OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Xonadon (hikoya)

Tarvaqaylab o‘sgan ko‘hna tut ostidagi so‘rida yonboshlab yotgan Mardon chol issiqdan loxaslandi, sochiq bilan yuzini erinibgina yelpidi. Oyog‘idagi eski dard yana bezovta qilyapti cholni. Ichkarida kuymalanib yurgan Rohila kampir ayvonga chiqib, choliga yaqinlashib so‘radi:
— Choyni yangilab beraymi?
Chol kampiriga ko‘z qiri bilan birpas qarab qoldi. Kampir cholni eshitmadi deb o‘yladi chog‘i, yana so‘radi. Choldan sado chiqmadi. Kampir joyidan qo‘zg‘alayotganda tomoq qirib, gap qotdi:
— Kecha... anavi yana ichib keldimi?
 “Anavi” — kenja o‘g‘il — Abdusamad qishloqdagi aralash mollar do‘konida ishlaydi. Keyingi paytda ichkilikka berildi, yigiti tushgur. Chol ham, kampir ham o‘g‘ilga nasihat qilgani qilgan. Gap kor qilmaydi. Har gal “Ikkinchi ichmayman,” deya ko‘zini yerdan uzmay va’da bergan o‘g‘il uch kun o‘tib-o‘tmay yana qiyshayib kelaveradi.
Kampir choliga qanday javob qilishni bilmay, bir zum ikkilandi.
— Bilmasam, kechroq keldi shekilli...
— Bechora kelinga qiyin bo‘ldi. Ikkita bolasi bor, turmushi buzilsa, bolalar uvol bo‘ladi. Qudalarning yuziga qandoq qaraymiz?
— Ko‘pam kuyinavermang, xudo insof bersa, es tortib, quyilib qolar.
— E, kampir, yoshi o‘ttizdan oshib, bola-chaqali bo‘lganda kirmagan es qachon kiradi? Shu bolaning to‘g‘ri yo‘lga kirib, odam bo‘lganini ko‘rayin deb so‘rayman xudodan. Mendan keyin qanday yashaydi bu bola? Xudoga shukur, boshqalari esli-xushli, o‘zidan tinib-tinchib ketdi. Ulardan ko‘nglim to‘q, ammo bu chatoq chiqdi... Ortiqcha erkalatvordikmikin? Bitta palakda har xil qovun bitarkan-da...
Shu mahal katta ayvonning soya tomonida yotgan sariq it ko‘chadagi sharpadan sergaklanib, darvoza tomon chopib ketdi. Kampir kalishini ilib, itning ortidan ildamladi. Hovliga yoshi elliklarni qoralagan, qora cho‘qqi soqoli o‘ziga yarashgan, ixcham gavdali kishi — qishloq sartaroshi Hasan usta kirib keldi.
— Assalomu alaykum! — usta chaqqon kelib, chol bilan qo‘sh qo‘llab ko‘rishdi. — Bardammisiz? Ish bilan bo‘lib anchadan beri xabar ololmadim.
Usta ixcham jomadonini ochdi va ichidagi matoni cholning ko‘kragiga tashlab, ikki uchini bo‘ynidan bog‘lab qo‘ydi. Jomadon cho‘ntakchasiga qator terib qo‘yilgan ustaralardan birini olib obdon qayradi. Kampir qo‘yib ketgan qumg‘ondagi iliq suvda cholning boshini ho‘llab, astoydil ishqalashga tushdi. Usta soch olarkan, bir zum ishidan to‘xtab, ro‘paradagi cholning bog‘iga razm soldi. Bir mahallar qishloqda hammaning havasini keltiradigan ajoyib bog‘ qarovsiz qolgandi. Uzum novdalari g‘ovlagan, xomtok qilinmagan yaproqlarni sho‘r bosgandi. Usta afsuslangandek bosh chayqadi. Chol uning xayolidan o‘tgan gapni fahmladi.
— Ha, boqqa qarayolmayapmiz, oldingi kuch-quvvat yo‘q, o‘g‘illar ham... — Chol hasrat qilishdan arang o‘zini tiyib qoldi.
— Hech bo‘lmasa, uzumning sho‘rini dorilab qo‘ysa bo‘lardi. Qishloqda sizlarning uzumingizga yetadigan uzum yo‘q edi.
— Endi kech bo‘ldi.
— Nega kech bo‘ladi? Oltingugurtni qalin qilib sepsa kifoya-da.
— Yo‘q, — dedi chol bosh chayqab, — Hamma narsaning o‘z vaqti bor.
