “Bizning munosabatlarimiz butunlay boshqacha, sen o‘ylagandan ko‘ra murakkabroq” deyapsan. Axir men – o‘zim guvohman, muhabbatinglar ham butunlay boshqacha edi-ku! Dunyoda ikkita baxtli oila bo‘lsa, bittasi sizlar, agar bitta bo‘lsa, bu ham sizlarning oilangiz deb hisoblardim. Nahotki yanglishgan bo‘lsam? To‘yinglarda qo‘sha qaringlar, baxtli-saodatli bo‘linglar degan yaxshi tilaklarga nahotki farishtalar omin demagan bo‘lsa? Afsus... afsus...
RAUF: Oilaviy hayotda to‘ydan oldingisi emas, to‘ydan keyingisi muhimroq ekan. Haqiqiy muhabbat sinovi ham to‘ydan keyin boshlanarkan. Biz... bu sinovdan o‘tolmadik. Hayot biz o‘ylagandan ancha murakkab ekan.
RUSTAM: Hamma mushkulotlarni hayotning murakkabligiga to‘nkab qo‘yish oson. Axir o‘sha murakkab hayotning qanday bo‘lishi o‘zimizga ham bog‘liq emasmi? Bir donishmand aytgan ekan: “Hayot – imkoniyat, uni boy bermaslik kerak. Hayot – go‘zallik, unga hayrat bilan boqish lozim. Hayot – fojia, unga bardoshli bo‘lish talab etiladi. Hayot – baxt, uni o‘zimiz yaratishimiz zarur”.
RAUF: Biz o‘sha imkoniyatni boy berdik, shekilli...
RUSTAM: Yoshlik insonga xatolarga yo‘l qo‘yish uchun, ulg‘ayish esa ularni tuzatish uchun, keksalik afsuslanish uchun berilarkan. Haliyam kech emas. Qarib qolmagansan, bir yigit qirq yilda bino bo‘ladi. Sen loaqal o‘sha oshiqu beqaror bo‘lib yurgan kunlaringni, ajoyib, unutilmas damlaringni bir esla! Yaxshilab esla!..
RAUF: To‘g‘risini aytsam, endi eslagim kelmaydi. Men endi... biz endi butunlay boshqa-boshqa odamlarmiz! O‘tmishning bizga hech qanday daxli yo‘qday... O‘tmish , o‘sha sen aytgan muhabbat... bir sarobga o‘xshaydi.
RUSTAM: Sarob emas, shirin xayolga degin hech bo‘lmasa! O‘tmishingdan, muhabbatingdan tonma endi! Unda... battar gunohing ortadi!
(Oraga sukunat cho‘kadi) Sizlar meni... kechiringlar. Shaxsiy ishingizlarga aralashganday bo‘lyapman. Lekin men... bu fojiaga befarq qaray olmaganimdan kuyinyapman! Yana qaytaraman – haliyam kech emas. Xatoni tuzatish uchun hech qachon kech bo‘lmaydi. Oila – muqaddas narsa! Kerak bo‘lsa oila uchun hamma narsani qurbon qilish mumkin. Buning uchun mehrdan tashqari kuchli iroda, erkakcha jur’at ham kerak! RAUF, sen axir erkak kishisan-ku!
RAUF: Ha, erkak kishiman! Ammo bu dunyoda erkak bo‘lish ham oson emas ekan. Ayolning boshiga ozgina ish tushsa, oilada salgina anglashilmovchilik bo‘lsa, u darrov jabrdiyda, mushtipar qiyofasiga kirib oladi. Uning arzini tinglaydigan maxsus idoralar, yo‘l ko‘rsatadigan son-sanoqsiz maslahatchilar bor. Ayollarning alohida bayrami ham bor. Hamma ayolga hamdard, xayrixoh! Ammo erkak-chi? Uning ham o‘ziga yarasha dardi-armoni bo‘lishi mumkin-ku! Xo‘sh, erkak dardini kimga aytadi? Uning dodiga yetuvchi bormi? “Tishini tishiga qo‘yib yashayotgan ayollar” haqida gapiramizu oilada noiloj, o‘zini majbur qilib yashayotgan erkaklar haqida o‘ylamaymiz. Nega? Nima uchun erkaklarning o‘rtacha umri ayollarnikidan ancha kam? Ayol dardini boshqalar bilan baham ko‘rib, hasratlashib, ko‘zyoshi qilib yengil tortishi mumkin. Erkak bunday qilolmaydi. Dardini ichiga yutadi. Bu dard oxir oqibat uni kemirib, adoi tamom qiladi.
(oraga yana sukunat cho‘kadi)
Erkak – oila ustuni deymiz-u ana shu ustunning jonli odam ekanligini unutib qo‘yamiz. Ro‘zg‘orning asosiy yuki erkakning bo‘ynida. Xo‘sh, ayolning vazifasi-chi? Faqat uyga qarash, bola boqish, ovqat qilishdangina iborat emasdir. Ayol eng avvalo erini so‘zsiz tushunishi, ko‘ngliga yo‘l topishi, loaqal shunga intilishi kerak. Ana o‘shanda erkak kishi uyidan topolmagan narsasini ko‘chadan axtarmaydi...
Mundoq qaraganda erkakka ko‘p narsa kerak emas o‘zi. Erkak avvalo o‘z uyida tinchlik-osoyishtalik, fayzu barakot bo‘lishini istaydi. Bular ayolning fahmu farosati, nazokati, mehri, qalb qo‘ri bilan yaratiladi. Oilaning iqlimi, ob-havosi asosan ayolga bog‘liq. Agar erkak izlagan narsasini uyidan topolmasa, oilasidan, ro‘zg‘oridan ko‘ngli soviydi.
RUSTAM: O‘-ho‘!.. Ichingda shuncha darding bor ekan, Rahima bilan mundoq baqamti o‘tirib, ochiqchasiga gaplashib olsanglar bo‘lmasmidi? Nahotki er-xotinning bir-birini tushunishi shu qadar qiyin bo‘lsa?
RAUF: Mana endi o‘zingga kelyapsan, do‘stim! Hamma gap ana shunda! Er-xotinning bir-birini tushunishida! Ammo bir qarashda osondek tuyulgan bu narsaga erishish oson emas ekan-da! Dard boru, darmon yo‘q...
Bizning turmushimizda oila ahilligi, murosayu madorani anglatuvchi “Ha”, “Xo‘p” degan so‘zlar kam-kam tilga olinardi, uning o‘rniga “Yo‘q”, “Bo‘lmaydi”, “Siz oldin meni eshiting!” kabi keskin raddiya-to‘mtoq so‘zlar ko‘proq ishlatilardi.
Xotin erni tushunishi uchun avvalo erning ko‘ngliga qarab ish tutishi kerak emasmi? Bu oddiy haqiqat-ku! Mundoq qaraganda buning hech qanday qiyin joyi yo‘qdek. Buning uchun ayol o‘sha er degan zotda ham ko‘ngil degan narsa borligini bilishi, his qilishi kerak, xolos. Esimda, onam rahmatli sigir sog‘ayotganda molning fe’lini hisobga olardi. Sigirga chap tomondan kelsa sog‘dirmasligini bilib, o‘ng tomondan yondoshardi. Darrov yelinga qo‘l urmasdi, oldin silab-siypab, govmishni obdan iydirardi. Bolaligimdan xotiramga muhrlanib qolgan ana shu holatni har gal er-xotin janjallashganimizda eslardim. “Axir men insonman-ku, nahotki bitta hayvonchalik e’tiborga loyiq bo‘lmasam, nega xotinim mening ko‘nglimga qaramaydi?” deb xunob bo‘lardim.
