Inodning uchta boyligi bor edi. Biri — soy bo‘yidagi serdaraxt qishlog‘i; qishloq chetida bosmachilar bilan urushda halok bo‘lgan otasining qabri do‘ppayib turar, Inod goho uni ziyorat qilgani borardi. Ikkinchi boyligi — qishloq o‘rtasidagi tepada o‘rnashgan ikki xonali maktabi edi; bu maktabga tog‘ning olis-olis burchaklaridan otli, eshakli bo‘lib o‘quvchilar qatnar, hammasining yagona muallimi shu Inod edi. Uning uchinchi boyligi — qorabayir oti edi; bu otning olis avlodi muallimning otasiga ham vaqtida xizmat qilgan, uni ko‘p jangu jadallardan omon olib o‘tgan edi. Lekin Inodning qo‘lidagi ushbu qorabayir ham unga sodiq xizmatini o‘tardi, ikki bor anavi soyni sel suvi bosganda, egasini olib chiqqan, to‘rt yildan buyon ko‘pkarilarda uloqni muttasil shu ayirib chiqar, yana uning bir xosiyati quyidagicha edi... Uzoq yili Inodning bor-yo‘q ikki farzandi beda solingan bostirmaga tuynukdan kirib, gugurt o‘ynaydi, bedaga o‘t ketadi. Ularning qiy-chuvini eshitgan onalari borib, eshikni ochmoqchi bo‘ladi, biroq eshik qulf, u ham jonsarak holatda tuynukdan o‘zini ichkariga tashlaydi. Bolalarini topadi, biroq tutunu olov bosgan xonada kirgan tuynugini topolmaydi. Alangani ko‘rib yayov chopib kelgan Inod xotin, bola-chaqasining allaqachon sob bo‘lganini ko‘radi. So‘ng ularni otasi yotgan qabristonga ko‘mib, chorbog‘da yolg‘iz qoladi. U ruhan va jisman harchand kuchli bo‘lmasin, g‘am uni eza boshlaydi, qishlog‘u maktabidan ham ko‘ngli sovib boradi. Nochorlikdan qorabayirni minib, toqqa ketadi. Cho‘ponlar ovulida sang‘ib, marhum otasining jang qilgan yerlarini ko‘radi, zumrad qorli cho‘qqilar ostidan o‘tib, yashil o‘tloqlarda tunaydi va o‘zi sezmagan holda ko‘ngli ko‘tarilib, dardi pasayib, qishloqqa qaytadi. Shundan keyin darsdan bo‘sh kunlarida qorabayirda sayr qilish unga odat bo‘lib qoladi.
Oylar o‘tib, yigit qalbidagi yara bitgandek bo‘ladi. Qishlog‘iyu maktabiga bo‘lgan mehri yana jo‘sh uradi. U azalgi ahvoliga qaytganday his etadi o‘zini.
Maktab ikki xonadan iborat bo‘lib, biri dahliz, biri sinfxona. Ana shu sinfda yetti yashar bolakay ham, o‘n ikki yashar yigitcha ham yonma-yon o‘tirib o‘qishadi, ularning har biri har xil sinf o‘quvchisi bo‘lgani holda, bir sinfda o‘tirib saboq olishlari bir-biriga xalaqit bermaydi. Chunki bu atrofda bundan o‘zga maktab yo‘q, shu yerga qatnab, imkoni boricha ilm oladilar. Inodning o‘zi vaqtida o‘n sinfni bitirgandi, xolos. Qolaversa, ular o‘qituvchilarini sevadi, bu — bir qadar xo‘mraygan, og‘irkarvon va allanechuk odamovi yigitni hurmat qilishadi. Inod bo‘sh soatlarda va mehnat darslarida qorabayir otini maktab qoshidagi maydonga keltirib, o‘quvchilarga arg‘umoqda yurishni ham o‘rgatadi, miltiq otishni ham ko‘rsatadi, goho soy suvini band qilib, bolalari bilan baliq ham tutadi.
Bir kech Inod maktabdan chorbog‘ qorovuli bilan yayov qaytib kelarkan, qorovul Bo‘riboy:
— Eshitdingizmi, shaxsiy ot saqlash man bo‘lipti. Qaror chiqipti. Bir milisa kecha bizning yonimizdagi yurtdan bir cho‘ponning otini haydab ketdi, — dedi.
Inodning ko‘ngli xira bo‘ldi:
— Yangilik-ku... Lekin men otimni bermayman, — dedi.