— E, shundaymi? — Hasan usta cholning mirishkor bog‘bon ekanini eslab, qo‘shimcha qildi. — Shu hunarni o‘g‘ilga ham o‘rgatib qo‘ysangiz yaxshi bo‘lardi. Chirog‘ingizni yoqib o‘tiradigan shu o‘g‘il-da.
— E-e, o‘rgangisi kelmasa nima qilay?
— Ota kasbini tutgan xor bo‘lmaydi. Sartaroshligim — ota kasb, bilasiz. Shuni davom ettirib kam bo‘lmadim.
Usta ishini bitirgach, chol ko‘rpacha qatidan pul chiqardi, usta shosha-pisha uning qo‘lini qaytardi.
— Yo‘q-yo‘q, pulni joyiga qo‘ying, kerakmas. Sizning yoshingizga yetib yuraylik, bir duo qilib qo‘ysangiz bo‘ldi.
Chol qo‘lini duoga ochdi...

* * *

Mardon chol qishloqning eng yoshi ulug‘i, teng-to‘shlarining ko‘pi chin dunyoga ketdi. Yoz kelsa, sakson to‘rtni qoralaydi. Agar oyoqlaridagi og‘riq pand bermaganda ancha-muncha dardni pisand qilmasdi. Yotib qolgani chatoq bo‘ldi-da. Ishsiz, bekor turishga o‘rganmagani uchun ancha siqilib qoldi. Tomorqadagi bog‘ning qarovsiz qolayotganini ko‘rib yuragi eziladi. Husayni uzumlarni o‘zi yetishtirgan, tuyatish anorlarining dovrug‘i uzoqlarga ketgan. Do‘xtirlarning dori-darmoni kor qilmaganda odamlar shifolikka deb uning bahorgacha saqlanadigan mevalaridan so‘rab kelishardi. Shu bog‘ning o‘zidan keyingi ahvolini o‘ylab dilgir bo‘ladi. Yerga o‘zidek mehr qo‘yolmagan o‘g‘ildan ranjiydi. Nasihatlarni har gal indamay tinglab, hamisha “xo‘p” deydigan o‘g‘il esa o‘z bilganidan qolmaydi.
— Uzumning ishi-tashvishi ko‘p, ota, yaxshisi o‘rniga xurmo ekaylik, bir ekib qo‘ysangiz bo‘ldi, hosil beraverarkan, mehnatiyam oz, ko‘tarasiga oluvchilar o‘zlari kelib yuklab ketishadi, — deydi tap tortmay.
— O‘ylab gapiryapsanmi? — otaning tepa sochi tikka bo‘lib ketadi.
— Ota, men faqat... o‘zimni o‘ylayotganim yo‘q. Siz ham qarib qoldingiz. Men bo‘lsam ishimdan ortolmayapman...
— Nima, men faqat o‘zimni o‘ylayapmanmi? Seni o‘ylab kuyinyapman.
Bunaqa gap-so‘zlar ko‘p bo‘ldi. Oradan ikki oycha vaqt o‘tgach, bog‘ tashvishidan ham katta tashvish chiqib turibdi. O‘g‘il savdoga o‘tib, ketiga oz-moz jir bitgach, yurish-turishi o‘zgardi. Ichadigan odat chiqardi. Yaqinlarini ham mensimay qo‘ydi. Salomga yarasha alik ekan-da — akalar ham otani ranjitayotgan ukaning turqini ko‘rmaslik uchun ahyon-ahyondagina, birrov kelib ketishadi. Katta xonadonning avvalgi fayzi qolmadi go‘yo.
Abdusamad keyingi uch kunda ham odatdagiday ishdan kech qaytdi. Ammo ichmagan, allanechuk xafadek edi. Uni kutib, mijja qoqmay o‘tirgan onasiga bir og‘izgina salom beradiyu uyiga kirib ketadi. Ertasiga — to‘rtinchi kun Abdusamad ishdan kelmadi. Tong otar-otmas Rohila kampir katta o‘g‘li Yo‘ldoshning uyiga yuragini hovuchlab bordi.
— O‘zim hozir uyga o‘tmoqchi bo‘lib turuvdim, — dedi Yo‘ldosh negadir onasining yuziga qaramay. Kampirning battar xavotiri ortdi.
— Tinchlikmi o‘zi, bolam? — kampir o‘g‘liga mo‘ltirab tikildi.
