OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Darvesh (hikoya)

Biz g‘or ichida o‘tirardik. Aslida bu g‘or emas, o‘z nomi o‘zi bilan — Go‘rdara, uning usti yassilik bo‘lib, pastda qandaydir bo‘shliq borligini ensizgina arna ko‘rsatib turar, u arnadan bemalol sakrab o‘tish mumkin, agar to‘xtab pastga quloq tutilsa, suvning shildirashi eshitilar, goho gala-gala yovvoyi kaptarlar g‘uvillab uchib chiqishar edi.
Go‘rdaraning boshi — Sanjar tog‘larida, adog‘i Poda qishlog‘i ustida ochilib-yoyilib ketar, shu yerdan ham daraga kirib, ancha yo‘l bosish mumkin edi; keyin suv yemirib-silliqlab qo‘ygan tik tarnovlarga duch kelinar, tabiiyki, tepaga narvon qo‘yib chiqish mumkin edi, xolos. Dara daf’atan nimqorong‘i ko‘ringani bilan sohillarida sangtoklar o‘sib, o‘z boshiga pishib, turli qushlarga yem bo‘lib yotar, ba’zi burilishlarda yovvoyi xurmo ham uchrardi.
Ana shu daraning qoq belidan o‘yib ochilgan joyda, suv bo‘yidagi xarsang toshlarda o‘tirardik. Haykaltarosh Azamat bilan ikkimiz yonma-yon, do‘stimiz Davron esa ro‘paramizda, kaftdek silliq devor ostidagi qo‘lbola supada oyoqlarini osiltirib, devdek bo‘lib o‘tirardi. Supa chetida bir uyum janda-jundadek eski taqir gilam, paxtasi chiqib qolgan ko‘rpa-ko‘rpacha va askarcha shinel bilan quloqsimon bosh kiyim yotar, bir juft kalish bilan qo‘nji kesib tashlangan kirza etik ham bor edi.
Bizning orqa tarafimizda — bir tegirmoncha suvning nari betida ancha-muncha qiy sochilib yotar, tosh devorga taqab yasalgan uzun oxur ham bor, ulardan chetda esa xumdonsimon bir tandircha o‘choq, qiyshiq dekcha bilan qora qumg‘on ham turardi. Tag‘in bir-ikki qo‘ltiq archa o‘tin, yashil karson, bularning atrofiga bo‘lsa loydan yasalgan qo‘g‘irchoq va hushtaklar sinig‘i sochilgan, boz: oqish kul, qizg‘ish tuproq ham uyub qo‘yilgan edi.
G‘orning o‘yib ochilgan joyidan mo‘l-ko‘l yorug‘lik tushib turar, biz bir-birimizning yuz ifodalarimizni ham aniq ko‘rar edik. Davron boshini quyi solib o‘tirdi-o‘tirdi-da, birdan ketmon sopidek qo‘lini uzatib, tik-silliq devorni ko‘rsatdi. — Haykal shu devorga o‘yilishi kerak, — dedi. Keyin o‘z odaticha bidillay ketdi. — Haykal ham emas, shakl. Munday chizib, keyin o‘yilsa, bas. Surati, hozir, mana... — U shishgandek qabarib turgan ko‘kragini paypaslab, ochiq kissasidan ikkita surat oldi. Tanlab birini bizga uzatdi.
Men olib, ko‘zoynagimni taqib tikildim. Oq surp jelak va oq do‘ppi kiygan, soqolchasi ham oq, tanish bir chol chakkasini devorga suyab, naq eshik tepasiga boqib turar, ko‘zlari ochiq, ammo unda hayot asari yo‘q edi.
— Kim bu? Tanish-ku? — dedim Davronga, suratni Azamatga berib. — O‘lgan shekilli?
— O‘ldi, o‘ldirib ketishdi, — deb yirik gavdasiga yarashmagan bir piqillash bilan bosh irg‘adi Davron. — Ablah, yovuz... Lekin, — uning ko‘zi g‘ilq yoshga to‘ldi. — Men undan ham battarman, do‘stim. O‘zimni hech kechirolmayman...
— Nima bo‘ldi o‘zi?
— Mayli aytib beraman. Lekin mendan jirkanmang... Shu, qanday tushuntirsam ekan... Shukurjon, bilasiz, men tabiatan unaqa yomon odam emasman. Birovga yomonligim tegmasin, deb yuraman. Mana, mustaqillik bo‘lib, firma ochib, oshxona sotib olib, ancha-muncha kishini ish bilan ta’minladim. Ular xursand. Lekin... Uf-f... Balki tashqarida gurung qilarmiz. Firmaga boraylik. Ovqat ham tayyor bo‘lgandir. Archaning tagida o‘tiramiz...
