OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Ko‘kboy (hikoya)

Choyxonani bekitib qaytayotgan Qalandar aka ovchi o‘rtog‘i Hoshim akaning chorbog‘i yonidan o‘tayotib, uning baland darvozasi qiya ochiq ekanini ko‘rdi va yakka kift bo‘lib ichkariga kirdi. Oyoq uchida yurib, supaga yaqin bordi. Uy muyulishidan mo‘ralagan edi, oldiginasida, supurgi yonida g‘ujanak bo‘lib yotgan ko‘k junli kuchukni ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, uning bo‘ynidan bo‘g‘ib ushlab, qo‘yniga soldi. Yana yakka kift bo‘lib, darvozadan chiqdi va muzlab qota boshlagan ko‘chadan jadallab ketdi. Yo‘lda kuchukning bo‘ynini bo‘shatib, choponining bariga o‘rab oldi. Uyga kelib:
— Oxiri qo‘lga tushirdim, — dedi xotiniga. Bag‘ridan olib, paxmoq, qora po‘stak ustiga qo‘ydi. Kuchuk bola javdirab atrofga qaradi-da, yugurib tunuka pechning orqasiga o‘tdi.
— Chiroyli-a? — dedi Salqin opa.
— Surlon itning bolasi, — dedi Qalandar aka.
— Oshnangiz bilib qolsa, opketmaydimi?
— Bermayman. Bu kuchukvachchangga ishqim tushgan, deb yurardim. Bermayman.
— Dumi kesilmagan-ku-a?
— Shunisi yaxshi. Cho‘ltoq itdan xunugi bormi?
— Oti nima?
— O’zimiz qo‘yamiz-da otini. Ana, Ko‘kboy bo‘la qolsin. Qoraboy, Oqboy deydilar-ku. Bu — ko‘k.
Qalandar aka pechning ustidan egilib, ikki qo‘lini ikki tomondan kuchukchaga yaqinlashtirdi. Kuchukcha tishlarini irjaytirib, burchakka tiqilgandi, bo‘ynidan shappa ushlab ko‘tardi-da, po‘stakka o‘tirib, tizzalari orasiga qo‘ydi. Dasturxondan bir burda non olib, unga tutdi. Kuchukcha og‘zini ochmadi. Qalandar aka bir chaqmoq qand oldi.
— Buni ye, bo‘lmasam.
— Qo‘ying, it ham qand yeydimi? — dedi Salqin opa.
— Yeydi, — dedi Qalandar aka va Ko‘kboyning tumshug‘i yonidan qisib, og‘zini ochdi-da, qandni tiqib yubordi. Kuchuk bola qih-qih yo‘talib qoldi. Zum o‘ggach, boshini yoniga burib, qandni qisirlatib tishladi. Qand uvalanib ikki bo‘lakchasi po‘stakka tutttdi. Ko‘kboy shosha-pisha og‘zidagini chaynab yutdi.
— Aytmadimmi, — dedi Qalandar aka.
— Baloday yedi, — dedi Salqin opa.
Kuchuk bola po‘stakdagi qand ushoqlarini ham qil-pili bilan yeb, lablarini yaladi.
— Endi otboy! — dedi Qalandar aka va Ko‘kboyni qornidan ko‘tarib, ayvonga chikdi. O’choqqa solib, og‘zini tos bilan bekitdi. Tos orqasiga tut to‘nkasini tirab qo‘ydi. Uyga kirdi.
— Sovqotmaydimi? — dedi xotini.
— Hozirdan ko‘nikkani yaxshi, — dedi Qalandar aka va otasining xonasiga o‘tdi.
Kuchuk bola iliq kulga yumshoq panjalarini bosib, o‘choqning burchagiga bordi va cho‘nqayib o‘tirdi. Derazada chiroq o‘chdi. O’choq orqasiga tutib qo‘yilgan kanop qop shamolda patir-putur qila boshladi. Ko‘kboy lablarini yalab yonboshladi-da, paxmoq dumi bilan orqa oyoqlari orasiga tumshug‘ini tikdi.