RAHIMA: Sizning ko‘nglingizni olishdan ko‘ra go‘dakni parvarishlash ming marta oson. Sal narsaga jirillayverasiz. Faqat o‘zingiznikini ma’qullaysiz. Odam degan bunaqa bo‘lmaydi. Shunaqa noyob fe’lingiz bilan meni ham, o‘zingizni ham qiynab keldingiz. Ko‘nglingiz judayam nozik!
RAUF: (Rustamga) Ana! Ko‘ryapsanmi? Ko‘nglimning nozikligi ayb ekan. Axir insonning ko‘ngli... nozik bo‘lishi kerak-ku! Shuning uchun ham u inson! Uning hayvondan farqi ham ana shunda! Men... xudoga shukur, ayrim kimsalardek to‘qimtabiat emasman. Fe’limni-xarakterimni xarxashaning fe’liga moslab o‘zgartirolmayman.
RUSTAM: “Xarxasha” dedingmi?..
RAUF: Ha, buyuk shoirimiz RAUF Parfining iborasi. U xotinlarni “xarxasha” deb atagan. Darvoqe, u ham bir umr xotindan yolchimay o‘tgan.
(Rahima jahl bilan idish-tovoqni taraqlatadi, so‘ng stoldan choynakni zarda bilan ko‘tarib, xonadan chiqib ketadi)
RUSTAM: Seni endi sal-pal tushungandek bo‘lyapman. Ha, mundoq o‘ylab ko‘rsam, senga ham oson emas ekan. Nachora, boshga tushganni ko‘z ko‘radi. Ideal, ya’ni har jihatdan mukammal xotinni topish oson emas. Donolardan biri “Xotining yaxshi chiqsa – baxtli bo‘lasan, yomon chiqsa faylasuf!” degan ekan. Viloyatda senga o‘xshagan bir injiq do‘stim bor. Haliyam uylanmagan. Mukammal ayolni uchratsamgina uylanaman deydi. Yaqinda ko‘rib qolib, topdingmi shunaqasini desam, topdim, ammo u ham mukammal erkak qidirib yurgan ekan, rozi bo‘lmadi deydi. Ana, ko‘rdingmi, boriga shukur qilaverasan endi. Xotin tanlashda adashmaslik kafolati faqat Odam Atoga nasib etgan, chunki unda Momo Havodan boshqa ayol bo‘lmagan. Shuning uchun sen bilan bizning yo‘rig‘imiz boshqa, murosa qilishga majburmiz. Qolaversa, xotindan yolchimagan bitta sen emas. Aks holda bechora shoir “Asl yorni tushlarimda ko‘rdim faqat...” deb yozmasdi. Lev Tolstoyday buyuk yozuvchi ham bir umr xotinidan norozi bo‘lib yashagan. U soddalikni yoqtirgan, oddiy hayot kechirishni afzal ko‘rgan, o‘zi katta mulkdor bo‘lsa-da, xususiy mulkni qoralagan. Insonga ikki gaz yer kifoya deb hisoblagan, bu haqda hikoya ham yozgan. Xotini esa uning aksi bo‘lgan, boylikka, dabdabali hayotga, shonu shuhratga o‘ch bo‘lgan. Shuning uchun bir umr bir-birining asablarini egovlab yashashgan. Axiyri Tolstoy bunga chidolmay, sakson ikki yoshida uydan bosh olib chiqib ketgan. Shu ketishda uzoqqa borolmay, temir yo‘l bekatida jon bergan.
RAUF: Demak, baribir... ketgan ekan-da!..
RUSTAM: Ha, u... boshqa ilojini topolmagan.
RAUF: Men ham... ilojini topolmadim.
RUSTAM: Unutma – sen Tolstoy emassan!
RAUF: To‘g‘ri, lekin men... sakson ikki yoshgacha chidolmasdim. Rahima bilan yashagan erkak sakson emas, qirq yoshga ham bormaydi.
RUSTAM: Do‘st achitib gapiradi, xafa bo‘lsang ham senga to‘g‘risini aytaman. Menimcha, sen ko‘proq o‘zingning halovatingni o‘ylagansan. Boya seni tushungandek bo‘lyapman deganim oiladan ketganingni ma’qulladim deganim emas. Sen ahyon-ahyonda qizingni ko‘rgani bir kelib qo‘yib otalik burchimni o‘tadim deb o‘ylaysan. O‘zing istamagan holda har gal bolaning dardini yangilab ketasan. Axir bolaga ahyon-ahyonda qilinadigan sadaqa-muruvvat emas, bir umrlik ota-ona mehri kerak. Ayniqsa ota tarbiyasi juda muhim narsa! Buning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Hayoti izdan chiqqan, axloqsiz odamlar haqida gap ketganda bejiz “Falonchi ota tarbiyasini olmagan!” deyishmaydi. Otasiz o‘sgan bola mo‘rt bo‘ladi, osonlik bilan yomon yo‘lga kirib ketaveradi. Otasiz o‘sgan qizni turmushga uzatish ham oson emas. Bu yog‘i endi o‘zbekchilik... o‘zing yaxshi bilasan... Demak, sen iloji boricha Rahima bilan murosa qilishing lozim edi.
RAUF: To‘g‘ri, lekin murosaning ham cheki-chegarasi bo‘ladi! Eh, (qo‘l siltaydi) baribir tanasi boshqa dard bilmas ekan-da! Sen... garchi yaqin do‘stim bo‘lsang ham... meni oxirigacha to‘liq tushunolmayapsan. Devonai Mashrab bejiz “Dilda darding bo‘lmasa, sar daftarimni kavlama!” demagan.
RUSTAM: Darvoqe, birinchi xotining bilan nega ajrashuvding?
RAUF: E-e, buning tarixi qiziq, senga aytmabmidim?
RUSTAM: Yo‘q, aytmagansan.
RAUF: Institutda meni besh yil o‘qitib, o‘z kafedrasida ishga olib qolgan domlamning qiziga uylanuvdim. Domlamning uyiga borib, ancha-muncha xizmatini qilib turardim. Uning bo‘yi yetgan ikki qizi bor edi. Kichigini o‘zimcha yoqtirib yurardim. O‘ziyam chiroylikkina, yoqimtoy edi. Nazarimda, u ham befarq emasdek edi. Uchrashuv, muhabbat izhori degan gaplar mutlaqo bo‘lmagan. Tortinardim-da. Xullas kalom, unashtirildik. ZAGSga borgan kunimiz mundoq qarasam, yonimda kichigi emas, katta qizi turibdi. Chamasi, domlam meni hoynahoy katta qizini yoqtiradi deb o‘ylagan shekilli. Anglashilmovchilikni tuzatishga jur’at qilolmadim! Domlamning yuz-xotirini qilib, miq etolmadim. Keyin... turmushimiz uzoqqa bormadi. O‘z ixtiyorim bilan ishdan ham bo‘shab ketdim!
RUSTAM: Tavba! Ko‘z ochib ko‘rganing... shunaqa bo‘lgan ekanda!
RAUF: Ha, shunaqa bo‘lgan! Bu gapni birovga aytsang ishonmaydi!
(Rahima choynak ko‘tarib kiradi. Piyolaga choyni qaytarib quyadi va Rustamga uzatadi)
RAHIMA: Choydan ichib o‘tiring, Rustam aka.
RUSTAM: Rahmat!
RAHIMA: Sizlar yana biroz suhbatlashib o‘tiringlar, men hozir ovqatni tezlatvoraman. (o‘rnidan turadi)
RUSTAM: Yo‘q, yo‘q, siz ovora bo‘lmang. Ovqatga qololmayman, qaytishim kerak.
RAHIMA: (ikkilanib, yana o‘tirib qoladi) Ozib-yozib bir kelganingizda... mojaromizni dasturxon qilib, kayfiyatingizni buzdik. Bizdan xafa bo‘lmang...