— Mayli, keyin boramiz, — dedim. — Siz aytib bering-chi... Bu chol markazdagi bozor darvozasi og‘zida o‘tirmasmidi?
— O‘sha-o‘sha. O‘tirardi-da! — mamnun bo‘lganday gapimni tasdiqladi Davron. — Loydan yasagan qo‘g‘irchoqlarini sotib... Ana, xumdoni-tandiri. Ana, o‘yinchoqlarining sinig‘i... Ko‘pincha brakka chiqarardi. O‘, u san’atkor edi. Anavi shahardagi keramika zavodigayam taklif qilishgan — bormagan edi. «Nega bormaysiz?» desam, «Shu yerning cho‘juqlarini xursand qilib yursam, bas», degandi. Bechora... O‘yinchoqlariga haq so‘ramasdi. Nima bersangiz olardi. Yana duo qilardi. Uff... shu odam yashamadi. Yetmishga kirdi-yu, kun ko‘rmadi, menimcha...
— U bilan yaqinmidingiz?
— E, ota-boladek edik. Bozorga qachon yo‘lim tushsa, uning yonida to‘xtab, supachasida o‘tirib, vaqtim bo‘lsa, bir choynak choy ichib o‘tardim. Bechoraning boshi osmonga yetardi. Ba’zan ko‘rpachasi qatiga besh-to‘rt so‘m tiqib ham ketardim. Kulibgina qo‘yardi... Choyxonadan chiqqan qotgan-qutgan nonlar bilan kunini o‘tkazardi-da. — Davron ittifoqo kulib qo‘ydi. — Bir marta taxsimchada qo‘ygan noniga zehn solsam, bo‘lkaning parchasi ham bor, yopgan nonning ham, ko‘pkanning ham, tag‘in qandaydir yupqaning bo‘laklari... «Oling, taqsir», deydi. “Nonning ushog‘i ham — non». Yedim! Choyga botirib yedim!
— Uning hech kimi yo‘qmidi? — deb so‘radi haykaltarosh. — Lekin qiyofasi menga juda yoqdi. O‘lgan vaqtda suratga tushirilgan bo‘lsa kerak?
— Ha, — deb xo‘rsindi Davron. — Melisaning suratchisi olgan, ekspertizadan-da... Keyin savolni eslab javob berdi: — Yo‘q edi hech kimi... Shukur, siz u bilan hamgap bo‘lmagansiz-a?
— Yo‘q. O‘zining bu yerda paydo bo‘lganigayam o‘n yillar bo‘lganmidi?
— O‘n bir yil! — qandaydir quvonib dedi fermach-boyvachcha. — Menga qisman aytib berib edi o‘z tarixini...
— Xo‘sh?
— Turkiston tarafdan kelgan edi. Asli Qo‘qon tomondan ekan! — shunday deb Davronning ko‘zlari do‘layib ketdi. Yoshligidan menga tanish hayajon bilan duduqlanib: — Ey, Qo‘qon muxtoriyati aslida Turkiston muxtoriyati bo‘lgan ekan-da?! — dedi. — Bo‘lardi-ku, tarixdan o‘tgandik. Aksilinqilobiy harakat, deb?... E, siz bilishingiz kerak u tarixni. Hozir hamma narsa ochilib qoldi-ku!
— Ha, oz-moz bilaman, — dedim. — Lenin bilan Stalin, umuman, bolshevik liderlari Turkiston xalqini aldaganlar... Azamat, siz tarixga ko‘pam qiziqmaysiz. Bilib qo‘ying: O‘ktabr to‘ntarishidan keyin RSFSR hukumatining «Sharq xalqlariga murojaatnomasi» chiqqan edi. Unda otning kallasidek harflar bilan «sobiq mustamlakalar Rusiya tarkibidan ajralib, suveren davlat tuzishga haqlidirlar», deb yozilgan edi. — Men haykaltaroshlikdan boshqa sohalarga deyarli qiziqmaydigan sherigimga tushuntira boshladim. — Bizda Turkiston o‘zining Qurultoyini o‘tkazib, mamlakat mustaqildir, deb e’lon qilindi. Hatto hukumat tarkibi ham tasdiqlandi. Keyin, keyin dohiylar bahona to‘qib: «Turkiston mustaqil bo‘lsa, o‘zini eplolmaydi. Davlatni boshqarolmaydi!» deb e’lon qilishadi. Turkiston hukumati buni rad etgach, hukumat a’zolari hibsga olina boshlaydi. Omon qolganlari Qo‘qonga qochishadi. U yoqqa darhol qizil armiya qismlari yetib borishadi-da, asriy orzuyimizga yetishdik, deb turgan aholini qira boshlaydi. Qo‘qon o‘shanda uch kun yonadi, o‘n ming kishi o‘ldiriladi. Qolganlari tog‘-toshlarga chiqib ketishadi, ya’ni, bosmachi-fidoyilarga aylanishadi. Bir qismi boshiga kafan ilib, shaharni tark etadi. Saudiya Arabistonigacha ketvorishadi.
