OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev. Oy yorug‘ida (hikoya)

Samar qoya oralig‘idan o‘tgan so‘qmoqdan yurib yalanglikka chikdi. Oy uning qoq manglayida, soyasi tomon cho‘zilgan edi. So‘qmoq oqarib ko‘rinadi. yo‘ldan chiqmasa, u tonggacha qishloqqa tushib boradi.
Samar yaqinda xotinidan ajralib, bu yoqqa kelga uni shahar ham o‘zidan bezdirgan, bu yovvoyi tog‘ orasida bir-ikki oy yashashga qaror qylgan edi. Bir oqshom garovda yutqazib, aroqqa chuv tushdi. Do‘stining e’tiroziga ham qaramay yo‘lga chiqdi. Mana, yarim kechadan oshganda cho‘ponlar ovuliga qo‘ndi, chalob qovurdoq yedi va ularga rahmat aytib, yana yo‘lga tushdi.
Samar yalanglik o‘rtasiga yetib, ortiga o‘girilib qaradi, endi cho‘ponlarning iti ovozlari ham eshitilmas, o‘tovi oldidagi gulxandan sachrayotgan uchqunlar ham tun qa’riga yutgan edi. Atrof jimjit, sirli sokinlik qo‘ynida. Uzoqda ukki sayraydi.
U yana olg‘a ketdi. Yalanglikning adog‘ida qorayib qoyalar ko‘rina boshladi. Yo‘lovchi hademay ularga yetdi. Bu qoyalar orqada qolib ketgan tog‘dan qulagan, dumalab shu yerga, soy labiga kelib to‘xtab qolgan. Oy anchagina ko‘tarilib qolganidan metin xarsanglarning sirti yaltirar, pana joylardagi soya behad quyuqlashib ko‘rinar edi.
Samar qoyaga yaqinlashgan ham edi, yo‘lga egilgay tumshuqda oyoqlarini osiltirib o‘tirgan qora gavdani ko‘rdi. U cho‘chib ketdi, shuning bilan birga sayohat-sarguzasht talab ko‘ngliga sirli zavq oqib kirdi; miltig‘ini yelkasidan asta oldi.
— Qo‘rqmang, — dedi haligi qora gavda va yengil sakrab tushib, Samarga tikildi.
Samar g‘ayritabiiy entikib, o‘zi jinga ishonmasa ham, uni «jin» deb o‘yladi. So‘ng bu mudroq, mungli hayotiga yorqin bir xotira kirganiga iqror bo‘ldi.
— Qo‘rqayotganim yo‘q. Kimsiz?.. Odammisiz? — dedi.
— Kechiring, — dedi qiz shoshib va Samarni anchadan beri taniydigan odamdek unga yaqinlashdi. — Men sizni anchadan beri poylab o‘tiribman! — davom etdi u, — Siz o‘tovdan chiqqanda izingizdan men ham chiqqan edim, sekin yurar ekansiz.
«Qiz... Tushunib bo‘lmaydi bu xalqqa!» ko‘nglidan kechirdi Samar va:
— Nima, siz shu ovuldanmisiz? — so‘radi.
— Ha, — dedi qiz va shosha-pisha gap boshladi: — Siz bilan birga choy ichgan cho‘tir odam bor-ku, dadam meni shunga bermoqchi. Men xohlamayman. Men o‘qiyman, shaharga boraman. Shuning uchun uydan qochib chiqdim. Malol kelmasa, sizga hamroh bo‘lsam?
— Marhamat, menga baribir, — dedi Samar va uning yuzini ko‘rmoqchi bo‘lib tikildi, qiz kulcha yuz, shahlo ko‘z, o‘rta bo‘y, xipchadan kelgan, ko‘rinishdan ziyoli oilada tarbiya topganligi sezilib turardi.
— Rahmat, — dedi qiz so‘qmoqqa tushib. — Men shaharni ko‘rmaganman, qayoqda ekanini ham bilmayman. Goho cho‘qqidan qarasam, chiroqlari ko‘p bir joyni ko‘raman. Shu shahar bo‘lsa kerak.
— Ha, — dedi Samar va xo‘rsindi: «Ey, qiz, shaharda nima bor senga?»