...Oradan uch yil o‘gib, kuchuk bola juda bo‘limli it bo‘ldi. Egasi bilan bir necha bor ovga borib, uni xursand qildi. Mukofotiga hovuch-hovuch qand oldi. U zanjir ko‘rmay o‘sganidan odamlarga yomon ko‘z bilan qaramasdi. Qalandar akani ertalab darvozada kuzatar, kechasi u kishining qaytish vaqti bo‘lganda, choyxona oldida hozir bo‘lardi. Uni butun qishloq tanirdi: ko‘chada dumi uzun, quloqlari qalin jun orasiga yashirinib ketgan, oyoqlari ingichka ko‘k itning paydo bo‘lganini ko‘rishsa, to‘xtab uni tomosha qilishar, maqtashar edi.
Qish kunlarining birida Qalandar aka Ko‘kboyni ergashtirib, tong qorong‘isida ovga ketdi. Choshgohlarda Yo‘lbars daraga ro‘para bo‘ldilar. Bo‘yin junlari hurpaygan Ko‘kboy oldinda ketayotgan edi, taqqa to‘xtab, qorga belangan dumini quyrug‘i ustida gajak qildi, bir narsaga tashlanmoqchiday, boshini ichiga tortib, pasaydi.
Pakana archa orqasidan churq-churq ovoz keldi va dahshat ichida churillab bir kaklik uchdi. Uning izidan yana bir gala kaklik ko‘tarildi. Ular daradan chikdi. Qalandar aka ham izma-iz ko‘tarildi. Kakliklar qordan chiqib turgan yantoqlar oralab ketishardi. Ovchi o‘q bo‘shatdi. Ikkitasi qorni titib qolishdi-yu, qolganlari nariroqqa uchib borib, yana qorga bota-bota ketishaverdi. Qalandar aka yiqilgan kakliklarni so‘iib, beliga osib oldi. Yana yo‘lga tushdi. Yana o‘q bo‘shatdi. Uchtasi tipirlab qoldi. Bularni ham olib qo‘zg‘algan edi, qayokdandir bir gala kaklik uchib keldi-yu, oldindagilarga qo‘shildi. Ular uzoqqa ucholmas, sovqotgan, muzlagan qanotlari bunga imkon bermas edi. Asta-sekin kakliklar, qizishib, uzoqroqqa ucha boshladilar. Qalandar aka ham endi chopqillab borardi. Kakliklar do‘nglar osha, jarlar osha ucha boshladi. Qalandar akaning ko‘ziga kaklikdan boshqa narsa ko‘rinmay qoldi. Shu ko‘yi ular ancha yo‘l bosishdi. Nihoyat, oldinda tuman ko‘rindi-yu, kakliklar tumanga kirib g‘oyib bo‘lishdi. Ovchi to‘xtadi. Atrofga qaradi. Qaerga kelib qolganini bilmoqchi bo‘ldi — bilolmadi. Orqasidagi do‘nglikka ko‘zi tushdi-yu, «shuning ustiga chiqib qarayman», deb o‘yladi. Qadam bosgan edi, belidagi kakliklar og‘irlashib ketganini sezdi. Bir necha odim yurgach, shuncha yukni ko‘tarib bu yergacha qanday chopib kelganiga hayron bo‘ldi. Shunda oyog‘i qaltirayotganini sezdi. Do‘nglikni qo‘yib, yaqinginada ko‘rinib turgan archaga qarab yurdi. Archaga yetgach, belbog‘ini yechib, qorga qo‘ydi. Yonidan pichog‘ini olib, cho‘qqayib o‘tirdi-da, kakliklarning ichini yorib, ichak-chavog‘ini chiqarib tashlay boshladi. Ko‘kboy hurpayib, yeyishga tushdi, so‘ngra to‘yib, cho‘zilib yotdi. Ovchi hamon kaklik tozalardi. Nihoyat, Qalandar aka kakliklarni sanadi. Yigirma oltita edi. U hech mahal buncha kaklik otmagan edi. Ulardan belbog‘idan popukday osilgan iplarga qanotlaridan bog‘lab, o‘rnidan qo‘zg‘olgan edi, yuz-tuban yiqilib tushdi. Og‘iz-burni qorga botdi. It cho‘chib, ko‘zlarini chaqchaytirdi. Ovchi qorga qo‘lini tirab, boshini ko‘tardi. Qaddini ko‘tarmoqchi edi, yana yuztuban tushdi. It g‘ingshib, dumini ko‘tardi. Tuman bularning ustidan bosib o‘tib ketdi. Ovchi yana boshini ko‘tardi va uzoq yo‘l yurgach birdan cho‘nqayib o‘tirgani uchun oyoqlarining tomiri tortishib qolganini payqadi. Bir yonbosh bo‘lib, taqimini uqalashga tushdi. Lekin torday tarang bo‘lib qolgan tomir yumshamasdi. Shunda ovchining ko‘zi birdan tinib ketdi. Dumalab ketadiganday qorni changalladi. Nafasi qisila boshladi. Ovchi buning sababi haqida o‘ylolmas, bu uzoq yo‘l yurib, birdan to‘xtashning oqibati edi. Ovchi itning hurayotganini eshitdi-yu, lekin, it teskari bo‘lib ko‘rindi. Ichi yonib borardi. U qorni yamlay-yamlay o‘zidan ketdi.