— Tinchlik emas-da, ona. Men hozir Abdusamadning yonidan keldim, — onaning yuragi to‘xtab qolgandek, tili aylanmay jim qotdi. — Uning do‘konini soliqdan tekshirishgan ekan, katta yashirilgan soliq puli chiqibdi. Abdusamad qamalishdan qo‘rqib, bir o‘rtog‘ining uyida yashirinib yuribdi. So‘rab-surishtirib topdim.
— Voy o‘lmasam! — dedi kampir alam bilan, — Peshonamda buyam bormidi? Endi nima bo‘ladi? Sho‘rlik bolam... qamalib ketaveradimi?
— Advokat bilan gaplashdim. Agar pul joyiga qo‘yib qo‘yilsa, qutulib qolishi mumkin ekan.
— Pul... Katta pulmi, bolam?
— Ha, siz bilan biz uchun katta pul. O‘ttiz million! — Yo‘ldosh ko‘zlari mo‘ltirab turgan onasiga rahmi keldi, uni tinchlantirishga urindi, — Onajon! Siz ortiqcha vahima qilavermang, aka-ukalar yig‘ilishib biron chorasini toparmiz. Uyga boravering, otamga aytmay turing. Hozir to‘planib uyga o‘tamiz.
— Voy, umringdan baraka top, bolam. Yaxshiyam sen bor ekansan...
Maktabda muallim bo‘lib ishlaydigan Yo‘ldosh farzandlarning to‘ng‘ichi. Tug‘ishganlarining boshini qovushtiradigan ham, yaxshi-yomon kunlarida bosh-qosh bo‘ladigan ham shu o‘g‘il.
Choshgoh mahali tug‘ishgan jigarlar ota uyga yig‘ilishdi. Abdusamadni ham topib kelishdi. U xijolat chekkandek, bir chetda boshini xam qilib o‘tirardi. Mehri ham, qahri ham qattiq otaning qovog‘i uyilgan. Ichida gap yotmaydigan kampir cholga bor gapni aytib ulgurgan. Mardon chol tomog‘ini zarda bilan qirib, Abdusamadga xo‘mrayib qarab, darg‘azab ohangda dedi:
— Qani, nima ish qilib qo‘yganingni gapir, eshitaylik!
Abdusamad xuddi so‘roq berayotgandek seskanib tushdi. Ko‘zlarini pirpiratib, atrofga javdiradi. Gapirishga chog‘landi, ammo negadir ovozi chiqmadi.
— Gapir! Tilingga chipqon chiqqanmi!
— Shu... ozgina... soliqdan kamchilik chiqib qoldi, — o‘g‘il o‘zicha g‘udrandi.
— Ota, buni burovga olishdan endi foyda yo‘q, o‘zim gapirib beray, — dedi Yo‘ldosh otasiga yuzlanib. — Do‘konida naqd o‘ttiz millionlik soliqning puli yashirilgani ma’lum bo‘ldi! Bu pulni bizga o‘xshagan odam bir yilda bir ko‘rmaydi. Shu mablag‘ bir haftada to‘lanmasa, ukamiz qamaladi. Aslida pulni uzog‘i bilan uch kun ichida joyiga qo‘yish kerak ekan. Men yalinib-yolvorib, ahvolni tushuntirdim, muhlatni haftaga zo‘rg‘a cho‘zdirdim.
Buni eshitganlar jim qotib qolishdi. Yuzlarga vahima qalqdi.
— Xo‘sh, nima qildik endi? — ota najot istab, farzandlarga ilinj-iltijo bilan ko‘z tikdi. — Bo‘lar ish bo‘ldi, agar shu xonadonning sha’ni, obro‘si kerak bo‘lsa, ukani qutqarib qolinglar!
— Ko‘plashib to‘laymizda endi, — Yo‘ldosh otasini quvvatladi.
— Yo‘-o‘q, bunaqasi ketmaydi! — gap kelganda otasiniyam ayamaydigan, chapani fe’l Tojiboy tutoqib ketdi. — Maishatni u qilsin, pulini biz to‘laymizmi?
— Tojiboy! — dedi Yo‘ldosh ukasiga tik qarab. — Og‘zingga qarab gapir! Qaerda o‘tirganingni unutma!
— To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi! — Tojiboy shunday deb g‘ijindi. — Har kim qilmishiga yarasha javobini beradi! Buni ortiqcha erkalatvorgansizlar, mana oqibati...