Darhaqiqat, bu tog‘ yonbag‘irlari qarashli bo‘lgan rayondagi partiya komiteti «nega o‘zimiz tog‘lik bo‘lib, qimiz ishlab chiqarmaymiz!» degan mulohaza bilan yangi bir sovxoz tashkil etishga qaror qilgan, aholining ortiqcha baytallarini sotib olish uchun tashkilotlardan joylarga vakil jo‘nagan edi. Bu tomonlardan biya sotib olish esa kichik leytenant Egamberdi Xudoyberdievga topshirilgan edi. Uning esa dilida boshqa bir pinhoniy istagi ham bor edi: ana o‘sha tog‘dagi soy bo‘yida joylashgan qishloqda istiqomat qiladigan muallimning ko‘p yaxshi, chopqir, chiroyli oti bor-da. Shuni o‘ziniki qilishning iloji yo‘qmikin? U o‘ylab-o‘ylab, ilojini topdi: bir necha biyaning narxini bichib, rayonga jo‘natgandan keyin Tumshuqda bitta cho‘ponning soppa-sog‘ baytali turgani holda, uning minib yuruvchi otini aldab-suldab, qo‘rqitib, do‘q urib sotib oldi va: «Nega biya olmading, deb so‘rashsa, biyasi yo‘q ekan, otini bera qoldi. Buni almashtirish mumkin-ku deyman-da», deb o‘yladi. U bilardiki, qishloq qorovuli cho‘ponga qo‘shni, qishloqda esa Inod muallimdan bo‘lak kishi yo‘q hisobi. Aholisi bo‘z yerlarga ko‘chib ketgan. Demak, bu xabarni qorovul chol Inodga yetkazadi...
Inod peshayvonli uyi oldidagi bedapoyada yo‘ng‘ichqa o‘rardi. Quyosh kunbotarga egilib, kunchiqardagi adirlar bag‘rini yoritar, soyning ham u yer-bu yeri yiltirar edi. Nari sohildan to‘riq ot mingan shapkali, pogoni bor kishi pastlay boshladi. Suvni kechib o‘tib, bu sohilga chiqib keldi.
Inod unga bir qaradi-da, ishidan qolmadi.
Egamberdi pakana jiydalarni oralab, bedapoya adog‘ida paydo bo‘ldi.
— Hov, salomatmi? Qani bu, mehmon keldimi, demaysiz? — dedi.
Inod qaddini ko‘tarib turdi. O’roqni o‘rik tanasiga qattiq sanchib:
— Keling, — dedi do‘rillab.
Egamberdi to‘riqni jadal. haydab, o‘rik ostiga keldi, egardan sakrab tushib, tizgindan tutganicha chorbog‘ egasi tomon yo‘rg‘aladi.
Inod u bilan xomush ko‘rishdi.
— Qani, bu maza yo‘qmi? — dedi Egamberdi kulib va tizginni o‘rik cho‘qmoriga bog‘ladi, o‘rib qo‘ygan o‘tdan bir qo‘ltiq olib ot oldiga tashladi; kaftlarini bir-biriga urib qoqqanicha, Inodga kulimsirab bokdi. — Bilaman, nimadan xafasiz? — dedi, so‘ng chuqur xo‘rsindi: — Endi, Inodboy, bu ko‘pga kelgan to‘y, jo‘ra. Biz oddiy ijrochi. Shuning uchun bizdan xafa bo‘lmaysiz endi.
— Yo‘g‘-e, sizdan nimaga xafa bo‘laman, — deb to‘ng‘illadi Inod va uyi tomonga burildi. Ayvonga yetib, ichkaridan ko‘rpacha olib chikdi. Sholchaga yozib tashlab: — O’tiring, chalob ichasizmi? — dedi.
— Chalobmi, chalobdan ham chakki ma’qul! — dedi militsioner ko‘rpachaga cho‘kkalab.
Inod dasturxon chiqarib to‘shadi, ustunga ilig‘liq qo‘y qornidan qilingan tulum og‘zini ochib, kosaga yog‘och qoshiq bilan suzma olib sola boshladi.
— Bu, Inod jo‘ra, qachon uylanasan endi? — o‘zini unga yaqin ko‘rsatish uchun sen-senlab so‘radi Egamberdi.
— E, o‘lmasak uylanamiz-da bir kuni, — dedi Inod. Kosani keltirib, dasturxonga qo‘ydi. Qorovulning xotini yer tandirda pishirib yuborgan uy nonini to‘rt bo‘lakka bo‘lib, mehmonning oldiga tizdi.
— Oling, dasturxonga qarang.
— Qani, o‘zlaridan, qani.
— Olavering, qornim to‘q... Lekin, Egamberdi, bekor kepsiz bu yerga, men bari bir otimni bermayman. U menga... juda qadrdon bo‘lib qolgan.