Og‘zini ochib-anqayib turgan Davron:
— Shu-shu-shu! — dedi. — Yassaboy akayam mana shunga yaqin gaplarni aytar edi... O‘shanda Yassaboy akaning otalari o‘n ikkimi-o‘n uchmi yoshda ekanlar. Onalari unga qiz bolaning kiyimini kiydirib qo‘ygan ekan...
— U kishining ismi Yassaboymidi? — dedim.
— Ha, Yassada tug‘ilgan ekanlar. — Davron yana jimib qoldi-da: — Davom etaymi? — deb so‘radi.
— Albatta.
— Xo‘-o‘sh, o‘sha tarixlardan gapirib o‘tirardi sho‘rlik. — Keyin yana avj oldi. — Mustaqillikni jud-da kutgan ekan! Ana shu narsayam uning izdan chiqishiga sabab bo‘lgan... Meni to‘g‘ri tushuning, do‘stim. U kishining buzilishi Garbachov SSSRni tarqatgan kundan boshlangan. Xursandligidan ichavergan... Xotin xalqini bilasiz... Uyda janjal. O‘zlarinining topishlari haminqadar... Shukurjon, u odam, sizga yolg‘on, xudoga chin, Moskvada Oliy adabiyot kursini bitirgan ekan! Shoir ham edi! Bir-ikkita kitoblari ham chiqqan ekan. Bolalarga she’r yozarkan. Keyin, u kitoblarini kuydiripti.
— Nega?
Shu, dinga berilgan odam edi-da. Ko‘rgansiz-ku... Qisqasi, bir kun yana mast holda uyga kelib, ancha-muncha chinni idishlarini urib sindiradi. Sindirar ekan-da: «Yorug‘lik, yorug‘lik!» deb baqirar ekan. Xotini melisa chaqirib, berivoradi... Ish tergovga o‘tadi. Yassaboy akaga uch yil berishadi. Ammo «volni paseleniya»ga deb, shu tumanimizga jo‘natishadi.
— A-a, shunda kep qolgan?
— Ha. Ijroqo‘m raisi G‘olib aka yaxshi odam edi, bilasiz... O‘sha Yassaboy akani tanib qolib, kutubxonaga joylashtirgan edi. Bir yil ishladimi-yo‘qmi raykomning ideologiya bo‘lim mudirasi... o‘sha Sharofat xonim haydatdi. «Turemshik, shunaqa statya bilan qamalgan kishi yoshlarga nimani o‘rgatadi?» deb. — Davron nafasini rostlab, «MaliBoro» sigaretidan tutatib oldi. — Shundan keyin kulollik qila boshladi. Bu u kishiga otakasb ekan...
— Kechirasiz, u qaytib yurtiga bormapti-da, demak?
— Ha-ha! — dedi bizneschi yana hovliqib. — Srogi bitgandan keyin shu yerda qoldi. Xotinidan kechdi. Bir qizi bor ekan, undan ham sovub ketgan ekan... Xotini sudda nima depti deng? «Bu shoirman deydi-yu, uyga pul opkelmaydi. Yashirib yuradi. Ichadi...» Qizi ham keksa otaning yonini olmagan. Bir kun kelib, o‘zlariga yuk bo‘lishini o‘ylashgan-da. Yo‘qchilik odamni buzar ekan, do‘stim!
— Rost.
— He-e, kunini bir amallab o‘tkazardi-da, — dedi Davron parishonhol. Keyin o‘ylanib: — Shu. Endi asosiy voqeaga o‘taymi? — deb so‘radi.
— Ha-da, — dedi Azamat.
— Ayting, — dedim men. — Faqat hech narsani yashirmang, Davron. U qiziq odam ekan.
— Uf, yozsangiz ham menga baribir, — dedi-da, yana yuragi siqilib firmaga, archa ostiga taklif etdi.
Men aytilajak fojeani shu yerdagi sharoitda eshitishni ma’qul ko‘rib:
— Bu yer salqin ekan, Davronjon, — dedim.