RAUF: Ha, darvoqe, bizni qo‘yaver endi, bizning bo‘larimiz bo‘ldi. Endi o‘zingdan gapir. Ishlaring qalay?
RUSTAM: (boshini changallaydi) O-o! Ishimni eslatma! Mening o‘z dardim, har kungi iztirob-alamlarim kammidi? Qolmishiga endi sizlarning bu ...mojarongiz dard ustiga chipqon bo‘ldi.
RAUF: Darvoqe, sen “Mehribonlik uyi”ning direktori eding-a?
RUSTAM: Ha, peshonamga yetmishta tirik yetimga ham ota, ham ona bo‘lish yozilgan ekan.
RAHIMA: Qiziq, nega tirik yetim deyapsiz?
RUSTAM: Chunki “Mehribonlik uyi”dagi bolalarning to‘qson foizining ota-onasi tirik! Lekin men uchun ular o‘lik! Tirik murda! Ulardan nafratlanaman! Ular inson emas!
RAHIMA: Nega bunday deyapsiz? Ular shu qadar... yovuzmi?
RUSTAM: Undan ham battar! Axir bolasini to‘qqiz oy qornida ko‘tarib, unga baxtli hayot hadya etish o‘rniga, yetimxona ostonalariga, hojatxonalarga, axlatxonalarga, ko‘chalarga, bozorlarga, poezdlarga, ko‘p qavatli uylarning yo‘laklariga, yerto‘lalarga tashlab ketaveradigan odamlarni inson deb bo‘ladimi? Gunohsiz go‘dakning uvolidan qo‘rqmaganlarni barcha mavjudotlar ichida ongli, aziz va mukarram deb e’tirof etilgan INSON deb bo‘ladimi? Men bu gumrohlarga qarata “Farzand Ollohning sizga bergan shirin mevasi, asl mo‘‘jizasi! Undan mehringizni, oq sutingizni darig‘ tutmang! Siz bugun tashlandiq qilayotgan farzandingiz erta bir kun hech bo‘lmaganda ko‘zingizga bir bora tikilib qaramoq uchun sizni qidirib topsa, siz o‘zingiz xo‘rlangan jigarbandingizning ko‘zlariga qanday qaraysiz?” deya hayqirgim keladi!
RAHIMA: (hayratlanib) Nahotki shunday bo‘lsa!.. O-o! Qanday dahshat!.. Qanday sharmandalik!
RUSTAM: Men dastlab ish boshlaganimda ko‘rgan-bilganlarimdan dahshatga tushib, jinni bo‘lib qolayozdim. Uzoq ishlay olmasam kerak deb o‘yladim. Keyinchalik, o‘sha gunohsiz go‘daklarning taqdiriga o‘zimni daxldor sezib, irodamni qo‘lga oldim. Axir kimdir shu ishni qilishi kerak-ku!
RAUF: Men biron marta “Mehribonlik uyi”ni ko‘rmaganman. U yerda bolalarning qanday yashashini tasavvur qilolmayman.
RUSTAM: “Mehribonlik uyi”da bolalarga hamma shart-sharoit yaratilgan. Hamma narsa yetarli. Faqat... bolalarga eng kerakli narsa – mehr yo‘q, xolos, ota-onagina bera oladigan mehr yo‘q! U yerda ota-ona degan so‘z juda kam tilga olinadi. Tilga olinganda ham kimdir alam, kimdir qasd, kimdir mehr va sog‘inch bilan esga oladi. Garchi bu dargohni “Mehribonlik uyi” deya chiroyli nomlasak ham, baribir u mohiyat e’tibori bilan yetimxona! Yetimxonada esa hamisha mehr tanqis. Mehrga zor bo‘lib o‘sgan bolaning ko‘ngli yarim! Baxti yarim! Bunday bolalardan kelajakda yaxshi inson yetishib chiqishi ham qiyin! Ularning orasidan alamzadalar, qasoskorlar yetishib chiqsa men bunga ajablanmayman!
RAHIMA: Tirik yetimlarning ota-onalari hayot bo‘lsa, nahotki bolalaridan xabar olishmaydi?! Nahotki ular shunchalik toshbag‘ir bo‘lishsa?!
RUSTAM: Hamma fojia ana shunda-da! Ular keraksiz buyumday tashlab ketgan bolalaridan xabar olish u yoqda tursin, hatto farzandlarining qon yutib bitgan xatlariga javob ham yozishmaydi. Bechoralar soddadillik bilan maktublariga javob kutishadi, ota-onalarimiz albatta bizni yo‘qlaydi, bizni bu yerdan olib ketadi deb umid qilishadi. Bolasini xor-zor qilib, duch kelgan joyga tashlab ketgan inson qiyofasidagi maxluqlardan bunday muruvvat kutib bo‘lmasligini yetimlar tasavvur qilolmaydi. Ularni so‘nggi umidlaridan mahrum qilgim kelmaydi, yolg‘on bo‘lsa-da yozgan xatlariga ota-onasining nomidan o‘zim javob yozaman, o‘zim sovg‘a-salomlar uyushtiraman. Yaqinda bir fojia ro‘y berdi. Eslasam haliyam titrab ketaman. Es tortib qolgan, ta’sirchan bir bolakay bor edi. Juda qobiliyatli, ziyrak edi. Yaxshi rasmlar chizardi. Kutilmagan, g‘aroyib savollaridan hayratlanardim. Uning onasiga yozgan maktublaridagi nolalar, ohu fig‘onlar har qanday toshbag‘ir odamni ham larzaga solardi.
BOLA: (ovozi) “Onajon! Men sizni juda-juda yaxshi ko‘raman. Sizni shunchalar sog‘inamanki, bir bor kelib bolam deb erkalashlaringizni, seni olib ketgani keldim deyishingizni eshitish uchun kunlarni tunlarga ulab kutaman. Siz meni bu yerga tashlab ketayotganingizda “ertaga albatta seni olib ketaman, bolajonim, atigi bir kunga sabr qilib turgin, tong otishi bilan senga yangi kiyimlar va chiroyli o‘yinchoqlar olib kelib, seni bu yerdan olib ketaman” degandingiz. Kelishingizni intizorlik bilan kutaman. Agar meni bu yerdan olib ketsangiz, hamisha yaxshi bola bo‘lishga, xarxasha qilmaslikka, maktabda a’lo o‘qishga so‘z beraman. Mabodo kelolmay qolsangiz, tushlarimga kirib turing. Tezroq keling. Men sizni baribir yaxshi ko‘raman va sog‘inaman...”
RUSTAM: Bolakay har gal onasiga maktub yozganda qog‘ozga barmoqlarining ham rasmini chizib, onasidan ham barmoqlarining rasmini yuborishni iltimos qilardi. Men bolaning ko‘ngli cho‘kmasligi uchun o‘zim yozadigan javob maktubiga onaning barmoqlarini ham o‘zimcha tasavvur qilib, chizib qo‘yardim. Afsuski, bir kuni yaxshi niyatda qilingan bu yolg‘onim tasodifan oshkor bo‘lib qoldi. Bolakayning murg‘ak qalbi bu yolg‘onni hazm qilolmadi. U beshinchi qavatdan o‘zini tashlab yubordi. Jon berayotib “Onajon! Men sizni yaxshi ko‘raman!” deb shivirladi.
RAHIMA: (ko‘zlari yoshlanadi) Axir... bola asrab olmoqchi bo‘lib yurgan farzandsiz oilalar ham bor-ku. Tirik yetimlarni shunaqa oilalarga bersangizlar bo‘lmaydimi?