— Esdan chiqarmaylik — hozir ko‘zimizga yomon ko‘rinib turgan shu bola, bir qorindan talashib tushgan jigarimiz!, — deya mojaroga aralashdi Ahmad. — Men bir umr dalada suvchilik qilib, boriga shukur qilib kun ko‘rib kelgan odamman. Qozonimiz biron yil jaz ko‘rmasa ko‘rmas, o‘lib qolmasmiz. Mol topiladigan narsa. Otam to‘g‘ri aytyaptilar, xonadonimizning sha’nini o‘ylab ish qilishimiz kerak.
Chol o‘zidek qora mehnatdan qochmaydigan o‘g‘li Ahmadning gaplaridan ta’sirlandi. Ko‘ngli iliq bir tuyg‘udan yumshab, beixtiyor ko‘zlari namlandi.
— Endi bo‘ladigan gapdan kelaylik, — Yo‘ldosh maqsadga ko‘chdi. — Har kim qurbiga, himmatiga qarab aytaversin. Bu yashirilgan pul esa... yeb yuborilgan.
— Aka! — dedi Tojiboy yana kutilmaganda. — Men bir narsaga sal tushunmayroq turibman. Bu ahmoq bir o‘zi shuncha pulni qandoq qilib yeb yubordi ekan? Uy o‘sha uy, moshin olmagan bo‘lsa, nima qildi shuncha pulni?
Tojiboy maynavozchilik qilib kesatyaptimi yoki o‘zi uchun muhim hisoblangan bir sirni bilmoqchimidi — hech kim anglay olmadi.
— Menimcha, hammasi kayfchilikda bo‘lgan. Ko‘rsatgan qog‘oziga qo‘l qo‘yib yuboravergan, aks holda buncha mablag‘ni bitta odam yeb, hazm qivorishi mumkin emas, — Yo‘ldosh o‘zicha masalaga aniqlik kiritdi va taxminim to‘g‘rimi degandek Abdusamadga qarab qo‘ydi. U ko‘zlarini yerdan uzmay bosh irg‘adi.
— Demak, endi yemagan somsaga pul to‘lash kerak ekan-da! — Tojiboy bu gal oshkora zaharxanda qildi.
— Sen namuncha jirillaysan?! Nega gapni aylantirasan? Nima, sen osmondan tushganmisan salanglab? — ota o‘jar o‘g‘ilni qayirib tashladi. — Sensiz ham bitadigan ish bitadi, bildingmi?!
— Ota! Pulni hech kim yerdan supurib olmaydi, — Tojiboy sal hovridan tushgandek bo‘ldi, — Men yordam bermayman, dedimmi? Nima, tabriklaylikmi bo‘lmasa, ukamizni?
— Mayli, ortiqcha maydalashmaylik endi, — dedi Yo‘ldosh murosaga undab. — Bu ko‘rgulik hammamizga saboq bo‘lsin! Ko‘r ham hassasini bir marta yo‘qotadi, — Yo‘ldosh Abdusamadga iddao bilan ko‘z qirini tashlab qo‘ydi. — Endi o‘sha gap — kim qanchadan hissa qo‘sha olishini aytsin. Ko‘pdan quyon qochib qutulmas. Men o‘zim indinga sog‘in sigirimni buzog‘i bilan bozorga oborib sotaman va pulini obkelib otamga topshiraman.
— Men ham to‘yga degan bo‘rdoqilarimni sotaman, — dedi Ahmad.
— Men ham xo‘jayinga aytaman, ataganini berar, — gap qotdi yolg‘iz singil Qanoat.
— Sen... qo‘yaver, bolam, o‘zing jo‘jabirday jonsan, ming qilsayam birovning bandasisan, — dedi kampir qiziga achingannamo tikilib.
Yo‘ldosh gajlik qilayotgan Tojiboyga savolomuz tikildi.
— Bitta tirraqi echkim bor, shuni qanchaga ko‘tarsa sotamanu pulini beraman. Boshqa ortiqcha narsam yo‘q! — Tojiboy otdan tushsa ham egardan tushgisi kelmasdi.
— Menimcha, bu to‘plagan mablag‘imiz kerak pulning yarmiga ham yetmaydi. Kamiga qarz ko‘tarishga to‘g‘ri keladi, — dedi Yo‘ldosh boshini qashlab?
— Onang bilan o‘limlikka yig‘ilgan ozroq pulimiz bor, — chol kampiriga yuzlandi, — Shuniyam hisobga qo‘shib qo‘y!
— O‘zimiz bir amallaymiz, ota, — Yo‘ldosh o‘yga tolib, lanjroq gapirdi. — Ammo-lekin o‘ttiz million — katta pul. Baribir, qarzsiz ish bitmaydi. Bankdan qarz olish kerak.
— Bankdan buncha pulni undirish ham oson emas, aka.