— Mayli, mayli. Arvohiyam eshitadi, — deb boshladi. Markazdagi oshxonani sotib oldim. Go‘zal qilib ta’mirdan chiqardim. Endi deng, menyu masalasi, ovqat muammosini hal qilishim kerak edi. Tumanimiz yo‘l ustida: har kuni yuzlab moshina o‘tadi. Yo‘lovchilar ovqatlanadi. Ovqat, demak, ham yeyishli, ham arzonroq bo‘lishi kerak. O‘ylab-o‘ylab: «Cho‘zma lag‘monni tashkil qilaman», dedim. Ikkita shavvozni Toshkentga jo‘natdim. «Uyg‘urlardan o‘rganasan — dedim. — Mana, shuncha pul! Ustozingga shunchasi, o‘zingga bunchasi. Yetmasa, so‘raysan».
Ular ikki oy deganda, cho‘zma lag‘monni o‘rganib kelishdi. Darrov afisha chiqarib ildirdim. Keyin elning oldidan o‘tay deb, kattalarni ham bir xursand qilay, deb taklif qildim. E, bir-ikki yuz kishini taklif qildim. Hokim ham bor, nachaylik milisayam, sud raisi, prokuror. San’atchilar!.. Tag‘in atrof mahallalardan qariyalarni chaqirdim. Yon-verimdagi do‘kon bormi, sartaroshxona bormi, bozor bormi — tanish xizmatchilarni aytdim.
O‘tirish ketayapti. Kattalar ikkinchi qavatda — ayvonda. Pastda xiyobonga ham joy qilingan. Hovli tarafda — ovqat pishayapti. Sozandalar sozini chalib, xonandalar ashulani olishyapti. Haligi jonivordan ham ketayapti. Choynaklarda kelib turipti.
Shunday ayvon panjarasi yoniga borib, tubanga qarasam, Yassaboy aka ham oppoqqina uzun yaxtagi, oq-arabiy do‘ppisini kiyib, pildirab kelayapti. Birdan esladim: shu odam, nazarimda, aytuvsiz qolgan edi. Ukalardan birini chaqirib:
— Yassaboy aka aytilibmidi? — dedim.
— O‘zim aytib edim-a, akajon, — dedi u. — Ishonmasangiz, so‘rab ko‘ring.
— Bor. Eng katta chinni kosada lag‘mon berishsin. Yo‘q, o‘zing oborib qo‘y. «Xush kepsiz», de. Cholni xursand qil. U farishtaday odam.
Do‘stim, u inson xuddi aytganimdek edi. Doimo ozoda yuradi deng. Besh vaqt namozni kanda qilmaydi. Shu, darvozaning yonidagi supachada o‘tirib, o‘tgan-qaytganga salom beradi. Birov alik oladi, birov — yo‘q. Uning parvoyiga kelmaydi. Eh, oldida yog‘och sandiqchasi. Sandiqcha ustida o‘yinchoqlar tizib qo‘yilgan... Bilasiz, bozorning ikkita darvozasi bor. Biri kunchiqar tarafda, biri kunbotarda. Bahor, kuz oylarida, yog‘in-sochin mahallarida joyni o‘zgartirib turardi chol. Tushgacha kunchiqardagi darvoza yonida, tushdan keyin kunbotardagi darvoza biqinida o‘tirardi... Goho eski kitoblarni varaqlab o‘tirardi. Arab yozuvidayam o‘qiy olardi! Aytmoqchi, qozoqchaniyam, qirg‘izchaniyam, turkmanchaniyam bilardi. O‘rischani-ku, suv qilib ichgan edi... Savodli edi, juda!
— Xo‘sh, jiyaningiz lag‘monni oborib qo‘ydi? — betoqatlanib so‘radi Azamat.
Davron, aftidan, chol haqida ko‘proq gapirishni istar, nazarimda, o‘zi uchun ham so‘zlayotganga o‘xshar, shuning uchun o‘ylanib-munglanib qolar, chalg‘ib ketib, tag‘in ilgarigi izga qaytar edi.
— Ha-ha, lag‘monni oborib qo‘ydi! — dedi bizneschi yana hayajonlana boshlab.
Ayvondan qarab turibman. Chol qo‘lini fotihaga ochib, uzoq duo o‘qidi. Chorpoyadagi tengqurlari ham fotiha o‘qishdi... Umuman, bu qariyani tumandagi eng g‘iybatchi chollar ham hurmat qilardi. Machitning imomi ham. Suhbatga chaqirib turarkan... Aytmoqchi, u keyingi vaqtda o‘zini «Darvesh» deb atay boshlagan edi. «Bu nima deganingiz?» desam, e-e, «darvesh» degani «yo ollohu yo ollo!» deb janda kiyib yuradiganlarginamas ekan! Bu so‘fiylik yo‘lida bir pog‘ona, tariqatga intilayotgan kishilarga nisbatan aytilar ekan... Yassaboy aka bilan gurung bahonasida do‘stingiz ham diniyatdan uncha-muncha narsani bilib oldi.