RUSTAM: Goho shunday ham qilamiz. Ammo bu bilan muammoni to‘liq hal qilib bo‘lmaydi. Odamning olasi ichida bo‘larkan. Bolani asrab oladiganlarning hammasini niyati xolis, yaxshi odam deb bo‘lmas ekan. Yaqinda shaharga ish bilan tushgan tarbiyachilarimizdan biri shunaqa asrab olish uchun berilgan bir bolakayning metro bekatida tilanchilik qilib o‘tirganini ko‘rib qolibdi. Bolakay sobiq tarbiyachisiga yopishib olibdi, meni bu yerdan olib keting deb yig‘lab yolvoribdi. Ma’lum bo‘lishicha, bolani asrab olgan odam uni tilanchilik qilishga majbur qilarkan. Hatto, pulni kam topyapsan deb har kuni ayovsiz kaltaklarkan. Xullas, bolani qaytarib oldik. Shunaqa ko‘ngilsiz voqealardan keyin qatiqni ham puflab ichadigan bo‘lib qoldik. Endi men odamlarni bolaga bo‘lgan munosabatiga qarab ikki toifaga bo‘laman.
RAUF: Unda... bizni qaysi toifaga qo‘shasan?
RUSTAM: O‘zim ham hayronman. Albatta, sizlarning bu mojaronglarni oqlab bo‘lmaydi. Tarozining ikkinchi pallasiga farzandning taqdirini, uning kelajagini qo‘ymagansizlar. Uzr, ochiqroq gapirvordim...
RAUF: (sekin uf tortadi) Gaplaringda jon bor, do‘stim. Nima uchun shunday deyotganingni ham yaxshi tushunaman. Balki bizdan ham xatolik o‘tgandir. Olloh bizni farishta qilib yaratmaganki, bir tekis, xatosiz yashasak. Hay mayli, endi foydasi yo‘q, g‘isht qolipdan ko‘chgan.
(oraga noqulay sukunat cho‘kadi)
RUSTAM: Darvoqe, o‘zing... ishlaring haqida gapirmading. Dissertatsiyang nima bo‘lyapti?
RAUF: Dissertatsiya ham qulog‘ini ushlab ketdi.
RUSTAM: Nega endi? Ancha-muncha mehnat qilib qo‘ygan eding.
RAUF: Sen boya kerak bo‘lsa oila uchun hamma narsani qurbon qilish mumkin deding. Mana men ham hamma narsani, hatto dissertatsiyani ham qurbon qildim.
RUSTAM: Tushunmadim. Nega, nima uchun?
RAUF: Qo‘shnilarning eriga o‘xshab... ko‘proq pul topish uchun!
(Rahima sarosimada, gapiray deydi-yu, jur’at qilolmaydi)
RUSTAM: Afsus! Afsus! Hech bo‘lmasa mehnatingga achinmabsan-da.
RAUF: (elka qisib) Men nima qilishim kerak edi?
RUSTAM: Nahotki... shunchalikka borgan bo‘lsanglar? Bu qandoq gap axir? Nega indamaysiz, Rahimaxon?
RAHIMA: Men... nima ham derdim. RAUF akamga qo‘limdan kelgancha sharoit yaratib berishga harakat qildim. Bo‘lmadi baribir. Murosamiz to‘g‘ri kelmadi.
RAUF: Kosmosga ham fikri bir joydan chiqadigan, bir-birini so‘zsiz tushunadigan odamlar birga uchisharkan. Oila qurish mas’uliyati kosmosga uchishdan kam emas. Biz Rahima bilan faqat bitta masalada yakdil bo‘lishimiz mumkin edi. Qanday masalada deysanmi? Mabodo uyga o‘t tushguday bo‘lsa, bir eshikdan qochib chiqishimiz mumkin edi.
RAHIMA: Ko‘ryapsizmi, Rustam aka? Tillaridan hamisha shunaqa “bol” tomib turgandan keyin murosa haqida qanday gap bo‘lishi mumkin? Axir ilgari bunaqa emas edilar.
RAUF: Balki rostdan ham ilgari boshqacha bo‘lgandirman. Seni ham ilgari boshqacha tasavvur qilganman. Hayotda hamma narsa o‘zgarishi mumkin, odamning fe’l-atvori, xarakteri ham har xil ta’sirlar oqibatida o‘zgararkan. Umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan xotining seni tushunmasa, tushunishni istamasa, ko‘nglingga qarab ish tutmasa, hatto senda ko‘ngil degan narsa borligini bilmasa, ko‘nglingga oshkora tupursa, albatta o‘zgarasan!.. Hatto o‘zgarishga majbursan!
RAHIMA: Bu gaplarga ishonmang, Rustam aka! Hammasi uydirma! Tuhmat!..
RUSTAM: Demak, ikkovingiz ham bir-biringizni chuv tushirish uchun, shaxsiy hayotingizni barbod qilib, bolalaringizni zor qaqshatish uchun asl basharangizni yashirib, niqobda yurgan ekansizlar-da! To‘ydan keyin niqobga hojat qolmabdi-da!
RAUF: Qiziq, niqob haqidagi shu gaplarni boyagina men ham aytgan edim. Gapimiz bir joydan chiqdi.
RUSTAM: Yo‘q, yo‘q, men sizlarga va’z aytib, aql o‘rgatmoqchi emasman! Nasihatga muhtoj yoshda emassizlar. Men...
(Xonaga Umida kirib keladi, mehmonning so‘zi bo‘linadi)
UMIDA: Oyi!..
RAHIMA: Haliyam uxlamadingmi, ona qizim?
UMIDA: Uyqum kelmayapti.Uxlasam, otam ketib qoladi deb qo‘rqyapman.
RAUF: Ketmayman dedim-ku, qizim, boraqol, uxlayver.
UMIDA: Har safar ketmayman deb yana ketib qolasiz. Amaki, siz ayting, otam endi ketmasin.
RUSTAM: (shoshib) Xo‘p, xo‘p, mana, hozir aytaman...
UMIDA: Sizning ham qizingiz bormi, amaki?
RUSTAM: Bor, sen bilan tengdosh.
UMIDA: Oti nima?
RUSTAM: Oti – Feruza!
UMIDA: Biznikiga olib keling Feruzani, birga o‘ynaymiz.
RUSTAM: Xo‘p, albatta olib kelaman.
UMIDA: Ertaga olib kela qoling.
RUSTAM: Ertaga... emas, boshqa vaqtda olib kelarman.
UMIDA: Nega ertaga olib kelolmaysiz?
RUSTAM: Chunki Feruza bu yerdan uzoqda yashaydi.
UMIDA: Unda... qizingizni sog‘ingandirsiz?
RUSTAM: Sog‘indim, judayam sog‘indim.
UMIDA: Men ham otamni juda-juda sog‘inaman. Sog‘insam ham ketib qolaveradilar. Otamni uzoqqa ishga yuborvorishgan. U yoqdagi ishlarini bitirib kelganlaridan keyin doimo biz bilan yashaydilar. Oyim aytdilar. Bugun biznikida qoling, agar siz qolsangiz, otam ham qoladilar.
RAHIMA: Qani, yuraqol endi , ona qizim.
(Rahima Umidani yetaklab xonadan chiqadi)
RUSTAM: Qizing es tortib qolibdi. Qiz bola otaga mehribon bo‘ladi. Hech bo‘lmasa shu qizingga rahm qilmabsan-da, RAUF!
RAUF: Rustam, jo-on do‘stim! Meni qiynama! Senga qanday tushuntirsam ekan? Mana, masalan, tuflimning qaeri oyog‘imni siqayotganini faqat o‘zim bilaman! Axir inson dunyoga bir marta keladi! Men ham odamman! Men ham odamdek yashagim keladi.
RUSTAM: Axir o‘rtada...