Samar ham uning ortidan yurdi. Bir necha qadam yurmay, yigitning ko‘ngli g‘ash bo‘ldi:
— Bu, ota-onangiz nima deb o‘ylashadi? Bir o‘tkinchi yigit qizimni opqochib ketdi demaydimi? Orqamizdan tushsa, sharmanda bo‘lamiz-ku... unda o‘zingiz bilasiz, mening ahvolim chatoq bo‘ladi, janjalni yomon ko‘raman!
Qiz orqasiga ilkis qaradi.
— Siz qo‘rqmang, men ularning sharpasini sezib qolsam, qochib ketaman, — dedi. - O’zi shunday deyishingizni sezgan edim... Faqat iltimos, tezroq yursak!
— A-a, — dedi Samar. — Ishqilib, javobini o‘zingiz berasiz. Men... mening tez yurishga madorim yo‘q, charchaganman.
— Qatdan kelyapsiz! Bu atrofning odamiga o‘xshamaysiz-ku?
— Uzoqdan. Ha, bu atrofning odami emasman, lekin shu atrofning odami bo‘lib qolishni istayman, singlim.
— O! Bu yerda nima bor! — dedi qiz... Hamma yoq tog‘-tepalik! Hamma narsa shaharda-ku!
— Ha, shaharda. Boring, ko‘rasiz, — dedi ensasi qotib.
— Ko‘ramiz, ko‘ramiz, — dedi qiz, u boshini burib, quchoqqa sig‘mas oyga qaradi. Toshga qoqilib ketdi. Kulib, qaddini rostlab oldi. — Oyog‘imda kalish, shaharliklar kulmaydimi?
— Parvo qilmaysiz-da, kulsayam.
— To‘g‘ri, — dedi qiz bosh irg‘ib. — Buvim ham shunday der edilar.
Ular qiyalikdan pastlab, yarqirab oqayotgan sayoz soy bo‘yiga tushdilar! Suv betiga chiqib turgan toshlarga oyoq qo‘yib o‘ta boshladilar.
Narigi sohilga o‘tganda Samar shag‘al ustida qizga qaradi: 
— Singlim, bekor qilyapsiz-da, pushaymon yeysiz, — dedi yuragi hapqirib, — bu joylarni sevish kerak. Siz buning qadrini bilmapsiz. Bir kuni qaytib kelasiz.
— Menmi? — dedi qiz... — Ha, qaytaman... Lekin bir oy-ikki oyga.
— Nimaga?
— Chunki men bu yerda yashamayman-da. Bu yerda cho‘ponlar, podachilar yashaydi, qo‘y boqadi, poda boqadi. Men nima qilaman batda? Sog‘inganda kelaman, sayohatga kelaman.
— Siz kimsiz o‘zi?
— Menmi? Men oddiy... dadamning qizi. Nima hayron bo‘lasiz?
— Xuddi shaharda tug‘ilib, shaharda o‘sganga o‘xshaysiz?
— Yo‘q, shatda tug‘ilib, shatda o‘sganman. Buvim gapirib berganlar shahar haqida.
— Buvingiz kim? U kishi shaharda yashaydimi?
— Yo‘q, Cho‘ltoq tog‘da... — dedi qiz. — Yuring, yo‘ldan qolmaylik, yo‘lakay gaplashamiz. Tag‘in anavilar orqamizdan quvlab kelmasin.
— To‘g‘ri gapingiz.
Soy yoqasidagi o‘pirilib tushgan qumloq tepaga chiqib, yo‘lni yengil changitib keta boshladilar.
— Singlim, bu yurishdan foyda yo‘q, — dedi Samar. — Yo‘ldan yursak, haqiqatan ham ular yetib olishi mumkin. Chetdan yuraylik, siz yaxshi bilsangiz kerak bu yerlarni?