Ko‘kboy egasining tevaragida g‘ingshir, hurar edi. Keyin uning choponi baridan tortqilay boshladi. U egasini hech mahal bunday holda ko‘rmagan edi. Nihoyat, ovchining boshida cho‘nqayib o‘tirdi-da, tumshug‘ini osmonga ko‘tarib ingichka uvladi. So‘ng yalanib, yana egasiga qaradi. Yana uni tortqilashga tushdi. Egasi qo‘zg‘almas, lekin uning burni tegib turgan qor asta-sekin sarg‘ayib borardi. Nihoyat, it uning oyoq tomoniga o‘tib, cho‘zilib yotdi.
Quyoshning qaerda ekanini bilib bo‘lmasa-da, it kech bo‘lganini sezdi. Ular hamisha qorong‘iga qolmay, uyga yetib borishardi. Ko‘kboy turib, yana ovchining atrofida aylandi va yana tortqilashga tushdi. Ovchi qimirlamagach, uning etagidan tishlab oldinga, orqasiga tislanib sudray boshladi. Boya o‘zlari qoldirib o‘tgan izlarga yetib to‘xtadi. Tag‘in egasini aylanib vov-vovladi, hurdi. Egasi miq etmay yotar, uning bo‘yinlariga qor kirgan, telpagi yo‘lda tushib qolgan edi. Ko‘kboy ovchini yana sudrashga tushdi. Do‘nglikka olib chikdi-da, ko‘zlariga qon tepib, atrofga qaradi. Shunda birdan qorong‘i tushib qolganini sezdi. Do‘nglik etagiga qarab ho‘l burnini qimirlatdi. Keyin ovchini ikki marta aylandi va do‘nglik pastiga otilib tushib ketdi. Qorong‘i tumanda itning o‘tkir ko‘zlari o‘zi bosib kelgan izlarni yaqqol ko‘rar, u izdan chiqmay, do‘ngliklar, jarliklar osha uchib borardi. Dimog‘iga qishloq hidi urilib, battar jadalladi. Qishloq ko‘chalari, devorlaridan ko‘z ilg‘amas tezlikda o‘tib, tanish darvoza yonida to‘xtadi. Bo‘g‘iq hurdi. Hovlidan cholning ovozi eshitildi. It ortiga tislanib, devorga sapchib va tomorqaga o‘tib, ayvonga chiqib bordi.
Ochiq eshik oldida hassasiga tayanib turgan chol manglayi tagidan itga tikilib iljaydi, yo‘lkaga qaradi. Yo‘lkada hech kim ko‘rinmagach, yana itga bokdi-da, uning yirtqich vajohatidan qo‘rqib ketdi. It g‘ingtib, supa tuprog‘ini tirnab pastga otdi. So‘ng tumshug‘ini osmonga cho‘zib, hovlini boshiga ko‘tarib uvladi. Eshikda Salqin opa paydo bo‘ldi.
— Qizim, kuyovingga bir gap bo‘lgan, — dedi chol, — itning avzoyi buzuq.