RAUF: To‘g‘ri, o‘rtada farzandlar bor. Ularga jabr bo‘ldi. O‘rtada farzandning borligi oila mustahkamligining kafolati bo‘lganda edi, hayotda bunchalik ko‘p ko‘ngilsizliklar, qo‘ydi-chiqdilar, sen aytgan o‘sha tirik yetimlar bo‘lmasdi. Farzandlar sog‘lom, baxtli oila muhitida o‘sib-ulg‘ayishi kerak. To‘g‘ri, har qanday ideal-namunali oilada ham ayrim kelishmovchiliklar, tortishuvlar bo‘ladi. Chunki erkak va ayol musbat va manfiy hodisa! Orada o‘t chiqib turishi tabiiy. Sen “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deyishing mumkin. Afsuski, biz urishganda bu ro‘mol qurg‘ur hadeganda quriyvermasdi. Rahima bir araz qilganda ba’zan bir necha oygacha men bilan gaplashmasdi. Vaholanki, musulmonchilikda uch kundan ortiq arazlab yurish gunoh hisoblanadi. Qizig‘i shundaki, arazlashganimiz Rahimani ortiqcha tashvishlantirmasdi. Boyoqish Umidaning mung‘ayib, javdirab qarashlariga ham parvo qilmasdi. Aksincha, “Menga baribir, sensiz ham kunim o‘taveradi” degandek, bemalol uyda qo‘shiq aytib, xirgoyi qilardi. Go‘yo mening uyda bor-yo‘qligim ham uni qiziqtirmasdi. Er-xotin tildan qolgandek soqov bo‘lib yuraverardik. Shunday paytlarda uyga qadam bosgim kelmasdi. Ammo uyda mening yolg‘iz ilinjim – Umidam bor edi. U yosh bo‘lsada menga o‘rganib qolgandi. Onasi bilan oramizda ola mushuk o‘tganda uning iztirob chekib, xomush tortganini ko‘rsam yuragim ezilib ketardi. U murg‘ak qalbi bilan oiladagi ko‘ngilsizlikni payqardi, bundan qiynalardi. Axiyri shaytonga hay berib, g‘ururimni ichimga yutib, erkak boshim bilan men yon berardim, birinchi bo‘lib men gapirardim. Rahima bo‘lsa “Holing shu ekan-ku!” degandek, o‘zini g‘olib sezardi. Qani endi o‘zing aytchi, ayol kishi inson sifatida avvalo samimiy, oqko‘ngil bo‘lishi kerak emasmi? Musulmonchilikda avvalo ayol kishi eriga yon berishi kerak emasmi?
RUSTAM: Gapingda jon bor, albatta. Ollohga shukur, hammamiz ota-ona bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldik. Xo‘sh, ota-ona degani nima o‘zi? Ota-ona – birinchi galda tarbiyachi! Pedagogikada shunday oltin qoida bor: “Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lmog‘i kerak!” Inson tabiati shu qadar murakkabki, buni tasavvur qilish ham qiyin. Goho uning xatti-harakati jaydari mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ammo har qanday holatda ham inson inson bo‘lib qolishi kerak. Bir umr komil insonni orzu qilib o‘tgan hazrat Navoiy “Bu dunyoga kelib gunohlardan forig‘ bo‘lmay ketish, hammomga kirib, yuvinmay chiqish bilan barobar!” degan edi.
RAUF: Bo‘lib o‘tgan noxushliklarni o‘ylasam, bolalarning taqdirini ko‘z oldimga keltirsam, vijdonim qiynaladi, albatta! Tuzatib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yganimni yurak-yurakdan his qilaman. Bundan ezilaman.
Biz Rahima bilan ko‘zni chirt yumib, oppa-oson ajrashib ketmadik. Yo‘q! Senga o‘xshab oraga tushganlar, xayrixohlar ko‘p bo‘ldi. Oilaviy mojaromiz har gal qo‘ydi-chiqdiga borib taqalar, har gal bolalarni o‘ylab shaytonga hay berar edim. Xullas, oilani saqlab qolish uchun qo‘limdan nima kelsa hammasini qildim. Ammo iloji bo‘lmadi. Axiyri asablarim tamom bo‘ldi. Sog‘lig‘imdan ajradim. Hech narsaga qiziqmay qo‘ydim. Ilmga ham. Nihoyat, so‘nggi chora qoldi. Boshqa ilojim yo‘q edi. Xullas, (qo‘l siltaydi) qo‘y endi, bu haqda gaplashmaylik.
RUSTAM: Mayli, ixtiyoring... Ammo baribir aqlim bovar qilmayapti. Ajabo, agar hayotda sizlarga o‘xshab astoydil sevishib turmush qurganlarki ajrashib ketaversa, unda sevishmay turmush qurganlar qanday yashar ekan? Nahotki ajralish so‘nggi chora bo‘lsa?
RAUF: Mayli, men senga o‘sha – noxush kunlardan faqat bir shingil aytib beray, qolganini o‘zing tasavvur qilib olaverasan. Bir kuni ishdan kelsam, Rahima arzimagan narsadan janjal chiqarib, ayuhannos sola boshladi. Devor-darmiyon qo‘shnim Mahkam aka mojaroni eshitib, noiloj muzokaraga chiqdi. Rahima odatdagidek, he yo‘q, be yo‘q, yuzingda ko‘zing bormi demay, meni qo‘shniga yomonlay ketdi. Jazavaga tushganda farosat tuyg‘usi o‘tmaslashib qolardi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Mening ustimdan ayovsiz mag‘zava to‘ka boshladi. Ayni chog‘da u beixtiyor o‘zining asl basharasini namoyon qilayotgan edi. Men bir chetda ichimdan zil ketib, indamay turaverdim. Mahkam aka ham goh kulimsirab, goh xo‘mrayib, toqat bilan tinglab turdi. Keyin u kutilmaganda shunday dedi: “Gapirib bo‘ldingizmi, kelin? Endi mendan eshiting. Biz kelinoyingiz bilan turmush qurganimizga qirq uch yil bo‘ldi, Ollohga shukur, shu vaqtgacha siz og‘zimiz senga bormadi. Ovozimiz devordan tashqariga chiqmadi. Agar mabodo falakning gardishi teskari aylanib, kelinoyingiz ham sizga o‘xshab shunaqa qiliq qilsa, boshqalar oldida yuz-xotir qilmay obro‘yimni to‘ksa, bunaqa xotinning urug‘i Hirotdan kelgan bo‘lsa ham mana shu uyning beshinchi qavatidan pastga tashlab yuborardim. Bildingizmi? Gapim tamom! Endi zinhor mojaronglarga aralashmayman! Olloh har kimning o‘ziga insof bersin!”
Rahima og‘ir-vazmin qo‘shnimdan bunday gapni kutmagan edi, baqa bo‘lib qoldi. Ammo baribir insofga kelgani yo‘q. Qaytangga “Hamma erkaklar bir go‘r!” deya butun erkak zotini qarg‘ab chiqdi.
RUSTAM: Ayol zoti biz erkaklar tasavvur qilganimizdan ko‘ra murakkabroq, butunlay boshqacha xilqat. Ularni tushunish oson emas. Ayollarning ruhiy dunyosi, psixologiyasi ham butunlay boshqacha. Masalan, xotinlar bulbuligo‘yo bo‘lib sayragisi kelganda biz erkaklar sukut saqlab, jim turishni xohlab qolamiz. O‘sha lahzada kayfiyatingni ularga tushuntirish, uqtirish qiyin. Ular dunyoni boshqacha idrok etishadi, boshqacha ko‘rishadi. Biz erkaklar buni hisobga olmaymiz, oqibat – o‘zimizni ham, ularni ham qiynaymiz...
RAUF: Balki gapingda jon bordir... Rostdan ham ularni tushunish qiyin. Ayniqsa oqni qora, qorani oq deb turaversa, hafsalang pir bo‘lib, hamma narsadan to‘yib ketasan, hatto yashaging ham kelmay qoladi.