— U kishi qachondan boshlab bu yo‘lga tushgan edi? — deb so‘radim.
— Aniq bilmayman, do‘stim, — qiynalib dedi Davron. — Menimcha, xotini, farzandidan sovub ketgach, xudo yo‘lini tutgan edi. Lekin Yassada ham ruhoniyat bilan qiziqarkan. Ahmad Yassaviy maqbarasini yetti marta ziyorat qilgan ekan! O, ko‘p taqvodor edi... Uni shu holida bilardi odamlar! U yoqdagi qamalish tarixini juda kam kishi bilardi. Shoir sifatida... nahot siz bilmasangiz?
— Bilmayman. Shoshmang, kitoblarini nima uchun yondirgan ekan? Dinga berilgan edi, dedingiz, xolos.
— Shu, aytar edi-da: «Qur’ondan bo‘lak kitob yo‘q», der edi. Hadislarni o‘qirdi yana. Lekin, — Davron bosh chayqab kuldi, — gazetalarni ham ko‘zdan kechirardi...
— Qiziq. Davom eting.
— Shunday qilib, xo‘-o‘, a-aa, lag‘monga qoshiqni botirdi. Aniq esimda! Ana shunda, — uning ovozi titray boshladi, — men o‘lgur cholga yana bir yaxshilik qilmoqchi bo‘ldim. Yonimdagi sepoyadan mikrofonni shunday oldim-u: «Ho‘, xaloyiq! Tumandoshlar! — deb baqirdim. Ozgina kayfim ham bor. Hamma menga qaradi. O‘lay agar, yo‘ldan o‘tayotgan o‘tkinchilar ham. — Bugundan boshlab Yassaboy akaga har kuni bir kosa lag‘mon tekin beriladi! Oshpazlar ham eshitib qo‘ysin! Qachon kelsalar, lag‘mon tayyor!» — Keyin pastga engashib baqirdim: — Otaxon, xursandmisiz?
— Shunday dedingizmi? — deb so‘radim. Etim jimirlashib ketgan edi. Davron gangib qolib:
— Ha, — dedi. — Balki shu gapim xato bo‘lgan... Xato bo‘lganmi, a, Shukur, siz ayting.
— Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?
— Keyin, — deya bo‘shashib qoldi, Davron. Keyin menga mo‘ltirab davom etdi: — Keyin choli tushmagur qoshiqni shunday kosada qoldirdi-da, dasturxonga fotiha o‘qidi. Ko‘rib turibman! Yonidagi qariyalar unga allanarsalar dedi. Yassaboy aka qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi-da, chorpoyadan tushdi. Bilasiz, hayajonga berilib ketaman. «Ho‘v, yo‘l bo‘lsin, Yassaboy aka?», deb yana baqirdim. U menga burilib, ta’zim qildi-da, qandaydir harakatlar bilan «Qornim to‘ydi», deganday bo‘ldi. Keyin ko‘prikchadan o‘tib ketdi. Men yana bir baqirdim-u, so‘ljayib qoldim. Hamma menga tikiladi deng. Yer yorilmaydiki, kirib ketsam! Axir, u mening ovqatimni yemay ketdi. To‘g‘rimi? — Keyin Davron kuchanib-qizarib uqtirdi. — Meni... Tumanda ikkita millioner bo‘lsa, bittasi menman, do‘stim. Yashirib nima qilaman? Boyman, vassalom... O‘g‘irlik qilganim yo‘q, mafioz emasman. Amalim ham o‘rtacha... Xo‘p, endi, rahmatli otamdan ellik-oltmish bosh ushoq mol qolgan edi. Biroz pul... Shularni bir-biriga urishtirib deganday... Omadim ham keldi shekilli. Hokim qarindoshim bo‘ladi. Milisa boshlig‘i — jonajon jo‘ram. Xasis emasman...
— Bilaman, Davron.
— Shunday qilib, o‘sal bo‘lib, izza bo‘lib qolaverdim. Hech narsa tatimadi. Podvalga tushib, bitta aroqni urib olib, kabinetimda uxlab qolibman. Chiqsam, kech bo‘lgan, mehmonlar tarqab ketgan. Boshim og‘riyapti...
— Keyin cholning kulbasiga bordingiz?
— Ha, — dedi u zo‘rg‘a. Keyin entikib oldi. — Dastlab borgim kelmadi. Alam meni bo‘g‘ar edi! Davram buzildi! Obro‘yimgayam putur yetdi. Kimlargadir kulgi bo‘ldim... Ha, rosa kulgi bo‘lgan ekanman! Darveshning bo‘lsa obro‘si ko‘tarilib ketgan ekan. Tavba! Lekin nima bo‘lganini, asl ma’nosini bilsam, o‘lay...