Xotin otilib chiqib, olazarak bo‘lib turgan itning oldiga bordi. It o‘qrayib, uni tishlamoqchiday vovulladi. Shunda noxos sergaklanib, ko‘zlarini chaychaqtirdi-da, shart burilib chopa ketdi. U yana qishloq ko‘chalaridan uchib o‘tdi. Qirga o‘rladi. Endi u boyagidan ham zo‘r shiddat bilan uchib borar, uning afsona-lardagina kuylangan itlik tabiati bir xavfni sezgan edi. Darhaqiqat, tanish do‘nglikka chiqib borarkan, qordagi qorayib yotgan jasad yonida bir-biri bilan talashayotgan ikkita kulrang hamjinsini ko‘rdi. Otilib borib, ularga o‘zini urdi. Bunday bo‘lishini kutmagan bo‘rilar ikki tarafga qarab qochdi. Lekin o‘ttiz qadamcha nariga borib to‘xtashdi. It ovchini gir aylanib hidladi va shaxd bilan bo‘rilarning biriga otildi. Ko‘kboy bu xil hamjinsi bilan bo‘ladigan uchrashuv ikki tomondan birining o‘limi bilan tamom bo‘lishini yaxshi bilardi. Uning yelkasiga sapchib, bo‘yniga og‘iz soldi. Safdoshi bilan o‘lja talashib urisha-urisha holdan toygan bo‘ri qorga yotib qoldi. Ko‘kboy uning kekirdagini uzib tashladi. So‘ng burila solib, do‘ngga qarab chopdi. Jasad ustiga kelib qolgan ikkinchi bo‘ri tishlarini takillatib uni qarshi oldi. Lekin Ko‘kboy hozir tap tortadigan emasdi. U ashaddiy yirtqichga aylangan, ko‘ziga hech narsa ko‘rinmasdi. Borib ko‘kragi bilan uni urdi. Ko‘kboy bu raqibni ham cho‘ziltirgach, egasining yoniga cho‘nqayib, bo‘ri tishlagan yerlarini yaladi.
Tong otib, tuman tarqaldi. Do‘ng pastida shovqin-suron qilib kelayotgan odamlarning qorasi ko‘rindi. Ko‘kboy hurib, dumini likillatib, ovchini aylanardi.
Qalandar akani ko‘tarishganda, u o‘tirib oldi. Ammo Quloqlari va chakkasida oppoq qor yopishib turar, uning ham muzlab qotib qolishiga sal qolgan edi. Uni choponga solib ko‘tarishdi. Bo‘rilarni ham sudrab olib ketishdi. Ovchining xotini sochini yulib yig‘lar, chol «bo‘tam»lar edi.
Shu kuni tush mahali marhumni go‘ristonga eltib ko‘mdilar. Odamlar yig‘ladi-siqtadi va qishloqqa qaytishdi. Go‘rkov ham, chol ham qaytdi. Go‘ristonda faqat Ko‘kboy qoldi. U go‘rning qoshida uzoq cho‘nqayib o‘tirdi, muzlagan tuproq uyumiga bag‘rini berib yotdi n tumshug‘ini old oyoqlari ustiga qo‘ydi. Biron kimsa uni chetdan kuzatganda, malla ko‘zlaridan yosh oqib tushayotganini ko‘rardi.
Kechki payt Salqin opa itni izlab keldi. It hamon ertalabki alfozda yotardi. Opa o‘kirib yig‘ladi va itning bo‘ynidan quchokladi. It paxmoq dumini qimirlatib, ayolning qo‘lini yaladi. So‘ng, Salqin opa itning bo‘ynidan tortdi, ammo it qo‘zg‘almadi. Kesak bilan urdi, turmadi. Uning bag‘ri go‘rga yopishib qolganga o‘xshardi. Opa yana yig‘ladi va uyga qaytib, noy bilan bir hovuch oq qand olib kelib, itning oldiga qo‘ydi. It ularga sovuqqina qaradi-yu, ammo hidlab ham ko‘rmadi. Ayol tag‘in uni uyga olib ketmoqchi bo‘ldi. It tag‘in jilmadi.
Ko‘kboy yana ikki kun shu ko‘yi yotdi. Uchinchi kuni odamlar uning muzlab qolgan jasadini ko‘rdilar.

1966

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.