RUSTAM: Hayotda hech narsa sababsiz sodir bo‘lmaydi. Ayol uchun e’tiborsiz qolishdan ortiq jazo yo‘q. Unga ham mehr, e’tibor, shirin so‘z va erkalashlar kerak. Ruhshunoslar “Xotinlar qulog‘i orqali sevadi” deb bejiz aytishmagan.
RAUF: To‘g‘ri, ammo erkak har ikki gapning birida xotiniga sevgi izhor qilishi shart emas. U xotiniga mehrini amaliy ishlari, hayot tarzi bilan ham ko‘rsatishi mumkin. Masalan, u oshxonadagi nosoz jo‘mrakni vaqtida to‘g‘rilab qo‘ysa, ro‘zg‘orning asosiy yukini, bozor-o‘charni o‘z zimmasiga olsa kifoya emasmi?
RUSTAM: Gapingda jon bor. Lekin baribir sizlarning qo‘ydi-chiqdilaringga asosiy turtki bo‘lgan narsa nima o‘zi? Men do‘stingman, ochig‘ini aytaver endi.
RAUF: Ochig‘ini aytganda... Biz turmushning og‘ir sinovlari, ro‘zg‘or deb atalmish og‘ir yuk yelkaga tushganda muvozanatimizni yo‘qotib qo‘ydik. Kichik ilmiy xodimning maoshi o‘zingga ma’lum, zo‘rg‘a amal-taqal qilib ro‘zg‘or tebratardik. Dissertatsiyani yoqlab olsam, maoshim sal ko‘payar, keyinchalik durustroq ishga o‘tib olarman deb o‘ylardim. Ammo aksiga olib, bizning ilmiy-tekshirish institutimizda shtatlar qisqarib ketdi. Ishdan bo‘shab, uyda o‘tirib qoldim. Rahima ham ishlamasdi. Yotib yeganga tog‘ chidamas deydilar. Yetishmovchilik, yo‘qchilik yomon bo‘larkan. Ancha qiynalib qoldik. Men umrimda bozor-o‘charga, savdo-sotiqqa qiziqmaganman, bunaqa ishlarga uquvim ham yo‘q. Telefon oldida o‘tirvolib, reklamalarga qo‘ng‘iroq qilardim, o‘zimga mosroq ish qidirardim. Ammo hadeganda omadim yurishavermadi, men shunda ham umidsizlikka tushmadim, bu qiyinchiliklar vaqtincha ekanligiga ishonardim. Faqat... shunday qiyin-qistalang pallada umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan xotinim kayfiyatimni ko‘tarish, menga dalda berish o‘rniga har kuni ming‘irlab asabimni egovlardi, meni noshudlikda, yalqovlikda, odamlarning eriga o‘xshab pul topishni bilmaslikda ayblardi. Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga degandek, hali uni olib bering, hali buni olib bering deb xarxasha qilardi. Bu ham yetmagandek, oyisiga borib meni yomonlardi. Oyisi bir necha marta kelib, “Bitta ro‘zg‘orni eplolmagan er ermi?” deya yaramga tuz sepib ketdi. Men xotin kishi bilan aytishib o‘tirmadim, og‘irlik qildim, tishimni tishimga qo‘yib, bariga chidadim.
Bir kuni Rahima ko‘chadan yangi gap topib keldi. Bozorda qandaydir savdogar ayol bilan tanishib qolibdi. U kichikroq foizi bilan qarzga pul berib turadigan bo‘libdi. Ikkovi birgalikda savdo bilan shug‘ullanarmish. Har “reys”dan katta foyda qolarmish. Bu gaplarni eshitib, tepa sochim tikka bo‘lib ketdi. “Esingni yedingmi? Umringda savdo bilan shug‘ullanmagansan-ku! Yana chuv tushib qolmagin!” desam, “Odam qilgan ishni odam qiladi, bu yog‘ini o‘zimga qo‘yib bering!” dedi. “Yo‘q, men xotinini bozorga chiqarib, o‘zi uyda o‘tiradigan erlardan emasman! O‘zimga yarasha g‘ururim bor. Yana biroz sabr qil, bir-ikki joydan ishning daragi chiqyapti, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi”, dedim. Ammo u o‘jarlik qilib so‘zida qattiq turib oldi. Har kuni shu haqda gap ochib, asabimni qaqshatardi. Axiyri bir kuni toqatim tugab, “E bor-e, bilganingni qil!” deb yubordim. Rahima shundan keyin yeng shimarib o‘zi topgan yangi ishga sho‘ng‘ib ketdi. Uyda kam bo‘lardi. Noiloj, bolalarga o‘zim qarab qoldim. Ilgari xotinini tirikchilik uchun ko‘chaga chiqarib, o‘zi uyda o‘tiradigan erkaklardan nafratlanardim. Taqdirning o‘yinini qaraginki, endi o‘zim o‘shalarning bittasiga aylanib qolgandim.
Rahima savdodan ancha-muncha pul topadigan bo‘lgach, yurish-turishi, muomala-munosabati ham o‘zgardi, meni nazariga ilmay qo‘ydi. Men bu xonadonda ortiqcha odamga aylanib qolganday edim. Ortiq bu uyda yasholmasligimni bilib, kostyumni yelkamga ildimu uydan chiqib ketdim. Endi bu yerda birgina ilinjim – Umida! Shu gunohsiz norasidani deb kelaman.
RUSTAM: Ha, bolada gunoh yo‘q. Kattalarning gumrohligi uchun bolalar iztirob chekmasligi kerak. Dostoevskiyning bir ibratli gapi bor: “Butun dunyo tsivilizatsiyasi go‘dakning bir tomchi ko‘zyoshiga arzimaydi!”
(oraga sukunat cho‘kadi. Rustam sigaret chekib, xonada yura boshlaydi)
RAUF: Yangi asrga qadam qo‘yganimizda xom sut emgan bandaning tabiati yaxshi tomonga o‘zgararmikan deb umid qilgandim. Taraqqiyotda ko‘p olamshumul yutuqlarga erishdik, ammo inson tabiatidagi noqisliklardan hali-hamon qutulolmayapmiz.
Agar yanglishmasam, hozirgi yoshlar yaqin o‘tmishdagi “Xotin-qizlarning ozodlikka chiqishi” yoki “ochiqqa chiqishi” degan tushuncha-harakatni yaxshi bilishmaydi. Bu endi tarix bo‘lib qoldi-da. Tarix esa haqiqatning onasi. Ayrim jumboqlarning tub mohiyati va sabablarini chuqurroq anglashda biz baribir tarixga suyanamiz. O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida xotin-qizlar ixtiyoriy-majburiy ravishda ozodlikka chiqarildi. Ha, ha, ixtiyoriy-majburiy! Aslida “ozodlikka chiqarildi” degan so‘zni qo‘shtirnoqqa olib aytilsa mantiqan to‘g‘riroq bo‘lardi. Xotin-qizlar qamoqxonadan ozod etilmagan, faqat paranji-chachvondan qutulishgan, erkaklar qatori o‘qiydigan, ishlaydigan bo‘lishgan. To‘g‘ri, taraqqiyot nuqtai nazaridan buni ijobiy baholash kerak, albatta.