— Ha, bilaman, — dedi qiz. — To‘g‘ri aytdingiz, yuring, anavi archazor ichidan ketamiz, hech kim bizni qo‘rmaydi. — Qiz yo‘lni qoldirib, oqarib turgan tikanzorga kirdi, etagini andak ko‘tarib olib, tikanlar ustidan sakray-sakray qiya betga o‘rladi. So‘ng yumshoq tuproqda sirg‘ala-sirg‘ala tepadagi archaga yetdi. Samar ham uning orqasidan chiqib bordi, bu yo‘l davomida u charchaganini yana qattiq sezdi, soni birdan uvushib tarang tortildi. Yigit egilib, uni uqaladi, cho‘zdi. Tomir qo‘yvordi. Qiz unga miltiq xalaqit berayotganini ko‘rib, dedi:
— Bering miltig‘ingizni, men ko‘tarib yuray. Siz charchabsiz, og‘irlik qiladi.
Samar yelkasidan miltiqni oldi-yu, qizga tikilib qaradi, ko‘nglida g‘alati shubha paydo bo‘ldi: «Yo‘q... bu yerlik emas bu, — deb o‘yladi. — Tiliyam, muomalasiyam boshqacha... Qiziq, nima qilib yuribdi ekan bu yerlarda? — Samar battar hayron bo‘ldi: — Men erkak bo‘lsam, seskanmaydimi mendan? Hech narsa ko‘rmaganday kelyapti... Bir sir bor!»
— Rahmat, — dedi Samar, — o‘zim ko‘tarib yuraman, — u iljaydi. — Momongiz aytgan bo‘lsa, yigit kishining yonida qiz kishining yuk ko‘tarishi odobdan emas...
— Ha, buniyam gapirganlar, yana ko‘p gaplar aytganlar. Bechora, bir oy bo‘ldi, qazo qildi, — qiz parishon bo‘lib, olisdagi ufqqa, qora qalam bilan chizib qo‘yilgandek toqqa qaradi.
So‘ng tepalik o‘rkachidan odimladi.
— Aytmoqchi, anavi yo‘l shaharga olib boradimi yo boshqa yo‘lgayam chiqamizmi?
— O’sha olib boradi, — dedi Samar.
— Unday bo‘lsa, undan uzoqlashmay yuraylik-da?
— Darvoqe, ular quvib kelganda tutqich beradigan darajada yaqin bormasligimiz kerak.
Ular tepalikdan qiyalab tushib, boshqa tepaga ko‘tarildilar, bundan chiqish ham Samarga azob bo‘ldi. So‘ngra qop-qora archa soyasi bosib yottan arnaga duch kelishdi. Qiz shu arna yoqalab yo‘l boshladi. O’rmon jimjit, goho qaerdadir jir-jir qushi uchadi, uning yangroq ovozi tun sukunatini buzib yuboradi. So‘ng yana o‘rmonga jimlik cho‘kadi. Faqat yo‘lovchilarning qadam tovushlari, ular qimirlatib o‘tgan shoxning shildirashi eshitiladi. Goho qiz yo‘lga ko‘ndalang cho‘zilgan shoxni iziga qaytarib turadi, yigit o‘tib olgach, uni qo‘yvoradi va tag‘in olg‘a chiqib, o‘tkir ko‘zlari bilan bexato yo‘l topib boradi.
— Hm, bir vaqtlar boyagi soyning bo‘ylarida archa o‘sardi deng, — dedi Samar va tajanglanib ketdi. Texnika shu yerlargayam yetib keldi... singlim, ana shu hozirgi shaharning, texnikaning sharofati. Bora-bora bu texnika degan narsa butun tabiatni yutib yubormasa, deb qo‘rqaman.
Qiz hayratlanib hamrohiga qaradi:
— Tushunmadim gapingizga, nimaga? — dedi. Cho‘ltoq toqqa birinchi marta vertolyot kelganda ba’zi odamlar, odamxo‘r qushlar bu deb qon chiqarishib, xudoyi qilibdi. Buvim bechora kular edi... Hozir vertolyotdan ko‘pi yo‘q. Odam yurolmaydigan cho‘qqili tog‘ga chiqadi, geologlarga yuk tashiydi. Bultur qish qattiq keldi, kiyiklar ham o‘tovimiz yoniga kelib qoldi.
Shunda vertolyotlar beda-pichan tashlab ketdi. Shu bo‘lmaganda mol qirilib ketardi. Shuyam... texnikami?
— Ha, buyam texnika, — deb qo‘ydi.