Egamberdi suzmaga bulab olgan nonni og‘ziga solib, duduqlanganicha bidillay ketdi:
— Bilaman, bilaman, jo‘rajon. Sizlarga ot suv bilan havoday zarur! Lekin iloj qancha... Lekin menga bermasang, boshqasi kelib olib ketadi. Shunday emasmi? Masalaning boshqa jihatiyam bor. Mendan, Inodning oti qani, deb so‘raganda nima deb javob beraman? A? To‘g‘risini aytaman-da, shuni talab qilishadi, to‘g‘ri so‘z aytganda jazoyam kamaytiriladi. Unda, jo‘rajon, o‘zingga qiyin bo‘ladi... Qarorni bajarishdan bosh tortgan, deyishadi seni. Bu yomon gap, bilsang.
Inod boshini quyi solib, ancha vaqt jim o‘tirdi. Nihoyat:
— Shundaymi? — dedi.
— Ha, albatta! — dedi Egamberdi.
Inod yana jim qoldi. So‘ng mehmonga manglayi ostidan qaradi.
— Bilishimcha, sizlar kelishuvchilikkayam ko‘nasizlar, — dedi.
— Qanday? — o‘smoqchiladi Egamberdi.
— Shu... jo‘ra deyapsiz meni, rahmat bunga... Egamberdi, menda bir sog‘in sigir bor, shuni ola keting, o‘zingizga... Lekin shu ot qolsin menda, a?
Egamberdi chaynayotgan nonini yutmay: «E, bir sigirli bo‘laman-ku?»— deb o‘yladi va govmish sigirga egalik qilish hissi uning qorabayirga bo‘lgan ishqini susaytirdi. Shundan keyin u jiddiy tus oldi:
— Bu poraxo‘rlik-ku, davlatni aldash-ku?
— Bilaman, — dedi muallim nochorlik bilan. — Bilaman... Lekin sizning ko‘nglingizni olay deyman-da. Bu... sizga bog‘liq-ku? Mayli, men uch-to‘rt yilgacha otni rayonga yo‘latmayman, hov toqqa, tanishlarning qo‘liga berib qo‘yaman, o‘sha yokda tursayam ko‘nglim to‘q.
Egamberdi manglayini changalladi: «Hozir sigirning ustiga o‘n besh qo‘y ber desam ham beradi!»— deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
— Xo‘p, lekin oting yoningda qoladi, deb va’da berolmayman, bironta katta payqab qolsa, o‘zing javob berasan! — dedi.
Egamberdi kosani yalab, turdi.
— Men anavi qirning ortidagi Eshmat podachining uyida bo‘laman, qosh qoraygandan keyin... sigirni yetaklab o‘t. Cholga berib qo‘ysang, o‘zi podasining ichida boqib yuraveradi. Lekin shu gap shu yerda qolsin, — dedi. So‘ng tahdid bilan davom etdi: — Birovdan shu gapni eshitsam, Inodboy, bilib qo‘y, ayb o‘zingga tushadi. Organning odamini yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan deyishadi seni. Men uni sinagan edim, qancha shaxsiy moli borligini bilmoqchi bo‘lgan edim, deyman... Menga ishonishadi.
— To‘g‘ri gapingiz, — dedi Inod.
Egamberdi ketgandan keyin qorabayirga egalik qilish istagi unga yana tinchlik bermadi, hafta o‘tkazib, xafaqon bir kayfiyatda tag‘in to‘rig‘ini yo‘rttirib, Inodning chorbog‘ida paydo bo‘ldi.
— Bu ishimiz o‘tmadi, jo‘ra, — dedi u Inodga. — Senda ot borligini rayonning yetti yasharidan yetmish yasharigacha bilarkan. O’lgan desam ham ishonishmadi. Yashirgan, topib keling... bo‘lmasam, ishga sovuqqonlik bilan qaragan, deb o‘zingizni javobgarlikka tortamiz, deyishdi. Mana, keldim.
— Yana bir marta yo‘q deb yuboring, — dedi Inod. — O’n bosh qo‘yim bor, shuyam sizniki... Otni bersam, kunim qattiq bo‘ladi, Egamberdi. Otamdan yodgorlik. Er yigitning oti bo‘lishi kerak, der edilar. Shu ot... mening og‘ir kunimga yaradi.
Egamberdi yana manglayini ushladi, qo‘ylarni o‘ziniki qilganidan keyin ham yana ot xumoriga tushib kelishini his etdi va:
— Yo‘q endi, jo‘rajon! — dedi. — Shu sigiringni olganimdan beri ko‘nglim qora. Xohlasang, borib podachidan qaytib ol.
— Shundaymi?
— Ha! — dedi Egamberdi va ko‘ngliga g‘ashlik tushib, uning nima qilishini kutdi.