RUSTAM: Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor-da, do‘stim. Ayollar ozodlikka chiqqach, ayni chog‘da ko‘p narsa yo‘qotdi ham. Avvalo, ayol sifatida, ona va uy bekasi sifatida ko‘p narsa yo‘qotdi. Ozodlikni suiiste’mol qildi. Haq-huquqim teng bo‘ldi deya haddidan oshib ketdi. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin deganlaridek, chetdan kelgan, bizning mentalitetimizga, milliy qadriyatlarimizga mutlaqo yot bo‘lgan begona axloqning ta’siriga berildi. Qolmishiga bu yoqda endi “ommaviy madaniyat”, “zamonaviy turmush tarzi”, “shaxs erkinligi” degan baloi azimlar xuruj qilyapti. Oqibatda ayol o‘zining asl vazifasi, burchi nimadan iborat ekanligini unutdi. Natijada, eng yomoni – shoirlar asrlar davomida kuylagan, ulug‘lagan bebaho qadriyat – sharqona odob-axloqdan uzoqlashdi. Buning ayanchli oqibatini har qadamda ko‘rib turibmiz.
RAUF: Ha, bugungi kun ayoli yuz yil oldingi ayol emas! Oilada sal taranglik, muammo paydo bo‘lsa, yon bergisi kelmaydi, xavfning oldini olish o‘rniga, darrov haq-huquqini ro‘kach qiladi, “Mustaqil yashasam ham kunimni ko‘rib ketaveraman, kerak bo‘lsa bolalarimni ham boqib olaman” deydi.
RUSTAM: Ammo hamma ayollar ham yomon desak adolatdan bo‘lmaydi, do‘stim. Yaxshilari ham bor, albatta.
RAUF: Ular... uxlayotganda yaxshi deyishadi...
RUSTAM: Ha endi, sening og‘zing kuygan, nima desang deyaverasan. Ammo bilib qo‘y, qars ikki qo‘ldan. Sen ham baribir farishta emassan.
RAUF: To‘g‘ri, farishta emasman. Men burnidan narini ko‘rolmaydigan tentakman, o‘ylamay ish qiladigan gumrohman. Azobini ham mana o‘zim tortyapman. Men loaqal Rahimaning nima uchun oldingi turmushi buzilganini tuzukroq surishtirishim kerak edi.
Bir kuni qiziq voqea bo‘ldi. Xizmat safariga ketayotib poezdda o‘zim tengi bir yigit bilan hamroh bo‘lib qoldim. U jurnalist ekan. Gap aylanib kelib oila masalasiga taqaldi. Boyoqish ko‘ngli ochiqqina ekan, bor dardini to‘kib soldi. Menga o‘xshab u ham xotindan yolchimagan ekan. U gapiryaptiyu mening hayratim oshib borayapti. Yigit o‘zining emas, xuddi mening hayotimni, mening iztirob-alamlarimni hikoya qilayotgandek edi. Uning xotini haqidagi gaplarni eshitarkanman, beixtiyor ko‘z oldimga Rahima kelaverdi. Axiyri suhbat davomida ma’lum bo‘ldiki, u Rahimaning oldingi eri ekan!
RUSTAM: Ana xolos! Toza qiziq bo‘libdi-ku! Kundoshlar rosa hasratlashibsizlar-da!
RAUF: Ammo men o‘zimni tanitmadim.
RUSTAM: G‘ururing yo‘l qo‘ymadimi?
RAUF: Gap faqat bunda emas. Aytdim-ku, u jurnalist ekan. O‘zimni tanitsam, bunaqa antiqa voqeani bironta sariq matbuotda yozvorsa sharmanda bo‘laman-ku! Oila siri baribir muqaddas narsa, uni ovoza qilish yaxshi emas.
RUSTAM: Sen aytgan o‘sha sariq matbuot shunaqa oilaviy mojarolarni elga doston qilib yozib chiqyapti-ku! Eng yomoni – odamlar shunaqa yuzaki, yengil-elpi narsalarni o‘qishga o‘rganib qoldi. Jiddiyroq narsalarga qiziqmaydi.
RAUF: Afsuski, shunaqa bo‘lib qoldi. Jiddiy narsalar bilan boshini qotirgisi kelmaydiganlar, qorin orqali fikrlaydiganlar ko‘paydi. Shunaqa toifaning ko‘paygani kimlargadir qo‘l kelayotganga o‘xshaydi...
(Rahima xonaga choynak ko‘tarib kiradi)
RAHIMA: Choyinglar sovib qolibdi. Ichib o‘tiringlar. Ovqat ham hozir tayyor bo‘ladi.
RUSTAM: Ovora bo‘lmang, Rahima. Aytdim-ku, men hozir qaytaman.
RAHIMA: Ovorasi bor ekanmi, ozib-yozib bir kelibsiz...
RUSTAM: Ha, ozib-yozib bir keluvdim, bunaqa noxushlikka guvoh bo‘lganimdan pushaymonman. Ko‘rmasdan, bilmasdan, o‘sha – uzoqlarda g‘oyibona sizlarni eslab, sizlarni sog‘inib yuraverganim tuzuk edi. Sizlarni Navro‘zda biz tomonlarga – toqqa taklif qilmoqchi edim. Endi borib Nasibaga nima deyman? Hay mayli, oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘! Sizlardan butunlay umidimni uzmayman. Balki keyingi kelishimda... insofga kelib, yarashib ketarsizlar. Yaxshi niyat – yarim mol.
RAHIMA: Yaxshi niyatingiz uchun qulluq, Rustam aka, lekin...
RAUF: Lekin bu ishda majburiyat olib bo‘lmaydi. Yanglishmasam, Rahima ham xuddi shunday demoqchi. Qolaversa, shoir aytganidek, “Sen yoshsan, qalbingning go‘zal mahali, Ko‘plarga sevimli bo‘larsan hali”.
(Rahima o‘zini tutolmay, birdan yig‘lab yuboradi va shoshib chiqib ketadi)
RUSTAM: Chakki qilding. Harqalay, yaxshi bo‘lmadi. (devor soati jiringlaydi) Mayli, men boray endi. Rahimani bezovta qilmay qo‘ya qolaylik.
RAUF: Darvoqe, shaharda ishlaring bitguncha yana bir-ikki kun turarsan?
RUSTAM: Yo‘q, uzoq turolmayman. Aytdim-ku, tirik yetimlarga qattiq bog‘lanib qolganman. Tezroq qaytishim kerak. Ertaga mashhur yozuvchimiz O‘tkir Hoshimovga uchrashib, uni “Mehribonlik uyi”ga taklif qilmoqchiman. Bolalar uning kitoblarini o‘qib, uchrashuvga shay turishibdi. Yozuvchiga beradigan ancha-muncha savollari bor. O‘tkir aka bilan oldin ham uchrashuv o‘tkazgandik. O‘shanda u sovg‘a qilgan bir kitobiga shunday dastxat yozib beruvdi: “Iloyo, bu bolalarning ota-onalari o‘tgan bo‘lsa, xudo rahmat qilsin. Bordi-yu hayot bo‘lsa, baxti qaro bo‘lsin, baxti qaro bo‘lsin...”
RAUF: Ha, ta’sirli gap aytibdi. Nima bo‘lsa ham yozuvchi-da.
RUSTAM: Afsuski, bunday ta’sirli gaplar egasini topmaydi. Topganda ham u manqurtlarga ta’sir qilmaydi.
RAUF: Ha, to‘g‘ri aytasan.
RUSTAM: (shoshib soatiga qaraydi) O‘-ho‘-o‘, gap bilan bo‘lib vaqtning o‘tganini ham sezmay qolibmiz. Boraqolay endi. (o‘rnidan turadi)
RAUF: Shoshma, men ham sen bilan ketaman.
RUSTAM: Sen... qolaver. Bemahalda endi qayoqqa ham borasan? Nima bo‘lganda ham... o‘rgangan joying. Boyoqish qizing ham ketib qolganingni bilsa, battar kuyinib, ichikadi. Bolani o‘ksitma. Keyin... sezishimcha, Rahima ham qilmishidan pushaymon bo‘lib yurganga o‘xshaydi. Bechoraning dardi ichida. Unga sinchiklab qaragin, o‘zing ham sezasan. Xayolingga faqat bitta fikr – “xotinim yomon” degan fikr o‘rnashib qolgan. Odamzod – xom sut emgan banda, u faqat yaxshi yoki faqat yomon bo‘lishi mumkin emas! Sen – olim odamsan, buni tushunishing va kechirimli bo‘lishing kerak! Axir insonning butun umri murosadan iborat!
