OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Sog‘inch (hikoya)

Azim tabiatan ko‘ngli bo‘sh, ta’sirchan yigit. Lekin, besh yil shaharda yashab qoldi: shahar odamlariga xos ishchanlik, vaqtini tejash, sovuqqonlik va bir qadar takabburlik paydo bo‘ldi unda.
Azim har yili qishloqqa borganida, izidan Ismat yetib kelar, u, albatta, quchoq ochib talpinar, Azim esa har gal buni unutib, qo‘l uzatayotganida birdan ustalik bilan qo‘llarini kengaytirib yuborar va yigitni bag‘riga olib, ichida kulimsirar edi.
Ota-ona davrasiga o‘tirishgach, ular Azimni sog‘inganlarini, Ismatning ham o‘zlaridan kam ichikmaganini aytishar, shunda Ismat sodda, otashin bir muhabbat bilan Azimga tikilar, Azim esa yana kulimsirash bilan cheklanar edi.
Azim ota-onasiga ham kam xat yozar, Ismatning esa o‘nta xatiga bitta javob qaytarardi, biroq, Ismat shunga ham rozi: quvonchidan boladek o‘ynoqlab, maktubni xotiniga ko‘rsatar, tanish-bilishlariga maqtar edi...
Ular qachon bir-biriga yaqin bo‘lgan, Ismat Azimni qachon sevib qolgan — buni ularning bolaligidan so‘rash kerak: Azim maktab direktori oilasidan, Ismat maktab qorovuli oilasidan; Azim goho darsdan keyin yumshoq kulimsiraganicha Ismatlarnikiga borib, uni ovga taklif etar, ov deganda oyog‘i kuygandek tipirchilab qoladigan Ismat unga jon-jon deb rozi bo‘lar va ikkalasi toqqa chiqib ketar edi.
Takdir g‘alati ekan: Azim taniqli rahbar bo‘lib, shaharda qolib ketdi. Ismat oddiy xizmatchi bo‘lib, qishloqda qoldi.
Ular endi yiliga bir marta uchrashar edi — Azimning istirohat oyida yoxud u ish yuzasidan qishloqqa kelganida...
Lekin, endi Azim Ismatlarnikiga emas, Ismat Azimlarnikiga keladi; endi u ovga taklif etadi. Azim bu taklifni qaytarmaydi. Ular tong qorong‘isida toqqa ketadilar... Endi Azim ilgarigidek ovlay olmaydi, nishonga olgan o‘ljasiga o‘qni tegizolmaydi, baland cho‘qqilarga ham chopib chiqolmaydi. Tezda char-chab, biron qoyagami, daraxt to‘nkasigami — o‘tiradi, atrofni tomosha qiladi. Ismat bo‘lsa, hamon qadimgiday: epchil, chaqqon, mergan... O’lja taqsimotida ham o‘zgarish bo‘lgan: endi ovni asosan Ismat qiladi-yu, o‘ljalar asosan Azimniki bo‘ladi. Azim esa, buning haqiga o‘zi ham bir narsa berishni istab, Ismat shaniga bir necha kalima maqtov so‘z aytadi: «Haliyam juda zo‘rsiz, Ismatjon»... «Shahar bizni urib tashlapti-da, Ismatjon». Ismat haqiqatan ham katta bir mukofot olgandek, boshi osmonga yetadi.
Azim shaharga ketishi bilan Ismatni izsiz unutadi; u yerga borib kundalik yumushlari, oilasi, o‘zga birodarlari davrasiga sho‘ng‘iydi.
Azim bultur ish yuzasidan aprel oyida qishloqqa keldi. Daraxtlar kurtak chiqargan, ko‘chalarda yoqimli sovuq shabada esar, bahor nafasi kelar edi. U uyga yetmasdan ortidan Ismat yetib keldi. Quchoqlashdilar. Utirdilar. Gaplashdilar va indini tong mahali ovga chiqib ketdilar.
Tanish adirlar qor qo‘ynida jim yotar, archazor tog‘dan bug‘dek tuman oqib kelar edi. Tushgacha yurib, hech narsa otolmadilar, to‘g‘rirog‘i, o‘q bo‘shatmadilar: na kaklik, na quyon uchramadi. Tushdan keyin qaytdilar.
So‘ngra adirlardan biriga chiqqan yerda tuman orqada devordek to‘xtab qoldi va ular qori yupqalashib, tagidan ko‘m-ko‘k ajiriqlari ko‘rinib turgan betdan tusha boshladilar.
Shunda Azim qor ichidan namozshomgulning so‘la-boshlagan gulidek bo‘rtib chiqib turgan boychechaklarni ko‘rib qoldi!
— Boychechak! — U bir nechasini uzib oldi. Gul tepasidagi qorlar tezda erib tushdi... Azim gulning sovuqqina bandidan ushlab unga tikilib turar ekan, dili zavqu shavqqa to‘lib toshdi. Gul favqulodda nozik va iffatli edi! Uning haligina qor ichidan chiqib turishi shu qadar xayoliy, ajib va go‘zal edi! Azimning dilida favqulodda bolaligi uyg‘ondi, u favqulodda shahardan kelganini unutdi: shahar bergan yangi xislatlar ham uni bir dam tark etdi... So‘ng u birdan bularning hammasini esladi va yig‘lagisi kelib ketdi!
Unga kulimsirab qarab turgan Ismat:
— Teraylik bo‘lmasam, teraylik! — dediyu chopqillab boychechaklardan tera boshladi; bir dasta qilib keltirib berdi. Lekin, bandini kalta uzgan ekan, Azim uning hurmati uchun bir oz olib yurdi-da, so‘ng sezdirmay tashlab yubordi.