— Shuning uchun siz uni yomonlamang, — dedi qiz yo‘lida davom etib. — Buvim aytar edilarki, odamning hayvondan bitta farqi bor, uyam bo‘lsa aqli, der edilar. Rost-da, hayvonda aql nima qiladi. Shuning uchun aql yaratgan mo‘‘jizalarni hurmat qilish kerak der edilar... Shu vertolyotni ham aql yaratgan-da? Qani bir ayiqning oldiga shu miltiqni qo‘yib ko‘ring. Ichida o‘qi bo‘lmasayam sindirib tashlaydi, negaki, aqli yo‘q. Odam bo‘lsa bu miltiq bilan o‘zini qo‘riqlaydi, molini qo‘riqlaydi. Miltiq bo‘lmasa, siz ham shu yurishdan qo‘rqardingiz... O’rmonda jondor ko‘p, silovsin bor, to‘ng‘iz bor.
Samar zimdan tevaragiga qarab qo‘ydi:
— Mulohazalaringiz chakki emas, siz o‘qisangiz..! o‘qib ketasiz, — dedi.
— Ha, men o‘qiyman, — dedi qiz. — Shaharni ko‘raman, dunyoni ko‘raman. Men tushunmaydigan narsalar ko‘p, shularni tushunib olaman. Buvim rah matlik armonda ketdi, ikki oyoqdan qolmaganimda bu yerga kelmas edim, o‘lim quvlab keldi meni, der edilar.
— Momongiz... bu momongiz ham antiqa odamga o‘xshaydilar, — dedi Samar.
— Ha, u kishi dono ayol edilar, — tasdiqladi qiz. — U kishining ayalari otinoyi bo‘lgan.
— Nahotki? — hayron bo‘ldi Samar. — Bu yerlardayam otinoyilar o‘tganmi?.. Siz aldayapsiz, singlim, bir sirni mendan bekityapsiz? Tilingizda bo‘lsa atda, batda, buvim, ayam...
— Dukillayotgan narsa nima?
Samar ham qo‘shni adirdan kelayotgan bu tovushni eshitib, miltig‘ini o‘ngladi. Tuyoq tovushlari borgan sari uzoqlashib ketdi.
— To‘ng‘izlar, — dedi qiz. — Biz bilmaymizu, ular bizni sezishgan, qochib ketdi. Ana, aytmadimmi hayvonlar ko‘p deb? Miltig‘ingizni o‘ng qildingiz... Texnikani yomonlamang.
Samar kerishdi:
— Bo‘pti, yomonlamayman! — u behad holdan toygan edi, tomiri yana tortishib borardi; chuqur nafas olib to‘xtadi, qiz ham to‘xtadi. Shunda u Samarga yana ham sirli bo‘lib ko‘rinib ketdi... Endi u bu g‘alati qiz bilan kelayotganiga ishongisi kelmadi: «Nima, bu tasavvurimmi?» deb ko‘nglidan kechirdi. Go‘yo qizning tasavvur yoki tasavvur emasligini bilmoqchidek, gapida davom etdi: — Otinoyilar bu yerlarda bo‘lmagan hisob. Mening tarixdan bilishimcha, janubda din qadim zamonlardan beri sust bo‘lgan, ba’zi manbalarda bu o‘lka odamlarini «tabar musulmonlar» deyishadi, — u qizning diqqat bilan quloq solayotganidan ilhomlanib, so‘radi: — Tabarni tushunarsiz, bolta degani?
— Ha, tojikcha-da, — dedi qiz.
— Musulmon dinini bizga arablar olib kelgan, ular qilich, bolta, tig‘ kuchi bilan buni aholi o‘rtasiga singdirishga harakat qilgan. Lekin bu tog‘liklar bo‘yinlariga bolta qo‘yganda ham, o‘zlarining otashparastlik dinlaridan qaytmagan, shuning uchun bularga «tabar musulmonlari» deb nom berishgan. Ana shuning uchun bu yerlarda islomning ta’siri qadimdan sust bo‘lgan, singlim... Siz bo‘lsa otinoyi, deyapsiz. Bu so‘zni... bu o‘lkada eshitish qiyin. Anavi g‘alati so‘zlarni qaerdan o‘rgangansiz, hayronman!