Keyin aqlni peshlab, bozorni aylangan kishi bo‘lib bordim. Darvoza og‘zida yo‘q. Ichkariga kirdim. Narigi darvozadan chiqib, torko‘chalar bilan Jugutguzarga yetdim. Uning hovlichasi bir parcha, nuqul juxari bilan kartishka ekardi. Rayhon ham bor. Orqa tarafi axlatxona edi. O‘sha yerdan chiqqan zanglagan karavotning oyog‘i deysizmi, armatura, eski tunuka — shunga o‘xshash narsalar bilan uycha orqasini chetandaqa qilib to‘sib olgan edi. O‘sha yerga borib, devorning bir chetini ochdimda, asta u yoqqa o‘tdim...
— Uyda ekanmi? — so‘radi Azamat.
Davron horg‘in bosh irg‘adi.
— Ha, karsonda loy iylayotgan ekan. Eshigidan enkayib kirdim. Uf, biz odatda kulishib-hazillashib ko‘rishar edik. O‘shalarni eslab: «Salom berdik, kulol bobo», dedim. O‘tirgan yerida burilib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan bo‘ldi. «Xush ko‘rdik, Davronbek. Marhamat o‘tirsinlar», deb devor yoqalatib qo‘yilgan katni ko‘rsatdi. O‘tirdim. Menga uy torlik qilardi. Darrov siqildim. Shundoq o‘rnimdan tursam, boshim shiftga tegadi. Bu — daromad gap... Lekin uning na chehrasida, na tovushida ilgarigi sho‘xlik, samimiyatni sezmadim. Quruqqina so‘rashdi, o‘tirishga taklif etdi, xolos.
— Keyin tashqariga chiqdinglar?
— Ha. «Ochiq havoga chiqaylik, gap bor», dedim-u, o‘zim chiqib, qo‘lbola skameykaga o‘tirdim. Aroq opkelmaganimga pushaymon edim. Otib olganim bir piyolaning kuchi tamom bo‘layozdi. Chol chiqib, ayvonchadan tushib, qo‘lini chaydi. O‘sha yerdagi qozoncha tepasiga o‘rnatilgan chiroqni yoqdi... Bu chiroqni shu ko‘chaga serqatnov nashavand bolalar tushirib bergan edi. Ha, bu torko‘chada asosan nashavand, giyohvand, qimorbozlar bo‘lardi. Choldevorlar ko‘p... Yassabobo esa ulardan hazar qilmas, garchi davralariga kirmasa ham, qay birini ko‘rmasin, oldin salom berar, tabassum qilar, biron hazil gap aytar edi. Ey, qiziq odam edi!
Nihoyat, yonimga tushib, pastakkina to‘nkaga o‘tirdi. Qarshimizda sadarayhonlar hid taratib turibdi. Bo‘ychan makkalar ham bir chiroyli. «Aslida-ku shu odamga maza», deb o‘yladim. Biznes bilan shug‘ullanmasa... Bunday deyishimning sababi shulki, Shukurjon, puldor odam qo‘rqoq ham bo‘larkan. O‘ylaysanda bisotingni... Bundan tashqari, biznes shunday soha ekanki, sen raqibingni tushirmasang, u seni tushirarkan. Ba’zi boyvachchalar borki, o‘z og‘alarini sindirishdi! Biznes ishi shafqat bilmas ekan... Demoqchimanki, bu sohaga kirib, men ham uncha-munchani tushirdim. Balki yig‘latgandirman. O‘shaning bola-chaqasi bor, o‘shalargayam javr bo‘ldi-da... Buyam gunoh-da, do‘stim. Lekin payg‘ambarimiz ham tijorat bilan shug‘ullanganlari, Xadicha onamizning boyligiga boylik qo‘shganlarini eslasang, ko‘ngling tasalli topadi... Bu cholning esa bunaqa dardlari yo‘q. Boshi ochiq xotinday: o‘ziga xon, o‘ziga bek...
— Lekin qo‘g‘irchoqlarni yaxshi yasardi, a?
— Eh, so‘ramang! Men bitta sirini aytay, iltimos... Mana, bulbulcha yasadi. Rangini ham o‘xshatadi: kulrang, dumi mallatob. Ichiga suv solasiz. Tepasidan. Teshigi bor. Keyin dumining ostidan puflaysiz. Oddiy churrak ovozi chiqadimi?... Demak, olib ko‘rmagansiz, do‘stim. Bulbulnikiga o‘xshash tovush chiqadi. Zarg‘aldoqni yasagan bo‘lsa, undan o‘shaning ovozi chiqadi. Chumchuqdan chumchuqning... Ey, bu qanaqa san’at-a?