Qor tugab, ko‘kalamzor boshlandi.
— Azimjon, Azimjon, kaklik! — deb, Ismat cho‘nqayib, olisni ko‘rsatdi. Azim ham cho‘nqaydi. Olisdagi bir uyum, ho‘l, malla toshlar orqasidan bitta kaklik chiqib, bo‘ynini cho‘zganicha naridagi tosh uyumi tomon chopib borar edi.
— Oting, Azimjon!
Azim ko‘zlab otdi, o‘q tegmadi. Buning ustiga, u yerda qochqoq kaklikning sheriklari ham bor ekan, chug‘urlashganicha duv ko‘tarilib, etak tomonga pastlab ketdilar.
— Borasizmi, Azimjon?
— Charchadim.
Ismatning o‘zi tiyg‘ona-tiyg‘ona kakliklar orqa-sidan ketdi. Azim haligina kaklik qochib chiqqan-joyda o‘tirib, atrofni tomosha qila boshladi. Yarim soatlardan keyin ustma-ust o‘q ovozlari eshitildi va Ismat ikkita o‘ljaning qanotidan ushlab, halloslab qaytib keldi.
— Mana!
Azim olib tomosha qildi, kakliklar hali issiq-qina edi. Keyin qaytarib uzatgandi, Ismat uni Azimning belbog‘iga osib qo‘ydi.
— E, Ismatjon, — dedi Azim. — Siz hali-hamon o‘sha Ismatsiz. Bizni shahar urib tashlapti...
Ismat achinib, mehr to‘la ko‘zlari bilan do‘stining ma’yus chehrasiga bokdi.
Uch kundan keyin Azim shaharga ketdi.
Bu yil Azim istirohat oyini xotin, bola-chaqasi bilan Issiqko‘lda o‘tkazdi, qishloqqa borolmadi.
Erta aprel kunlarining birida Azim ishdan kel-gan edi, xotini unga telegramma ko‘rsatdi, unda: «Priglashaetes na razgovor s...» deyilgan edi. Yana «17.00» yozilgan. Demak, Toshkent vaqti bilan soat 8da borishi kerak pochtaga (shundoq rahbar bo‘lgani bilan uyiga telefon olib kelolmagan, bunga zilzila katta to‘g‘a-noq bo‘lgan edi).
— Kimdan ekan bu?
— Bilmadim, — dedi xotini.
— Onamdanmikan?
— Onangizdan yaqinda xat kelgan edi.
— Shu... javob yozish kerak edi-da.
— Balki ukangizdandir?
— Ehtimol.
Azim issiq uydan chiqib, pochtaga borishga erindi, oqshomgi gazetani o‘qishga tutindi, o‘qirkan, «Kim bo‘lsayam... kutadi-kutadi, ketadi-da, keyin... vaqti yo‘q ekan... deb o‘ylaydi».
Biroq, soat yetgi yarimlar chamasi o‘tgach, xotini uning xonasiga kirdi:
— Menga qarang. Borib keling. Shu yarim soat vaqtingiz ularning kutishiga arzimaydi, — dedi.
— To‘g‘ri, — deb gazetani stolga tashladi.
Pochtaga bordi.
Navbati yetdi...
Qishloq pochtasining navbatchisi: «Gaplashing!» de-diyu Azim olisdan kelayotgan tanish, titroq ovozni eshitdi:
— Azimjon, Azimjon!.. — deb chaqirar edi Ismat. — Sizmi bu?
— Men, — dedi hayron bo‘lgan Azim. — Men.
— Sog‘misiz, Azimjon, salomatmisiz?
— Rahmat, o‘zingiz yaxshimisiz? — dedi Azim ensasi qotib.
— Azimjon!.. Sizni... sog‘indim! Eshityapsizmi?
— Himm... Men ham, — dedi Azim ichida kulimsirab.
— Qachon kelasiz endi? Nimaga kelmadingiz?
— Vaqt bo‘lmadi, Ismatjon... Boraman nasib bo‘lsa.
Azim uyga qaytib kelib, chaqirgan Ismat ekanini,
sog‘inganini aytdi. Er-xotin yosh bolaga jilmayganday bir-biriga jilmaydi...
Azim shu kecha uxlash oldidan chekkani hovliga chiqqan edi, eti totli junjikib ketdi. Atrofga gangib qarab, yumshoq shabada esayotgani, ko‘klam nafasi ke-layotganini sezdi va hali ensasi qotgani uchun eslamagan narsasini esladi: Ismatni, ovni... Uning ko‘zi oldiga bultur shundoq kunda ovga chiqqanlari keldi: tumanli kun, qor bosgan adirlar... Boychechaklar... Boy-chechak!!! Azim birdan tek qoldi: boychechak, sovuqbandli boychechak shundoq ro‘parasida turgandek, uni ushlab ko‘rgandek bo‘ldi!!! U shu qadar go‘zal, iffatli va xayoliy... Azimning ko‘nglida yana o‘sha his — bolaligi uyg‘ondi, u endi shaharda turganini unutdi: beixtiyor yig‘lagisi kelayotganini sezdi!!!
Keyin, birdan jiddiy tortdi va Ismatning ataylabdan shundoq kunda telefonga chaqirganini taxmin qildi, keyin birdan o‘zini qishloq bilan, bolaligi, ov bilan, yoqimli, ma’yus tuyg‘ular bilan bog‘lab turgan narsa, unga Ismat bo‘lib tuyuldi... va endi Ismatdan hech qachon, hech yerda ajralolmsligini his qildi!!!
Shu his ta’siridami, unga xat yozish kerakligini, uni sog‘inishi kerakligini o‘yladi.

1965

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.