RAUF: Gaplaringda jon bor, do‘stim, ammo men... (bir zum ikkilanadi) Yo‘q, baribir ketishim kerak! Ketdik!
RUSTAM: (elka qisib) Nima ham derdim, o‘zing bilasan.
(RAUF bilan Rustam chiqib ketishadi. Eshik ochilib, yana qarsillab yopiladi. Birozdan so‘ng xonaga Rahima ohista, sekin kirib keladi. Qiyofasidan kasalmand odamga o‘xshaydi. U shoshmay stol ustidagi idish-tovoqlarni yig‘ishtira boshlaydi. Nogoh ko‘kragini ushlab, turib qoladi. So‘ng, engashib, divanga omonatgina yonboshlaydi. Umidani bemajolgina, zaif tovushda chaqiradi. Xonaga Umida chopib kiradi)
RAHIMA: (ohista, ingrab gapiradi.) Ketdi... Ketdi... Voy, menga nimalar bo‘lyapti? Umida, qaerdasan, qizim?
UMIDA: Oyijon, men shu yerda – yoningizdaman! Sizga nima bo‘ldi? Yana yuragingiz og‘riyaptimi? Keling, durustroq yotib oling. Ie, otam qani? Ketib qoldimi? Mehmon amakim-chi? Otajon! Qaerdasiz? (yig‘laydi) Oyim... Oyim yana kasal bo‘lib qoldi...Otajon!
RAHIMA: (zo‘rg‘a harsillab gapiradi) Javondan... haligi dorini olib kelgin.
(Umida chopib ketadi va birozdan keyin qaytib kiradi)
UMIDA: Topolmadim, oyijon.
RAHIMA: Tuzukroq... qidirgin, qizim.
(Umida yana bo‘shashib qaytib chiqadi va anchadan so‘ng qaytib kiradi)
UMIDA: (yig‘lamsirab) Topolmayapman, oyijon. Qaerga qo‘yuvdingiz o‘zi?
RAHIMA: Mayli, qo‘yaver. Endi bor... Yo‘q, to‘xta, bir piyola choy quyib kel.
(Umida choy quyib keladi. Rahima choyni ichish uchun bosh ko‘taradi-yu, yana ko‘kragini changallaydi)
UMIDA: Mana choy, oyijon.
RAHIMA: Qani ber-chi.
UMIDA: Yuragingiz yana og‘riyaptimi, oyijon? Ko‘zingizni oching, oyijon, qo‘rqib ketyapman, oyijon... (yig‘laydi)
RAHIMA: Qo‘rqma, qizim, men... hech narsa... D-dori...
UMIDA: Hammayoqni titib chiqdim, oyijon, yo‘q ekan.
RAHIMA: Javonning tepasini qarab ko‘r-chi!
(Umida chiqadi-yu, yana qaytib kiradi)
UMIDA: Bo‘yim yetmayapti, oyijon.
RAHIMA: Stulni olib borib, ustiga chiq.
UMIDA: Hozir, oyijon, hozir...
(Umida stulni sudrab chiqib ketadi. Ko‘p o‘tmay narigi xonadan nimaningdir taraqlab ag‘darilgani va Umidaning yig‘isi eshitiladi)
RAHIMA: (xasta ovozda) Umida! Nima bo‘ldi, qizim?
(Ona o‘rnidan turmoqchi bo‘ladi, turolmaydi. Yuzlaridan tinimsiz ter quyiladi. Og‘ir-og‘ir nafas oladi. Anchadan so‘ng yarim yonboshlab, qaddini rostlashga urinadi. Xonaga burni qonab, peshonasi g‘urra bo‘lgan, sochlari to‘zg‘igan Umida kirib keladi. Ona-bola bir-birining ahvolini ko‘rib, serrayib qolishadi. Umida birdan onasining quchog‘iga otiladi. Ikkisi ham to‘lib-to‘lib yig‘lashadi)
UMIDA: Oyi! Oyijon!
RAHIMA: Qo‘y, bolam, yig‘lama! Yig‘lama deyman.
UMIDA: Otam endi qachon keladi? Otam kelsa biz... yolg‘iz qolmaymiz-a, oyijon?
(Ona qizini bag‘riga bosadi)
UMIDA: Nega indamaysiz? Otam endi qachon keladi? Ayting, qachon keladi otajonim?
(Ona qizini bag‘riga mahkam bosgancha unsiz yig‘laydi. Shu mahal eshik qo‘ng‘irog‘i ketma-ket jiringlaydi. Umida sapchib eshik tomon otiladi)
UMIDA: Otam! Otam! Otajonim! (Qaltiroq qo‘llari bilan eshikni ochmoqchi bo‘ladi. Hayajonlanib ochishga qiynaladi. Oyisiga mo‘ltirab tikiladi) Oyijon! Tezroq oching, otajonim kutib qoldilar!
(Rahima eshikni ochadi. Ostonada RAUF ko‘rinadi.
Umida otasining quchog‘iga otiladi. Bo‘ynidan mahkam quchoqlab oladi)
UMIDA: Otajon! Otajonim! Qaytib keldingizmi?
RAUF: Ha, qaytib keldim, qizalog‘im, keldim. (qizining sochlarini silaydi, yuzlaridan o‘padi) Sen uchun keldim! Seni deb keldim! Qizalog‘im, shirinim, seni deb keldim...
UMIDA: Butunlay keldingizmi?
RUSTAM: Ha, butunlay keldim!
UMIDA: Voy, qanday yaxshi! Qanday ajoyib! Endi hamisha birga yashaymiz! Hamisha birga bo‘lamiz! Qanday yaxshi! Oyijon, nega indamayapsiz?
RAHIMA: Sen xursand bo‘lsang, men ham xursandman, qizim! (elkalari yig‘idan titraydi, ro‘molchasi bilan ko‘zyoshlarini artadi)
UMIDA: Otajon! Men qaytib kelishingizni baribir bilardim.
RAUF: Qanday... qaerdan bilarding?
UMIDA: Chunki siz meni yaxshi ko‘rasiz-ku, to‘g‘rimi?
RAUF: To‘g‘ri, to‘g‘ri!
UMIDA: Mensiz yasholmaysizku, to‘g‘rimi?
RAUF: To‘g‘ri! Sensiz yasholmayman! Shuning uchun ham... keldim. Endi sen uchun yashayman! Sen mening hayotimsan! Sen mening yagona quvonchimsan! (Umidani bag‘riga bosadi)
UMIDA: Otajon! Bir-birini yaxshi ko‘rgan odamlar hamisha birga bo‘lishlari, birga yashashlari kerak!
RAUF: Judayam to‘g‘ri fikr! (hayratlanib) Qiziq, bunaqa aqlli gaplarni qaerdan bilasan? Maktabda... o‘rgatishadimi?
UMIDA: Yo‘q! Sizni sog‘inib yurganimda... sog‘inib-sog‘inib yig‘laganimda o‘ylab topganman! Endi... sog‘intirmaysizmi?
RAUF: Endi, xudo xohlasa hamisha birga bo‘lamiz!
UMIDA: (yana otasini quchoqlaydi) Voy, qanday yaxshi! Qanday mazza!
RAHIMA: Qizim! Bunaqada otangni toliqtirib qo‘yasan. Endi yuringlar, choy ichamiz.
(RAUF bilan Rahima Umidani o‘rtaga olib, yetaklab oshxonaga chiqadilar)
“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 2-3-sonlar