— Men ham birinchi eshitishim.
— Odamni ham yasarmidi? — deb so‘radi Azamat.
— Yo‘q. Ko‘rganim yo‘q. Ammo kulbasidagi tokchada Buddaning haykaliga o‘xshash haykalchaga ko‘zim tushgan...
— O-o!
— «O‘zingiz qildingizmi? Ko‘kragi muncha katta?» deb so‘raganimda, mana shu, shu Go‘rdaraning narigi yonidan sariq qumtuproq olayotganda chiqib qolganini aytgan edi... Muncha qiziqib qoldingiz, Azamatjon?
— U haykalchalar noyob, topilmas-da! Balki eramizning boshlarida yasalgandir. Umuman, bizdagi haykaltaroshlikning tarixi o‘sha asrlarga boradi.
— Nu-u! Kulolchilik, demak...
— Eng qadimgi kasb... Kechirasiz, hikoyangizni davom ettiring. Ikkalangiz o‘tiribsiz?
— Bu nima qiliq, Yassaboy aka? — dedim.
— Nima qilibman? — dedi xotirjamgina. Qarang, xuddi hech narsa bo‘lmaganday.
— Axir, meni rasvo qildingiz-ku! — dedim. — Nega lag‘monni yemadingiz? Chaqirsam, qaramaysiz?.. Nima bo‘ldi o‘zi? Nima, o‘sha gapim yoqmadimi?
Yassaboy aka mo‘ltirabgina yelkasini qisdi.
— Bilmayman. Yegim kelmadi.
— Nega? Siz hamma narsani bilasiz. Siz dono odamsiz, og‘a! Ayting, birontasi shunaqa qil, dedimi?
Chol menga chaqchayib qarab, yoqasini ushladi.
— Tepada Xudo bor. Kim meni sizga qarshi gapirtira oladi, Davronbek? Bizning ota-boladay ekanimizni jumla mo‘‘min bilardi. Keyin men kimmanki, sizga qarshi qo‘yishar ekan? Bunday gumonlarga bormang, inim. Gumon iymondan ayiradi.
— Xo‘p, yaxshi gap aytdingiz, — dedim. — Lekin siz nima uchun o‘shanday qilganingizni aytmay turibsiz. Demak, mening har xil gumonlarga borishga haqqim bormi?
— Men bu savolingizga javob berolmayman, — dedi qariya yerga tikilib. — Mening ko‘nglim tortmay qoldi o‘sha taomni. O‘zi kechirsin. Sababini aniq aytib berolmayman... Sizning jar solib aytgan gapingizni eshitgach, muzlab ketdim. Madorim qurib, ishtaham bo‘g‘ildi. O‘sha yerda bir soniya ham o‘tirolmasligimni sezdim. Shuning uchun turib ketdim.
— Tavba, o‘sha gapimning nimasi yomon ekan? — Jahlim chiqa boshladi. — Men sizga faqat yaxshilikni istadim, Yassaboy aka. Tinglab oling... Ishonasizmi, o‘sha gapimdan keyin yuqorida chapak bo‘lib ketdi!
Ha, do‘stim, qarsak bo‘lib ketgan, «qoyil, ofarin»lar ham qulog‘imga kirgan edi. Axir, o‘ylab ko‘ring, juda kam odam unaqa joylarda ovqatlanadigan bo‘lgan!..
— Rost aytasiz, — dedim Davronga.
— Men u cholga butun boshli maosh tayinlagan edim o‘sha harakatim bilan! Bir oy — o‘ttiz kunmi? O‘ttiz karra ellik qancha bo‘ladi? Bir ming besh yuz so‘m... Buning ustiga men: «Men shu yerda oshxonaning xo‘jayini bo‘lib turar ekanman, siz uchun eshigimiz ochiq! Xohlagan paytda kirasiz!» dedim... Ha, shunday ham dedim. Hali aytish yodimga kelmapti.
— Xo‘sh, keyin gaplaring nima bilan tugadi?
Davron yelkasini uchirdi.
— Hozir hamma gapni eslolmayman, — dedi. — Ha, «mendan biron qo‘pollik o‘tgan bo‘lsa, ma’zur tutasiz, — dedim. — Ertadan boshlab lag‘moningizni yeb kelavering... Yaxshi bo‘lardi tush mahali borsangiz. Odamlar ko‘rsa...»
— Nega endi shunday dedingiz?
— Axir, aks holda noqulay-da, do‘stim. Oshxonaning pristejigayam yaxshi gap bo‘lmaydi... Qolaversa, chol turib ketishiga sabab qilib bir bahonani ko‘rsatishi mumkin edi...