— Egamberdi qassobning bankda ishlaydigan o‘g‘li Abdurazzoqni o‘zim o‘qitganman. Shunga yukinib boraman-da endi. Yo‘q demas. Meni hurmat qiladi, foizini sal kamaytirib, insof qilar.
— E, aka, zamondan orqada qolibsiz, — Tojiboy hamon iddao qilardi. — Hamma pulga sig‘inadigan bo‘p ketgan, Abdurazzoqning ham og‘zini moylash kerak...
— Dunyoda puldan ham azizroq narsalar bor, uka. Biz hozir nima uchun shu xonadonda yig‘ilishib turibmiz? — Yo‘ldosh sal qizishgandek bo‘ldi.
— Qorin qayg‘usi boshqa, qadr qayg‘usi boshqa, bolalarim! — ota jo‘yali gapirgan to‘ng‘ich o‘g‘liga mamnun qarab qo‘ydi.
— Demak, kelishdik, — dedi Yo‘ldosh maslahatga yakun yasab. — Yakshanbada har kim topgan pulini otamga topshiradi. Xudo ishimizni o‘nglasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Ota, siz ortiqcha xavotir olmang. Ukamni yolg‘izlatib qo‘ymaymiz.
Cholning mijjalariga yosh qalqdi. Qariganda ko‘ngli noziklashib, bolamijoz bo‘lib qolayotgani xayolidan o‘tdi.
Katta xonadondagi o‘sha kungi maslahatga ko‘ra, yakshanba oqshomi og‘a-inilar topgan-tutganini otasiga topshirishdi. Bu mablag‘ lozim pulning yarmiga ham yetmasdi. Yana ming bitta joyga yugur-yugurlar, yalinib-yolvorishlar bilan kamomadning kami bankdan, qarindosh-urug‘lardan qarz-havola qilindi. Asosiy og‘irlik katta o‘g‘il Yo‘ldoshning zimmasiga tushdi. U muhlatni otang yaxshi, onang yaxshi deya yalinib, yana ikki haftaga cho‘zdirdi. Muallimlar maosh oladigan kuni ularning har biriga tilxat berib pul undirdi. Boshida qaysarlik qilayotgan Tojiboy ham o‘zining pulidan tashqari qo‘shnisidan qarz ko‘tardi. Qanoat ham “Sen qo‘yaver” deyishlariga qaramay, topganini keltirdi. Axiyri pul joyiga qo‘yildi, -Abdusamadning mushkuli oson bo‘ldi. Xonadonga yana fayz kirdi.
Ertalab nonushtadan keyin chol so‘nggi kunlardagi tashvish-vahimalardan ancha o‘zini oldirib, ozib-to‘zib ketgan, soqoli bir haftadan buyon ustara ko‘rmagan o‘g‘lidan sekin so‘radi:
— Xo‘sh, endi nima ish qilmoqchisan, bolam?
— Bilmasam, hali o‘ylab ko‘rganim yo‘q, — Abdusamad otasiga tik qaray olmadi.
— Do‘konni endi esingdan chiqar. U ish senga to‘g‘ri kelmaydi.
— Xo‘p, ota.
— Ota-bobolarimiz dehqon o‘tgan, hammamizni yer boqqan. Sen ham ota-bobolarning ishini qilsang kam bo‘lmaysan. Aroqni qayta og‘zimga olmayman, deb so‘z berasan.
— Xo‘p, ota.
— “Xo‘p ota” bilan ish bitmaydi, qasam ichasan!
— Xo‘p... tushundim.
— Endi kiyimlaringni almashtirib chiq, uzumlarni xomtok qilasan. Fursat g‘animat. Bog‘ni epaqaga keltirib tur-chi, u yog‘iga xudo poshsho...
Abdusamad tok qaychini olib, boqqa chiqib ketdi. Mardon chol kampiri bilan so‘rida ko‘k choyni issiq-issiq ho‘plarkan, ruhida ajib bir yengillik tuydi. Hayotidan, yashab o‘tgan umridan rozi ekanini sezdi.
— Endi o‘limdan qo‘rqmayman, kampir, — dedi u kutilmaganda. — Ilgari bir zarur ishim chala qolayotganga o‘xshardi. Endi, ollohga shukur, hammasi joy-joyiga tushganga o‘xshayapti. Xudo xohlasa, chirog‘imiz o‘chmaydi.
Chol-kampir gurunglashib o‘tirisharkan, tokzor oralab yurgan Abdusamaddan ko‘zlarini uzmas edilar...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 16-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.