— Axir, mening buvim Parg‘onadan bo‘lganlar, buvam Qashqardan qaytayotib, opqochib kelganlar.
— E, shunday demaysizmi? — Samar qizni o‘ziga ancha yaqin his etdi. — Tilingizgayam o‘shalarning ta’siri o‘tgan deyman? 
— Ha, batdagilar bizning gapimizdan kuladi, dadam kulgi bo‘lmaslik uchun bizday gaplashmaydi. Siz ayamni ko‘rmagansiz, u kishiyam yaxshi xotin.
— Onangiz ham bilmaydimi bunday qochib yo‘lga chiqqaningizni?
— Ha, bilmaydilar, —dedi qiz olislarga ko‘z tashlab. — Lekin u kishiyam meni erga berishlariga norizo edi. Dadam meni maktabdan olib ketganlarida urishganlar. 
Samar shoshmas edi, u cho‘nqayib o‘tirmoqchi bo‘ldi, biroq soni qotib qolishidan qo‘rqib, yonboshidagi archaga suyandi, archaning chayir shoxlari silkinib, ko‘tarib qoldi.
— Qanday maktabdan?.. Shahardanmi? – so‘radi Samar. 
— Yo‘q, aytdim-ku, shaharni ko‘rmaganman, — dedi qiz. — Olatumshuq qishlog‘idan, — u tez-tez gapirdi: — Qishloqda maktab bor-da! Bitta o‘qituvchi o‘qitadi, birinchi sinf bolasiniyam, beshinchi sinf bolasiniyam, men yettinchiga o‘tgan edim, meniyam shu o‘qituvchimiz o‘qitardi. Keyin dadam katta bo‘p qolding, dedi-da, oldi-ketdi. Men bilan o‘qigan bolalar shaharga ketishdi, u yoqda — internatda turib o‘qishni davom ettirarmish. Shunda... ayam dadam bilan urishgandi.
— Tushunarli, — dedi Samar va qizga tikilib savol berdi: — Ayting-chi, singlim, nimaga bir o‘tkinchiga ergashdingiz! Men yomon kishi bo‘lishim mumkin-ku!
— Yo‘q, ishonmayman, — dedi qiz. — Siz gaplashib o‘tirganda, men chiy orasidan sizga qarab turdim, qobil-mo‘min odam ko‘rindingiz. — So‘ng qizning ovozida boshqa ohang paydo bo‘ldi: — Xo‘p, yomon bo‘lsangiz... qo‘lingizdan nima ish keladi? Charchab kelyapsiz. Shaharlik odamlar qo‘rqoq bo‘ladi.
Samarning ko‘nglida qizga nisbatan iliqlik, hurmat paydo bo‘ldi.
— Yo‘q, singlim, men yomon odam emasman, — dedi u ta’sirlanib, — meni turmush xafa qilgan, xolos, — shunday deb o‘zining shaharu madaniy olamni tashlab kelganini esladi: — Umuman, kishi kam narsani bilgani yaxshi, — qo‘shimcha qildi u.
Qiz cho‘chib qaradi:
— Nimaga, men ko‘p narsani bilgim keladi. Qiziq. Ozgina narsani bilib yashash... bu zerikarli!
Samar unga havaslanib boqdi:
— Nechaga kirdingiz! Aytmoqchi, tanishmadik ham, ismingiz nima, sir bo‘lmasa?
— Ismim Hidoyat! O’n yettiga kirdim. Hali yoshman:.. Siz qarib qolgan ko‘rinasiz.
Samar kulimsiradi:
— Nega, men... yigirma beshga kirdim. Bu ayni yigit yoshi.
— Bilmadim, — yelkasini qisdi Hidoyat. — Qandaydir cholga o‘xshaysiz, og‘ir... La-anj. Charchadingizmi chindan ham?
Samar kuldi:
— Ha.