— Xo‘sh, bu gapniyam aytdingizmi?
— Nazarimda, aytdim... ha, aytdim! «Ota-boladekmiz. Begonalar kulmasin», dedim.
— U-chi?
— Hmm, yaramas chol... «Biz hamma vaqt ota-boladek bo‘lib qolaveramiz. Ammo ovqatingizni yeyolmayman», dedi. Shunday dedi. «Yemaysizmi, yeyolmaysizmi?» dedim. Chol ko‘ksini uqalab: «O‘tmaydi, — dedi. — Bir narsa tugilib qoldi, inim». Men hayron bo‘lib unga tikildim: shunaqayam bo‘lar ekanmi? O‘zi bir faqir-haqir, qashshoq. Pishirib yeydigan ovqati kartishka bilan juxari... Ha, xudoyi-pudoyiga borib turardi.
— Shunday qilib...
— Men chiqib ketdim. Uf, yana oshxonaga bordim. Yuragim yonadi deng. Shu darvesh mening so‘zimni qaytardi-ya! Men kim bo‘ldim endi? Demak, boshqalar ham meni oyoq uchida ko‘rsatishi mumkin. Faqat pulim uchun hurmat qilishadi. Bu chol bo‘lsa pulni... esidan chiqargan. Darvesh, tilanchi!
— Tilanchi?
— Kechirasiz, og‘zimdan chiqib ketdi... Endi choyxonadan chiqqan qotgan-qutgan nonlarni oldinlari odamlar moliga olib borib berishsa, endi bu mol... Uf! Ayniyapman, Shukurjon! Tashqariga chiqaylik! Ey, shu gaplarning nima keragi bor o‘zi?! Hikoyani tamom qilay, iltimos. Siz uka, shu devorga uning, ana shu suratdagi shaklini chizish payida bo‘ling. Necha kun vaqtingiz ketsayam... Men sizni xursand qilaman. Ana oltita bir yarim xonali kottejim bor. Uchtasi band. Ikkisini ikkovingizga beraman. Istagan taomlaring tayyor turadi... Shukurjon — mening qadrdonim. Shaharga kepti, deb eshitib, borgan edim. Siz bilan kelganini bilib, bag‘rimga shamol tegdi! Xuddi orzuyimni ro‘yobga chiqaradigan kishining ustidan chiqib qoldim-da. Omadim bor ekan.
— Yo‘q, aka, — dedi Azamat. — Haykal yasash uchun ham o‘sha odamni bilish kerak, o‘rganish kerak. Uning eng xarakterli tomonini payqab olish kerak...
— Haliyam payqab olmadingizmi?
— Yo‘q. Men bu voqeaning tagiga yetishim kerak... Axir, o‘zingiz hammasini aytib beraman dedingiz-ku? Chol o‘lgan ekan. E, uni o‘ldirishgan ekan...
— Ha-ha, — so‘lg‘in bosh chayqadi Davron. — Shu yerda, mana shu supada boshiga bir urib tamom qilishgan. Boshining tepasi, haligi o‘ramasa qotmagan ekan... Shunaqayam bo‘lar ekan-da? O‘shanga urishgan. Ko‘karib turibdi.
— Demak, uni bilgan kishi bu ishni qilgan? Aytmoqchi, — Azamat endi hayajonlanib ketdi. — Shu yerda o‘lgan bo‘lsa... Shu yerlar, bu darayam sizning firmangizga qarasa kerak, a?
— Ha-ha, albatta, — dedi Davron. — Bu, bu g‘orniyam istiqbolda turistlar tomosha qiladigan joyga aylantiraman. Bu — antiqa g‘or! Siz hali shugina joyini ko‘rib turibsiz. Bu — eng ibtidoiy...
— Davron, — dedim men. — Hikoyani davom ettiring... Chekishingizdan bering, meniki tugadi... Rahmat.
— Kechirasizlar, ul-bul opkeltirsam-chi?.. Cholning o‘lganiga uch oydan oshib ketdi...
— Keyin, — dedim. — Archaning tagida ko‘raveramiz. O‘zim ham tog‘ni sog‘inib kelganman. Bu g‘orga ikki marta kirib chiqqan edim.
— Bilaman. Shaxsan menga maqtab edingiz... Birinchi marta otgan kakligingiz arnadan pastga tushib ketgan-a? Xuddi shunday. Uni izlab, tavba, xuddi mana shu ochiq joydagi teshikdan kirgansiz. To‘g‘rimi?
— Hmm, o‘shanda bu yerniyam ko‘z ostiga olgan ekansiz-da?
— Endi, biznes siri bu, — deb siniqqina kuldi Davron. Keyin birdan qovog‘ini solib, suvga tikildi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.