Inod yirik gavdasini og‘ir burib, uyi orqasiga o‘tib ketdi. Archazor yonbag‘ridagi qo‘rikda boyloq turgan qorabayirni yetaklab keldi. Uni o‘rik ostida qaqqaygan Egamberdi yonida to‘xtatib, qashqali peshonasidan o‘pdi-da, bedapoyaning o‘rtasiga olib borib, tizgini uchini tikanga bog‘ladi, uyga qaytdi.
Egamberdiga Inodning harakatlari juda sirli ko‘rinib, ko‘ngli vahima tushdi. «Nima qilmoqchi o‘zi u?» — deb orqasidan qarab qoldi. So‘ng ko‘m-ko‘k yo‘ng‘ichqazorda suvsardek yaltillab, odatdagi otlarnikidan yo‘g‘on bo‘ynini gajak qilib, odatdagi arg‘umoqlarnikidan keng o‘mrovini kerib va odatdagi chopqir otlarnikidan ingichka oyokdarini yerga qattiq tirab turgan qorabayirga qaradi. Uning ko‘zlariga ko‘zi tushib, eti jimirlab ketdi.
Ot xuddi dahshatli bir xavfni sezgandek olayib, egasi kirib ketgan uyga qarar, hayratda qotgan antiqa haykalga o‘xshar edi. «Yopiray!» — dedi Egamberdi va xona eshigida Inodning qorasini ko‘rdi. Ot birdan titroq tovushda kishnab yubordi.
Shunda uy eshigidan otilgan miltiqning tutuni cho‘zilib chiqdi, arg‘umoq balandga sapchishi hamon o‘q ovozi eshitildi. Nihoyat, eshikdan qo‘lida miltiq tutgan Inod chikdi. Qorabayir yonboshlab yotib oyoqlarini silkir, qisqa-qisqa kishnar edi, Egamberdi o‘q uning peshonasiga tekkani, qon u yerdan tirqirab chiqayotganini ko‘rdi-yu, ham dahshat, ham achinish bilan ko‘zlarini yumdi. Inod miltiqni sholchaga tashlab, supa labiga o‘tirdi.
«Buning avzoyi buzuq», deb ko‘nglidan kechirdi Egamberdi Xudoyberdiev va miltiqqa nazar tashladi: bir tig‘li. «U o‘q chiqarib joylaguncha ancha yerga borib olaman», deb o‘yladi... Yigitning karaxt gavdasiga bir qarab olib, to‘rig‘ini yechdi, o‘zini egar ustiga olishi bilan bu manzaradan yuragi yorilgudek bo‘lib turgan ot uni olib qochayotgandek yugura ketdi.
«Meni qamashadimi?!» — loqayd o‘yladi Inod otliq orqasidan qarab va bu o‘yi kor qilmay, ustunga suyandi. Qorabayir xirillar, hamon ingichka oyoqlarini silkir, issiq qon hidi atrofga yoyilgan edi.
Ot jimib qolgandan keyin Inod uning boshiga bordi va birdan uning bo‘ynidan quchoqlab, ko‘zlarini yumdi. Ot badani sovidi. Inod o‘rnidan turdi: qarshisidagi archali tog‘lar ham, chorbog‘i, daraxtlari ham, anavi soyu olisda oqarib turgan maktabi ham ma’nosini yo‘qotgan, yigitning ko‘zlari loqayd boqardi. U tag‘in ot boshida cho‘nqaydi-yu, qishloq yoqasidagi qabristonning oq yalovi, tug‘ uchidagi qo‘chqor shoxini ko‘rdi. Beixtiyor ot tizgini bilan uning oyoqlarini kulliklab, bilagiga soldi. Yonboshiga yiqilgudek mayishib sudray boshladi. Qabristonga yetib, jigarlari go‘ri yonida otni qoldirib qaytdi. Ketmon olib borib, yorma go‘r qazidi va qorabayirni tushirib ko‘mdi.
So‘ng kechgacha shu yerda o‘tirdi, otasi va bola-chaqasining ham ruhiga tilovat qilgan bo‘ldi. Keyin uyga qaytib, eshiklarini qulfladi-da, soyga tushib bordi.
Uning yoqasi bilan yurib, qosh qorayganda suv oqib chiqayotgan bog‘ betiga yetdi. O’tirdi. Oy chiqib, olisda qolgan qishloqniyu tepadagi maktabni ravshan yoritdi. Shunda Inod bosh olib ketib, qaerda ham yashashi mumkinligi haqida o‘ylab qoldi.
Inod bir necha oydan keyin Egamberdining o‘shandagi niyati nima ekanligini payqadi. Lekin bu vaqtda uning ko‘nglida qolgan ikki sevgilisi — qishlog‘iyu maktabi yana tomir otib ulgurgan edi.