Yana yo‘lda davom etdilar. Arnaning ikki labida tig‘iz bo‘lib archa o‘sgan ekan, uni aylanib o‘taman deb balanddigi belga uradigan miyazorga kirib qolishdi. O’simlikning shoxlari oyoqlariga o‘ralashib, taqir yerga chiqqanlarida, etak tarafdan yana tuyoq tovushlari eshitila boshladi. Bu — bir maromda chopayotgan ot tuyog‘ining dukillashi edi. Yo‘lovchilar burilib qarab, oy ravshan yoritib turgan soy sohiliga otilib tushayotgan ikki otliqni ko‘rishdi.
Ular bu kishilarning kimligini aniq bilishdi.
— Ana, — dedi Samar vahima qilib.
— Ha, shular. Bilardim quvlashini, — dedi Hidoyat. — Baribir topisholmaydi, bu  archaning ichidan kunduz kuniyam topisholmaydi. Siz qo‘rqyapsizmi?
— Yo‘g‘-e, — dedi Samar. — Ishqilib, janjal chiqmasa bo‘lgani.
— Janjal chiqmaydi, bizni tutib olishsa, o‘zim javob beraman! Men baribir ovulga qaytib bormayman, yo shaharga ketaman, yo o‘laman shatda... Shaharga yetib olsam, bas edi! Keyin meni tutsayam obketisholmasdi. Meni himoya qiladigan qonun bor, a? Militsiya...
— Yaxshi o‘qigansiz chamamda?
— Ha, yaxshi o‘qiganman... Keyin ham yaxshi o‘qiyman! Internatga boraman, atda qizlar ham bo‘lsa kerak-a?
— Bor, albatta.
— Ana o‘shalarning yonida o‘qib yashayveraman. Forma beradimi?
— O’tib ketishdi, — dedi Samar gangib quloq solar ekan. — Formami?.. Bermasa kerak.
— Mayli bermasa, biror ishgayam kiraman, — Hidoyat osmonga qarab gapirardi, u Samarga ko‘z tashladi: Nima, ishlolmaymanmi? Ishlayman. Sigir sog‘aman; pishaman, teri oshlayman! Bunaqa narsani shaharliklar bilmas emish. Haqiga kiyim-bosh qilaman!
Samarning bu yerdan jilgisi kelmas edi, birinchidan, anavi otliqlarga yo‘liqishdan qo‘rqar, sal g‘alati tabiatli qiz bilan suhbatlashishga ishtiyoqi oshib borar edi.
— O’tiramizmi, Hidoyat?
Hidoyat unga ilkis nazar tashladi:
— Siz o‘zi, juda horibsiz, ovozingiz ham xirillab qopti. O’tirishdan nima foyda? Qaytamga keyin yurolmay qolasiz. Miltiqni bering menga, og‘irlik qilayotgan bo‘lsa!
Samar qizning gapi ta’siridanmi vujudida quvvat sezdi.
— Yo‘q, ketdik! — dedi. — Qorong‘ida qishloqqa yetib olish kerak, sizgayam yaxshiroq bo‘ladi.
Hidoyat jildi. Samar ortiqcha horimaslik uchun savol-javobni ham bas qildi, shuning uchunmi yoki oldida beixtiyor sirli bir majburiyat sezayotgani uchunmi, undan orqada qolmaslikka qaror berdi.
Ular arna yoqalab, tepaning o‘rkachiga chiqib borishdi. Bu yer gilamdek yalanglik bo‘lib, tuprog‘i o‘ynab yotar, qiyshaya boshlagan oy nurida unda behisob izlar ko‘rinar edi.
— Uf-f! — dedi Samar ixtiyorsiz va ortidagi archaning qattiq shitirlashidan cho‘chib tushdi, qo‘lidagi miltiqni shu yoqqa qaratdi. Archa ostidan otilib chiqqan quyon bular oldidan o‘tib, o‘n qadamcha naridagi archa yonida to‘xtadi. So‘ng yana dik-dik sakrab, g‘oyib bo‘ldi.
— Quyon, — dedi Hidoyat. — Tinmaydi kechasi bilan. Go‘shtini yomon ko‘raman, qip-qizil bo‘ladi.
Samar miltiqni yoniga suyab qo‘yib kerishdi, xo‘rsinib olislarga qaradi. Qarshida qiyshayib-buralib, tobora pasayib ketgan archazor adirlar. Etakdagi d-rani oqish tuman bosib yotibdi. Hamon kakkuning mungli sayrashi eshitiladi...
— Chiroyli-ya? — dedi. Hidoyat o‘sha tomonlarga qararkan.
— Juda chiroyli, — dedi Samar. — Men bir umr shu yerlarda qolishni istar edim...
Qiz yigitga qiya qaradi:
— Siz bu yerlarda kam bo‘lgansiz-da, qishda juda zerikarli bo‘ladi.
Oy botishiga bir quloch qolganda ular daraning tugash yeriga yetib borishgan, orqadan izg‘irin esar, pastlikdan elas-elas it ovozlari eshitilar edi.
Samar to‘xtagan yerida o‘tira qoldi, Hidoyat ham hansirar edi.
— Pastda qishloq bormi? — deb so‘radi.
— Ha, — dedi Samar va «men shu yerdan aroq olib qaytmoqchi edim», deya gapini davom ettirmoqchi bo‘ldi, biroq qizni dam olishga taklif etdi.
— Yo‘q, — dedi qiz. — Tong otadi hozir... Ketish kerak, yo‘l qishlokdan o‘tadimi?
— Ha.
— Shahar qatda o‘zi? Shahar?
— Shahar... — Samar qishloq chetida oqarib turgan tog‘ni ko‘rsatdi. — Shuning orqasida.
— Shunaqami? Bo‘lmasam ketaylik, yaqin qopti-ku, birato‘la o‘sha yokda dam olasiz. Dadamlar shu qishloqda bo‘lishi kerak, bizni poylab yotishgandir, shundaymasmi? Qishloqni chetlab o‘tamiz-da?
Samar kafti bilan peshanasini siladi:
— Men shu qishloqda qolsam-chi? — dedi.
— Qolasizmi? — unga shart o‘girildi qiz. — Nimaga kelayotgan edingiz o‘zi, siz ham sirli ekansiz-ku?
— Bir narsa olib qaytmoqchi edim, — dedi Samar va qishloq chetlarini qoplab yotgan archazorlardan qizning yolg‘iz ketishini o‘ylab, xavotirga tushdi. Ayni chokda o‘zining unga bog‘lanib, bu qiz bilan yo‘lakay suhbat asnosi, mudroq ruhi ancha tetiklanib qolgani, U ketsa, usiz o‘z ahvolini tasavvur qilolmasligini his etdi. Biroq... unga qol deyishdan ham, orqaga qayt deyishdan ham ojiz edi.
— Hidoyat... 
— Ha.
— O’zingizga ehtiyot bo‘lasiz-da, singlim.
— Albatta, lekin miltiq bo‘lgandamidi. Sizning miltig‘ingizni so‘rardimu, o‘zingizga kerak... Munday botirroq yigit bo‘lganingizda...
Samar allanechuk cho‘kib ketdi, zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. Endi o‘zi orziqib kelgan bu tog‘-tosh orasida piyoda yurish ham joniga tekkan, asrining, anavi aytmoqchi «aqlning» yaratgan imkoniyatlariga o‘rgangan vujudi bu ibtidoiy harakatni inkor eta boshlagan edi. U shahdamlik bilan miltiqni uzatdi:
— Oling...
— Nima qilasiz, qo‘ying! — dedi qiz. — Bu qo‘rqinchli bo‘lmasa kerak... Qishloq yaqin, shahar yaqin. Nega menga unaqa qaraysiz?
— O’zi, qarashim shunday. Men ishonaman, siz shaharga borasiz, o‘qiysiz ham... Lekin shaharda o‘zingizga, tuyg‘ularingizga yana ham ko‘proq ehtiyot bo‘ling!
— A-a, shahardami? Albatta-da!.. Nima, shahar yomonmi? Yo‘q, shaharda odam aqli bilan yaratgan mo‘‘jizalar ko‘p. Xayr bo‘lmasam.
— Oq yo‘l. 
Qiz boshidagi oqqina qiyig‘ini qayta bog‘ladi. Yon-bag‘ir tuprog‘ini changitib tushib ketdi. Samar oyga qaradi, botib borar, kunchiqar tobora oqarar edi.
Shunda yigit birdan bezovtalandi, unga Hidoyatning nimasidir yuqqan edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.